Abu Ali ibn Sino hikmatlari to’liq malumot oling
Ilm — narsalarni inson aqli yordami bilan o‘rganishlikdir.
Mundarija
скрыть
Haqiqatni ochinglar, to‘g‘ri yo‘ldan yuringlar. Bir-biringizdan ilm o‘rganib, kamol topishingiz uchun dil pardasini ochib tashlanglar.
Quyosh ko‘rlarga ko‘rinmay berkinganidek, johillarga ham dunyoda to‘g‘ri yo‘l belgilari ko‘rinmay qoladi.
Mol-dunyoing seni aldamasin, chunki asragan mol-dunyoing boshqalarniki bo‘ladi. Ularni sarf eta olsang, o‘sha seniki bo‘ladi.
Boylikni topishibdi-yu aql-idrokni yo‘qotishibdi. Ajabo, topgan narsalari bilan yo‘qotgan narsalarining bahosi bir xilmidi?
Kishi uchun eng foydali, dilni yorituvchi narsa qanoatdir. Eng zararli va nafratli narsa hirs va g‘azabdir.
Boshqalarda ko‘rganni juda qattiq istamaslik ham qanoat hisoblanadi.
Ey havoyu havasga berilgan nafs, tez bo‘l. Chunki sen bir nafasning himoyasidasan.
Yordam berishning go‘zalligi undan kishining tasalli topishida ko‘rinadi.
Taroq aslida sochni tartibga solish uchun ishlatiladi-yu, ammo shu bilan birga u sochlarning ba’zilarini joyidan yulib tushiradi.
Qora tuproq qa’ridan tortib, to Zuhal cho‘qqisigacha bo‘lgan dunyoning hamma mushkul masalalarini hal qildim. Men har qanday makr va hiyla tuzog‘idan qutilib chiqa oldim-u, ammo o‘lim tugunini yecha olmadim.
Men ko‘p joylarni kezdim va olam ahvoliga qaradim. Unda hayronlik kaftini iyagiga tirovchidan yoki pushaymonlik barmog‘ini tishlab turuvchidan boshqani ko‘rmadim.
Odamlarning botiri kelajakdagi ishlardan qo‘rqmaydi. Kamolot hosil qilishdan chetlangan kishi odamlarning eng qo‘rqog‘idir.
Keksaygan odam yoshlik o‘tida yonolmaydi.
Agar kelajagim xayrli bo‘lsa edi, mayli tinchgina, bemalol tirikchiligimni qilaverar edim. Bordi-yu agar unday bo‘lmasa, ming ko‘z bilan yig‘lardim.
Falak — juft soqqa, olam taxtasidir, ajal o‘ynaydi — bizlar donai xom.
Minglab nafar ulug‘ zotlar borliqdan yo‘qlikka ketdilar. Axir bu ulug‘ zotlarning birortasi ham yo‘qlikdan borliqqa qaytib kelmayaptilar-ku.
Har kim hodisalardan ibrat ola bilsa, boshi qattiq otga o‘xshagan bu falak unga bo‘ysuna beradi.
Inson toki o‘zini mayda gap, o‘chakish, janjal, shikoyat, norozilik, ohu vohlardan ozod qilolmas ekan, u iflos va pastlik tabiatidan xalos bo‘lolmaydi.
Yaxshiliklarning eng foydalisi sadaqadir.
Bir kishi sen bilan munosabatida xato qilsa-yu, senga uzr bayon etsa, uzrini qabul qilishni kechiktirma!
Agar havoda chang va tutun bo‘lmasa edi, kishi ming yil yashagan bo‘lardi.
Quruq gapning o‘zi hech qachon dalil bo‘lolmaydi.
So‘zning yomoni amal qilinmay bekor ketganidir.
Hayo — insonning abadiy go‘zalligi va latofatidir. Hayosiz yuz jonsiz jasadga o‘xshaydi.
Do‘stimki, dushmanimga do‘stlik qilarkan, uni men do‘st hisoblamayman. Zaharga qo‘shilgan shakardan ehtiyot bo‘l.
Shodli va qayg‘uli paytlarida dilini kuduratdan tozalab, sof do‘stlikni saqlab qolgan kishi chin do‘st hisoblanadi.
G‘azab irodasi kuchli odamga ro‘para kelolmaganidek, irodasi kuchsiz odamga ham ro‘para kelolmaydi.
Bekorchilik va aysh-ishrat nafaqat nodonlikka olib keladi, ayni vaqtda kasallikning tug‘ilishiga ham sabab bo‘ladi.
O‘z vaqtida, me’yori bilan badantarbiya qilgan odamga dard yaqin yo‘lamaydi.
Badantarbiya bilan mashg‘ul bo‘linsa, hech qanday dori-darmonga zarurat qolmaydi, buning uchun muayyan bir tartibga rioya qilmoq ham shart.
Badantarbiyani tark etgan odam aksari xarob bo‘ladi, zero xarakatsiz qolgan a’zolarning quvvati zaiflashadi.
Donishmandlik bizga hayot so‘qmoqlarida ulug‘ saodatni hozirlab in’om etuvchi vositadir.
Agar do‘stlik savdo-sotiqqa o‘xshab, ehtiyojga qarab axtarilsa, zarurat tug‘ilmagan chog‘da do‘stni nazarga ilmay, tashlab ketilsa, bu qanday do‘stlik bo‘ldi endi!
…Odamlarniig botiri mushkulotdan qo‘rqmaydi. Kamolot hosil qilishdan bosh tortgan kishi odamlarning eng qo‘rqog‘idir.
Aql tarozusida tortib ko‘rilmagan har qanday bilim asossizdir. Shu bois mantiq ilmini o‘rganmoq juda muhim.
Hakimning uch quroli bor: so‘z, giyoh va tig‘.
Yolg‘izlik halokatga olib keladi. Zero, inson o‘ziga kerakli narsalarni faqat jamiyat yordamida qo‘lga kiritishi mumkin.
Chala bilim egasi bo‘lishdan ko‘ra, bilimsizlik afzalroqdir.
Ruh — shamchiroqqa, bilim — ana shu shamchiroqdan taralayotgan yog‘duga, Allohning zakosi — moyga o‘xshaydi. Shamchiroq yonishdan to‘xtamas ekan — sen tiriksan. Agar u o‘chsa — sen halok bo‘lasan.
ziyouz.uz
Aforizmlar
Abu Ali ibn Sino hikmatlari