ABSTRAKT SANʼAT haqida malumot bilib oling.
ABSTRAKT SANʼAT (lot. abstractus — mavhum) , abstraksionizm — tasviriy sanʼatdagi oqim. Rangtasvir, haykaltaroshlik, grafikada asosan real narsa va hodisalarni tasvirlashni rad etadi. 20-a. 10-y. larida Yevropa mamlakatlarida vujudga kelib, 40-y. larning oxiri — 60-y. larning boshida keng tarqaldi. Dastlabki namunalari rus V. Kandinskiy, K. Malevich, fransuz R. Delone va b. rassomlar tomonidan yaratildi. Keyinroq ukrain A. Arxipenko, rumin K. Brinkushi va b. abstrakt haykaltaroshlik tajribalariga murojaat qildi.
1-jahon urushidan keyin abstrakt shakllarni meʼmorlik, bezak sanʼati, dizaynga tatbiq etishga, ularni mat. va muhandislik qoidalari asosida qurishga intilishlar kuzatildi (V. Tatlin, A. Pevzner, N. Gabo konstruksiyalari). 2-jahon urushi davrida AQSHda «sof psixik avtomatizm», gʻayriixtiyoriy subyektov turtki, tasodifiy rang va sifatlar uygʻunligini asosiy usul qilib olgan abstrakt ekspressionizm maktabi (rassom J. Pollok, M. Tobi va b.) yuzaga keldi. 50-y. lar Yevropa, Amerika mamlakatlari tasviriy sanʼatida As. ustun yoʻnalishga ay land i. 60-y. larda As. («Opart» kabi) koʻrinishlari rivojlandi.
Oʻrta Osiyo, jumladan Oʻzbekiston hududida qadimdan yaratilgan tasviriy va amaliy bezak sanʼati namunalaria ham As. koʻrinishlari uchraydi. Ularda afsonaviy firdavs bogʻlari oʻzining ramziy ifodasini topgan. Ayniqsa, kitobat sanʼatidagi abri bahor usulida yaratilgan qoʻlyozma kitob bezaklari, abrbandi usulida tayyorlangan atlas va b. matolarning gullari bu sanʼatning namunasidir.
Oʻzbekistonda tom maʼnodagi As. ga xos xususiyatlar 20-a. ning 10-y. laridan paydo boʻla boshladi va keyinchalik bir qator rassomlar (S. Fedorchenko, V. Ufimsev va b.) diqqatini oʻziga jalb etdi. Soʻnggi yillarda bu sanʼat taʼsiri qisman N. Shin, A. Kedrin, B. Jalolov ijodida seziladi.
Ensiklopediya.uz
ABSTRAKT SANʼAT