ABORT haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ABORT haqida malumot bilib oling.

ABORT (lot. abortus — bola tashlash) — ayollarda homiladorlikning dastlabki 28 haftasida bachadondan homila tushishi, 28 haftadan ilgari tugʻilgan bola yashamaydi. Abort erta (homiladorlikning 12 haftasi ichida kerakli davo choralari koʻrilmaganda bola tushishi) va kechikib (13 — 27 hafta ichida bola tushishi) sodir boʻlishi mumkin. Abort sunʼiy va gʻayriixtiyoriy Abortga boʻlinadi. Sunʼiy Abort (bola tushirish) ayolning oʻz istagi yoki sogʻligʻiga qarab homiladorlikning 12-haftasiga qadar, tibbiy sabablarga koʻra esa bundan kechroq muddatlarda tugʻruqxonalarda oʻtkaziladi. Gʻayriixtiyoriy Abort (bola tashlash) sabablari:

1) oʻtkir va yuqumli kasalliklar, mas, terlama, bezgak, brutsellyoz, zaxm va b. ;

2) ona bilan homila qoni rezus faktorinnt mos kelmasligi (ona qonida rezus faktor manfiy, homilada esa musbat boʻlishi);

3) umumiy kasalliklar (yurak, qon tomirlari, oʻpka va nafas aʼzolari, buyrak, endokrin bez kasalliklari);

4) jinsiy aʼzo kasalliklari (tuxumdon faoliyatining buzilishi); bunda sariq tana gormoni kam ishlanib chiqib, bachadon muskullarini qisqartiruvchi omillar, jumladan follikulin kuchayib ketadi, natijada Abort roʻy beradi;

5) ichki jinsiy aʼzolarning turli sabablar bilan yalligʻlanishi;

6) ayol tanosil aʼzosining yetarli rivojlanmaganligi (infantilizm);

7) turli shikastlar (homiladorlik vaqtida yiqilish, ogʻir yuk koʻtarish, lat yeyish va h. k.); homiladorning biror narsadan qattiq qoʻrqishi, hayajonlanishi. Gʻayriixtiyoriy Abort homilaning bachadondan koʻchish darajasiga qarab turlicha boʻladi. Abort xavfi tugʻilganda bel ogʻrib, jinsiy aʼzodan bir oz qon keladi, bachadon homila muddatiga nomuvofiq kattalashadi; toʻgʻri davo qilinsa, homiladorlikni saqlab qolish mumkin. Boshlanayotgan Abortda ogʻriq sezilib, qon keladi, bachadon taranglashib; bunda ham homila tirik boʻlsa, homiladorlikni saqlab qolish mumkin. Jadallashgan Abortda laxta-laxta qon keladi, bachadon taranglashadi, qisqaradi. Chala Abortda homila butun chiqmay, uning koʻchmagan qismlari bachadon ichida qolib, qon koʻp ketadi, bachadon homiladorlik muddatiga nisbatan kichik boʻladi. Toʻliq Abortda homila butun tushadi; shunga koʻra qon kelishi tez toʻxtaydi, bachadon kichrayadi. Homila nobud boʻlib, bachadon qisqarishi juda sust borsa, homilaning ajralishi va tushishi uzoq choʻziladi. Bunday hollarda bachadondan uzoq vaqtgacha qon ketadi (choʻzilgan Abort). Baʼzan homila bachadon devoridan koʻchadi-yu, lekin bachadon boʻyni kanalining tashki teshigi yopiq boʻlsa, boʻyin kanalida toʻxtab qoladi (bachadon boʻyniga bola tushishi). Baʼzan homila nobud boʻlsa ham (bachadon qisqarmasa) tushmaydi. Atrofidagi suv shimilib, oʻzi bujmayib, moʻmiyosimon boʻlib qoladi (yopishib qolgan A). A. ga infeksiya sabab boʻlganda, infeksiya homilani zararlab, bachadon va b. jinsiy aʼzolar hamda qorin pardasi yalligʻlanadi, homiladorning isitmasi koʻtariladi. Septik Abortda esa mikroblar ona organizmiga qon orqali tarqaladi, bemorning ahvoli ogʻir boʻladi; oʻz vaqtida chora koʻrilmasa, ona nobud boʻlishi mumkin.

Oʻzbekistonda kasalxonalardan tashqarida abort qilish (jinoiy Abort) taqiklanadi va jinoyat hisoblanadi. Ayolni Abortga majbur etgan shaxslar ham jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Hayvonlarda boʻgʻozlikning bevaqt tugʻallanishi, bola tashlash. Abortning kelib chiqish sabablariga qarab yuqumsiz, yuqumli va invazion turlari bor. Yuqumsiz Abort asosan, urgʻochi hayvonlar jinsiy aʼzosi funksiyasining buzilishi va tashqi muhitning taʼsiri (vitamin va mineral moddalari kam boʻlgan, chirigan, mogʻorlagan, achigan yem-xashak yedirish, urilish, qisilish, ogʻir ishlarda ishlatish kabi mexanik taʼsir) natijasida sodir boʻlsa, yuqumli Abort brutsellyoz, trixomonoz va b. kasalliklar natijasida roʻy beradi. Invazion Abort esa piroplazmoz, gel-mintozlar natijasida organizmning zaharlanishi va zaiflanishidan kelib chiqadi.

Kurash choralari: chorva mollarini boqishda, sunʼiy qochirishda, boʻgʻozlik davrida zootexnika va veterinariya qoidalariga toʻliq rioya qilish va h. k.

Ad: Qodirova A. A., Akusherlik, T., 1994.

Asolat Qodirova, Abdulla Quranboyev.

Ensiklopediya.uz
ABORT