Abdurahmon Jomiy (1414-1492)

Abdurahmon Jomiy (1414-1492)

Abdurahmon Jomiy (1414-1492)

Mundarija скрыть
Abdurahmon Jomiy (1414-1492)
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Amir Temur asos solgan Temuriylar saltanati davrida Movarounnahr va Xurosanda badiiy adabiyot ham yangi bosqichga koʻtarildi. Shu davrda fors-tojik adabiyoti oʻzining yangi rivojlanish pogʻonasiga erishgan boʻlsa, oʻzbek adabiyoti ham Alisher Navoiy, Mavlono Lutfiy, Durbek, Hofiz Xorazmiy, Atoiy, Sakkokiy, Gadoiy, Sayyid Qosimiy, Yaqiniy ijodlari misolida oʻz taraqqiyotining eng yuksak bosqichiga koʻtarildi. Abdurahmon Jomiyning “Haft avrang”, Alisher Navoiyning “Xamsa”, “Xazoyin ul-maoni” asarlari shu davr adabiyotining shoh asarlari edi. Jomiy yetti dostondan iborat toʻplamiga “Haft avrang” (“Yetti taxt”) deb nom qoʻyar ekan, Temuriylar sulolasidan yetti shoh (Amir Temur, Xalil Sulton, Shohrux, Ulugʻbek, Abulqosim Bobur, Abu Said, Mirzo Husayn Boyqaro)ni koʻzda tutgan boʻlsa, Navoiy oʻz “Xamsa”sini yaxlit holda Husayn Boyqaroga bagʻishlagan va bu bilan har ikki muallif ham shu davr hukmdorlariga oʻzlarining maʼlum maʼnoda minnatdorchiliklarini namoyon etgan edilar.
Temuriylar davridagi adabiy hayotning oʻziga xos xususiyatlaridan biri adabiy jarayonning yagonaligi, unda turkiy tilda ijod qiluvchilarning ham, forsiy qalam tebratuvchilarning ham barobar va faol qatnasha olgani edi. Buni biz Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasida yaqqol koʻramiz. Unda ijodkorlar til xususiyatlariga karab bir-biridan ajratilmagan. Husayn Boyqaro hukmdorligi davridagi adabiy hayotga toʻxtalar ekan, Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da: “Shuarodin bu jamʼning saromad va sardaftari Mavlono Abdurahmon Jomiy edi”, deb yozadi1. Binobarin, faqat forsiy adabiyotning emas, shu davrdagi oʻzbek adabiyotining gullab-yashnashida ham Abdurahmon Jomiyning roli juda katta boʻlgan.
Abdurahmon Jomiy Shohrux hukmdorligi davrida – 1414 yil 7 noyabrda Nishopur yaqinidagi Jom shahrida, ruhoniy oilasida dunyoga keldi. Jomiyning ota-bobolari asli Dashtdan boʻlib Jomda turib qolishgan. Bobosi Mavlono Muhammad va otasi Nizomiddin Ahmad singari Abdurahmon ham qoʻliga qalam olib, sheʼr yoza boshlagan vaqtdan boshlab oʻz tavallud topgan shahri nomini oʻziga adabiy taxallus qilib olgan (Baʼzi olimlarning fikricha, “Jom” soʻzi “idish” maʼnosida tasavvufiy tushunchani ham bildiradi. Sharqdagi adabiy anʼanaga koʻra adabiy taxallus koʻp maʼnoli boʻlishi maʼqul koʻrilgan). U asosiy umrini Hirotda oʻtkazdi va shu yerda mashhur shoir va mutafakkir boʻlib yetishdi. Bolalik chogʻidayoq Jomiy zehnining oʻtkirligi bilan ajralib turgan. Boshlangʻich maʼlumotni u otasidan olgan. Oilaning Hirotga koʻchishi, otasining bu yerda shayx ul-islom mansabiga tayinlanishi Jomiy hayotida muhim ahamityaga zga boʻldi. Hirotda uning oʻqishiga Xoja Alouddin Ali Samarqandiy, Shahobiddin Muhammad Jojarmiy kabi mashhur mualliflar oʻz hissalarini qoʻshdilar. Natijada u arab tili, ilohiyot, tasazvuf, sheʼr qoidalari, adabiyot tarixi va boshqa fanlarning asoslarini juda erta oʻzlashtira boshladi.
Jomiy turli fanlar boʻyicha oʻz tahsilini Samarqandda nihoyasiga yetkazishni ixtiyor kilar ekan, u Ulugʻbek madrasasida Ulugʻbek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi kabi allomalarning maʼruzalarini eshitish sharafiga muyassar boʻldi. U fiqhshunos olim, arab tili, “Qurʼon”, hadislar boʻyicha mutaxassis Fazlulloh Abullaysdan ham koʻp dars oldi. Hirotda Jomiy tasavvuf yoʻliga kirishni, oʻz bilim va faoliyatini shu yoʻlga, qolaversa ijodga, ilm-fanga bagʻishlashni afzal koʻradi.
Yosh Jomiy Shayx Saʼdiddin Koshgʻariy bilan yaqinlashib, unga qoʻl beradi va tez orada uning hurmatini qozonadi. Jomiy pirining qiziga uylanadi. Saʼdiddin Koshgʻariy tasavvufda Muhammad Naqshband sulukiga mansub edi.
1469 yili Sulton Husayn Boyqaro Hirot taxtiga oʻltiradi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, 1476/77 yillar orasida u oʻz doʻsti va vaziri Alisher Navoiy bilan Jomiyni oʻziga pir va ustoz deb taniydi. Bu Jomiy hayoti va faoliyatida katta voqea boʻldi.
Jomiy kundalik hayotda oddiy, darvishona yashasa ham, biroq shoh va unga aloqador kishilarning, hatto uni asarlari orqali tanigan boshqa mamlakat podshohlarining unga muruvvati katta edi. Shuning uchun u oʻziga tushgan daromadlar hisobiga bir qancha binoyi xayriyalar, shu jumladan Hirotda ikki madrasa va xonaqoh, tugʻilgan shahari – Jomda bir masjid qurish imkoniga ega boʻlgan. Uning Shamsiddin Muhammad ismli ukasi boʻlib, u katta tabib, olim va sozanda boʻlib yetishgani maʼlum.
XV asrning ikkinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-madaniy va adabiy hayotda yuz bergan ibratli hodisalardan biri Navoiy – Jomiy munosabatlaridir. Bu ikki buyuk zot ijod sohasida xalqparvarlik va insonparvarlik mavqeida turish bilan birga xalq, davlat ishlarida insof va adolatni yoqlar edilar. Jomiyning “Nafahot ul-uns”, Lujjat ul-asror”, Ashiat ul-lamaot”, “Risolai musiqiy”, “Risolai muammo” kabi bir qancha asarlari Navoiyning maslahati va iltimosi bilan yozilgan. Jomiy oʻz lirik sheʼrlarini yigʻib, devon tuzmoqchi boʻlganda, Navoiy maslahati bilan uchta devon tuzadi va devonlarning birinchisiga “Fotihat ush-shabob”, ikkinchisiga “Vositat ul-iqd”, uchinchisiga “Xotimat ul-hayot” deb nom qoʻyadi.
1480 yildan 1485 yilning oxiriga qadar Jomiy oʻzining buyuk “Haft avrang”i tarkibiga kirgan dostonlarini yaratish ustida ish olib bordi. Sharq adabiyotidagi xamsachilik ananalari asosida yozilgan bu dostonlardan “Silsilatuz-zahab”, “Tuhfat ul-ahror”, “Suhbat ul-abror” gʻoyaviy tematik jihatdan falsafiy-axloqiy yoʻnalishda, janr eʼtibori bilan pandnoma tipida boʻlib, oʻz davrining eng dolzarb masalalariga bagʻishlangan edi. “Yusuf va Zulayho”, “Layli va Majnun”, “Salamon va Absol”, “Xiradnomai Iskandariy” dostonlarida esa shoir anʼanaviy syujetlarning yangicha talqinlarini berdi.
Jomiy bir necha marotaba haj qilgan, haj safari davomida Nishopur, Bastom, Domgʻon, Kdzvin, Hamadon, Karbalo, Bagʻdod, Damashq, Halab, Tabriz kabi shaharlarni koʻrgan, bu shaharlarda yuksak izzat-hurmatga sazovor boʻlgan. Uning shaxsiy maktublaridan maʼlum boʻlishicha, u yaqin doʻsti Xoja Ahror taklifi bilan Toshkentda ham boʻlgan va ulugʻ mazoratlarni ziyorat qilgan.
Abdurahmon Jomiy 1492 yili shamollash natijasida xastalanib, 78 yoshida hayot bilan vidolashgan. Uning dafn marosimini Navoiy boshqarib, podshoh Husayn Boyqaro esa mamlakatda bir yil motam eʼlon qildi. Unga atab koʻpgina shoirlar, shu jumladan Navoiy ham, qaygʻuli marsiyalar bitishdi. Navoiy marsiyasida Jomiy vafotining tarixi “Kashfi asrori iloh” (“Ilohiy sirlar kashfi”) degan soʻzlardan (hijriy 898, milodiy 1492 yil) chikarilgan edi.
Abdurahmon Jomiy gʻoyat sermahsul ijodkor boʻlib, undan bizga adabiyotning turli janrlariga, fan va sanʼatning rang-barang sohalariga oid boy meros qolgan. Jomiy asarlari oʻz davridayoq Xuroson va Movarounnahr doirasidagina emas, boshqa mamlakatlarga ham keng tarqalgan edi. Baʼzan qoʻshni mamlakat podshohlari, masalan, Sulton Yaʼqub uning asarlarini soʻrab maxsus elchilar yuborgan. Uning asarlari oʻz davrida va undan keyin ham koʻp qoʻlyozma nusxalarda koʻchirilgan. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Qoʻlyozmalar instituti fondlarida Jomiy asarlarining XV – XVI asrlarda koʻchirilgan oʻnlab qoʻlyozmalarini uchratish mumkin. Bunday qoʻlyozmalar Rusiya, Afgʻoniston, Eron va Ovroʻpo mamlakatlaridagi boshqa qoʻlyozma fondlarida ham uchraydi. Taniqli sharqshunos Ye. E. Bertels “Jomiy” monografiyasida shoir asarlarining Toshkent kulliyoti (OʻzR FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Qoʻlyozma inv. №2122) asosida 52 asarining nomini keltiradi.
Jomiy asarlarining bir qismi diniy va falsafiy mazmunga ega boʻlib, ularda shoir Islom dini va Sharq falsafasining bir qator masalalarini oʻz qarashicha talqin qiladi, tasavvufning XV asrdagi eng yirik arbobi sifatida oʻz fikr-mulohazalarini bayon etadi. Bunga uning “Naqshi fusus” (“Maʼnolar naqshi”), “Shavo-hidi nubuvva” (“Paygʻambarlikka dalillar”), “Sharhi qasidayi “Toiya” (Radifda “to” harfidan foydalanib yozilgan qasida sharhi”), “Naqdi nusus” (“Matnni tanqid”), “Sharhi qasidayi “Xam-riya” (“Xamriya” qasidasi sharhi”), “Naqshbandiy taʼlimoti haqida risola”, “Vohid” atamasi haqidarisola”, “Zikr” shartlari haqida risola”, “Haj qilish yoʻllari haqida risola”, “Ashiot ul-lamaot” kabi bir qancha asarlarini shu guruhga kiritish mumkin.
Jomiy oʻzining mutasavvuflik faoliyatida Bahovuddin Naqshband gʻoyalarini shu sulukning ikkinchi bir yirik namoyandasi – Xoja Ahror Valiy bilan yaqin munosabatda boʻlgan holda yanada rivojlantirdi. Rasman u oʻzini kundalik hayotda “Malomatiya” tariqatiga mansub deb hisoblasada, asarlarida ulugʻ Naqshbandga ixlosi cheksiz edi. U oʻzining “Lujjat ul-asror” qasidasida soʻfiy xulq-axloqi, inson tarbiyasi haqida gap borganda taʼmagirlikni qoralab, qanoatli kishilarning oliyjanobliklarini, ularning maʼnaviy jihatdan podshoh va vazirlardan ham ustun ekanliklarini madh etib, quyidagi satrlarni bitgan edi:
Tomeʼon az bahri tuma peshi har xas sar nihad,
Qoneʼonro xanda bar shohu vaziri kishvar ast.
Mazmuni:
Taʼmagirlar bir luqma uchun boshini xasga qoʻyishga tayyor,
Qanoatlilar esa mamlakat shohi va vaziri ustidan ham kula oladi.
Shoir fikricha, inson halol va pok yashashi, buning uchun esa u bir kasbga ega boʻlishi, oʻz mehnati hisobiga kun koʻrishi zarur:
Mardi xosib kaz mashaqqat mekunad kafro durusht,
Bahri nohamvoriyi nafsi dagʻal suhongar ast.
Mazmuni:
Kosib odam mehnat tufayli qoʻlini qavartiradi,
Bu qoʻldagi dagʻal esa nafs gʻadir budurini tekislovchi randadir.
Jomiyning tasavvufga boʻlgan eʼtiqodi sof va mukammal boʻlib, u Xudoni yorugʻ nur koʻrinishida tasavvur etar eda. Sheʼriy asarlarida esa u Xudoni goʻzal maʼshuqa qiyofasida tasvirlagan. Shu bilan birga uningcha, dunyodagi hamma narsalarni yaratgan. Xudo oʻzi ham minglarcha koʻzguda, turli qiyofada va koʻrinishda namoyondir.
Jomiy “Nafahot ul-uns” asarini yaratish bilan tasavvuf tarixini oʻrganishga katta hissa qoʻshdi. Unda 616 mutasavvuf hayoti va faoliyati haqida maʼlumot berilgan boʻlib, ulardan 34 tasi ayollardir. Jomiy vafotidan keyin bu asarni Navoiy maʼlum toʻldirishlar bilan oʻzbek tiliga tarjima qilishi bejiz emas edi.
Jomiyning “Risolayi aruz”, “Risolayi muammoyi kabir”, “Risolayi muammoyi sagʻir”, Risolayi muammoyi mutavvassit”, “Risolayi muammoyi manzum”, “Sharhi bayti Masnaviy, “Sharhi bayti Xusrav”, “Sharhirubbiyot”, “Risolayi qofiya” kabi asarlari Sharq adabiyoti tarixini, uning vazn, qofiya va sheʼr turlari bilan bogʻliq nazariy masalalarini oʻrganishda hozirgi kunga qadar oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Olimning faqat muammo haqidagina 4 ta nazariy qoʻllanma yaratgani yoki ulugʻ salaflari asarlarining murakkab bir baytini izohlash, tasavvufning biron atamasini yoritish uchun maxsus risolalar yozgani uning adabiyot tarixini oʻrganishga juda katta ahamiyat berganini, oʻzi bu sohalarning haqiqiy donishmandi boʻlganini koʻrsatadi.
Bundan tashqari Jomiy oʻz davrining eng buyuk tilshunosi ham edi. U fors tili grammatikasi boʻyicha maxsus sheʼriy va nasriy qoʻllanma yozgan. Arab tilini esa oʻz ona tilidek bilgan edi. U vaqgda arab tili mashhur xorazmlik tilshunos olim Ibn Hojibning (1175–1249) “Al-Qofiya” kitobi boʻyicha oʻrganilardi. Shoirning suyukli farzandi Ziyovuddin arab tilini shu darslik boʻyicha oʻqir ekan, darsni oʻzlashtirishda katta qiyinchilik sezadi. Shunda Jomiy uning ahvolini tushunib, 1492 yili, yaʼni umrining oxirlarida “Al-Qofiya”ga maxsus sharh yozadi. Shundan soʻng Ibn Hojibning asari maktab va madrasalarda shu sharh yordamida oʻqitiladigan boʻladi. Jomiy “Sha-rhi” esa “Sharhi Mullo” nomi bilan shuhrat qozonadi.
Uning aruz bilan bir qatorda musiqa nazariyasi haqida “Risolayi musiqiy” asarini yozishi shu davr madaniy hayotida katta voqea boʻldi. Jomiy oʻz risolasida Abu Nasr Forobiyning koʻp jildlik “Musiqa haqida katta kitob” asaridagi gʻoyalarni yanada rivojlantirdi, musiqani tovushlarning oʻzaro ohangdoshlik (taʼlif) va noohangdoshlik (manofarat) nuqtai nazaridan oʻrganuvchi, yangi kuy yaratish uchun ular orasidagi oralik (ozmina)larni tekshiruvchi fan deb xarakterladi. Musiqa, uning fikricha, insonga eng yuqori maʼnaviy oziq beradigan mukammal goʻzal tovushlar haqidagi fandir. Bu fan insonlarga xizmat qilishi, ularning hayotini bezashi zarur.
XV asr adabiy hayotida sheʼriy asarlar bilan bir qatorda nasrni rivojlantirishga ham ahamiyat berilar edi. Shayx Saʼdiyning“Guliston” nomli mashhur hikoyalar toʻplamini gʻoyat sevgan va uni “jannatdan nishon, xashak-tikoni ham anbargadir jon” deb taʼriflagan Jomiy 1486–87 yillarda shu asarga javoban “Bahoriston” degan asarini yaratdi. Jamiyatdagi turli tabaqalar hayotidan, tarixdan hikoya qiluvchi bu toʻplamda biz janr eʼtibori bilan yengil, yozilish uslubi oʻzgacha, tili xalqchil, syujeti sodda koʻp hikoyalarni oʻqishimiz mumkin. Har bir hikoya katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Masalan, quyidagi hikoyani Iskandarning murakkab bir savolga gʻoyat oqilona javob berganini va doʻstlik, insoniylik gʻoyalarini ulugʻlaganini koʻramiz:
“Iskandardan:
– Sen shunday yoshlik va navqironlik chogʻingda qanday qilib bu davlatu saltanatga erisha olding? – deb soʻraganlarida, u shunday javob beribdi:
– Men dushmanlarimga xushmuomala boʻldim, toki adovat jilovi yigʻilib jonlansin; doʻstlarga sadoqatda boʻldim, toki doʻstlik mustahkamlansin”.
“Bahoriston”ning 7-ravzasi adabiy tazkira xarakterida boʻlib, unda Rudakiy, Daqiqiy, Firdavsiy, Nosir Xisrav, Nizomiy, Shayx Saʼdiy, Hofiz Sheroziy, Kamol Xoʻjandiy, Xusrav Dehlaviy kabi mashhur fors-tojik shoir va adiblari toʻgʻrisida qimmatli malumotlar hamda ularning hayotidan olib yozilgan hikoyalar bor.
Lekin Jomiy ijodining eng katta qismini, hech shubhasiz, uning sheʼriyati tashkil etadi. 1490 yilning boshida u oʻz sheʼrlaridan 3 ta devon tuzgan boʻlib, bu devonlar 1805 gʻazal va boshqa sheʼr turlarini oʻz ichiga olgandir. Bu devonlardaga deyarli barcha sheʼrlar shoirning lirik sheʼrlar sohasidagi yuksak isteʼdodidan darak beradi. Navoiy: Jomiyning yigitlik davrida ilm olishga qattiq eʼtibor bergan boʻlsada, “ammo hech vaqt nazm oyinidin xoli emas ekandurlar”, deb yozadi “Xamsat ul-mutahayyirin” asarida. U oʻz mulohazalarini davom ettirib, ulugʻ shoir sheʼrlarining diniy-tasavvufiy mazmuni, Allohni tanish, bilish bilan bogʻliq haqiqatni shoir majoziy yoʻl, uslub bilan, oʻzini majbur qilib emas, balki beixtiyor ifodalagani haqida yozadi.
Jomiy sheʼrlarida ham, boshqa koʻp Sharq mumtoz shoirlardagi kabi hayot, inson goʻzalligi va ichki tuygʻu, ehtiroslari oʻzining tabiiy ifodasini topgan va shoir ularga tasavvufiy maʼno bergan. Jomiy sheʼriy merosining yirik tadqiqotchisi A. Afsaxzod ham bu toʻgʻrida: “Jomiydagi soʻfiyona kayfiyat uning ijodiy yoʻlini eng ibtidosidan boshlangan edi”, deb yozganda toʻla haq edi.
Jomiy lirik sheʼriyatida real hayot bilan tasavvufiy xayolot shoirning ijodiy fantaziyasi orqali birlashib ketgan.
Shoir sheʼriyatidagi pand nasihat ruhidagi sheʼrlar kishilarni ezgulikka, halol va pok boʻlishga, kamtarlikka, Alloh tomonidan berilgan umrni yaxshi ishlari bilan yashab oʻtkazishga daʼvat yetadi. U oʻz ruboiylarining birida yozadi:
Boʻlaylik dil xasta ham siynalar chok,
Hayotda doimo pok boʻlaylik, pok.
Xokistar boʻlaylik ishning boshidan,
Chunki oxiri ham xok boʻlurmiz, xok.
(Sh. Shomuhamedov tarjimasi)
Rang-barang hayotiy mavzularda yaratgan badiiy yuksak va serjilo sheʼrlar bilan forsiy adabiyotni boyitgan Jomiy, Saʼdiy Sheroziy, Amir Xusrav Dehlaviy, Xoja Hofiz Sheroziy kabi soʻz sanʼatkorlari safidan munosib oʻrin oldi.
Abdurahmon Jomiy ijodining gultoji, shubhasiz, uning “Haft avrang” deb nomlangan dostonlar majmuasidir. Bu dostonlarida Jomiy fors-tojik adabiyotida yaratilgan Nizomiy Ganjaviy (1141–1209) va Amir Xusrav Dehlaviyning (1253–1325) “Xamsa”laridagi eng yaxshi gʻoyaviy va adabiy anʼanalarni davom ettirib, XV asrning ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy hayotida mavjud muammolarga oʻz munosabatini biddirishga harakat qilganki, masnaviyda, oddingi “Xamsa” dostonlari vaznida yaratilgan bu dostonlar Nizomiy va Dehlaviy asarlaridan qolishmasligini taʼkidlab, Ali-sher Navoiy quyidagi baytlarni yozgan edi:
Gʻazal dardu soʻzini, vah-vah, ne dey!
Desa masnaviy, Allah-Allah, ne dey!
Agar nazmdin borcha uslub anga,
Bori bir-biridin erur xoʻb anga.
Vale masnaviy oʻzga olam durur,
Ki taʼbiga holo musallam durur.
Boʻlub jilvagar tabʼi koʻzgusida,
Ki sabt ayladi “Xamsa” oʻtrusida,
Erur andin ortuqki, oʻksuk emas,
El andin der ortuqki, oʻksuk demas!
Ijtimoiy-siyosiy, falsafiy-axloqiy masalalarda Jomiy xalq-parvarlik va insonparvarlik, adolat va insof masalalariga, zulmni, zolimlarni qoralashga keng oʻrin berdi. Buni u ayniqsa shohlar haqida gap borganda, qayta-qayta qalamga oldi. Uningcha, shoh odil boʻlsa, u bexavf bexatar yashaydi.
Jomiyning “Yusuf va Zulayho”, “Layli va Majnun” dostonlarida ishq va muhabbat, doʻstlik mavzulari yanga ilhom, yangi sheʼriy harorat bilan yoritilgan boʻlib, shu anʼanaviy syujetga qurilgan dostonlar orasida alohida oʻrin tutadi. “Layli va Majnun”ning kirish qismida Jomiy doʻstlikka misol tarzida bir umrlik qadrdon doʻsti Alisher Navoiyni eslaydi va uni doʻstlik bogʻidagi eng vafodor va mehribon doʻst sifatida shunday taʼrif va tavsif etadi:
Doʻstlik bogʻidagi maʼsus xushkalom,
Vafo shoxidadir Navoiy mudom.
Goʻzal soʻzlar bilan navo aylagay,
Ozurda dillarni davo aylagay.
Bundan boshqa ishning boʻlmas adosi,
Jahonda doʻstlar boʻlmas adosi.
Oʻz davrida Jomiy faqat Navoiyning emas, balki butun oʻzbek adabiyotini ham eng yaqin doʻsti edi. Navoiy yozishicha, u turkiy tidda sheʼr yozmasa ham, ammo bu tildagi asarlarni yaxshi tushunar va ular haqida oʻz fikrini ayta olar edi. Mavlono Lutfiy vafoti oldida oʻzining tugallanmay qolgan:
Gar kori dili oshiq bo kofiri Chin aftad,
Beh zon ki ba badxoʻyi bemehri chunin aftad,
– matlasi bilan boshlangan gʻazalini Jomiy davom ettirib, tugatib, oʻz devoniga kiritsin, – deya vasiyat qilgan. Maʼlumki, Jomiy bu iltimosni bajargan. U Husayn Boyqaro ijodidan ham toʻla xabardor edi. Ayniqsa uning Navoiy “Xamsa”siga oʻzining “Xiradnomayi Iskandariy” dostonida quyidagi bahoni bergani diqqatga sazovordir:
Ba turki zabon naqshe omad ajab,
Ki jodudamonro buvad mehri lab.
Zi charx ofarinho bar on kilk zod,
Ki in naqshi matbu az on kilk zod.
Mazmuni:
Turkiy tilda shunday bir ajoyib naqsh (asar) paydo boʻldiki,
Uning oldida har qanday (soʻz) sehrgari ogʻzini ocholmay qoldi.
Falakdan ofarinlar yogʻilsin (bu naqshni chizgan Navoiy) qalamigaki,
Bu goʻzal naqsh, axir, oʻsha qalamning ishidir.
Abdurahmon Jomiy Temuriylar davri ilm-fani va adabiyotining faxri, Sharq sheʼriyatini yangi yuksaklikka koʻtargan soʻz sanʼatkorlaridan biridir. U bir necha asrdirki, Navoiy bilan yonma-yon, oʻzbek shoir va adiblariga ham ustozlik qilib kelmoqda va doim shunday boʻlib qoladi.

Abdurahmon Jomiy (1414-1492)