Abdurahmon ibn Abu Bakr to’liq malumot oling

Abdurahmon ibn Abu Bakr to’liq malumot oling

Abdurahmon ibn Abu Bakr (r.a.)ning ismi oldin Abdul Ka’ba bo‘lgan. Keyinchalik Rasululloh (s.a.v.) unga “Abdurahmon” deb ism qo‘ydilar. Onasi Ummu Rumon binti Omir (r.an.). Abdurahmonning oilasi boshqalarda topilmagan bir fazilat bilan ajralib turardi. Ya’ni, uning xonadonidan to‘rt avlod: bobosi Abu Quhofa, otasi Abu Bakr Siddiq, o‘zi va o‘g‘li Abul Atiq (r.m.) Rasululloh (s.a.v.)ga sahoba bo‘lish baxtiga musharraf bo‘lishdi.
Mundarija скрыть

*  *  *

Alloh taolo yaratganlariga in’om etishi mumkin bo‘lgan barcha yaxshiliklardan Abdurahmonni ham benasib qoldirmadi. Quraysh qavmining eng botiri, mohir mergani hamda ajoyib shoiri, o‘z zamonasida arab jazirasining o‘zg‘ir chavandozi ham Abdurahmon edi.

Kunlarning eng ulug‘i, mukarrami edi. Otasining do‘sti Muhammad Amin (alayhissalom)ga Alloh taolo tomonidan risolat berildi hamda u zot (a.s.)ni olamlar Sarvari bo‘lish sharafiga muyassar ayladi. Albatta, bu hodisa ota boshliq uka-singillari tomonidan quvonch bilan qarshi olindi. Lekin Abdul Ka’bani aslo quvontirmadi. U o‘z yo‘lida davom etishni istardi.

Badrda mushriklar tomonida ishtirok etdi. Uhud kuni esa jang oldidan yakkama-yakka kurashish uchun musulmonlardan o‘ziga raqib chorladi. Uning bu chaqirig‘iga otasi Abu Bakr Siddiq (r.a.) javob qilmoqchi bo‘ldi. Lekin Rasululloh (s.a.v.) bunga yo‘l qo‘ymadilar.

Kun kelib, hidoyat nurlari Abdurahmonning qalbini yoritdi. Jaholat zulmatidan ozod bo‘lish uchun Madina sari yo‘l oldi. Makka fathidan biroz oldin, Hudaybiya sulhi arafasida musulmon bo‘lish sharafi unga nasib etdi. Bundan otasi Abu Bakr Siddiq (r.a.) juda quvondi. Nihoyat, uning to‘ng‘ich farzandi, oilasining ardog‘i, ertasining umidi Payg‘ambar (a.s.)ga ergashib, sahobalar qatoridan o‘ziga munosib joy egalladi. Islomni qabul qilgan Abdurahmon (r.a.)ning hayoti yangi tus, yangi mazmun oldi. U maqtovga sazovor musulmonlardan biriga aylandi. Samimiy, qat’iyatli, ixlosli, solih hamda xushomaddan yiroqligi bilan odamlar e’tiborini qozondi. Nojo‘ya xatti-harakatlardan yiroq bo‘ldi va bor kuch-g‘ayratini musulmonlar foydasiga sarflay boshladi.

Ot izini toy bosadi, deyishadi. Abdurahmon ham otasi Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) singari odamlardan yordamini ayamaydigan ochiq qo‘l inson bo‘lib yetishdi. Rivoyat qilishlaricha, bir arab ayoli Abdurahmon (r.a.)ning oldiga kelib, bunday shikoyat qiladi: “Huzuringga baland-pastliklardan iborat keng yerdan keldim. Cho‘l meni ozdirib, suyagimni mo‘rtlashtirdi hamda g‘amga botirib yubordi. Oilam va ko‘p bolalarimdan judo bo‘ldim. Shundan so‘ng yurtim menga torlik qildi. Boshpana beradigan qarindoshim ham, himoya qiladigan qavmim ham yo‘q. Men arab mahallalaridan saxovatpesha, ayb-nuqsonlardan xoli, ko‘p kishilarga yaxshiligi tekkan, so‘ragan kishini quruq qaytarmagan inson haqida surishtirdim. Senga yo‘llashdi. Havozinlik bir ayolman. Shuning uchun yo shikoyatlarimni qondirasan yoki yurtimga jo‘natib yuborasan”. Abdurahmon ibn Abu Bakr (r.a.): “Barcha so‘raganlaring amalga oshiriladi”, deb aytdi.

*  *  *

Oysha onamiz (r.an.) rivoyat qiladi: «Akam Abdurahmon (r.a.) Payg‘ambarimiz (a.s.)ning betoblik vaqtlarida ziyoratlariga kirdi. Qo‘lida ho‘l misvok ham bor edi. Rasululloh (s.a.v.) misvokni juda yaxshi ko‘rardilar. Shuning uchun nazarlarini misvokka tikdilar. Men: “Ey Abdurahmon, misvokdan sindirib ber”, deb aytdim. So‘ng uni og‘zimda yumshatib Rasululloh (s.a.v.)ning og‘izlariga soldim. Ular misvok qildilar».

*  *  *

Abdurahmon (r.a.)ning saboti va qahramonligi Musaylama kazzob va dindan qaytganlarga qarshi jang maydonlarida katta samara berdi. U dindan qaytganlarni himoya qilgan Muhakkam ibn Tufaylni yengib, tarafdorlarining tarqalib ketishiga erishdi.

Abdurahmon (r.a.) hech qachon yolg‘on so‘z yoki amal sodir etmadi. Abdulloh ibn Nofe ibn Sobit Jubayriy aytadi: «Muoviya odamlarni o‘g‘li Yazidga majburan bay’at qilishga chaqirdi. Abdurahmon (r.a.) bosh tortganda, Muoviya unga ming dirham yubordi. Abdurahmon (r.a.) pulni rad etarkan: “Dinimni dunyo uchun sotmayman”, dedi».

*  *  *

Abdurahmon (r.a.) Payg‘ambarimiz (a.s.), otasi hamda boshqa sahobalardan saksonga yaqin hadis rivoyat qildi. U kishidan o‘g‘li Abdulloh, jiyani Qosim ibn Muhammad, Abu Usmon Nahdiy va boshqalar rivoyat qilishdi. Bu hadislardan o‘ttiztasini Imom Buxoriy ham, Imom Muslim ham (rahimahumulloh) “Sahih”larida rivoyat qilgan.

*  *  *

Abdurahmon ibn Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) hijriy 53 yili (milodiy 675) Makkadan olti (ba’zi manbalarda o‘n ikki) mil, uzoqlikdagi Hubshuy (ba’zi manbalarda Habashiy) degan joyda to‘satdan, uyqusida vafot etadi.Uni Makkaga keltirib dafn etishadi.

Alloh taolo u zotdan rozi bo‘lsin!

Manbalar asosida Hasanboy Ergashev tayyorladi Hidoyat.uz

Biografiya
Abdurahmon ibn Abu Bakr