Abdulloh ibn Umar to’liq malumot oling

Abdulloh ibn Umar to’liq malumot oling

Ulug‘ sahobiylaridan Abdulloh ibn Umar Makkada, hazrat Umar xonadonida, hijratdan o‘n to‘rt yil oldin  dunyo­ga keldi. Kunyasi – Abu Abdurrahmon. Otasi imonga kelgach, u ham kichik yoshida musulmon bo‘ldi. Bolaligidanoq Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bilan ko‘p vaqt birga bo‘lgani sabab eng ko‘p hadis rivoyat qilgan va Rasululloh (s.a.v.)dan ilm o‘rgangan sahobiylardan sanaladi.
Mundarija скрыть

U zot nopok va shubhali narsalardan saqlanar, dunyo muhabbatidan uzoq, har ishda juda diqqatli edi. Kechki taomni hech qachon sheriksiz yemas, och qolmasdan taomlanmas, juda oz yerdi. Iroqdan ziyoratiga kelgan bir do‘sti u kishiga dori berib, aytdi: «Bu ovqat hazm bo‘lishini osonlashtiradi». «Unda bu dorini boshqa birortasiga berib yubor, – dedilar Ibn Umar.  – Chunki menshu paytgacha biror marta qornim to‘ygunicha ovqat yemadim, bundan keyin ham bu dori menga kerak bo‘lmaydi».

Bir kuni Abdulloh ibn Umarga ming dirham pul va chakmon hadya qilishdi. Ammo ertasi kuni do‘stlaridan biri u kishining bozordan qarzga yem olayotganini ko‘rdi. Ibn Umarning uyidagilardan so‘radi: «Do‘stimizga pul va libos tashlab ketishmaganmidi?» «Ha, shunday, – deb javob berishdi. « Kechayoq chakmonni yelkalariga tashlab, pulni olib bozorga ketdilar. Qaytganlarida hech nimasiz edilar, muhtojlarga tarqatibdilar».

Makka fathida yigirma besh yoshlarda bo‘lgan Ibn Umar chopqir ot ustida juda haybatli ko‘rinardi. Rasululloh (s.a.v.) o‘sha paytda u kishini: «Abdulloh! Mana, Abdulloh!» deb maqtadilar zavq bilan. Makkaga Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tuya, Ibn Umar ot ustida yonma-yon kirishdi.

Abdulloh ibn Umar Hunaynda katta qahramonlik ko‘rsatdi. Toif qamalida avangard qo‘shin safidan joy oldi. Mut’a va Yarmukda qatnashdi. Xulafoyi roshidin davrlarida uyushtirilgan safarlarda ishtirok etdi. Shunga qaramay, u zot ko‘proq ilm olamida shuhrat qozondi. Oysha onamiz aytadilar: «Ibn Umar yurish-turish va harakatlarida Rasululloh (s.a.v.)ga juda o‘xshardi». Tafsir, fiqh, hadis va boshqa ilmlarda peshqadam edi. Fatvo borasida juda hassos bo‘lib, Imom Molikning xabar berishicha, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan so‘ng haj mavsumi va boshqa paytlarda insonlarga oltmish yil fatvo berdi.

U jo‘mard, halim odam bo‘lib, qul va joriyalarini ibodat qilayotgan holda ko‘rsa, ozod qilish odati edi. Bundan ayrim qullar foydalanayotgani aytilganda: «Xayr uchun aldanishdan yaxshisi bormi?» deb javob qildi. Tobe’inning ulug‘laridan Imom Nofe’ ham Ibn Umar ozod qilgan qullardan edi.

Ibn Umar bir kishi zolim Hajjojga qarshi gapirayotganini eshitib, so‘radi: «Gaplaringni Hajjoj shu yerda bo‘lsa ham ayta olarmiding?» «Yo‘q», degan javobni eshitib, aytdi: «Rasuli akram (s.a.v.) zamonlarida buni munofiqlik hisoblardik».

Bir qator suhbatlarda shunday degani rivoyat qilinadi: «Ey Odam bolalari, jismingiz bilan dunyoda, qalbingiz ila oxiratda bo‘ling. Hikmat o‘nta narsada: to‘qqiztasi sukutda, bittasi kam gapirishda. Kishining kimligi do‘stlashgan odamlariga qarab aniqlanadi. O‘zidan yuqorilarga hasad, pastdagilarga zulm qiladigan ilm ahlidan sanalmaydi. Rasululloh (s.a.v.)ga qilgan bay’atimni bugungacha buzmadim va o‘zgartirmadim. Fitna va tortishuvga tarafdor bo‘lgan kishi bilan birga bo‘lmadim. Hech bir musulmonning tinchini buzmadim. Alloh uchun seving, U Zot uchun do‘stlashing, dushmanligingiz ham shunday bo‘lsin. Alloh taolo muhabbatiga shu yo‘l bilan erishiladi. Biz shunday zamonlar ko‘rdikki, hech kim birodaridan ko‘proq pul, boylikka ega bo‘lish haqida o‘ylamadi. Endi esa, oltin, kumush juda qimmatli sanala boshlandi. Allohdan qo‘rqib, bir tomchi ko‘zyosh to‘kish men uchun ming oltin sadaqa berishdan sevimliroq. Kishi imkoni boricha yaxshilik qilishi, hamisha shirinso‘z va ochiq yuzli bo‘lishi lozim».

Abdulloh ibn Umar hijriy 692 yilda vafot etgan va Muhassab degan joyda dafn etilgan.

“Irfon” taqvimining 2011 yil, 3-sonidan olindi.

Abdulloh ibn Umar

ABDULLOH ibn UMAR, to‘liq ismi Abdulloh ibn Umar ibn al-Xattob al-Adaviy, kunyasi — Abu Abdurrahmon (taxminan 612-693) — ashobi kiromning eng yuksak olim va mujtahidlaridan biri.

Hijoz fiqhi va huquqining tamal toshini qo‘ygan zot. Oltmish yil fatvo berish bilan shug‘ullangan. Abu Hurayra (ra)dan so‘ng Rasuli Akram (sav)dan eng ko‘p — 2630 hadis rivoyat etgan.

Otasi Umar (ra) bilan Madinaga hijrat qilgan, Usmon (ra) vafot etgach xalifalik taklif qilingan, ammo bu rutbadan bosh tortgan.

Islom ensiklopediyasidan

uzor


Ashobi kiromning buyuklaridan, fiqh, tafsir, hadis ilmida ustun bo’lganlaridan. Kunyalari Abu Abdurrahmon. Musulmonlarning qorako’zi Hz. Umar ul Faruqning o’g’illari. Onalari Zaynab binti Ma’uni Jumayhidir. Makkai Mukarramada hijratdan 14 yil oldin dunyoga kelganlar. Shu yerda 73 hijrida vafot etganlar. Qabr lari Muhassabdadir.
Otalari iymonga kelishlari bilan kichik yoshda iymon keltirganlar. Madinai Munavvaraga hijrat etib Islom tarbiyasi bilan kamolga yetganlar. Yoshlari kichik bo’lganligi sababli Badr va Uhud g’azotlarida ishtirok etmaganlar. Birinchi bor Handaq g’azotida ishtirok etganlar. Bayati Rizvonda otalaridan oldin bay’at qilganliklari rivoyat qilinadi. Misr va Shimoliy Afrika fathlarida ishtirok etganlar. Xuroson va Tabariston safarlarida ishtirok etganlar. Otalari shahodat topganl vaqtlarida o’g’illarini halifalikka tayin qilishlikni so’raganlarida otalari “ Bir uydan bir shahid yetadi” deb marhamat qildilar. Saylanmaslik sharti bilan Sho’roga a’zo bo’lganlar. Hz. Usmonning shahodatlaridan keyin halifalikka nomzod qilib ko’rsatilganlarida qabul qilmadilar. Hz. Ali r.anhuga bay’at qildilar. Faqat ichki hodisalarga aralashmadilar. “Jihod islom mamlakatida musulmonlar orasida bo’lmaydi. Jihod kofirlarga qarshi bo’ladi” deb o’z fikrini bildirdi. 15 ta farzandlari bo’lgan. 14 o’g’il va 1 qiz.

Abdulloh ibni Umar r.anhumo Rosul Akramga juda bog’li edilar. U zoti bobarokotning yo’llaridan yurmoqlikni va ahloqlari bilan ahloqlanmoqlikni istardilar. Huzur’i saodatlaridan ayrilmoqlikni istamazdilar. Qayerga borsalar orqalaridan ta’qib qilib borar edilar. Juda ko’p hodisalarga guvoh bo’lib hadis sharif eshitishga muvaffaq bo’ldilar. Ibodatda, suhbatda va g’azotlarda hamda Vidalashuv hajjida Rosul Akramning doim yonlarida edilar. Rosul Akramga hizmat qilish sharafiga muyassar bo’lishliklari bilan barcha ilimlarda mohir ustod bo’lib yetishdilar. Harom va shubhalilardan saqlanishlari, ilmlari va dunyoga e’tibor bermasliklari o’rnak qilishlikka arziydigan ahvolda edi. Qur’oni karimning tafsiriga oid masalalarda ashobi kiromining ichida ko’zga ko’ringalaridan biridirlar. Halol va haromga oid ko’p hadis shariflarni u zot rivoyat qilganlar. Jami 2630 hadis rivoyat qilganlilari turli manbalarda yoritilmoqda.

Imomi Molik r.a Abdulloh ibni Umar r.anhumo to’g’risida shunday deydi: Abdulloh ibni Umar Rosul Akramdan keyin haj mavsumida va boshqa vaqtlarda odamlarga 60 yil fatvo berdi. Fatvo berishda juda ehtiyotkor birisi edi.” Tobiinlarda Mihron shunday deydi: Ibni Umardan ko’ra faqihroq birisini ko’rmadim.

Ozod qilgan qullari Imomi Nafe shunday deydi: Abdulloh ibni Umar 1000 kishi ozod qilmasdan jonini taslim qilmadi. Ba’zan oylab go’sht yemazdi. Faqat Ramazonda va mehmoni bo’lganda go’sht yeyardi. Biror bir narsaga ortiqcha ko’ngil qo’yishi bilan uni unga ehtiryoji bo’lgan birisiga in’om etardi.

uzor

NIHOYATDA TIRISHQOQ VA KO‘P TAVBA QILUVCHI INSON

  Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu uzoq umrining intihosida o‘zi haqida shunday degan edi:

 “Rosululloh sallallohu alayhi vassalomga bay’at berdim. Bas, shu bay’atimga sodiq bo‘lib, to hozirgi kunimga qadar uni buzmadim va o‘zgartirmadim. Fitna egalariga bay’at bermadim. Biror bir mo‘minni uxlayotgan o‘rnidan uyg‘otmadim (ya’ni, unga ozor yetkazmadim)”.

 Mana shu so‘zlarda sakson yildan ziyod umr ko‘rgan solih kishining hayoti qisqa va aniq ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi.

 Abdulloh ibn Umarning Islom va Rosululloh sallallohu alayhi vassalom bilan aloqasi, u 13 yoshda bo‘lganda otasi Umar ibn Xattob r.a. uni Badr g‘azotiga olib chiqqandan boshlanadi. Shu kuni Umar ibn Xattob r.a. o‘z o‘g‘lini jangchilar orasida bo‘lishini qattiq hohlagan edi. Lekin Rosululloh sallallohu alayhi vassalom Abdullohning yoshi kichikligini e’tiborga olib, unga ruxsat bermadilar.

 Mana shu kundan boshlab, balki otasi Umar r.a. uni o‘z hijratiga sherik qilgan kundan boshlab, Abdullohning Islom va Rosululloh sallallohu alayhi vassalom bilan aloqasi boshlangan edi. Shu kundan to 85 yillik umrining oxirigi damlarigacha, u zotni qaerda uchratmaylik, barcha holatlarda tirishqoq,Allohni ko‘p zikr qiluvchi, o‘zi tanlagan yo‘lidan qilcha ham ortga qaytmaydigan, bergan ahdiga vafo qiluvchi va haqiqiy tavba qiluvchilardan bo‘lganligini topamiz. Abdulloh ibn Umarning o‘ziga jalb qiluvchi sifatlari va xususiyatlari nihoyatda ko‘pdir. Qaysi jabhada bo‘lmasin, masalan ilmda, kamtarlikda, taqvoda, sahiylikda va ibodatda barchaga ibrat va namuna bo‘lganligini ko‘ramiz. Shu barcha go‘zal fazilatlar bilan Abdulloh o‘z shaxsiyati va hayotini shakllantirdi. Otasi Umar ibn Xattobdan ko‘p yaxshiliklarni o‘rgandi. Otasi bilan birgalikda esa, Rosululloh sallallohu alayhi vassalom dan ta’lim oldi. Uning iymoni otasiniki kabi juda go‘zal edi. Shu sababli uning Payg‘ambar alayhis salom ga ergashib, u zotga taqlid qilishi hammani hayratga solardi. U Rosululloh sallallohu alayhi vassalom har bir joyda qaysi amal bilan shug‘ullanishlarini kuzatib, shu amallarni barchasini huddi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassalom qilganlaridek o‘z hayotiga nozik ravishda tatbiq qilardi.

 Masalan, qaysi joyda Rosululloh sallallohu alayhi vassalom namoz o‘qigan bo‘lsalar, ibn Umar ham o‘sha yerda namoz o‘qar edi. Qaysi joyda Janobimiz turib duo qilgan bo‘lsalar, u ham o‘sha yerda turib duo qilardi. Qaysi yerda o‘tirib duo qilgan bo‘lsalar, ibn Umar ham o‘sha yerda o‘tirib duo qilar edi. Qaysi yo‘lda ketayotib, tuyalaridan tushib, ikki rakaat namoz o‘qigan bo‘lsalar, ibn Umar ham o‘sha joyda tuyasidan tushib, ikki rakaat namoz o‘qib, so‘ngra yo‘lida davom etardi.

Qay bir makonda Rosululloh sallallohu alayhi vassalom tuyalarini ikki marta aylantirib, cho‘kkalatsalar, ibn Umar ham tuyasini o‘sha makonda ikki marta aylantirib, cho‘kkalatar edi. Hatto har safar bu odat takrorlanganidan, ibn Umarning tuyasi o‘sha joyga kelsa, beixtiyor o‘sha ishni takrorlardi. Abdulloh ibn Umarning Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ga qilayotgan taqlidlarini ko‘rgan onamiz Oysha roziyaollohu anho, bu holatdan nihoyatda ta’sirlanib, ibn Umar haqida:

 “Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ning har bir makonda qilgan amallariga taqlid qilishda, Abdulloh ibn Umarga yetadigan kishi hecham topilmaydi” — deb aytgan edilar.

 Abdulloh ibn Umar muborak, uzun hayotini mana shu yo‘lga bag‘ishlagan edi. Hatto musulmonlar tepasiga shunday kunlar keldiki, solih kishilar bu tariqa duo qilar edilar:

 “Allohim, ibn Umarga iqtido qilib yashashligim uchun, men hayot ekanman, uni ham hayot qilgin. Chunki hozirgi kunda ergashishlikka undan ko‘ra loyiqroq kishi yo‘qdir”.

 Payg‘ambar alayhis salom ga shu qadar taqlid qilishligiga qaramay, ibn Umar u zotdan hadis rivoyat qilishdan nihoyatda ehtiyot bo‘lar edi. Faqatgina eshitgan hadisining har bir harfini aniq bilsagina, o‘sha hadisni rivoyat qilardi. Ba’zi zamondoshlari:

 “Payg‘ambar sallallohu alayhi vassalom ashoblaridan Rosulullohning hadislariga ziyoda yoki nuqson qilishdan ehtiyot bo‘ladigan ibn Umarchalik inson yo‘qdir” — deb aytishardi.

 Abdulloh ibn Umar shu bilan birgalikda fatvo berishdan ham tiyilardi. Bir kishi Abdullohning huzuriga kelib, undan fatvo so‘radi. Abdulloh esa unga:

 “Sen so‘ragan narsangni bilmayman” — deb javob berdi.

Savoliga javob ololmagan haligi kishi ortiga bir necha qadam tashlashiga ham ulgurmay turib, Abdulloh ibn Umarning nihoyatda quvonch bilan, ikki kaftini bir-biriga ishqalab, o‘ziga-o‘zi bunday deganini eshitdi:

 “Ibn Umar o‘zi bilmaydigan narsa xususida so‘ralib, “bilmayman” deb javob qildi”.

Fatvo berayotganda ijtihod qilib, xato qilib qo‘yishdan qo‘rqar edi. Ibn Umar mujtahid olim ijtihod qilib xato qilsa, bir ajr, agarda xato qilmasdan to‘g‘ri fatvo bersa, ikki ajrga ega bo‘lishini bilishligiga qaramay, uning taqvosi fatvo berishga bo‘lgan jur’atini undan tortib olgan edi.

 Xuddi shu kabi u, qozi bo‘lishdan ham o‘zini olib qochar edi. Albatta, qozilik davlat va jamiyatning eng katta va obro‘li vazifalaridandir. Hamda shu mashg‘ulotning ortidan katta-katta boylik, obro‘-e’tibor kelishi turgan gapdir. Ammo buyuk taqvo sohibi bo‘lgan ibn Umar uchun boylik va obro‘-e’tiborning hecham hojati yo‘q edi.

 Bir kuni xalifa Usmon ibn Affon r.a. uni o‘z huzuriga chorlab, qozilik mansabini taklif qildi. Ammo Abdulloh o‘z uzrini bildirdi. Usmon r.a. undan har qancha talab qilmasin, u rozi bo‘lmadi. Shunda Usmon ibn Affon r.a. unga:

 “Menga osiylik qilmoqchimisan?” — dedi.

Abdulloh ibn Umar:

 “Hech ham unday emas, faqatgina menga qozilar uch turga bo‘linishini ma’lum. Bir qoziki, ilmga ega bo‘lmay turib, johillik bilan hukm chiqaradi. Bas, u do‘zaxda bo‘ladi. Yana bir qoziki, o‘z havoi nafsiga ergashib hukm chiqaradi. Bas, u ham do‘zaxda bo‘ladi. Va yana bir qoziki, yaxshilab harakat qilib, to‘g‘ri hukm chiqaradi. Ammo uning uchun savob ham, gunoh ham yo‘q. Men Allohni o‘rtamizga qo‘yib, sendan uzr so‘rayman” — dedi.

 Usmon ibn Affon r.a. ibn Umardan bu xabarni hech kimga aytmaslikka ahd olganidan keyin, uning uzrini qabul qildi. Chunki Usmon ibn Affon ibn Umarning insonlar orasidagi nufuzini juda yaxshi bilar edi.Shuning uchun ahli taqvolardan bo‘lgan zotlar ibn Umarning qozilar haqidagi bu so‘zlarini eshitgach, barchalari qozilikdan bosh tortib, hatto xalifa qozilikka munosib bironta ham solih kishini topa olmay qolishi mumkin edi.

 Abdulloh ibn Umar xalifaning buyrug‘ini rad etishi, bu u zotning salbiy holati emas edi. Negaki, o‘sha paytda hali ashoblarning ko‘plari hayot edilar. Ba’zilari qozilik va fatvo ishlari bilan shug‘ullanar edi. Agar qozilikka loyiq biron solih kishi topilmay, natijada qozilik noloyiq kishilar qo‘liga o‘tib ketish xavfi bo‘lganda, ibn Umar bosh tortmagan bo‘lar edi. Shunday qilib ibn Umar o‘z nafsi bilan qolishni iroda etdi. U toat-ibodat, zuhdi-taqvo bilan nafsini pokladi.

 Abdulloh doim kechalari tahajjud namozini o‘qar, kunduzlari esa, ko‘pincha ro‘zador yurar, juda ko‘p ko‘z yosh to‘kib, istig‘for aytib yig‘lardi. Yoshligida ko‘rgan tushi hayotini yuqoridagi asosda o‘tkazishiga juda katta ta’sir etdi.

 Keling, u zot o‘zi haqida gapirgan so‘zlariga quloq tutaylik:

 “Rosululloh sallallohu alayhi vassalom zamonlarida bir tush ko‘rdim. Qo‘limda bir parcha shoyi mato turgan emish. Go‘yo jannatdan biror bir makonni iroda etsam, u mato men bilan birga uchib yurgan emish. Shu payt ikki kishi kelib,meni do‘zaxga olib ketmoqchi bo‘ldi. Mening yonimga bir farishta kelib, menga “qo‘rqma” deb, ulardan men xalos etdi. Bu tushimni opam Hafsaga aytib berdim. U esa, Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ga so‘zlab berdi. Rosululloh sallallohu alayhi vassalom:

 “Abdulloh qanday ham yaxshi yigit. Agarda kechalari namoz o‘qiganda, yaxshiligini yanada ziyoda qilgan bo‘lar edi” — dedilar.

 Abdulloh ibn Umar mana shu kundan boshlab,to Robbisiga yo‘liqquncha, na muqim holida va na safarda tungi namozlarini tark qilmadi. U juda ko‘p namoz o‘qar va Qur’oni Karimni tilovat qilar edi. Huddi otasi hazrati Umar roziyallohu anhu kabi, do‘zax haqidagi oyatlarni eshitgan paytda ko‘z yoshlarini to‘kib, uzoq yig‘lardi.

* * *

Ubayd ibn Umayr dedi: “Adulloh ibn Umar r.a. ga ushbu oyatlarni tilovat qilib berdim:

 41. (Ey Muhammad), biz har bir ummatdan (o‘sha ummatning payg‘ambarini) guvoh keltirganimizda va Sizni ana ularga qarshi guvoh qilganimizda ularning holi nima kechur?! 42. U kunda kofir bo‘lgan va payg‘ambariga itoatsizliq qilganlar yer bilan yakson bo‘lib ketishni orzu qiladilar va lekin Allohdan biron gapni yashira olmaydilar.

Bu oyatlarni eshitgan ibn Umar shunday qattiq ko‘z yosh to‘kib yig‘ladiki, hatto uning soqollari jiqqa ho‘l bo‘lib ketdi”.

* * *

Bir kuni ibn Umar birodarlari bilan o‘tirib, quyidagi oyatlarni o‘qidi:

1. (O‘lchov va tarozdan) urib qoluvchi kimsalarga halokat bo‘lg‘ay! 2-3. Ular odamlardan (biron narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab bergan vaqtlarida esa, kam qilib beradigan kimsalardir. 4-5-6. Ular o‘zlarining ulug‘ bir Kunda —Barcha odamlar butun olamlar Parvardigori huzurida tik turib (hisob-kitob beradigan Qiyomat) Kunida qayta tirilguvchi ekanliklarini o‘ylamaydilarmi?!

Uning ko‘z yoshlari xuddi yomg‘irday oqib, yig‘i va hayajonning ziyodaligidan yerga yiqilib tushdi.

 Abdulloh ibn Umarning sahiyligi, zuhdi-taqvosi hecham uni tark etmasdi. U nihoyatda ko‘p ehson qilar edi. Bu sahiylik uni faqir kishilar qatoriga qo‘shib qo‘yishi mumkinligidan sira qo‘rqmas edi. Buning sababi, u o‘ta zohidlardan bo‘lganligidir. Ibn Umar tijorat bilan shug‘ullanadigan, tijorati doim foyda keltiradigan, o‘ziga to‘q sahobiylardan bo‘lgandi. Unga baytul moldan tayin qilingan maosh ham juda ko‘p edi. Ammo ibn Umar bu maoshning bir dirhamini ham o‘ziga olib qolmay, miskin, faqir va muhtojlarga taqsim qilardi.

 Abdulloh ibn Umarning buyuk xislatlaridan birini bizga Ayyub ibn Voil Ar-Rasabiy hikoya qilib beradi:

 “Bir kuni baytul moldan ibn Umarga 4 ming dirham maosh bilan bir qancha duxoba mato keltirildi. Ertasi kuni men uni bozordan oti uchun somonni qarzga olayatganini ko‘rdim. Darhol uning uyiga borib, ahlidan:

“Axir kecha ibn Umarga 4 ming dirham bilan bir qancha duxoba mato kelmagan edimi?”- deb so‘radim.

Ular menga:

 “Ha, shunday bo‘lgan edi” — deb javob qilishdi.

Men esa, taajjublanib:

 “Bugun uni bozordan otiga yemni qarzga olayatganini ko‘rdim!” — dedim.

Ular dedilar:

 “U zot barcha pullarni tarqatib yubormaguncha uyquga yotmadilar. So‘ngra duxoba matoni yelkalariga ortib ko‘chaga chiqib ketdilar. Qaytib kelganlarida, mato yo‘q edi. Biz u kishidan mato haqida so‘rasak, faqir va miskinlarga tarqatib yuborganliklarini aytdilar”.

Shu payt men hayratga tushib, kaftlarimni bir-biriga urib, bozor tomonga yugurib ketdim. Bozorga borgach, bir tepalikka chiqib:

 “Ey tijoratchilar, ko‘zingiz qayoqda, mana ibn Umarga baytul moldan 4ming dirham pul kelgan edi, U esa pullarni barchasini miskinlarga tarqatib yuborib, oti uchun pichanni qarzga sotib olayapti!” — deb qichqirdim”.. .

 Ha … U zotning ustozi Muxammad sallallohu alayhi vassalom, otasi esa Umar ibn Xattob r.a. edilar. Shuning uchun unga bundan o‘zgasi munosib ham emasdi.

 Axir Payg‘ambar alayhis salom ga taqlid qilishda nihoyatda peshqadam bo‘lgan, hatto Rosululloh sallallohu alayhi vassalom muborak qadamlarini qo‘ygan joylardan o‘tib:

 “Koshki, har –bir bosgan qadamim janobimiz bosgan qadamlarining iziga tushsa!” — deb aytadigan inson bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi. O‘zini Payg‘ambar alayhis salom ga xos qilgan va Umar r.a. ga o‘g‘il bo‘lgan bu zot uchun, mol-davlatga asir bo‘lish yaramas edi. Mol-davlat uning eshigiga oqib kelardi. Lekin u, bu mol-davlatni muhtojlarga tarqatib yuborardi. Ko‘pincha boy-badavlat kishilarga ziyofat berayotgan farzandlarini itob qilib:

 “To‘qlarni chaqirib, ochlarni tashlab qo‘yasizlar” — derdi.

 Faqir miskinlar uning sahiy va ularga xamdard ekanini bilib, doim eshigini ostonasida, yoki yuradigan yo‘llarida uni kutib o‘tirar edilar. Bunday sahiylikka uni zuhdi-taqvosi targ‘ib qilib turar edi.

 * * *

 Kunlardan bir kuni uning huzuriga Xurosondan bir do‘sti juda go‘zal va qimmatbaho kiyimni hadya qilish uchun olib kelib:

 “Mana bu kiyimni Xurosondan sizga olib keldim. Ustingizdagi bu dag‘al kiyimni yechib, mana shu men keltirgan kiyimni kiyib, meni ko‘zimni quvontirasiz degan umiddaman”- dedi.

Ibn Umar unga:

 “Qani bir ko‘rsatchi?” — dedi. So‘ngra kiyimni ushlab ko‘rib:

 “Bu ipakmi?” — deb so‘radi.

U kishi:

 “Yo‘q, bu paxta” — dedi.

Ibn Umar kiyimni biroz tomosha qilib, qaytarib berdi. So‘ngra:

 “Men bu kiyimni kiyib, mutakabbir va maqtanchoq kishi bo‘lib qolishdan qo‘rqaman. Alloh mutakabbir va maqtanchoq kishilarni sevmaydi” — dedi.

 * * *

 Kunlarning birida unga Iroqlik do‘sti ichi to‘la bir xaltani hadya qildi.Ibn Umar:

 “Bu nima?” — deb so‘radi.

U kishi:

 “Bu juda yaxshi dori, uni Iroqdan olib keldim” — dedi.

Ibn Umar:

 “Bu nimadan davolaydi?” — deb savol qildi.

U kishi:

 “Taomni hazm qildiradi” — dedi.

 Abdulloh ibn Umar tabassum qilib, unga:

 “Taomni hazm qiladi??.. Men mana qirq yildan beri to‘yib taom yemayman” — deb xaltani qaytib berdi.

 E’tibor qiling, qirq yildan beri to‘yib taom yemagan! To‘yib taomlanmasligining sababi, muhtojlik emas, balki zuhdi-taqvodan, Rosululloh sallallohu alayhi vassalom va Umar r.a. ga taqlid qilganidan edi. Ibn Umar qiyomat kuni unga: “Sizlar o‘z huzur-xalovatlaringizni hayoti dunyolaringizdayoq ketkazdingiz va ulardan foydalanib bo‘ldingiz”.

deyilishidan nihoyatda qo‘rqar edi. U dunyoda musofir va mehmon ekanini juda yaxshi anglardi.

U o‘zi haqida so‘zlab, bunday degandi:

 “Rosululloh sallallohu alayhi vassalom vafotlaridan keyin, bir g‘ishtning ustiga boshqasini qo‘ymadim, biron bir daraxt ekmadim”.

Maymun ibn Mehron aytadi:

 “Ibn Umarning uyiga kirdim. Uning uyidagi ko‘rpa – to‘shaklarni, sholcha va jihozlarni barchasini qancha turishini qiyoslab ko‘rib, yuz dirhamdan oshmasligiga ishonch hosil qildim”.

 Bu hol uning faqirligidan emas edi. Balki u boy inson bo‘lgandi.

 Bu hol uning baxilligidan emasdi. Balki u juda sahiy edi.

Faqatgina bu hol, uning dunyoga bee’tiborligidan, hoyyu havasni suymasligidan, o‘zini tanlagan yo‘lida mahkam turishidan edi. Ibn Umardan dunyo matolaridan o‘zini olib qochish sabablarini so‘ralganda, u:

 “Men va birodarlarim bir ulug‘ ish ustida jam bo‘lganmizki, men ular qilgan ishga xilof qilib, ularga yetisha olmaslikdan qo‘rqaman” — dedi.

So‘ngra boshqalarga bu dunyo ne’matlarini ojizlikdan tark qilmaganini bildirib, qo‘llarini samoga ko‘tarib, dedi:

 “Allohim, albatta, sen bilasanki, sendan qo‘rqmaganimizda Quraysh qovmi bilan dunyo topishda musobaqalashgan bo‘lar edik”.

 Ha, albatta, Robbisidan qo‘rqmaganida, dunyo topishda musobaqalashib, g‘olib ham chiqqan bo‘lar edi. Ammo unga dunyo yo‘lida musobaqalashishning hojati yo‘q, chunki dunyo uning oyoqlari ostiga oqib kelayotgandi. U esa, dunyoni muhtoj va miskinlarga xoslar edi.

Ibn Umar xalifalik mansabidan ham bosh tortdi. Unga bir necha bor xalifa bo‘lishni taklif etildi. Ammo u sira qabul qilmadi. Hatto uni o‘ldirishlik bilan qo‘rqitilganda ham, hecham rozi bo‘lmadi. Hasan r.a. aytadi:

 “Usmon ibn Affon o‘ldirilganidan keyin, Abdulloh ibn Umarga dedik:

 “Albatta, sen insonlarning sayyidisan va sayyidini o‘g‘lisan, kel biz senga bay’at beraylik”.

Ibn Umar:

 “Agar qodir bo‘lsam edi, mening sababimdan musulmonning bir tomchi ham qoni oqmas edi” — dedi.

Ular:

 “Yoki xalifalikni qabul etasan, yoki biz seni to‘shagigda qatl qilamiz” — deyishdi.

Abdulloh o‘z so‘zida qat’iy turib oldi. Har qancha tahdid qilishmasin, uni rozi qila olmadilar. Shundan keyin ko‘p zamonlar o‘tdi. Fitnalar ko‘paydi. Ibn Umar esa, doim ko‘pchilikning orzusiga aylangan, ya’ni hamma undan xalifa mansabini qabul qilishini istar edi. Doim bay’at berish uchun uning huzuriga kelishar, u esa doim xalifa bo‘lishdan bosh tortar edi. Ammo ibn Umarning bu rad etishida mantiqi va hujjati bor edi.

Usmon r.a. o‘ldirilganidan keyin vaziyat keskinlashdi. Ibn Umar garchi xalifalikning obro‘-e’tiboridan behojat bo‘lsa ham, uning ma’suliyatini va xatarini to‘laligicha qabul etishi mumkin edi. Lekin xalifalikning shartlaridan biri, barcha musulmonlar uni rozi bo‘lib qabul qilishlari kerak edi. Ba’zilar o‘z ixtiyorlari bilan rozi bo‘lib, ba’zilari esa, qilich bilan qo‘rqitilib xalifa tanlashlari mumkin emas edi. O‘sha paytda hamma rozi bo‘lib xalifa tayin qilishi mumkin bo‘lmagan ish edi. Ibn Umarning go‘zal fazilatlari ko‘pligiga va musulmonlar uni yaxshi ko‘rib, hurmatlashlariga qaramay, barcha ixtiyoriy ravishda Ibn Umarga bay’at berishi mumkin emasdi. Sababi, Islom yerlari kengaydi. Musulmonlar o‘rtasida ixtiloflar ko‘paydi, buning natijasida musulmonlar guruh-guruhga bo‘linib ketdilar. Har bir guruh boshqasini suymas, bir-birini qilich va urush bilan qo‘rqitar edi. Shuning uchun vaziyat Abdulloh ibn Umar istagan holatda, barcha o‘z xoxishi bilan xalifa tayin qilishga tayyor emasdi.

 Bir kishi ibn Umarga yo‘liqib, dedi:

 “Muhammad sallallohu alayhi vassalom ummati orasida sendan yomonroq odam yo‘q ekan”.

Abdulloh:

 “Nega, axir Allohga qasamki, men ularning qonini to‘kmadim, jamoatlarini ajratmadim, birliklarini buzmadim? «— dedi.

U kishi:

 “Agar sen xoxlaganingda sen haqingda ikki kishi ixtilof qilmas edi (ya’ni, agar sen xalifalikni qabul qilganingda, hamma ish durust bo‘lar edi)” — dedi.

Ibn Umar dedi:

 “Menga xalifalik kelib, bir kishi roziman, ikkinchi kishi esa, noroziman deyishini sira mahbub ko‘rmayman”.

 Oradan bir qancha yillar o‘tdi. Avvaliga xalifalikni Muoviya, so‘ngra esa, undan keyin o‘g‘li Yazid egalladi. Yaziddan keyin uning o‘g‘li Muoviya ibn Yazid xalifa bo‘lishdan bosh tortdi. Mana shu payt ibn Umar ulug‘ yoshga borgan inson bo‘lishiga qaramay, Marvon uning huzuriga kelib, dedi:

 “Kel qo‘lingni ber, senga bay’at qilamiz.Albatta, sen arablarning sayyidi va sayyidining o‘g‘lisan” .

Ibn Umar unga dedi:

 “Mashriq ahli rozi bo‘lmaydiku?”

Marvon dedi:

 “To bay’at bermagunlaricha ularni savalaymiz”.

Ibn Umar r.a. dedi:

 “Allohga qasamki, men yetmish yil xalifa bo‘lsam ham, mening sababimdan birgina musulmonning ham qoni to‘kilishini istamayman”.

Abdulloh ibn Umar tomonidan xalifalikni inkor etishlikning asosiy sababi, musulmonlarga qarshi kuch va qurol ishlatilish xatari bo‘lganidan edi. Abdulloh Muoviya va Ali tarafdorlari o‘rtasidagi qurolli fitnalardan o‘zini olib qochib, o‘sha kunlarda quyidagi so‘zlarni o‘ziga shior qilib oldi:

 “Kimki “namozga shoshilinglar” desa, javob beraman .

 “Kimki “najotga shoshilinglar” desa, javob beraman.

 “Kimki “musulmon birodaringizni qatl qilib, uni molini olishga shoshilinglar” desa, men “yo‘q” deb javob qilaman.

 U sira ham qo‘rqoq emasdi, balki u juda jasur inson bo‘lgan edi. Muoviya xalifalikni egallaganidan keyin, ko‘pincha u bilan yuzma-yuz to‘qnashib, uning nuqsonu kamchiliklarini ochiq-oydin bayon qilardi.

 Kunlarning birida zolim Hajjoj Zubayr ibn Avvomning o‘g‘liga tuhmat qilgan holda xitob qilib, dedi:

 “Albatta Zubayrning o‘g‘li Allohning kitobini o‘zgartirdi”.

Ibn Umar o‘rnidan sakrab turib:

 “Yolg‘on, yolg‘on, yolg‘on so‘zlading” — dedi.

O‘ziga bu kabi muomalani qilinishiga o‘rganmagan Hajjojning tarvuzi qo‘lidan tushib, ko‘pchilikning oldida nihoyatda qiyin ahvolga tushib qoldi. So‘ngra ibn Umarga:

 “Seni qattiq jazolayman” — deb tahdid soldi.

Ibn Umar esa Hajjojning yuziga qarab, qo‘lini siltab dedi:

 “Sen po‘pisa qilayatgan ishingni qilishing sira ajablanarli emas, chunki sen ahmoq sultonsan”.

Bu suhbatni eshitib turgan insonlar ibn Umarning jasoratiga qoyil qoldilar.

 Mana shu jur’ati va jasoratiga qaramay, to umrining oxirigacha qurolli fitnalar-ga aralashmadi. Abu Oliya Al Baro deydi:

 “Bir kuni ibn Umarning ortidan sekin yurib ketayotgan edim. U meni sezmasdan o‘ziga-o‘zi shunday deganini eshitib qoldim:

 “Qilichlarini yelkalariga qo‘yib, ba’zilari-ba’zilarini qatl qilib, menga:

 “Ey Abdulloh qo‘lingni ber, senga bay’at beraylik” — deyishyapti”.

 So‘zimizning avvalida u o‘zi haqida: “Biror bir mo‘minni uyqusidan uyg‘otmadim (ya’ni, unga ozor yetkazmadim) “deganini eslaylik. Albatta, u toqati yetganda musulmonlar o‘rtasidagi urush va janjallarni oldini olgan bo‘lar edi. Ammo hodisalar undan ko‘ra kuchliroq chiqdi. Bas, shuning uchun u o‘zini chetga oldi. Lekin shunga qaramay, uning qalbi Ali r.a. tomonida edi. Bir kuni shu voqealardan keyin dedi:

 “Men dunyoda yo‘qotgan narsalarim ichida eng ko‘p afsusda bo‘lganim, Ali r.a. bilan birga adashgan guruhga qarshi kurashmaganimdir”.

U imom Ali r.a. bilan birga kurashmaganligining sababi, garchi haq Ali tarafda bo‘lsa ham, o‘z jonini saqlash uchun emas edi. Balki musulmon mushrikka qarshi emas, musulmon musulmonga qarshi urishib, qonini to‘kayotganligi edi. Nofe’ bu xususda undan so‘raganda, u buning sababini juda aniq izohlab berdi. Nofe’ dedi:

 “Ey Abdulloh, sen Umarning o‘g‘li va Rosulullohning sahobasisan. Seni Aliga yordam berishdan nima to‘sdi?”

Ibn Umar dedi:

 “Meni Alloh Ta’lo menga musulmonning qonini xarom qilgani to‘sdi. Alloh Ta’lo dedi: “To fitna tugab, butun din Allohniki bo‘lguncha ular bilan urushinglar”.

Batahqiq biz bu ishni qildik. Din to‘laligicha Allohniki bo‘lguncha urushdik. Ammo hozirgi kunda nima sababdan urushamiz? Men juda ko‘p jang qildim. O‘sha vaqtda but-sanamlar Ka’bani u boshidan bu boshigacha egallagan edilar. Alloh arab yerlarini bu but-sanamlardan pokladi. Endi bugungi kunda “La ilaha illalloh” deyayotgan insonlarga qarshi jang qilamizmi?”

 Uni uzun hayoti davomida mol-davlat, mansab, obro‘-e’tibor, hoyu-havaslarning hech biri tanlagan yo‘lidan adashtira olmadi. Shu sababdan uning zamondoshlari u vafot etganidan so‘ng:

 “Ibn Umar vafot etdi. U fazilat bobida otasi Umar r.a. ga o‘xshar edi” — deb vasf qilishdi.

 Ibn Umarning yuksak fazilatlari ularga mahbub bo‘lganidan, uni Umar r.a.ga taqqoslashib deyishardi:

 “Umarning zamonida unga o‘xshash insonlar bor edi. Ammo ibn Umarning zamonasida esa, unga o‘xshashi yo‘qdir”

 Hijratning sakson uchinchi yili quyosh botish tomonga moyil bo‘ldi, abadiyatning kemalaridan biri o‘z yelkanlarini ko‘tarib, oxirat olamiga safar qila boshladi. Bu kema o‘zining bag‘rida vahiy kelishiga guvoh bo‘lgan insonning jasadini olib ketmoqda. Bu ulug‘ inson Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu edi.

Rijolun havlar-rasul | Hadis.islom.uz

uzor

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuning ismi Abdulloh, kunyasi Abu Abdurahmon, otasi Umar ibn Xattob, onasi Zaynab binti Maz’undir. Abdulloh ibn Umar hali balog‘at yoshiga yetmay, otasi bilan Makkada Islomga kirdilar. Badr va Uhud janglariga qatnashish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ruxsat so‘raganlarida, yoshlari kichkina bo‘lgani sababli ruxsat bermadilar. Lekin Xandaq jangiga chiqqanlar. Ana shu vaqtda Ibn Umarning yoshlari hali o‘n beshdan o‘tmagan edi. Otalari bilan birga Madinaga hijrat qildilar. Yoshlari yigirmaga yetganda Makkani fath etishda ishtirok etdilar.

Abdulloh ibn Umar yoshlik vaqtlaridan taqvodor, iffatli edilar, u kishini Quraysh yoshlari ichida, nafsiga molik kishilardan, deb tanishardi. Kishilar orasida saxiylik va rostgo‘ylik bilan ham mashhur edilar. Alloh yo‘lida haqdorlar uchun bir kunda yuzta tuyani in’om etganlari rivoyatlarda keladi. Doimo yetim va miskinlar bilan birga ovqatlanib yurar edilar. Agar biror ma’raka qiladigan bo‘lsalar, ana shu ma’rakaga faqat yetim va kambag‘allarni taklif qilar edilar. Albatta, bu saxiyliklari faxr yoki maqtov uchun emas, balki Alloh yo‘lida bo‘lar edi. Abdulloh ibn Umar zohidlardan edilar. Dunyoga moyil ham bo‘lmas va unga ortiqcha harakat ham qilmas edilar, balki undan badanlarini to‘sgudek kiyimni, egilgan bellari to‘g‘ri bo‘lgudek taomni umid qilar edilar, xolos.

Ibn Umar kechalari ko‘p namoz o‘qib, doim Qur’on tilovat qilib, Allohni ko‘p zikr qilardilar. Agar ogohlantiruvchi, qo‘rqituvchi oyat eshitsalar, ko‘zlariga yosh yomg‘ir kabi quyilib kelardi. Ibn Umar kechasining ko‘p qismida namoz o‘qib chiqar edilar. Tong saharlarda esa, istig‘for aytib, yig‘lab chiqar edilar.

Ulug‘ zotlardan Tovus rahmatullohi alayhi: «Ibn Umardan ko‘ra taqvoli, Ibn Abbosdan ko‘ra biluvchiroq kishini ko‘rmadim», deydi.

«Lan tanolul birra xatto tunfiquu mimma tuhibbun» («Yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan infoq qilmaguningizcha yaxshilikka erisha olmaysizlar») oyati karimasi nozil bo‘lganida Ibn Umar Rumaysa ismli cho‘risini Alloh yo‘lida ozod qildilar va: «Allohga qasamki, dunyoda eng yaxshi ko‘rgan kishim sensan, ozodsan, ketaver», deb aytdilar.

Ulug‘ zotlardan Nofe’ aytadilar: «Ibn Umarga agar dunyo ishlarida biror narsa qattiq bo‘lib qolsa, Rabbilariga yaqin bo‘lar edilar».

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu aytadilar:

«Abdulloh ibn Umardan boshqa molu dunyoga moyil bo‘lib ketmagan biror kishini ko‘rmadik».

Kishilar aytishar edi: «Abdulloh ibn Umarning zohidliklari otasidan meros edi. Shuning singari, din ta’limotlarini ham otasidek kasb qilgan edilar. Har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga va otasiga ergashar edilar. U zotning qalblari behojatlik bilan to‘lgan edi. Aqllari oliy darajada, ruhlari esa, pok edilar. Agar huzurida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zikr qilinsa, u zotga bo‘lgan muhabbatlaridan ko‘zlari yoshga to‘lar edi».

Ibn Umarda ulamolarga xos bo‘lgan bir xislat bor edi. Agar insonlar biror narsada johillik qilsalar, ularga adovatlarini zohir qilmas yoki javobni uzib qo‘ymas edilar. Agar bilmaydigan narsalari to‘g‘risida so‘ralsa, darhol bilmayman, deb aytar edilar.

Ibn Umar hammasi bo‘lib, 2630 ta hadis to‘plab, Abu Hurayra roziyallohu anhudan keyingi o‘rinni egalladilar. Ibn Umar hadislarni Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Abdulloh ibn Mas’ud kabi ulug‘ sahobalardan va Oisha hamda Hafsa onalarimizdan rivoyat qildilar. U zotdan Said ibn Musayyib, Hasan Basriy, Ibn Shihob Zuhriy, Ibn Siyrin, Nofe’, Mujohid, Tovus, Ikrima kabi tobeinlar rivoyat qilishdi.

Abdulloh ibn Umar hijratning 73-yili 84 yoshida Makka shahrida bu foniy dunyodan dorulbaqoga rihlat qildilar.

Muslim.uz

uzor

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo Alloh taoloning fazli bilan Islom ne’matiga erishdi. U zot butun vujudi bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rar, qalbi Payg‘ambarimiz alayhissalomning muhabbatiga limmo-lim to‘la edi. Bu muhabbat Ibn Umar roziyallohu anhuni barcha ishlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga o‘xshashga chorlardi. Shuning uchun, u doimo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kuzatib, so‘zlarini ixlosu muhabbat bilan tinglardi. Hatto masjidda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday ruku va sajda qilib namoz o‘qisalar, u ham xuddi shunday ibodat qilardi.

Ibn Umar roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ko‘p hadislar rivoyat qilgan. Uning hadis rivoyat qilishda asosiy mezoni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qanday eshitgan bo‘lsa shunday yetkazish edi. U zot alayhissalomning so‘zlariga biror so‘zni qo‘shmasdi. Shuningdek, biror kalimani kamaytirmas edi. Ibn Umar roziyallohu anhu vaqt o‘tishi bilan hadis rivoyat qilishda sahobiylarning omonatdorlaridan biriga aylandilar.

Zubayr rahimahulloh aytadi: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nima eshitsa, uni yodlab olardi. Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning biror suhbatlarida qatnasha olmasa, guvoh bo‘lganlardan so‘rar edi. Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam borgan masjidlarni ziyorat qilib, u yerda ikki rakat namoz o‘qirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haj mavsumida Arofat tog‘ida turgan joyga Abdulloh roziyallohu anhu ham, albatta, to‘xtardi”.

Nabiy alayhissalom safarga chiqqan paytda, hordiq chiqargan joylarda Ibn Umar roziyallohu anhu ham to‘xtab o‘tardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam soyalangan daraxtning ostida Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu to‘xtar va o‘sha daraxtga suv quyib parvarish qilib ketardi. Natijada daraxt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldidan o‘tgan paytdagidek uzoq vaqt yashnab turardi.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu duo qilishda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga taqlid qilardi. Agar u zot (alayhissalom) turib duo qilsalar, tik turar, o‘tirib iltijo qilsalar o‘tirib duo qilardi.

Abdulloh roziyallohu anhu doimo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan ergashar edi. Bundan Oysha roziyallohu anho qattiq ta’sirlanib bunday degan ekan: “Biror kishi Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu)dek Nabiy (alayhissalom)ning ortlaridan ergashgan emas”.

Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yod etib, so‘z boshlasa ko‘zlari yoshga to‘lardi. Ahli baytning uylarini oldidan o‘tsa, ko‘zlarini yumib olardi. Darhaqiqat u zot roziyallohu anhu butun umri davomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sevib yashadi. U zot alayhissalom hayotlik paytlarida sadoqat bilan xizmat qildi. Bir mo‘min bunday duo qilardi: “Yo Allohim! Men Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuga ergashishim uchun, uning umrini uzun qilgin. Zero, men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonida Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudek amallarni mukammal bajaradigan boshqa odamni bilmayman”.

Abdulg‘ofur Mamatqulov| Muslim.uz

uzor

Mashhur sahobiy Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu)ning o‘g‘li, faqih, muhaddis Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) nubuvvatdan bir yil oldin dunyoga keldi. Uning kunyasi Abu Abdurrohmandir. Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) kichikligidan doimo Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning yonlarida bo‘lishga intilardi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ning suhbatlarida davomiy qatnashganligi bois beqiyos fazilatga ega bo‘ldi.

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) har doim eshitgan hadislarini yozib yurardi. Manbalarda keltirilishicha, 2630 ta hadis to‘plagan. Ulardan 168 tasi Imom Buxoriy va Imom Muslimning asarlarida keltirilgan. U hadis rivoyat qilishda Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan ke­yin ikkinchi o‘rinda turadi.

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) suhbatdoshlariga: “Qadding dol bo‘lguncha namoz o‘qisang ham, qildek bo‘lib qolguncha ro‘za tutsang ham, haromdan qochmaguningcha u amallar uchun va’da etilgan mukofotlarga noil bo‘lolmaysan”, derdi.

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) har bir ishni xuddi Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) qilganlaridek bajarishga harakat qilardi. Shuning­dek, biror narsadan shubhalansa, darhol Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)dan so‘rab, aniqlashtirib olardi. Oysha (roziyallohu anho): “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning amallariga muvofiq amal qilishda Abdulloh ibn Umarga yetadigan kishi topilmaydi”, deganlar.

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan keyin 60 yil yashadi. Bu yillar davomida hadislarni ummat orasida yoyish, singdirish va fatvo berish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Madina va Makkada hadisdan dars berdi.

Imom Molik (rahmatullohi alayh) Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu)ning Baqara surasini 8 yil o‘rganganini aytadi. Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) yetuk mujtahid bo‘lishiga qaramay, iloji boricha fatvo berishdan tiyilar, bilmagan narsasi haqida: “Bilmayman”, deya javob berardi.

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) saxiy, chiroyli xulqli zohid edi. U yomonliklardan qochar, doim yaxshilik qilish, sadaqa berish, qul ozod etish kabi xayrli ishlar bilan mashg‘ul bo‘lardi. Yomonlik qilganga ham yaxshilik bilan javob qaytarardi. Ilmda mujtahid darajasiga yetgan tobeinlardan Nofe’ (rahmatullohi alayh) asli qul bo‘lib, uni Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) sotib olib ozod qilgan edi. Nofe’ (rahmatullohi alayh) aytadi: “Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) mingta qul ozod etgan”.

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) mehmonnavozlikda ham mashhur edi. Kechki taomni yolg‘iz yegani kamyob hol bo‘lgani rivoyat qilinadi. Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu)ning o‘zi bunday rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mening yelkamdan ushlab: “Ey Ibn Umar, dunyoda go‘yoki g‘arib yoki yo‘lovchi musofir kabi bo‘lgin”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Umri oxirida ko‘zlari ojiz bo‘lib qolgan Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) hijriy 73 (milodiy 692) yili sakson to‘rt yoshida Makkada haj mavsumida vafot etdi va o‘sha yerga dafn qilindi.

Nargiza Mirzaliyeva | Hidoyat.uz

Biografiya
Abdulloh ibn Umar