Abdulloh ibn Mas’ud to’liq malumot oling

Abdulloh ibn Mas’ud to’liq malumot oling

Kimki Qur’onni huddi nozil

bo’lganiday qilib o’qishni istasa 

Ummu Abd o’g’lidan o’rgansin.

Muhammad Rasululloh

O’sha kezlarda u balog’at yoshiga ham yetmagan yigitcha edi. Makka vodiylarida quraysh zodagonlaridan biri Uqba ibn Muaytga tegishli qo’ylarni boqib yurardi. Odamlar uni «Ummu Abd o’g’li» deb chaqirishardi. Asl ismi esa Abdulloh bo’lib, Mas’udning o’g’li edi.
Mundarija скрыть

Qavmdoshlaridan biri payg’ambarlikni da’vo qilayotgani to’g’risidagi xabar Abdullohning ham qulog’iga chalingan, biroq u, bir tarafdan, yosh bolaligi uchun, boshqa tarafdan, Makka muhitidan yiroqligi sabab bu gaplarga unchalik ahamiyat bermagandi. U tong yorishar-yorishmas qo’ylarni haydab ketib, obdon qorong’u tushib bo’lgachgina qaytib kelishga odatlangandi.

Bir kuni qo’y boqib yurgan Abdulloh uzoqdan uning tarafiga qarab kelayotgan ikkita odamni ko’rdi. Ular yaqinlashishdi. Har ikkisi qattiq charchagan, azbaroyi tashnalikdan lablari quruqshab qolgandi. Yo’lovchilar Abdullohning oldida to’xtab, salom berishdi va:

— Ey bola, biz nihoyatda chanqadik, qo’ylaringdan birini sog’ib bersang-chi, — deb iltimos qilishdi.

Cho’pon bola ko’nmadi.

— Yo’q, — dedi u, — men bunday qilolmayman. Bu qo’ylar meniki emas, birovning omonati…

Тaajjubki, sut talab qilganlar rad javobini eshitib, xuddi iltimoslari qondirilganday bolaga rozilik nazari bilan boqishdi. Bittalari:

— Menga hali qochmagan bironta qo’zini ko’rsatgin, — dedi.

Abdulloh shundoqqina yonida o’tlayotgan qo’zichoqqa ishora qildi. Haligi odam qo’zini tutib oldi-da, Allohning ismini zikr qilib, yelinini ohista silay boshladi. Yigitcha xayrat ichida o’zicha «Qachondan buyon qochmagan qo’zichoqlar sut beradigan bo’lib qoldi», deb o’yladi, ammo shu yerda mo’’jiza yuz berdi! Qo’zining yelini astalik bilan shishdi. Keyin undan quyuq sut oqa boshladi. Chetda turgan kishi yerdan chuqurchoqli toshni oldi. Unga sut to’ldirib, o’zi ham, sherigi ham ichdilar. Abdulloh ular uzatgan sutni qo’liga olar ekan, hanuz ko’zlariga ishonmasdi…

Uchchovlari obdon sutga qongach, mo’’jizakor kishi «Aslingga qayt», dedi. Yelin kichrayib, asl holiga qaytdi. Shunda Abdulloh bu odam oddiy inson emasligini tushundi. Yurak yutib:

— Boyagi aytgan so’zingizni menga ham o’rgatib qo’ying, — dedi.

U kishi:

— Albatga o’rgataman, — deb javob berdi.

Yuqoridagi hodisa Abdulloh ibn Mas’udning islom bilan birinchi uchrashuvi edi. Chunki ilohiy mo’’jiza sohibi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o’zginasi, hamrohlari esa sodiq sahoba Siddiq roziallohu anhu bo’lib, ular Quraysh tomonidan yetkazilayotgan to’xtovsiz ozorlardan qisqa muddat bo’lsa-da, tin olib, bemalolroq ibodat qilish uchun Makka daralariga xilvatroq joy qidirib chiqishgandi.

Хuddi Abdullohda ikki hamrohga nisbatan muhabbat uyg’onganiday, ular ham cho’pon bolani yoqtirib qolishdi. Undagi omonatni, qatiylikni ko’rib, olijanob yigitchaga yo’liqishganini bilishdi.

Ko’p o’tmay Abdulloh islomga kirdi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan bironta vazifaga tayinlashlarini iltimos qildi. Nabiy alayhissalom uni xos xizmatlariga qo’ydilar. Shu kundan e’tiboran sobiq cho’pon bola butun xalqlar va ummatlar sayyidining sodiq xodimiga aylandi. U Payg’ambar alayhissalomning yonlaridan aslo jilmadi. Shaharda ham, safarda ham, uyda ham, ko’chada ham doimiy hamrohlari bo’ldi. Uxlasalar qo’riqlar, g’usl qilsalar to’sib turar, tashqariga chiqmoqchi bo’lsalar poyafzallarini kiydirar, ichkariga kirishni istasalar oyoq kiyimlarini yechib qo’yar, yonlarida hassa va misvoklarini ko’tarib yurar, hujralariga kirib ketsalar eshiklarining tagida turardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga xohlagan paytida hech xijolat chekmasdan huzurlariga kirishga ruxsat bergandilar. Ayrim sirlaridan voqif ham qilardilar. Shuning uchun unga «Rasululloh sirlarining sohibi», deya murojaat etishardi.

Abdulloh ibn Mas’ud Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xonadonlarida o’sib-ulg’aydi. U kishidan ta’sirlandi, o’rnak oldi, har bir xislatlarida ergashdi. Abdulloh haqida ko’plar «Хulq-atvor jihatidan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga eng o’xshash inson», deyishadi.

Ibn Mas’ud Payg’ambar alayhissalominig madrasalarida ta’lim oldi. Sahobalar ichidagi eng kuchli qorilardan, oyatlar mazmunini to’liq biladigan tafsirchilardan, shariat ilmining donishmandlaridan bo’lib yetishdi. So’zimizga dalil qilib bir hikoyani keltiramiz.

Umar bnn Хattob haj mavsumida Arafot tog’ida turardi. Uning yoniga bir kishi kelib:

— Ey amirul mo’minin, men Ko’fadan, keldim. Bizning shahrimizda Qur’onni yoddan aytib, sahifalarga yozdiradigan bir kishi bor, — dedi. Хalifa nihoyatda qattiq g’azablandi. Хatodan xoli bo’lmagan xotirasiga ishonib, imlo qilish jarayonida ayrim Qur’oniy kalimalarni tushirib qoldirib yoinki begona so’zlarini qo’shib yuborib, Allohning kitobi xususida ixtilof va shubhalar tug’dirishi mumkin bo’lgan kishining ta’zirini berib qo’yish maqsadida:

— Kim ekan u sho’ring qurg’ur? — deb so’radi,

— Abdulloh ibn Mas’ud, — dedi haligi kishi.

Хazrati Umar javobni eshitishi bilan olovga suv sepilganday g’azabdan tushdi. So’ng:

— Ha, shunday demaysanmi? Хudo haqqi, Yer yuzida Qur’onni imlo qilib yozdirishga ibn Masuddan ko’ra loyiqroq odam borligini bilmayman. Men senga bir voqeani aytib beray, eshit,- dedi va qissasini boshladi:

— Bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Abu Bakr bilan musulmonlar hayoti xususida maslahatlashib o’tirgandilar. Men ham ularning suhbatida ishtirok etayotgandim. Vaqt allamahalga borganda biz hujradan chiqdik. Qarasak, masjidning bir burchagida kimdir namoz o’qiyapti. Тun qorong’usida kimligini darrov aniqlay olmadik. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uch-to’rt qadam yurib to’xtadilar. Haligi odamning qiroatiga birpas quloq tutib turgach, bizga qarab:

— Kimki Qur’onni xuddi nozil bo’lganiday qilib o’qishni istasa, Ummu Abd o’g’lining qiroati bo’yicha o’qisin, — dedilar.

Abdulloh namozini tugatib, qo’lini duoga ochdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

— So’ra, Alloh so’raganingni beradi. Duo qil, duoing qabul, — deb turdilar.

Men ertaga albatta Abdullohning oldiga borib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uning duosiga «Omin» deb turganlarini aytib, suyunchilashni ko’nglimga tugib qo’ydim. Тong otgach, kechagi gaplarni egasiga yetkazish uchun jo’nadim, biroq Abu Bakr epchillik qilib, bor voqeani ipidan ignasigacha aytib bulgandi.

Хudo haqqi, qachon men Abu Bakr bilan biron-bir yaxshilik yo’lida musobaqalashsam, albatta, u g’olib chiqardi.

Abdulloh ibn Mas’ud Qur’on ilmini mukammal bilardi va uni hech kimdan yashirmasdan, shundoq derdi:

— O’zidan boshqa iloh bo’lmagan Allohga qasamki, Qur’oni Karimdan qaysi oyatni olmang, men uni qayerda va qay sabab bilan nozil bo’lganini bilaman. Agar Yer yuzida Allohning kitobini mendan ko’ra yaxshiroq biluvchi odam bo’lib, uning oldiga yetishning imkoniyati bo’lsa, men, albata, o’sha kishiga shogird tushardim.

Ibn Mas’udning bu gapida sira mubolag’a yo’qligini quyidagi xabardan bilib olasiz.

Umar ibn Хattob safarlarining birida notanish karvonga duch keldi. Тunib yarmi, xammayoqni zulmat qoplagan. Jarchi Umarning buyrug’i bilan karvondagilardan «Qayerdan kelyapsiz?» deb so’radi. «Fajjul atiqdam» («Chuqur vodiy» — Madina), javob keldi u tarafdan.

— Qayoqqa ketayapsiz?

— «Baytul atiqqa» («Eski Uy» — Ka’ba).

«Shubhasiz ularning ichida olim odam bor», o’yladi hazrati Umar va jarchiga savolda davom etishni amr qildi.

— Qur’ondagi eng ulug’ oyat qaysi?

— Allohu la ilaha illa huval hayyul qoyyum. La ta’xuzuhu sinatun va la navm (Allohdan o’zga hech qanday tangri yo’q. Faqat uning o’zi bordir. U tirik va abadiy turguvchidir. Uni na mudroq va na uyqu oladi). («Baqara» surasi, 255-oyat).

— Qur’onning eng hikmatli oyati qaysi?

— Innalloha ya’muru bil’adli val ihsani va iytoi zil qurbo… (Albatta, Alloh adolatga, chiroyli amallar qilishga va qavm-qarindoshga yaxshilik qilishga buyurur). («An-Nahl» surasi, 90-oyat.)

— Qur’on ma’nolarini jamlab kelgan oyat qaysi?

— Faman ya’mal misqola zarratin hayran yarah va man ya’mal misqola zarratin sharran yarah (Bas, kim (hayoti — dunyodalik paytida) zarra misolichalik yaxshilik qilsa, (qiyomat kunida) o’shani ko’rur. Kim zarra misolichalik yomonlik qilsa, uni ham ko’rur). («Zalzala» surasi, 7-8-oyatlar).

— Kishini doimiy xavfda bo’lishga undaydigan oyat qaysi?

— Laysa biamaniyyikum va la amaniyyi ahlil kitab. Man ya’mal suay yujza bihi va la yajid lahu min dunillahi valiyyav va la nasiro (Sizlarning xomxayollaringiz ham, ahli kitobning xomxayollari ham haq emas — kimki yomon amal qilsa, jazosini olur va o’zi uchun Allohdan o’zga na bir do’st va na bir madadkor topmas). («Niso» surasi, 123-oyat).

— Qur’ondagi eng katta umid tug’diruvchi oyat qaysi?

— Qul yaibadiyallaziyna asrofu ala anfusihim la taqnatu mir rohmatillah. Innalloha yag’firuz zunuba jamiy’a. Innahu huval g’ofurur rohiym (Ey Muhamad), Mening o’z jonlariga jinoyat qilgan (turli gunoh-ma’siyatlar qilish bilan) bandalarimga ayting: «Allohning rahmat-marhamatidan noumid bo’lmangiz! Albatta Alloh (O’zi xohlagan bandalarining) barcha gunohlarini mag’firat qilur. Albatta, Uning O’zigina mag’firatli, mehribondir»). («Zumar» surasi, 53-oyat).

— So’nggi savolim: Abdulloh ibn Mas’ud sizning orangizdami?

— Alhamdulillah, shunday.

Abdulloh ibn Mas’ud faqat qori, olim, obid, zohid bo’libgina qolmay, vaziyat talab qilsa, kuchli, jasur, qatiyatli mujohid ham edi. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ergashib, Qur’onni mushriklar huzurida jahriy o’qigan eng avvalgi musulmondir.

Sahobai kiromlar Makkada oz sonli va zaiflik paytlarida to’planib, suhbatlashib qolishdi. Gap orasida “Хudo haqqi, qurayshliklar hanuzgacha Qur’onni jahriy o’qilganini eshitganlari yo’q. Kim ularga Allohning kalomini eshittirib qo’yadi?» deyishdi. Abdulloh sira ikkilanmay:

— Mana, men eshittiraman, — dedi.

— Yo’q, faqat sen emas, — dedilar ashoblar bir ovozdan. — Kofirlardan har narsani kutsa bo’ladi, shuning uchun ularning yomonligidan himoya qilishga qodir qarindosh-urug’lari bor odam chiqishini xohlaymiz.

— Bu yog’idan xotirjam bo’ling. Allohning o’zi meni ulardan himoya qiladi, — dedi Abdulloh ishonch bilan va birodarlarini tark etib, masjid sari jo’nadi.

Qurayshiylar Ka’ba atrofida jamlanib o’tirishardi. Abdulloh Maqomi Ibrohim oldiga kelib to’xtadi va baralla ovoz bilan Qur’on oyatlarini tilovat qila boshladi: «Bismillahir rohmanir rohiym. Ar rohmanu allamal Qur’ana, xolaqol insana, allamahul bayan» (Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). Mehribon (Alloh Muhammad payg’ambar va uning ummatlariga) Qur’onni ta’lim berdi. U zot insonni yaratib, unga (dilidagi maqsadini ayon eta olishi uchun) bayonni (nutqni) ta’lim berdi). («Rahmon» surasi, 1-4-oyatlar.)

Mushriklar oldiniga hayron bo’lishdi — nimalar deyapti bu Ummu Abd o’g’li? Birpasdan keyin tushunib qolishdi. «Ie, bu Muhammadning gaplarini gapiryaptiku», deb xuddi ilon chaqqanday sakrab turishdi. Qur’on o’qiyotgan Abdullohning yuz-ko’ziga qaramay urishga, ayamasdan tepkilashga tushishdi. Oxiri o’zlari charchab, do’pposlashni bas qilishdi. Ibn Mas’udni qonga belangan holda ko’rgan birodarlari taassuf bilan:

— Biz aynan shundoq bo’lishidan qo’rqqan edik, — deyishdi.

— Хudo haqqi, Allohning dushmanlari ko’z o’ngimda. Hech qachon bugungichalik xor-zor tuyulmagandi. Agar xohlasangiz ertaga yana o’sha yerga borib, Qur’on o’qib beraman, — dedi Abdulloh qat’iyan.

— Yo’q, bas, senga shu ham yetadi, — dedilar sahobalar.

Abdulloh ibn Mas’ud Usmon roziallohu aihuning xalifalik davrigacha yashadi. Og’ir kasal bo’lib yotgan Abdullohning ziyoratiga kelgan xalifa undan hol-ahvol so’radi:

— Nnmalardan shikoyat qilasiz?

— Gunohlarimdan, — dedi xasta.

— Ko’nglingiz nimani tusaydi?

— Robbimning rahmatini.

— Yig’ilib qolgan maoshlaringizni opkeltirib beraymi? Axir necha yildan beri sariq chaqa ham olmaysiz!

— Endi menga uning keragi yo’q!

— Hech bo’lmasa sizdan keyin qizlaringizga qolar?!

— Qizlarimni faqir bo’lib qolishlaridan qo’rqyapsizmi? Men ularga har oqshom «Voqea» surasini o’qishni buyurganman… Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytgandilarki «Kimki har oqshom «Voqea» surasini o’qishni odat qilsa, aslo mo’xtojlik ko’rmagay».

O’sha kecha Abdulloh ibi Masud qalbida Allohning yodi, tilida oyati karimalar tilovati bilan rafiqul alo dargohiga ravona bo’ldi.
Doktor Abdurahmon Ra’fat al-Boshoning  «Sodiq sahobalar qissasi» (Toshkent, “O’zbekiston”, 1997) kitobidan olindi.

Abdulloh ibn Mas’ud

ABDULLOH ibn MAS’UD, to‘liq ismi Abdulloh ibn Mas’ud ibn Rofiya ibn Habib al-Xuzaliy; kunyasi — Abu Abdurahmon (590-653) — sahoba, buyuk faqih va mujtahidlardan biri, Muhammad (sav) xizmatlarida turgan zotlardan. Shu sababli Qur’oni karimni hammadan yaxshi o‘rgangan, juda ko‘p hadis eshitgan va yod bilgan.

Rasululloh og‘izlaridan eshitib hifz etgan, tafsir ilmining eng mohiri. Abdulloh ibn Mas’ud Qur’oni karimni Makkada qurayshlar orasida eng avval yoygan, Maqomi Ibrohimda Rahmon surasini ochiq-oshkor o‘qigan.

Badr va Uhud va boshqa barcha janglarda qatnashgan. Rasululloh (sav) vafotlaridan so‘ng Kufa xazinasining boshlig‘i bo‘lgan. Usmon (ra) davrida Madinaga kelib shu yerda 63 yoshida vafot etgan.

Islom ensiklopediyasidan

uzor


“QUR’ONNI BIRINCHI TILOVAT QILGAN INSON”

Payg‘ambarimiz sallallahu alayhi vasallam Arqamning hovlisiga kirmaslaridan avval, Abdulloh ibn Mas’ud roziallohu anhu u zotga iymon keltirib ulgurgan edi. Buning natijasida, Rosululloh sallallahu alayhi vasallamga ergashib, iymon keltirganlarning oltinchisiga aylandi.

Demak u, Islomga eng erta kirganlardan ekan.

Abdulloh o‘zining Rosululloh sallallahu alayhi vasallam bilan ilk bor uchrashuvini quyidagicha hikoya qiladi:

“Men o‘spirin bir yigitcha bo‘lib, Uqba ibn Muaytning qo‘ylarini o‘tlatib yurgan vaqtimda yonimga Rosululloh sallallahu alayhi vasallam va Abu Bakr Siddiq roziallohu anhu kelib:

“Bizga berishing uchun senda biroz sut topiladimi?” — deb so‘rashdi. Men esa ularga:

“Men bir omonat qo‘yilgan kishiman, sizlarni sug‘oruvchimasman” -dedim. Shunda Nabiy sallallahu alayhi vasallam:

“Senda bir yoshga to‘lib, hali qochmagan qo‘y bormi?” — deb so‘radilar.

Men:

 “Ha” — dedim. So‘ngra o‘sha qo‘yni keltirdim. Payg‘ambar sallallahu alayhi vasallam o‘sha qo‘yni ushlab, yelinini silagan holda robbilariga duo qila boshladilar. Birdan qo‘yning yelini kattalashib ketdi. So‘ngra Abu Bakr o‘rtasi chuqurchali bir toshni keltirdi. Nabiy sallallahu alayhi vasallam sutni sog‘ib, o‘zlari ichdilar, so‘ngra Abu Bakr va men ham sutdan ichdik. Keyin esa u zot qo‘yning yeliniga qarata:

 “Kichray” — deyishlari bilan, darhol kichrayib o‘z holiga qaytdi. Shundan so‘ng men Nabiy sallallahu alayhi vasallamning yonlariga borib, u kishiga:

 “Shu so‘zlaringizni menga o‘rgating” — dedim.

Rosululloh sallallahu alayhi vasallam:

 “Albatta, sen ta’lim berilgan yigit ekansan” — dedilar.

* * *

Abdulloh ibn Mas’ud Allohning solih bandasi va sodiq elchisi Robbisiga duo qilib, hali sut nimaligini bilmaydigan qo‘yning yelinini silab, natijada o‘sha yelindan Allohning qudrati bilan ichuvchilar uchun pokiza, ishtahali, toza sut chiqqanligini ko‘rib hayratga tushib qoldi!

Albatta, Abdulloh o‘sha soatlarda, bu buyuk Payg‘ambarning eng oddiy bir mo‘jizasini ko‘rib turganligini va yaqin kelajakda bu Allohning sevimli elchisidan dunyoni larzaga solib, uni nuri-hidoyatga to‘ldirib yuboradigan buyuk mo‘jizalarni ko‘rishini hayoliga ham keltirmagan edi. Balki, Abdulloh o‘sha paytda faqir, zaif bir yigit bo‘lib, Uqba ibn Muaytning qo‘ylarini boqib yuruvchi hizmatkor o‘laroq, yaqin kunlarda Alloh uni hidoyat etib, mo‘minlar safiga qo‘shganidan keyin, ushbu buyuk mo‘jizalarning biriga aylangan holda, o‘z iymoni bilan quraysh mushriklarining kibr-havosi va zulm va sitamlari yengib, ular ustidan g‘olib bo‘lishini hayoliga ham keltirmagandir. Islomdan avval u Quraysh mushriklari o‘tirgan majlisning yonidan o‘tishga jur’at ham qila olmasdi. Bordiyu o‘tadigan bo‘lsa ham, boshini quyi qilgan holda, qadamlarini tez-tez tashlab, o‘tib ketardi. Ammo Islom dinini qabul qilganidan so‘ng esa, Ka’ba atrofida to‘planib o‘tirgan barcha Quraysh zodagonlarining tepalariga kelib, o‘zining yoqimli va ta’sirchan ovozi bilan, tovushini baland ko‘tarib, Allohning kalomini tilovat qila boshladi.

 بسم الله الرحمن الرحيم. الرحمن علم القرءان خلق الانسن علمه البيان الشمس و القمر بحسبان والنجم و الشجر يسجدان.

So‘ngra biroz jim turgach, yana qiroatini davom ettirdi. Quraysh boshliqlari ko‘zlariga va quloqlariga ishonmay, esankirab qolishdi. Nahotki, mana shu yigitcha ularning kibr-havolariga va quvvatlariga qarshi turayotgan bo‘lsa? Axir, bu o‘spirin yigit o‘zlarining xizmatkorlaridan biri bo‘lib, qo‘ylarini o‘tlatib yuruvchi faqir va qashshoq Abdulloh ibn Mas’udku…!

Keling, so‘zni bu voqeaning bevosita guvohi bo‘lgan kishiga qo‘yib beraylik, u bizga voqealarning rivojini hikoya qilib bersin. Bu inson Zubayr roziallohu anhudir. U shunday hikoya qiladi:

“Makkada birinchi bo‘lib Qur’oni Karimni jahriy ravishda tilovat qilgan kishi Abdulloh ibn Mas’ud roziallohu anhu bo‘lgan edi. Bir kun Rosululloh sallallahu alayhi vasallam ashoblari yig‘ilib:

“Allohga qasam, hali hecham Quraysh Qur’onni ochiq-oydin eshitib ko‘rgani yo‘q. Oramizda biror kishi bormi, ularga Qur’onni ochiq oydin tilovat qilib bersa?”-dedilar.

 Abdulloh ibn Mas’ud:

 “Men tilovat qilib beraman” — dedi.

Sahobiylar:

 “Biz senga biror ziyon yetib qolishidan qo‘rqamiz. Shuning uchun mushriklardan himoya qila oladigan qarindoshlari bor kishi chiqishini istaymiz” — deyishdi. Abdulloh:

 “Qo‘yaveringlar, meni Allohning o‘zi himoya qiladi” — dedi.

 Ertasi kuni choshgoh paytida ibn Mas’ud Quraysh zodagonlarining majlisiga borib, Maqomi Ibrohim qarshisida tik turgan holda, qiroat qila boshladi.

 Arrohman. Allamal Qur’an, so‘ngra esa ular tomonga yuzlanib, baland ovozda yana qiroatini davom ettirdi.

 Mushriklar hayron bo‘lib bir-birlariga:

 “Ibn Ummu Abd nima deyapti? Ie, axir u Muhammad keltirgan so‘zlarni tilovat qilayaptiku…” — deb shovqin-suron ko‘tara boshladilar. So‘ngra o‘rnilaridan turib, Abdullohni savalay ketdilar. U esa qiroatini Alloh istagan joyigacha davom ettiraverdi. So‘ngra yuzi va jasadi zarbalardan qattiq lat yegan holda birodarlarining huzuriga qaytib keldi. Ashoblar unga:

“Senga mana shu narsa yetishidan qo‘rqqan edik” — dedilar.

Abdulloh:

 “Men uchun Allohning dushmanlari hozirgiday e’tiborsiz bo‘lmagan, agar hohlasangiz ertaga ham borib ularga Qur’onni tilovat qilaman” — dedi.

Ashoblar:

 “Yo‘q shuni o‘zi kifoya qiladi. Batahqiq, sen mushriklarga ular yomon ko‘radigan narsani eshittirding” — dedilar.

 Ha albatta… Abdulloh ibn Mas’ud hali sut bermagan qo‘yning yelinini muddatidan ilgari sut berib, uni taajjubga solgan soatlarda, bir qadar muddat o‘tib, o‘zi va o‘zi kabi kambag‘al va faqir birodarlari Rosulullohning mo‘jizalaridan biriga aylanib, Allohning bayrog‘ini ko‘targan holda, ushbu mo‘jizalari bilan oy va quyosh nurini chekintirishlarini hayoliga ham keltirmagan edi. Aniqki, u o‘sha kunni shu qadar tez kelishini ham bilmas edi. Ammo o‘sha kunlar juda tezlik bilan yetib keldi. Kechagina mardikorchilik qilib yurgan faqir va qashshoq yigit, bugunga kelib Islomning mo‘jizalaridan biriga aylandi.

Abdullohni ko‘pchilik orasida ko‘z ilg‘ab topish mushkul ish edi. Nafaqat ko‘pchilik orasida, balki u, yakka qolganda ham ko‘zga yaqqol tashlanmas edi. U badavlat insonlarga beriladigan mol-davlat ulushidan ham, baquvvat insonlarga beriladigan jismoniy kuch-quvvat ulushidan ham, hamda obro‘-e’tiborli kishilarga beriladigan hurmat va obro‘ ulushidan ham benasib edi. U juda kambag‘al, jismi oriq va kichkina, hamda obro‘-nufuzga ham ega emasdi. Ammo Islom dini unga faqir va kambag‘allik o‘rniga, Kisro va Qaysarning xazinabonlari ega bo‘lmagan katta boylikni berdi.

Tana va jismining zaif va kichikligining o‘rniga, tarixning taqdirini o‘zgartirishga sabab bo‘ladigan, zolimlarni chekintiruvchi iroda hadya etdi. Hamda hech qanday hurmat va e’tiborsiz yashayotgan hayotining o‘rniga, abadiylik, ilm, sharafni in’om etib, natijada u tarihda o‘tgan buyuk peshvolarning eng ulug‘lariga aylandi.

Rosululloh u haqda bergan:

“Albatta sen ta’lim berilgan yigitsan” — degan bashoratlari haq bo‘lib chiqdi. Buyuk Robbisi unga ta’lim berdi, natijada u Islom ummatining eng faqih ulamosi, hamda barcha qorilarning rahbariga aylandi. U o‘zi haqida deydi:

“Men Rosululloh sallallahu alayhi vasallam tillaridan yetmishta surani yod oldim, bu xususda hech kim men bilan bahslasha olmaydi”.

 Go‘yoki, Abdulloh o‘z hayotini xatarga qo‘yib, musulmonlarga qarshi ta’qib va azob kuchaygan mahalda Qur’oni Karimni ochiq-oydin baland ovozda o‘qib, butun Makka ahliga eshittirgani uchun, Alloh Ta’lo unga buyuk mukofot tariqasida Qur’on tilovati bobida go‘zal iste’dod va uning ma’nolarini idrok etishda yuksak fahm ato etganday edi. Rosululloh sallallahu alayhi vasallam ashoblarini ibn Mas’udga iqtido qilishga amr etib:

“Ibn Ummu Abdning yo‘lini tuting” – degan edilar. Shu bilan birga Janobimiz ashoblariga uning qiroatiga taqlid qilib, Qur’on tilovatini aynan undan o‘rganishlarini vasiyat qilib dedilar:

“Kimki Qur’onni yangi nozil bo‘lgan holda eshitishni mahbub ko‘rsa, bas, ibn Ummu Abdning qiroatini tinglasin…”, “Kimki Qur’onni yangi nozil bo‘lgan holda o‘qishni ma’qul ko‘rsa, bas, ibn Ummu Abdning qiroatiga ko‘ra o‘qisin”

Rosululloh sallallahu alayhi vasallam ko‘pincha ibn Mas’udning tilidan Qur’on tinglashni suyar edilar. Bir kuni ibn Mas’udni huzurlariga chorlab, dedilar:

“Ey Abdulloh, menga Qur’onni o‘qib ber”.

Abdulloh:

 “Sizga o‘qib beraymi, axir o‘zingizga nozil qilinganku, ya Rosulalloh” — dedi. Rosululloh sallallahu alayhi vasallam:

 “Men Qur’onni o‘zimdan boshqa kishidan eshitishni suyaman” — dedilar. Bas, Abdulloh u zotga Niso surasini qiroat qila boshladi. Vaqtiki, u mana bu oyatga yetgach,

41. (Ey Muhammad), biz har bir ummatdan (o‘sha ummatning payg‘ambarini) guvoh keltirganimizda va Sizni ana ularga qarshi guvoh qilganimizda ularning holi nima kechur?! 42. U kunda kofir bo‘lgan va payg‘ambarga itoatsizlik qilgan kimsalar yer bilan yakson bo‘lib ketishni orzu qiladilar va lekin Allohdan biron gapni yashira olmaydilar.

  Rosululloh sallallahu alayhi vasallam ko‘z yoshlari tirqirab oqib, qo‘llari bilan ibn Mas’udga ishora qilib, dedilar:

 “Kifoya qiladi… kifoya qiladi, ey ibn Mas’ud”.

Abdulloh o‘ziga Alloh in’om etgan ne’mat xususida gapirib, shunday dedi:

“Allohga qasam, Qur’onda biror oyat yo‘qki, nima haqida nozil bo‘lganini bilmasam. Allohning kitobini mendan ko‘ra biluvchiroq kishi yo‘qdir. Bordiyu, tuya minib yetish mumkin bo‘lgan joyda biror kishini mendan Allohning kitobini biluvchiroq ekanini bilsam, albatta, uning huzuriga borgan bo‘lardim. Men sizlarning eng yashilaringizdan emasman”.

Abdulloh ibn Mas’udning ilm bobida yuksak ulush egasi ekanligiga Rosululloh sallallahu alayhi vasallamning ashoblari ham guvohlik bergan edilar. Mo‘minlar amiri Umar roziallohu anhu Abdulloh haqida:

“Batahqiq, u ilm bilan to‘lib-toshirilgandir” — degan edi. Abu Muso Al-Ash’araiy:

“Modomiki, orangizda Abdulloh ibn Mas’udday olim inson bor ekan, aslo bizga biror narsa hususida savol qilmanglar” – degan edi.

Abdullohning Qur’on va fiqh bobidagi peshqadamligini o‘zigina maqtovga loyiq bo‘lmay, balki huddi shu kabi uning taqvo va zuhd bobidagi peshqadamligi ham tahsinga loyiq edi. Huzayfa roziallohu anhu u haqida:

 “Men insonlar orasida o‘z maqsad va yo‘lini mahkam tutishda ibn Mas’uddan ko‘ra Rosululloh sallallahu alayhi vasallamga o‘xshash kishini ko‘rmaganman… Muhammad sallallahu alayhi vasallam ashoblaridan bo‘lgan Qur’on hofizlari, albatta, ibn Mas’ud ularning orasida Allohga eng yaqinroq zot ekanligini juda yaxshi bilishar edi” – dedi.

 Sahobiylarning bir nechalari Ali ibn Abi tolib roziallohu anhu huzurlariga to‘planib, unga dedilar:

“Ey mo‘minlar amiri, biz ahloq bobida go‘zalroq, ta’lim bobida muloyimroq, hamrohlik bobida yashiroq, zuhd-taqvo bobida mahkamroq Abdulloh ibn Mas’udga o‘xshash kishini ko‘rmaganmiz”.

Ali roziallohu anhu dedi:

 “Allohni o‘rtaga qo‘yib so‘rayman, chindan ham mana shu so‘zlar qalbingizdan chiqayotgan rost so‘zlarmi?”.

Ular:

 “Ha” — dedilar.

Ali roziallohu anhu dedilar:

 “Allohim, men seni guvoh qilaman….Allohim, men ham u haqida ular kabi yoki undan ham ziyoda so‘zlarni aytaman… Darhaqiqat, u Qur’onni o‘qib, u halol qilganini halol, harom qilganini esa, harom bildi. Dinda faqih va sunnatda olim kishidir” .

 Rosuli Akram sallallahu alayhi vasallam ashoblari Abdulloh ibn Mas’ud haqida so‘zlab, shunday der edilar:

“Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning uylaridan biz to‘silgan paytda, unga ruxsat berilar va biz yo‘q bo‘lganimizda, u o‘sha yerda hozir bo‘lar edi”.

Ular iroda qilayotgan narsa shu ediki, Abdulloh roziallohu anhuga Rosululloh sallallahu alayhi vasallam tarafidan bir imkoniyat berilgan ediki, o‘sha imkoniyatga undan o‘zga hech kim ega emasdi. Abdulloh Janobimizning uylariga hammadan ko‘proq kirib, u zot bilan hammadan ko‘ra ko‘proq birga o‘tirib, xizmatlarida bo‘lgan inson edi. Payg‘ambar sallallahu alayhi vasallam u bilan boshqa asxoblaridan ko‘ra ko‘proq sirlashganlari tufayli, uni ashoblar orasida “sir sohibi” deb aytilardi.

 Abu Muso Al-Ash’ariy rodiallohu anhu aytadi:

“Men Rosululloh sallallahu alayhi vasallamni yonlarida ahllaridan ibn Mas’uddan bo‘lak hech kimni ko‘rmadim”.

Rosululloh sallallahu alayhi vasallamning Abdullohga nisbatan bo‘lgan muhabbatlari buyuk bo‘lib, aynan undagi taqvoni, teran aqlni, oliyjanoblikni sevib qolgan edilarki, hatto u haqida shunday deb aytgan edilar:

“Agarda mo‘minlar sho‘rosisiz biror kishini amir qilmoqchi bo‘lganimda, albatta, ibn Ummu Abdni amir etib tayinlar edim”.

Yuqorida biz Rosulullohning ashoblariga:

“Ibn Ummu Abdning yo‘lini mahkam tutinglar” — degan vasiyatlari hususida aytib o‘tgan edik. Rosulullohning unga nisbatan muhabbatlari va ishonchlari shu qadar kuchli ekanligidan, Abdulloh u zotning eng yaqinlaridan biriga aylanib, hech kimga berilmagan ulush unga berildi. Bu ulush shundan iborat ediki, Janobimiz unga:

“Kunu-tun, hohlagan vaqtingda meni huzurimga kirish uchun senga ruxsat beraman” — dedilar.

Ashoblar ham Abdulloh haqida huddi shuni aytgan edilar:

“Payg‘ambar sallallahu alayhi vasallam uylaridan biz to‘silgan paytda unga ruhsat berilar va biz yo‘q bo‘lganimizda, u o‘sha yerda hozir bo‘lar edi”.

Albatta ibn Mas’ud ushbu mukofotga haqli edi. Ko‘pincha bunday do‘stlik g‘urur va fahrlanishni paydo qilishiga qaramay, ibn Mas’udning bu do‘stlik tufayli xushusi, taqvosi va odobi ko‘payaverdi. Ehtimol, Abdullohdagi bu xulq va odobni tasavvur qilish uchun uning Payg‘ambar sallallahu alayhi vasallam vafotlaridan so‘ng, u zot haqida so‘zlayotgan vaqtidagi holatiga e’tibor qilish kifoya qilar. Rosululloh sallallahu alayhi vasallam haqlarida juda oz gapirishlariga qaramay, qachonki lablarini qimirlatib:

“Rosulullohdan eshitganman…” — deyishi bilanoq, Payg‘ambarimizning so‘zlaridagi biror harf o‘rnini o‘zgartirib qo‘yishdan qattiq qo‘rqqan holda, qalbida iztirob va hayajon paydo bo‘lar edi.

 Amr ibn Maymun deydi:

“Bir sana hususida Abdulloh ibn Mas’uddan so‘radim. Bu hususda u Rosulullohdan birgina hadis aytib o‘tgan edi, xolos. O‘shanda u:

“Rosululloh shunday degan edilar” — deb aytishi bilan g‘am-tashvish unga g‘olib kelib, peshonasidan terlari oqa boshladi. So‘ngra so‘zini o‘nglab: “Yoki o‘shanga yaqin so‘zni aytgan edilar” — dedi.

Abdulloh ibn Qays deydi:

“Abdulloh ibn Mas’ud har juma oqshomda bizlarga ma’ruza qilib berardi. Bir kechada u, bir martadan ziyoda: “Rosululloh sallallahu alayhi vasallam degan edilar” — deb aytmas edi. O‘sha paytda unga nazar tashladim, u hassasiga suyanib turgan edi. Birdan hassasi titrab, qimirlab ketdi…”

Masruq Abdullohdan rivoyat qiladi:

“Ibn Mas’ud bir kuni hadis aytib turib dedi: “Rosululloh sallallahu alayhi vasallamdan eshitganman…” so‘ngra qo‘rquvdan o‘zi ham, kiyimlari ham titrab ketdi. Keyin esa, dedi: “Yoki o‘shanga o‘xshash so‘zni eshitganman…”

Undagi Rosululloh sallallahu alayhi vasallamni hurmatlash mana shunday ulug‘ maqomga yetganligi, bu avvalo, uning taqvosidan oldin, teran fikrlilik belgisi edi. Abdulloh ibn Mas’ud Rosululloh sallallahu alayhi vasallam bilan boshqa sahobiylaridan ko‘ra ko‘proq hamroh va hamsuhbat bo‘lgani tufayli, u zotni boshqalardan ko‘ra ko‘proq e’zozlab hurmatlar edi. Shuning uchun Abdullohning Janobimiz huzurlaridagi odobi, u zotning vafotlaridan keyin ham xotiralarini eslagan paytda boshqalardan o‘zgacha bo‘lgan edi.

Abdulloh Payg‘ambar sallallahu alayhi vasallamdan na safar va na muqim paytda ajraldi. U Janobimiz ishtirok etgan barcha marosim va g‘azotlarda qatnashdi. U Badr jangida buyuk jasorat ko‘rsatgan edi.

Mo‘minlar amiri Umar roziallohu anhu uni Ko‘fa shahrining baytul moliga boshliq qilishga yubora turib, Ko‘fa ahliga shunday dedi:

“Albatta men, Allohga qasamki, o‘zimga kerak bo‘lsada, uni sizlarning huzuringizga yubormoqdaman, bas uni mahkam tutib, undan ta’lim olinglar”.

Ko‘fa ahli uni shu qadar sevib qoldiki, na undan ilgari va na keyin hech bir inson bu kabi muhabbatga erisha olmagan edi. Butun Ko‘fa ahlini uni sevib qolishi huddi mo‘jizaga o‘xshash bir ish edi. Sababi, ular sarkash va besabr qavm bo‘lib, tinch va xotirjam o‘tirishga hecham toqatlari yo‘q edi.

Ularning muhabbati ayniqsa Usmon roziallohu anhu halifa bo‘lganlaridan so‘ng, Abdullohni Ko‘fa voliyligidan bo‘shatayotgan paytda yaqqol ko‘rindi. Ular Abdullohni o‘rab olib, unga dedilar:

 “Ketma, biz bilan qolgin, Usmon tarafidan keladigan yomonliklardan seni himoya qilamiz”.

Ammo ibn Mas’ud o‘zining olijanob inson va buyuk taqvo egasi ekanligini namoyon etadigan so‘zlar bilan ularga javoban dedi:

 “Mening unga itoat qilishim vojibdir, bo‘lmasa tez orada fitnalar boshlanib ketadi. Men shu fitnalar eshiklarini birinchi bo‘lib ochuvchilardan bo‘lishni istamayman”.

Yuqoridagi so‘zlar orqali biz Abdulloh ibn Mas’udning halifa Usmon roziallohu anhuga nisbatan bo‘lgan hurmatini tushunib olishimiz mumkin. Biroq, ular o‘rtalarida keyinchalik bir qizg‘in tortishuv bo‘lib, natijada Abdulloh o‘zining baytul moldan keladigan maoshidan mahrum bo‘lib qoldi. Shunga qaramay u, Usmon roziallohu anhu haqida birorta ham yomon so‘z aytmadi. Balki, Usmonning davridagi noroziliklar qo‘zg‘alonga aylanayotganini ko‘rgach, uni doim himoya qiluvchilar qatoridan o‘rin olgandi. Vaqtiki, fitnachilar Usmon roziallohu anhu sotqinlarcha o‘ldirishga urinayotganligini xabari Abdullohning qulog‘iga chalingach, u ushbu ta’sirchan so‘zlarni aytdi:

“Bordiyu uni o‘ldirishsa, undan keyin unga o‘xshashini xalifa etib tayinlasha olmaydi”.

Ibn Mas’udning ba’zi birodarlari:

“Biz hecham ibn Mas’ud Usmon roziallohu anhuni haqorat qilganini eshitmaganmiz” — deb aytishar edi.

Alloh Ta’lo unga taqvoni buyuk in’om qilganidek, huddi shunday hikmatni ham in’om qilgan edi. U har bir masalani tub mohiyatini bilib, uni to‘g‘ri va ajiyib ravishda ta’bir eta olish qobiliyatiga ega edi. Keling, misol uchun buyuk halifa Umar roziallohu anhuning hayotini u qanday qilib qisqa va aniq so‘zlar bilan ifoda etganiga quloq tutaylik:

“Uning Islomi fath, hijrati nusrat, amirligi rahmat bo‘lar edi”.

Abdulloh mehnat va uning ahamiyati haqida gapirib shunday dedi:

“Bekor o‘tirib, na dunyo ishi va na ohirat ishi bilan mashg‘ul bo‘lmayotgan kishini sira yoqtirmayman”. Yana uning hikmatli so‘zlaridan:

“Boylikning yaxshisi nafs boyligidir. Eng yahshi ozuqa taqvodir. Eng yomon ko‘rlik qalb ko‘rligidir. Xatolarning buyugi yolg‘ondir. Kasblarning yomonrog‘i sudho‘rlikdir. Yeyiladigan yemishning eng yomonrog‘i, yetimning molidir. Kimki avf qilsa, Alloh uni afv qiladi. Kimki kechirib yuborsa, Alloh uni kechirib yuboradi.

Bu Rosululloh sallallahu alayhi vasallam sohiblari Abdulloh ibn Mas’ud roziallohu anhudir. Bu hayotini Alloh va Rosuli va hamda Islom yo‘liga bag‘ishlab, uni qahramonlarga o‘tkazgan buyuk insonning hayotidan bir parcha edi xolos.

Bu insonning jismi juda ham kichik, o‘zi esa ozg‘in, bo‘yi past edi. Uning ikki boldiri juda ingichka bo‘lib, bir kuni Rosululloh sallallahu alayhi vasallamga biroz meva terish uchun daraxtga chiqqanida ashoblar uning boldirlarini ko‘rib, kulib yubordilar. Ammo Rosululloh sallallahu alayhi vasallam ularga:

“Ibn Mas’udning boldirlaridan kulayapsizlarmi, shubhasiz, ular Allohning huzuridagi mezonda Uhud tog‘idan ham vazminroqdir” — dedilar.

Ha… bu faqir va nimjon kishini iymoni va ishonchi, uni nur va hidoyatga boshlovchi imomlarga peshvo qilib qo‘ydi.

Abdulloh ibn Mas’ud Rosululloh sallallahu alayhi vasallam va u zotning xalifalari bilan ham buyuk janglarga kirib, g‘alabalarga erishdi. Abdulloh Islomning bayrog‘i uchun o‘z eshiklarini qo‘rqib, bo‘ysungan holda ochishga majbur bo‘lgan o‘sha zamonning ikki buyuk imperiyasini ham ko‘rdi. U katta lavozim va oyoqlari ostiga oqib kelayotgan ko‘pdan-ko‘p mol davlatni ko‘rdi. Biroq, bu narsalar uni Alloh va Rosuliga bergan ahdidan to‘sa olmadi. Hamda uni hayot yo‘lidan, tavozu va kamtarlik, shuningdek, toat-ibodatdan uzoqlashtira olmadi. Uning hayotda birgina orzusi bor bo‘lib, doim uni takrorlab yurardi. Keling, so‘zni uning o‘ziga beraylik:

“Tabuk g‘azotiga Rosululloh sallallahu alayhi vasallam bilan birga chiqqan edim. Kechasi tunning yarmida uyg‘onib ketdim, biz joylashgan maydonning bir chetida olovdan bo‘lgan shula yonib turganiga ko‘zim tushdi. O‘sha tomonga qarab yurdim. U yerda Rosululloh sallallahu alayhi vasallam, Abu Bakr va Umar roziallohu anhumolar vafot etgan sahobiylardan biri, Abdulloh zul Bijoday Al Muzaniyni dafn etishga hozirlik ko‘rishayotgan ekan. Ular qabr qazishgan bo‘lib, qabrning ichida Rosululloh sallallahu alayhi vasallam, tepasida esa, Abu Bakr va Umar roziallohu anhumolar turishgan edi. Rosululloh sallallahu alayhi vasallam qabr ichidan turib, ularga:

“Qani, birodaringizni menga uzatinglar” — dedilar. Ular mayyitni Janobimizga uzatdilar. Vaqtiki, mayyitni lahadga qo‘ygach, Rosululloh sallallahu alayhi vasallam:

“Parvardigorim, men undan roziman, sen ham rozi bo‘lgin” — deb, duo qildilar. Bu holatni ko‘rib o‘zimga-o‘zim;

“Koshkiydi, mana shu qabrning egasi men bo‘lganimda edi” — degan edim…

Mana shu uning dunyodagi yagona orzusi edi. Bu orzu ko‘rib turganingizdek, inson lar intiladigan buyuklik, boylik, mansab va obro‘-e’tibor bilan bog‘liq emas ekan. Bu qalbi keng, oliyjanob va iymoni pishiq insonning orzusi bo‘lib, u zotni Alloh Ta’lo uni hidoyat qilib, Muhammad sallallahu alayhi vasallam tarbiya etib, Qur’oni Karim uning hayotini boshqargan edi.

Rijolun havlar-rasul| Hadis.islom.uz

uzor

Ismi Abdulloh, kunyasi Abu Abdurrahmon. Otasi Mas’ud Bani Zuhra qabilasidan, onasining ismi Ummu Abd.

U Rasululloh (s.a.v.) bilan tanishuvini quyidagicha xotirlaydi: «Men Uqba ibn Abu Muaytning qo‘ylarini boqardim. Kunlarning birida Rasululloh (s.a.v.) Abu Bakr (r.a.) bilan o‘tib qoldilar. Rasululloh (s.a.v.) mendan sut so‘radilar. U zotga cho‘ponligim va qo‘ylar menga omonat ekanligini aytdim. Buni eshitib Payg‘ambar (s.a.v.): «Sut bermaydigan qo‘ying bormi? Menga ko‘rsat», dedilar. Rasululloh (s.a.v.) men ko‘rsatgan qo‘yni sog‘a boshladilar. So‘ngra sutni Abu Bakrga uzatdilar. Oldin Abu Bakr ichdi, keyin idishni Rasululloh (s.a.v.) oldilar va o‘zlari ham ichdilar. Keyin qo‘yni qo‘yib yubordilar» (Ibn Sa’d, «Tabaqot»).

Abdulloh Islomni qabul qilganlarning oltinchisi. Imon keltirganda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hali Arqamning uyiga ko‘chmagandilar. Musulmon bo‘lganidan keyin Qur’onni yodlashga kirishdi. Bu borada hech bir sahoba Abdullohning oldiga tusholmasdi. Oxir-oqibat Qur’onni to‘liq yod oldi.

Abdulloh ibn Mas’ud Ka’bada baland ovoz bilan tilovat qilgan birinchi sahobiydir. Shuning uchun ham u Quraysh kofirlarining ta’qibiga uchrab, Habashistonga hijrat qilishga majbur bo‘ldi. Keyinchalik Madinaga hijrat qilib, Muoz ibn Jabalning uyiga tushdi.

Hazrat Umar o‘z davrlarida, hijriy yigirmanchi yilda Abdullohni Kufa qozisi etib tayinladilar. Bundan tashqari, Ibn Mas’ud Baytulmolni tasarruf qilish va halqqa ta’lim berish majburiyatini ham oldi. Bu haqida Umar ibn Xattob (r.a.) Kufa ahliga maktub jo‘natdilar: «Sizlarga Ammor ibn Yosirni amir, Ibn Mas’udni ustoz qilib jo‘natyapman. Baytulmol muhofazasini Ibn Mas’udga topshirdim. Ikkovi ham Badr ahlidandir. Ularga quloq soling va bo‘ysuning. Ibn Mas’udni yonimda olib qolmoqchiydim, lekin sizlarni o‘zimdan afzal bildim».

Ibn Mas’ud Islomga kirgani hamon ilm olishga g‘ayrat qildi. Rasululloh (s.a.v.) undagi g‘ayrat va shavqni ko‘rib: «Sen muallim bo‘ladigan yigitsan», deb marhamat qildilar. Ibn Mas’ud Qur’onni shaxsan Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan o‘rgandi. U Qur’onni eng yaxshi bilgan va mukammal yod olgan kamsonli cahobiylardan hisoblanardi. Shuning uchun Rasululloh (s.a.v.): «Qur’onni to‘rt kishidan o‘rganing: Ibn Mas’ud, Muoz ibn Jabal, Ubay ibn Ka’b va Abu Huzayfaning quli Solimdan», deb aytganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Ibn Mas’ud «muksirun» – eng ko‘p hadis rivoyat qilgan sahobalardan biri. Bu borada juda ehtiyotkor edi. Undan rivoyat qilinib, sahih kitoblardan o‘rin olgan hadislarning adadi 848 ta. Shulardan 64 tasini Imom Buxoriy va Imom Muslim birgalikda (muttafaqun alayh), Imom Buxoriy 21 ta, Imom Muslim 38 ta hadis rivoyat qilishgan.

Ibn Mas’ud fiqh ilmining ham bilimdonlaridan edi. Xususan, hanafiy mazhabi asosi uning rivoyat va ijtihodlariga tayanadi. Yuqorida eslab o‘tganimizdek, Ibn Mas’ud Kufa qozisi bo‘lgan. Uning peshqadam shogirdlaridan biri Alqama ibn Qays edi. Undan keyin Ibrohim Naxa’iy Kufada mashhur bo‘ldi. U butunlay Ibn Mas’udning ijtihodlariga suyanardi. Ibn Mas’udning ilm xazinasi Ibrohim Naxa’iydan Hammod ibn Sulaymonga o‘tgan. Hammod esa Abu Hanifa No‘’mon ibn Sobitning ustozidir.

Ibn Mas’ud yirik mufassir sifatida ham Islom tarixida mashhur.

Abdulloh ibn Mas’ud yoshi oltmishga yetganida kasallandi. Bir kuni tushida Rasulloh (s.a.v.)ni ko‘rdi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uni yonlariga chaqirayotgan edilar. U hijriy o‘ttiz ikkinchi yilda vafot etdi. Zubayr va o‘g‘li Abdulloh uni yuvib kafanladilar. Sahih rivoyatlarga ko‘ra, janozasini Usmon ibn Affon (r.a.) o‘qidilar. Usmon ibn Maz’un qabrga qo‘ydi.

Shoakmal Shoakbar o‘g‘li tayyorladi

«Irfon taqvimi»dan

Biografiya
Abdulloh ibn Mas’ud