ABDULLAYEV Abdulhaq Oqsoqolovich haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ABDULLAYEV Abdulhaq Oqsoqolovich haqida malumot bilib oling.

ABDULLAYEV Abdulhaq Oqsoqolovich (1918.30.12, Turkiston sh.) — rangtasvir ustasi. Oʻzbekiston xalq rassomi (1968), Oʻzbekiston BA faxriy aʼzosi (1997). Samarqand badiiy bilim yurtida (1931 — 36) va Moskva badiiy in-tida (1938 — 41) taʼlim olgan. Ijodini manzara va portretlar chizish bilan boshlagan («Hovuz boʻyida», 1932; «Yoz», 1937; «Doʻstim portreti», 1937). Kishilarning holat va kayfiyati, maʼnaviy, yorkin qiyofalari mohirona ifodalangan portretlari bilan mashhur: «Abror Hidoyatov Otello rolida» (1946), «Mannon Uygʻur» (1946), «Oybek» (1949), «Nazarali Niyozov» (1949), «Jiyan Shaxlo» (1959), «Komil Yashin» (1960), «Navoiy» (1973), «Yo. Toʻraqulov» (1975), «O. Sodiqov» (1978) va b. ; shuningdek ruhiy dunyosi va kechinmalari ifodali tasvirlangan («Muallif portreti», 1937; «Muallifning qirgʻiz qalpok kiygan portreti», 1980; «Muallifning 15-a. kiyimidagi portreti, 1984 va b.) bir qator avtoportretlar ham yaratdi. Manzaralar («Yomgʻirdan soʻng», 1954; «Bahor keldi», 1955; «Xumsonda», 1961 va b.), natyurmortlar («Olma», 1962; «Uzum va shaftoli», «Qovun bilan xandalak», 80-y. lar va b.) muallifi. 1957-y. Hindiston safari taassurotlari asosida bu oʻlka manzaralari («Tongda Tojmahal»), kishilari (I. Gandi, S. Ketchlu)ni etyud va kartinalarida aks ettirgan. 80-y. larda Oʻzbekistonning mashhur kishilarining portretlarini ishladi. Asarlari xalqaro koʻrgazmalarda namoyish kilingan.

Navoiy portretini yaratish ustida izlanishlar mahsuli sifatida yuzaga kelgan asarlari Toshkentdagi Adabiyot muzeyida (1968), Andijon adabiyot va sanʼat muzeyida (1969), Oʻzbekiston sanʼat muzeyida (1980—84) va b. joylarda saqlanadi. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1977). «Elyurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan (1998).

Ad.: Abdullayev: Albom reproduksiy, T., 1983.

Ensiklopediya.uz
ABDULLAYEV Abdulhaq Oqsoqolovich