Abdulla Qodiriy. Yozuvchi bo‘laman degan kishi…

Abdulla Qodiriy. Yozuvchi bo‘laman degan kishi…
abdulla qodiriy yozuvchi bolaman degan kishi 65cb22bd02805

%D0%B0%D0%B1%D0%B4%D1%83%D0%BB%D0%BB%D0%B0 %D0%BA%D0%B0%D0%B4%D0%B8%D1%80%D0%B8%D0%B9

Abdulla Qodiriy. Yozuvchi bo‘laman degan kishi…

Mundarija скрыть
Abdulla Qodiriy. Yozuvchi bo‘laman degan kishi…
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Yozuvchining o‘zidan qo‘shishi (ruscha aytganda, vыmыsel) adabiy asarda katta rol o‘ynaydi. Lekin men turmushda ko‘rmagan, bilmagan narsam haqida hech narsa yozmayman. Har bir asarimning yozilishiga turmushda uchragan biror voqea sabab bo‘ladi… Men materiallarni o‘rganish mahalida asarni qaysi xilda yozish haqida bosh qotirib yuraman. Shuning natijasida men o‘zimcha asarimning juda ham taxminiy sxemasini tuzib olib, keyin ishga tushaman. Shunday sxema bo‘lmasa, hech qachon yozuvga o‘tira olmayman.
* * *
Haqiqiy yozuvchi bo‘lmoq uchun turmushni har taraflama o‘rganish, buning uchun uning har sahifalaridan xabardor bo‘lish kerak. Qisman mening boshimdan kechirganlarim mening yozuvchi bo‘lishimda kattagina rol o‘ynaganlar. Haqiqiy yozuvchi bo‘lishni istagan yoshlarimiz ham dastlab shu turmush ichiga kirishlari, uni bilishlari kerak.
* * *
Adabiyot dunyosida ikki turli tanqid bor: jiddiy tanqid va hajviy tanqid… Tanqidning ikkinchi xili bo‘lgan hajviy (satira ma’nosi bilan) ommaviy deyilsa bo‘ladi… Hajviy tanqid avomning ruhiga yaqin va uning his etgan, ammo ifoda qila olmagan masalalariga tarjimondir. Xulosa: hajviy tanqidning tabiatidagi kulgulik unsuri avomning mahbubi, tag‘in to‘g‘risi, uning o‘z ijodidir.
Bir millatning har bir sohada tutgan mavqei madaniyatdagi darajasiga, ya’ni saviyasiga qarab hukm qilinsa ham, ammo hajviyotdagi darajasi bunga qaramaydi. Millatning kulgilik dahosi aksar o‘sha qavmning intiboh tarixining qaldirg‘ochi bo‘lib ko‘rinadi. Masalan, Italiyada, Ispaniyada va Rossiyada (Gogollar) kabi…
* * *
“O‘tkan kunlar”ni yozar ekanman, doimo ko‘z o‘ngimda o‘quvchi ommamiz turar edi. Men bu kitobim bilan xalqimiz rag‘batini bir oz bo‘lsa ham yangilikka tortay, der edim… Modomiki, asar saviyasi o‘zimizga ma’lum shu xalq uchun yozilar ekan, yana bir muncha vaqt “so‘nggi priyom”lardan ko‘z yumib turish, oraliqda so‘nggi priyomni oz-oz qistira borish lozimdir. Na uchunkim, so‘nggi priyomda yozilgan she’r va nasrlarimiz bir tabaqagagina xos bo‘lib qola bergani da’vomizga dalildir.
* * *
Men bir asar yozishdan avval shu yozmoqchi bo‘lgan narsam haqidagi materiallarni puxta o‘rganib chiqaman… Materialni o‘rganish mahalida eng mayda narsalarga (detallarga) ham ahamiyat beraman. Masalan, men haligi o‘rganmoqchi bo‘lgan yerda qancha daraxt borligi, ularning qanchasi eski va qanchasi yangiligi, men borgan mahalda o‘sha daraxtlarda qanday qushlar qaysi xilda qo‘nib turganligi va shunga o‘xshash mayda narsalargacha. Birinchi qaraganda, bu narsalar hech ahamiyatga molik bo‘lmaydigandek ko‘rinsa ham keyinroq foydasi tegib qolishi mumkin… Yozuvchi bo‘laman degan har bir kishi o‘zida mana shunday turmushning mayda-chuydalarigacha kuzata oladirgan qobiliyatni o‘stirishi kerak.
* * *
“O‘tkan kunlar” yangi zamon romanchiligi bilan tanishish yo‘lida kichkina bir tajriba, yana to‘g‘risi, bir havasdir. Ma’lumki, har bir ishning ham yangi — ibtidoiy davrida talay kamchiliklar bilan maydonga chiqishi, ahllarning yetishmaklari ila sekin-asta tuzalib, takomilga yuz tutishi tabiiy bir holdir. Mana shuning daldasida havasimga jur’at etdim, havaskorlik orqasida kechaturgan qusur va xatolardan cho‘chimadim.
* * *
Didaktika usulini ko‘proq qo‘llashning sababi “O‘tkan kunlar”ning ommamiz saviya­siga qarab yozilishidandir. Ma’lumki, bizning omma to shu kungacha ham o‘rta asr doston va hikoyalari bilan oziqlanib keladir. Ommaning shu holini nazarga olganda, barmoq bilan sanarlik besh-o‘ntagina (ular ham o‘z hunarlarida no‘noqlardirlar) yoshlarimiz uchun “so‘nggi priyom”ni berish tishi chiqmagan bolaga qurt shimitish kabi bo‘lar edi. Holbuki, bu eski priyom jo‘rttaga, xalqimizning saviyasini e’tiborga olib qabul qilingandir.
* * *
So‘z so‘zlashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak. Yozuvchining o‘zigina tushunib, boshqalarning tushunmasligi katta ayb. Asli yozuvchilik ayt­moqchi bo‘lgan fikrni hammaga barobar anglata bilishda, oraga anglashilmovchilik solmaslikdadir. Bundan bosh­qa fikrning ifodasi xizmatiga yaramagan so‘z va jumlalarga yozuvda aslo o‘rin berilmasligi lozim. Shundagina iboraning tuzatib bosilishiga yo‘l qo‘ymagan va mustaqil uslub va ifodaga ega bo‘lib, o‘zingizning qalamdagi istiqbolingizni ta’min qilgan bo‘lasiz. Kishiga ishonish va behuda kuchanish ma’qul gap emas, birovga orqa qilib, o‘zingizda bo‘lgan talantning ruhiga fotiha o‘qiy ko‘rmangiz! Bir soatda emas, o‘n soatda yozish, bir qayta emas, o‘n qayta tuzatish kishining yordamiga termulishga qaraganda ham foydalik, ham umidlidir.
* * *
Bundan biror yillar muqaddam o‘rtoq Sotti Husayn “O‘tkan kunlar”ni tanqid qilish niyatida bo‘lganligini menga izhor qilib, yordam so‘raganida unga xursandligimni bildirgan, “Agar siz shu niyatingizda sobit qolsangiz, tanqidchilikdagi bir nuqsonimizni yo‘qotasiz!” degan, kerakli ma’lumotlar berib, hatto meni roman yozishga havaslantirgan Misr fuzalosidan ustoz Jo‘rji Zaydon bilan tanishtirib, Jo‘rji Zaydonning roman va g‘ayri (boshqa) asarlarini S.Husaynga tavsiya qilib va orzusi bo‘yicha tarjimai holimni ham yozib bergan edim. Darhaqiqat, siz va bizning vazifamiz bunday yosh, g‘ayur yigitlarga ham doim dalda berishlikdir.
ziyouz.uz

Abdulla Qodiriy. Yozuvchi bo‘laman degan kishi…