Abdulla Oripov sara she’rlari. A. Oripov sherlar to’plami

Abdulla Oripov sara she’rlari. A. Oripov sherlar to’plami

Агар бола бўлсанг, бағримга босиб,
Елкамда кўтариб юрарман, халқим.
Агар ота бўлсанг, сенга муносиб,
Таянч, асо бўлиб турарман, халқим.

Abdulla Oripov eng sara sherlari

Abdulla Oripovning eng sara sherlari to‘plami sizga ilindik marhamat.

Birinchi muhabbatim

Kecha oqshom falakda oy bo’zarib botganda,
Zuhra yulduz miltirab, xira xanda otganda,
Ruhimda bir ma’yuslik, sokinlik uyg’otganda,
Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim,
Eslab xayolga toldim, birinchi muhabbatim.

O’tdi yoshlik zavq bilan, gohi to’polon bilan,
Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan,
Ayro ham tushdim ba’zan qalb bilan imon bilan,
Lekin seni yo’qotdim, birinchi muhabbatim,
Mangu g’aflatga botdim, birinchi muhabbatim.

Dunyo degan shundayin anglab bo’lmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan,
Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan,
Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim,
Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim.

Holbuki, orzulardan judo ham bo’lganim yo’q,
Yulduzday kulganim yo’q, oy kabi to’lganim yo’q.
Erta xazon gul kabi sarg’ayib, so’lganim yo’q,
Seni eslab yig’layman, birinchi muhabbatim,
Eslab bag’rim tig’layman, birinchi muhabbatim.

Yo’lin yo’qotsa odam – muhabbatga suyangay,
G’ussaga botsa odam – muhabbatga suyangay,
Chorasiz qotsa odam – muhabbatga suyangay,
Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim,
Faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim.

Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim,
Sirli tushlar ko’rib men bor dunyoni unutdim,
Tongda turib nomingga ushbu she’rimni bitdim,
Dildagi ohim mening, birinchi muhabbatim,
Yolg’iz Ollohim mening, birinchi muhabbatim.

Sen qaydan bilasan…

Sen qaydan bilasan, balki yulduzlar,
Menga sirlarini so’ylayotgandir.

Sen qaydan bilasan, balki bu ko’zlar,
Unsiz bir qo’shiqni kuylayotgandir.

Sen qaydan bilasan, balki keng olam,
Shu mo’jaz qalbimga bo’ylayotgandir.

Sen qaydan bilasan, balki meni ham,
Kimdir qaydadir jim o’ylayotgandir…

Ayrilma

Bahra ol hayotning ne’matlaridan,
Yashab yur, olamni his qilib, ko’rib.
Va lekin, payt kelib, buning baridan
Ayrilib qolmagin tiriklay turib.

Tanish-bilishlar-ku bordir tumonat,
Kim ham sadoqatga bergay kafolat.
Hatto qasam ichgan do’st ham omonat,
Ayrilib qolmagin tiriklay turib.

Qaydadir omading yulduzi imlar,
Parda bo’ladilar, lekin har kimlar.
Bir kun yodga tushar o’sha g’animlar,
Ayrilib qolmagin tiriklay turib.

Har olgan nafasing o’zi ibodat,
Qalbingda yashaydi pinhon muhabbat.
U – ilhom, u– hikmat, u – kuch, u – qudrat,
Ayrilib qolmagin tiriklay turib.

Dunyoda topganing Vatandir tanho,
Senga xalqing o’zi suyanch avvalo.
Xoking shu tuproqqa bo’lg’usidir jo,
Ayrilib qolmagin tiriklay turib.

Ko’zgu

Birovlarni kamsitib, yerga urishdan oldin
Kattakon ko’zgu qo’yib, o’zingga qarab olgin.
Zarga o’ralgan bilan kesak hamisha kesak,
Choldevor o’rtasida ko’milgan bir xum oltin.

Tomonlar

Qonunda yozilmagan kuchlar bordir dunyoda,
Ko’zga tashlanmas, ammo qo’zg’alsa shahdi yomon.
Noziklikda tarozu shayinidan ziyoda,
Urishtirguvchi hamda Yarashtirguvchi tomon.

Ulug’ yoshdaman, biroq hadigim bordir katta,
Qo’rqaman kim bilandir oshno bo’lib qolishdan.
Urishtirguvchi tomon topar seni albatta,
Ishin boshlar oraga nifoq, nizo solishdan.

Bu mening xulosamdir, do’stlikni xufya saqlang,
Ihota aylang uni har xil shirin so’zlardan.
Ayniqsa, muhabbatni oshkor etmay ardoqlang,
Zada bo’lmasin toki turfa yovuz ko’zlardan.

Urishtirguvchi tomon har qayda doim shaydir,
Chang soladi tap tortmay e’tiqodga, iymonga.
Oila rishtasin-ku maroq bilan uzgaydir,
Hatto Vatan tuyg’usin olmoq bo’lar nishonga.

O’ylayman goh, odamzot nahotki loqayd boqar,
Nahotki, ezgulikni asray olmaydi omon.
Urishtirguvchi taraf chittakdek qanot qoqar,
Og’ir karvonga o’xshar Yarashtirguvchi tomon.

Ka’batulloh

Hanuz biri ikki boʻlmagan eldan,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Bagʻri xun, tolei kulmagan eldan,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Bir zamon uning ham boʻlgan qudrati,
Dunyoni yoritgan zehni, fikrati.
Hatto qirgʻoqlarni buzgan shiddati,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Tegirmon toshidek aylandi taqdir,
Karvonlar toʻzgʻidi, sarbonlar soʻqir.
Bandi boʻlgan edi ulugʻ yurt, axir,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Avj oldi igʻvo-yu firib, razolat,
Yigʻladi bir chetda yetim adolat.
Bormi saodatga, axir, kafolat,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Xor boʻldi Vatanda kimki ilmi bor,
Birovlar zar bilan topdi e’tibor.
Hiylagar koʻpaydi, koʻpaydi makkor,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Duch kelgan sanamga sigʻindik gohi,
Bizga keng ochildi Shayton dargohi.
Axir, nima edi elning gunohi,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Magar boʻri ekan odamga odam,
Bir-birin boshini yegay damodam,
Haqiqat yoʻq joyda yashnagay yolgʻon,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Qay zamon odamlar bad fe’lin sezdim,
Vafoli doʻst izlab dunyoni kezdim.
Topmadim, topmadim, baridan bezdim,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Qoshingda tiz choʻkib turibman shu dam,
Dilimda iltijo, qoʻlimda qalam.
Shafqating ayama mendan ham,
Egam, Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Shukrona ayturman oʻzingga, yo Rabb,
Yuz burdik hidoyat yoʻliga qarab.
Haq degan yurtimning baxtini soʻrab,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Shokalad

Cho’ntagimga solib oldim to’rtta shokalad,
Va o’zimcha bitta shartni ayladim tayin:
Kimki meni aldamasa, siylayman albat,
Shokoladni shu odamga sovg’a etayin.

Kun bo’yi biror g’olib chiqmadi, ajab,
Boz ustiga bilmas edi hech kim shartlarni.
Uyga qaytdim, bolalarni bayram deb aldab,
Bo’lib berdim cho’ntakdagi shokoladlarni.

Uchinchi bo’lim

Tiriklikning ehtimol yarmin
O’tkazasan xushomad qilib.
Kimlarningdir bosh kiyimlarin
Garderobda qoziqqa ilib.

Nasib etsa birorta mansab,
Endi senga xushomad bo’lgay.
G’animlar ham iltifot aylab,
Garderobga telpaging ilgay.

O’zingni ham qildingmi hurmat?
Deysan, bunga tegmadi qo’lim.
Bu insoniy, qisqa bir muddat,
Umringdagi uchinchi bo’lim.

Fazilat

Ariza yozib yo iltimos qilib,
Hech kim bu dunyoga kelgan emasdir.
Har banda o’tirsa o’rnini bilib,
Nafsiga berilmay yashasa, basdir.

Mehnatu tafakkur, tajriba bois
Mukarram bo’lgaydir hamisha inson.
Kim bundan mosuvo – hurmat nojoiz,
Uning odamligi aslida gumon.

Oyoqsiz bo’lsa-da suv ham yurolgan,
Ibrat ol, hech qursa, sen unga qarab.
Oshyonu uyasin o’zi qurolgan
Chumoliga sharaf, qushlarga sharaf.

Qarayman, moziyning dovonlarida
Botirlar mash’ali to hanuz porlar.
Gard bo’lmish tarixning maydonlarida
Yasama polvonu soxta tulporlar.

Mansabu shon-shuhrat, boyligu dunyo
Halollik tufayli aziz, muborak.
Nainki zaminga, ko’kka ham hatto
Faqat fazilatli bandalar kerak.

Shayton

La’natlab boʻlsa ham, qargʻab boʻlsa ham,
Har kun tilovatda aytilar nomi.
Uning bosh suqmagan joyi kamdan-kam,
Ochilgan har qadah uning ham jomi…

Deydilar, norasta goʻdakni hatto
Uyquda qitiqlab kuldirar emish.
Salgina gʻaflatda qolsang mabodo,
Qilmagan ishingni qildirar emish.

Shaytonning hunari chindan rang-barang,
Sallani paytava qilib oʻratgay.
Agar sidqidildan koʻrsatsa nayrang,
Nodonni shoh qilib, yurtni soʻratgay.

Minoda Shaytonni qildik toshboʻron,
La’natga koʻmildi badbaxt u lain.
Dedik, shuncha yukning ostidan
Shayton Ming yillar chiqolmay yotmogʻi tayin.

Shodumon yoʻl oldik Vatanga qarab,
Shayton qoldi, deya chuqurda-chohda.
Manzilga qaytgandik, Shayton, vo ajab,
Bizni kutib oldi tayyoragohda.

Kechir, sherim

Kechir she’rim, kechirgin meni,
Yilar o’tib, charchadim, toldim.
Shunday paytlar bo’lodiki, seni
Muhofaza qilolmay qoldim.

Quduq qazdim, suv tanqis damlar,
Erishdim ham balki yutuqqa.
Cho’ktirdilar lekin odamlar
O’zim qazgan o’sha quduqqa.

Arg’uvon

Bog’imga ekkandim to’rt tup arg’uvon,
Vaqt o’tib, navqiron bo’ldi nihollar.
Dersiz: — Nimasiga bo’lasiz hayron,
Tegrangizda ko’p-ku teraklar, tollar.

Shoyon quvonch bergay yashillik bari,
Yantoq shakari ham boldan kam emas.
Lekin arg’uvonga boqqanim sari
Dilimda ortadi hayrat va havas.

Axir, ko’z o’ngimda ulg’aydi nihol,
Nega g’ururlanmay, ekkan men o’zim.
Balki ne og’ochlar topgaydir zavol,
Bularning umri-chi, juda ham uzun.

Bir kuni mening ham tinar qonlarim,
U yog’i ne kechar? Mavhumdir bizga.
Mening shu azamat arg’uvonlarim
Kirgaydir bezavol necha bir yuzga.

Dovul urmasa bas, kesmasalar bas,
Bo’y sochib, hamisha gurkirab turgay.
Qancha yuraklarda qo’zg’atib havas,
Kelajak kunlarning jamolin ko’rgay.

Shifokor

Shifokor bo’lishni xohlading yakkash,
Boshqa kasbu kordan tamom kechgansan.
«Xudo ursin» degan kalomga o’xshash,
Gippokrat nomiga qasam ichgansan.

Arab shayximi u, podachimi yo,
Sening qabulingda oddiy bir bemor.
Qonun quvlab yurgan o’g’rini hatto,
Davolashing shartdir, chunki va’dang bor.

Seni shogirdidek yaratgandir Rab,
Hayoting insonga baxshida butkul.
Aziz odam uchun tursang ham yig’lab,
Yovuz bemordan ham uzolmaysan qo’l.

Har qanday mushkulning topilar kori,
Havo bor bemoring yotgan xonada.
Faqat mehr degan noyob bir dori,
Uchramas hech qanday dorixonada.

Deyman, bari senda erur mujassam,
Xalating singari xizmating ham sof.
Gippokratga qancha ichmagin qasam,
Qalbingdan ketmasin Shafqat va Insof.

To’rtliklar

Nochorning ustidan kulma hech qachon,
Bilmasdan kamsitma, boyvachcha o’g’lon.
Topgan aqchasiga non olgaydir u,
Keksa onasiga yo dori-darmon.

Dunyoda tiriklik emasdir oson,
Xudkashlik esa-chi, yomondan yomon.
Faqat Yaratganning ismin takror et,
Boshqa chora yo’qdir, yo’q o’zga imkon.

Seni ko’ray dedim – tonglarim otdi,
Orazing yorishib, tunni yo’qotdi.
Lekin qora soching yuzingga tushgach,
Yana tun boshlandi, quyosh ham botdi.

Tashna qultum suvni orzu etgaydir,
Oltin piyolani axir netgaydir?!
Bemorga mol-dunyo va’da aylama,
Bir og’iz shirin so’z unga, yetgaydir.

Mag’izni po’choqqa qarshi qo’yar u,
Olovni o’choqqa qarshi qo’yar u.
Ikkisi to abad birlashmasin, deb
O’rtoqni o’rtoqqa qarshi qo’yar u.

Dunyoda uchraydi shundaylar, bilsang,
Alif ham chiqmaydi qornini tilsang.
Hammani o’ziga o’xshatadi u,
– Qancha olding, – deydi, yaxshilik qilsang.

Vatan mehri

Xastalikka yo’liqdim Vatanimdan yiroqda,
Vayron bo’ldi ming karra shundoq ham vayron ko’nglim.
Dengizu tog’lar osha, goh yayov, goh uchoqda
Meni ko’rgani kelding, Bibisora, jon singlim.

Ellik yil ayro tushgan ikki jigarband misol
Aka-singil yig’lashdik, yelkalarga qo’yib bosh.
Shu lahza onam ruhi charx urardi ehtimol,
Balki otam arvohi tilardi bizga bardosh.

Noshukurlik yomondir, yashadim-ku harqalay,
Qayga borsam, muxlislar bizniki deb atashdi.
Biroq o’tgan yillarning fe’lin ham aytib o’tay:
Avvalo qo’rqitdilar, so’ngra esa talashdi.

Boylik va amal topish qiyin emas dunyoda,
Jindek chaqqonlik bilan ustakorlik bo’lsa, bas.
Dushman-ku poylab turar har o’ru har qiyoda,
Faqatgina chin do’stni uchratmoq oson emas.

Men ham bir do’st axtarib, shamol misoli yeldim,
Goho topdim, gohida topolmay chekdim alam.
To’rt muchaning qadrini yoshim o’tganda bildim,
Jarohat topdim goho tuyaning ustida ham.

Donishmandlar hayotni aslida sinov deydi,
Bu hikmatni har inson o’zicha anglar biroq.
Tiriklikda sobit bir mantiq bo’lsa qaniydi,
Bo’rilar qolib ketib, qo’yni sinashar ko’proq.

Sog’ayib, safingizda yurarman hali men ham,
Oshno bo’lib she’r degan abadiy bir sehrga.
Yolg’iz Xudoga soldim, gar birovdan yetsa g’am.
Lekin mudom talpindim insoniy bir mehrga.

Kim bo’libman ahir men, mehrga zor-ku bashar,
Chulg’ab olmish olamni zo’ravonlik va aqcha.
Oddiy bir to’pteparga qiyoslab ko’rsang agar,
Gomer va Tolstoyning narxi bo’larkan qancha?!

Ha, odam bolasi bu, qon qaqshatar dillarni,
Qo’li hech bo’shamaydi ig’vo bilan urushdan.
Ko’rdim afsus dunyoda hatto shundoq ellarni,
Zavq oladi o’z birin toptab, yerga urishdan.

Sen Vatanim mehrini keltirding, Bibisora,
Endi oyoqqa turgum sog’ — omon, o’ynab-kulib.
Bilib qo’y, bu mehrni topib bo’lmaydi sira,
Inchunin, u ko’ringay gohida singil bo’lib.

Saviya

Ha, birodar, o’z-o’zingni
Maqtashdan avval,
Hisobga ol saviyangni,
Ongingni tugal.
Mahallada yashar edi
Bir musofir zot,
Ilm bilan mehnat edi
Uning chun hayot.
Atay kelib biror kimsa
Olmasdi xabar,
Olim g’oyat xoksor edi,
G’oyatda kamtar.
Bir kun yuksak mukofotni
Berdilar unga,
Biroq hech kim zarra parvo
Qilmadi bunga,
Va inchinun mahallada
Yashardi bir boy,
U ham bir kun ola qoldi
Siylov, hoynahoy.
Qutlagani kelishdilar
Jami boyonlar,
Dimog’lari ko’kka yetgan
Kibor insonlar.
Bayram qildi yarim shahar
Balandi, pasti,
Lekin olim qayda qoldi?
Hech kim bilmasdi.
Ha, birodar, o’z-o’zingni
Maqtashdan avval,
Hisobga ol saviyangni,
Ongingni tugal.

Malak

Nechun oʻgʻirlading oʻy-u fikrimni,
Nechun xayolimni aylading sarson.
Endi men bilmasman borar yerimni,
Endi tuygʻularim qoldi sargardon.

Seni koʻrgandayman tushimda faqat,
Uchib oʻtgandaysan misoli yulduz.
Samoviy moʻ’jiza, ilohiy tal’at,
Tengi yoʻq bir malak, qoshlari qunduz.

Nasib etarmikan biror kun visol,
Nasib etarmikan tutmoq qoʻlingni.
Va yo noshud qolgan munajjim misol,
Poylab oʻtarmanmi qaytar yoʻlingni…

Oq ot

Navoiy «Xamsa»ni tugatdi yozib,
Qutlashga yig’ildi arkoni davlat.
Bayqaro ayricha hurmat ko’rgazib,
Oq otin minishga ayladi da’vat.

Lekin uzr dedi shoiri davron,
Balki bu holni u kibr deb bildi.
Shunda sekingina lutf etdi Sulton:
– Buni otning o’zi iltimos qildi…

Yaxshilik

O’kinmagin, qartayib, qarib
Qoldim dema butkul orqada.
Bir kun senga berar qaytarib,
Haqqing bo’lsa olaqarg’ada.

Yaxshiligim ketdi, deb bekor,
Afsus chekmas haqiqiy erlar.
Birovidan qaytmasa zinhor
Boshqasidan qaytadi derlar.

Sog’inch

Seni sog’insinlar,
Sen ko’p sog’inding,
Chora yo’q baribir ikki holda ham.
Daryodek tosharding, ko’l kabi tinding,
Faqat ruhing qoldi sen bilan hamdam.

Afsus, sog’inchning ham bordir adog’i,
Keyin unutilish, bari abasdir.
Sog’ingan odamning ko’nglida dog’i,
Sog’intirganga ham oson emasdir.

Diplomat

Diplomat hayotin buldir mazmuni:
Ikki kunki hech kim topolmas uni.
Podshoh chaqirgandi birinchi kunda,
U kir yuvmoqdaydi ikkinchi kuni.

Do’konlar

«Sog’lik» degan do’konda edim
Men, dardlardan azob tortuvchi.
– Bir oz bering sog’liqdan, – dedim,
– Tugab qolgan, – dedi sotuvchi.

«Omad» degan do’konga kirsam,
Peshtaxtalar turar qup-quruq.
– Kuting, – deydi sotuvchi beg’am,
Omad hali kelganicha yo’q.

Salom-alik

Umrimdan ming marta roziman, biroq
Gohida ko’ksimni ortiq keribman.
Yoshlik – g’o’rlik ekan, anglamay, ko’proq
Katta shaytonlarga salom beribman.

Vaqtning tezligiga hayron qolaman
Va kulib qarayman buning bariga.
Endi yoshim ulug’, alik olaman
Kichik shaytonlarning salomlariga.

Qo’riqchi it

Orzu qilgan ekan boyvachcha yigit,
Uy qurdi, aqchani sarf etdi talay.
Uyni qo’riqlardi, lekin cho’loq it,
Bo’ynigacha qo’tir, bir ko’zi g’ilay.
Shundoq imoratni qurdingmi, Odam,
Topib qo’y-da endi, loyiq itni ham.

Ota duosi

Oʻgʻlim, soʻramasman sendan mol-dunyo,
Uy ham qurib berma, mayli, alomat.
Mayli, koʻzlarimga boʻlmagil ziyo,
Yonimda yursang bas sogʻ-u salomat.

Mayli, koʻtarmagil meni yelkangda,
Qalqon ham boʻlmagil yogʻsa malomat.
Bir kuni yostiqqa boshim tekkanda,
Tepamda tursang bas sogʻ-u salomat.

Sog’inch

Seni sog’insinlar,
Sen ko’p sog’inding,
Chora yo’q baribir ikki holda ham.
Daryodek tosharding, ko’l kabi tinding,
Faqat ruhing qoldi sen bilan hamdam.

Afsus, sog’inchning ham bordir adog’i,
Keyin unutilish, bari abasdir.
Sog’ingan odamning ko’nglida dog’i,
Sog’intirganga ham oson emasdir.

Kundalik gaplar

Menga tashvishlardan yiroq yur, deysan,
Charchagansan, deysan, shundaylikcha ham.
Faqat sen muttasil g’amimni yeysan,
Lekin hayot boshqa, azizam, bekam.

Magar kirsang biror dorixonaga,
Kissavur urganday chiqasan bo’m-bo’sh.
Ishongin hozirgi bu afsonaga,
Nolimay, aqchangga qilgin xayr-xo’sh.

Ishxonang eshigin beso’roq albat
Kimdir ochib kirar salobat bilan.
Hech bir murosaga qilolmas toqat,
Dahoman, deydi u vajohat bilan.

Uyingga qaytasan, nabiralar shod,
Bobom keldilar, deb soladi chuvvos.
Sen uchun o’sha dam boshlanar hayot,
Toza va musaffo xayolingga mos.

Go’yo o’zaniga tushganday daryo,
Go’yoki yo’q endi hech kimdan ginang.
Choy kelar, shopirib qaraysan, obbo,
Damlashni bilmabdi kichkintoyginang.

Parhez

Bir bemor kasali qo’zib turgan kez,
Do’xtirga borgandi, buyurdi parhez.

Dedi:
— Kamaytiring yog’liq kabobni,
Konyakning o’rniga torting gulobni.

Bedana sho’rvadan oz-ozdan iching,
Somsa va norindan tamom voz keching.

Bemor tushib qoldi g’alati holga,
So’ngra izoh berdi ushbu ahvolga:

— Do’xtirjon, ko’ngilni qilabering to’q,
Bunday taomlarni ko’rganim ham yo’q.

Maqtanish

Odam zoti bilsa ekan maqtanishni ham,
Lekin hazm qilolmadim bir holatni hech:
Uni yomon demasdan birorta odam,
«Yaxshiman», deb dod solar ertadan to kech.

Iftixor

Men uni ko’rganman, der edi birov,
Yonida turganman, der edi birov.
Kattakon majlisda hech ayamasdan
Men uni urganman, der edi birov.

Taklifnoma

So’kar, dunyo degan bir g’amxonani,
Kiborlarni so’kar g’azabga to’lib.
Va lekin to’y qilsa, “Taklifnoma”ni
O’shalarga eltar birinchi bo’lib.

O’zbekman

Yangi bir asrning ostonasi bu,
Yetishdim umrimning qutlugʻ yoshiga.
Tilimda shukrona, dilimda gʻulu,
Tarix sarkotibin keldim qoshiga:

— Mana, men — Oʻzbekman, qoʻlimda tug’im,
Va barcha a’molim bitilgan kitob.
Shuning ichidadir borim va yoʻgʻim,
Shuning ichidadir men uchun oftob.

Oʻzbekman, inshoolloh, iymonim butun,
Tilim qisiq emas bashariyatdan.
Kimgadir tengdirman, kimdandir ustun,
Zuvalam qorilgan samimiyatdan.

Oʻzbekman, gohida iqbolim kulib,
Gohida oʻzimdan chiqqan ofatim.
Dunyoni olsam-da jahongir boʻlib,
Goʻdak yigʻisiga yoʻqdir toqatim.

Oʻzbekman, qanchalik jafo chekmayin,
Oʻzimga haq boʻldim, oʻzimga haqman.
Yashadim yovlarga boʻyin egmayin,
Bu kun oʻz erkiga erishgan xalqman.

Istiqlol, ketma yurt peshonasidan,
Tole, tark etmagin bizni ilohim.
Mana, yangi asr ostonasidan Oʻtdim.
Bismillohir rahmonir rohim.

Martaba

Ikki odam gaplashardi Arkning oldida,
Bo’yab, bejab, ko’pirtirib har bir kalomni.
Biri derdi:
— Mangu qolar avlod qalbida,
Bosh jallodning o’zi so’ygan mening bobomni.

Ikkinchisi so’z boshlaydi:
— Mening bobom ham,
Obro’ topgan amirlikda — o’sha zamonda.
Hurmatini keltirishgan hatto so’nggi dam,
Osishganlar oddiy emas, ipak arqonda.

Unutish

Unut bahorlarni, qishlarni unut,
Unut osmonlarning zangor ko’ylagin.
Yulduzlarni unut, qushlarni unut,
Ularni ko’rmadim deya o’ylagin.

Dunyoda jamiki mavjud narsani,
Yaralmagan degin, yo’q deb bil, erkam.
Hayratga solursan shunda barchani,
Shunda unutarsan balki meni ham

To’ylar

To’yga aytgan edi aziz bir do’stim,
Do’konni aylanib, sovg’a ham oldim.
Bordim, to’yxonada yo’q edi hech kim,
Yanglishib kelibman men bir kun oldin.

Yana bir og’aynim, o’z-o’ziga to’q,
To’y qilishni kutdi, kutdi ichikib.
Borsam, tantanadan zarra nishon yo’q,
Axir, men kelibman bir kun kechikib.

Hayot shukronaga mutloq munosib,
Tiriklik o’zidir oliy mukofot.
Har kimga baxt-iqbol aylasin nasib,
Uysizga uy bersin, bemorga najot.

To’yning-ku uzrini aytmoqlik oson,
Qutlovning eshigi hamisha ochiq.
Lek dilingni qiynar boshqa bir armon,
Qayda u — nasibang, senga yarashiq.

Yonma-yon yurarkan sevinch bilan g’am,
Bir holni tushunmay, hayronman, ammo
Dunyoni ne’matim deganding, Egam,
Erta keldimmi men, kechikdimmi yo?

Do’stlar va raqiblar

Yoshlik yillarimni eslayman sekin,
Gohida tinibman, gohida qaynab.
Turfa satrlarni bitibman, lekin
Bir so’z ham yozmabman qalamni qiynab.

O’rni kelganida kechdim daryodan,
Bitta o’zim qoldim girdobda goho.
Kuch oldim do’stlarim bergan hirmondan,
Tortdi oyog’imdan raqiblar ammo.

Agar tog’ atalsa u shonli ravoq,
Oltin zinasiga qo’ydim bir kun bosh.
Do’stlarim qutlovga qo’l cho’zdi, biroq
Raqiblar tepadan otib turdi tosh.

Ravon yo’l yo’q ekan, har yon so’qmoqdir,
Yo’lbars ham yurmagan chigal bu o’rmon.
Do’stlar-ku yulduzdek senga mayoqdir,
Raqiblar bildirmay qo’yarlar qopqon.

Bu yorug’ dunyoda yo’l yurib albat,
Oxiri to’xtaysan, paymonang to’lib.
O’sha kun do’stlarga bermasdan navbat,
Raqiblar so’z aytar birinchi bo’lib.

Insonga ko’rgilik azaldan o’tgan,
Doimo vijdonga keltirganlar shak.
Xudoyim urganu payg’ambar turtgan
Raqibning ustozi — Iblisdir beshak.

Madad

Yashin urgan daraxt,
Yarador bo’ri,
Qoyaga urilib,
Yiqilgan burgut.
Tanida bor bo’lsa
Hayotning nuri,
Tangrim, sen ularni
Aylama unut.

Yovuzga kuch berib,
Zolimni qo’llash
Ehtimol Iblisning
Azaliy kasbi.
Nochoru ojizga
Madadni yo’llash
Yaratgan Egamga
Xos erur asli.

Butun bo’lolmadim,
Jonim ham yarim,
Lekin to’liq sezdim
Tiriklik sasin.
Beozor do’stlarim-
Chumolilarim,
Gurs-gurs qadam tashlang,
Tangri qo’llansin.

Odam va tulpor

Ko’ngli bu dunyodan sovigan odam
Kasalga chalingan tulporga o’xshar.
Odam qiyo boqmas siymu zarga ham,
Tulpor arpasiga tashlamas nazar.

Undayin odamga ikki dunyo bir,
Chayla va qasrning farqi yo’qdir, bas.
Undayin tulpor ham hamisha dilgir,
Poygalarga zarra rag’bati bo’lmas.

Eslash

Otam bilan birga otga mingashib,
Kitob dovonidan oshgandik bir vaqt.
Qarab bo’lmas edi pastga engashib,
Bir qadam narida jarlik– halokat.
Qanday o’tgan edik u yo’ldan omon?
Eslasam, entikib ketaman hamon.

Tun edi, shahardan qishloqqa qarab,
Katta akam bilan tushardik qirdan.
To’rtta bo’ri bizni olgandi o’rab,
Ufqda to’rt otliq ko’rindi birdan.
Biz ular tufayli qolgandik omon,
Eslasam, entikib ketaman hamon.

Kezdim, yer yuzini sayohat qildim,
Ortga qaytar bo’ldim kemada bir kun.
Dengiz nimaligin o’shanda bildim,
Baloyi azimday quturdi to’lqin.
Kemamiz to’fondan chiqdi-ku omon,
Eslasam, entikib ketaman hamon.

Nima ham qilardim, issiq jon ekan,
Musofir yurtlarda chalindim dardga.
Tiriklik aslida imtihon ekan,
Axir zor bo’ldim-ku men ham madadga.
Kunimdan bor ekan, tuzaldim omon,
Eslasam, entikib ketaman hamon.

Bugun nasib etdi salobatli yosh,
Shukrona aytaman barchasi uchun.
Lekin nokaslar ham bo’ldilar yo’ldosh,
Umrimni egovlab yedilar butun.
Ne baxtkim, baridan o’toldim omon,
Eslasam, entikib ketaman hamon.

Dunyo

Dunyo Bir kimsa umrining soʻngiga qadar,
Yigʻdi mol-u dunyo, yigʻdi siym-u zar.

Uni qiziqtirdi na doʻstning holi,
Va na qoʻshnisining oʻksik ahvoli.

U chindan mol-mulkning jilovin tutdi,
Faqat nafs ortidan ot surib oʻtdi.

Bir kuni ba hukmi taqdiri azal,
Shamshirin koʻtarib keldi-ku ajal.

Endi na siym-u zar qutqara olur,
Na billur, na gavhar qutqara olur.

Rozi yo norizo — farqi yoʻq mutloq,
Bunday choq chorasiz hatto doʻst-oʻrtoq.

Beshafqat ajalga berar ekan tan, U dedi:
«Shu ekan, dunyo shu ekan».

Marhumga marhumlik koʻrilgay loyiq,
Uni qabristonga eltdi xaloyiq.

Uyum tuproq boʻldi quvonchi-gʻami,
Kimdir boqib dedi: «Shunga shunchami»…

Mulk

Ojiz banda, gaplarimni ko’nglingga olma,
Zamin Alloh mulki erur, sen changal solma.
Musofirsan, muhojirsan yerning ustida,
Muddatingni yashadingmi – yo’lingdan qolma!

Hayot

Buvi nabirasin avaylar har vaqt,
Shamollab qolma, deb uqdirar faqat.
Nabirasi deydi: – Sog’ yuring Siz ham,
Bilaman, buvijon, dorilar qimmat.

Xeshu aqrabo

Ishlaring yurishib turgani asno,
Ko’payib ketadi xeshu aqrabo.
Darvinning kitobin qo’ltiqlab olib,
«Tog’a», deb keladi maymun ham hatto.

Qariyalar suhbati

Yomg’irlar yog’ardi qirq kecha-kunduz,
Qorlar yog’ar edi terakni ko’mgan.
Tulporlar bo’lardi ko’zlari yulduz,
Poygada raqiblar changini ko’rgan.

Yigitlar bo’lardi baquvvat, bardam,
Bir o’zi yer edi bir semiz qo’yni.
Tobutlar bo’lardi fayzli chunonam,
To’ldirib o’tardi mahalla-ko’yni.

Kun ko’rish

Chalpak yoqqan emas osmondan aslo,
Har kim nasib etgan luqmasin yegan.
Odam bolalarin lafzida ammo,
Bitta ibora bor Kun ko’rish, degan.

Aslida bu qismatga yo’liqqan har kas
Orzu umididan ayrilgan demak.
Qayda bir unumni ilg’adimi, bas,
O’sha tomonga u yugurgan beshak.

Kun ko’rish degani o’rtab dillarni,
Amallab yashashdan bir belgi, nishon.
Zabtiga olgay u hatto ellarni,
Ne-ne mardlarni ham aylagay yakson.

-Nega yolg’on aytding, aldading nega,
Nega haqni yoqlab bermading turish?!
Deydi:-sen Haq deysan, jon kerak menga,
Kun ko’rish kerakmi, axir kun ko’rish.

Kun ko’rish yo’lida yurarlar kuylab,
Kun ko’rish dardida to’karlar ko’z yosh.
Agarda teranroq qarasang o’ylab,
Jallod ham kun ko’rish uchun olgay bosh.

Faqat kun ko’rish deb qilingan ishdan,
Bahra toparmikan birorta banda.
Odam charchar bir kun bunday yumushdan,
O’zini o’ylar-ku hech bo’lmaganda.

Ulug’ orzularga etgandi da’vat
Fidoyi insonlar – benazir zotlar.
Nahotki, kun ko’rish yo’lida faqat
Yonib bitgan bo’lsa o’sha hayotlar?!

Insof bera qolsin har kimga Egam,
Hayot ko’zgusida turlanmoq nechun.
Ehtimol, mana shu satrlarni ham,
Yozib turgandirman kun ko’rish uchun.

Mashrab

Enagasi alla aytar Mashrabga boz-boz,
– Katta bo’lsang Xon bo’lasan, allayo alla.
O’sha zahot eshitilar beshikdan ovoz:
– Aldayo alda!

Aprel

Borliq kiyib olgan moviy bir libos,
Yel esar – bahorning pildiroqlari.
Qalbingda uyg’otar ajib ehtiros,
Aprel osmonining qaldiroqlari.

Yomg’ir taraladi ko’m-ko’k adirda,
Uzoq qirda esa yaltirar quyosh.
Bunday nafislik yo’q hech bir atirda,
Ruhingni yayratar havo, tog’u tosh.

Qofiya yig’ishar she’rga – nazmga
Jajji jilg’alarning shildiroqlari.
Atrofni chaqirar yashil bazmga
Aprel osmonining qaldiroqlari.

Chidaysan bolam

Jismimni ko’tarib turibdi tuproq,
Yerning ustidaman, yo’q zarra nolam.
O’zi chorlar bir kun bag’riga, biroq
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.

Hay dunyo, o’zingni bir pulga sotding,
Kalava topding-u uchin yo’qotding.
Men kabi oxiri g’aflatda qotding,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.

Inson ezgulikdan topgay farog’at,
Nima zarur unga zulmu qabohat.
Kimdir urishtirib, qilgaydir rohat,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.

Yerni ham, ko’kni ham ayladim tavof,
Lekin hech biridan chiqmadi javob.
Bo’g’zimda «Nega?» deb qotdi bir xitob,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.

Dunyoga boqmadim men aslo yovdek,
Goho to’ssa hamki yo’limni g’ovdek.
Har holda gaplashdik ikki soqovdek,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.

Bir qarasam…

Bir qarasam, do‘st-u yordan ko‘nglim to‘qday,
Bir qarasam, atrofimda hech kim yo‘qday.

Bir qarasam, suyanchiqday bolalarim,
Bir qarasam, ular siniq lolalarim.

Bir qarasam, bu dunyoda baxtim borday,
Bir qarasam, butkul olam menga torday.

Bir qarasam, murodimga yetgandayman,
Bir qarasam, ko‘zim ochiq ketgandayman.

Bir qarasam, shon-shuhratga yo‘g‘rilganman,
Bir qarasam, endigina tug‘ilganman.

Ikki xushomadgo’y

Ikki xushomadgo’y uchrashdi bir kun,
Ochig’i, tajriba almashmoq uchun.

Shundoq boshlab qoldi gapni havaskor:
– Mening qalbim to’la g’urur, iftixor.

Oxiri meniki bo’ldi xo’jayin,
Ishlarim yurishib ketmog’i tayin.

U kun o’zlarini yaladim ancha,
Tovonidan tortib tizzasigacha.

Gal keldi ikkinchi xushomadgo’yga,
Gapin boshladi u, tolgancha o’yga:

– Hozirgi kasbdoshlar o’zgargan butkul,
Kamtarlikni bilmas, maqtanar nuqul.

Mana biz dongdormiz, taniydi har kim,
Lekin o’tiribmiz, gerdaymasdan jim.

Aytsam ishonmaysan, eh sodda ukam,
Yalaganmiz undan yuqorisin ham.

Lo’ttiboz

Vijdonli odamlar ortgani sayin,
Lo’ttiboz soni ham ko’payib borar.
Tekinxo’r atalur bu qavm tayin,
Ajabki, ko’p ishni shular boshqarar.

Vijdonning boshiga chiqqani ko’yi,
O’zini mengzaydi tengi yo’q dovga.
Jinjakcha kelmaydi o’zining bo’yi,
Yoqsa, tutantiriq bo’lmas olovga.

Ta’ma

Men qaysi domlaga ergashay, hayhot,
Ishonchim toptasa ta’magir hayot.
Duo qilganman, deb bir yil muqaddam,
Haqin so’rab keldi bugun o’sha zot.

Tutash dunyolar

Marhum jo’ralarim,
Eslayman sizni,
Endi aylangansiz tushga, ro’yoga.
Birma-bir ketdingiz tark etib bizni,
Boshqa o’lchovdagi boshqa dunyoga.

Balki o’zga erur unda tizim ham,
Xayolga erk berib, taxmin qilaman.
Qanchalik rangbarang bo’lmasin olam,
Ruhingiz o’shadir, buni bilaman.

Sirli xilqatingiz o’zingizga xos,
Albatta farqlidir odat-tarzingiz.
Hech kimda boylik yo’q, hech kimda libos,
Demakki, hech kimdan yo’qdir qarzingiz.

Sizni ko’rgim kelar, sog’inaman goh,
O’tsa tomoshalar, bayram, ko’riklar.
Chehrangiz namoyon bo’lar banogoh,
Mening yakkalashsa manov tiriklar.

Mayli tursangiz ham cheksiz yiroqda,
Oromda yotgaysiz, mudom ko’ngil to’q.
Urush begonadir, hatto u yoqda
Birlashgan Millatlar Tashkiloti yo’q.

Jami ezgulikni qutlaysiz beshak,
Ajratmay Shimolu Janub yoqlarni.
Majlis ham qilmassiz, bilmassiz demak
Koridorda yurgan maqtanchoqlarni.

Sodiq farishtangiz pospondir, illo
Xonangiz – koinot mudom sarishta.
Yerda ro’zg’or qilsa bir kun mabodo,
Aqldan ozardi o’sha farishta.

Eslayman sizlarni shu dam Shukurjon,
Do’stim Ubaydulloh, azizim O’tkur.
Duolar qilaman, maqtayman chunon,
Iloho, ruhingiz bo’lsin tinch, masrur.

Lekin kuyingayman do’st deb baribir,
Axir tiriklik ham hikmat-ku azal.
Sizni eslaganda eslanar qadr,
Bu – noqis dunyoda ibrat har mahal!

Sira unut bo’lmas suronli hayot,
Kurash va g’alaba, turfa xil hislar.
Sizni tushimizda ko’rgaymiz bot-bot,
Balki sizning tushga kirgay majlislar.

Qishloq ziyolilari

Sizdan necha nafar qoldi, bilmadim,
Oradan o’tdi-ku ellik-oltmish yil.
Sizga ehtiromim kanda qilmadim,
Aslo uzilmadi Sizdan bu ko’ngil.

Biringiz fel`dshersiz — o’rtacha do’xtir,
Biringiz muallim — galstuk taqqan.

Sizda armon degan so’z o’zi yo’qdir,
Siz — nurli ufqqa entikib boqqan.

Namuna bo’ldingiz qishloqqa, elga,
O’rischa so’zni ham qotirardingiz.

Rioya aylashib adabiy tilga
“Juda”ni “yuda” deb gapirardingiz.

O’zni nimagadir aylab safarbar,
Hayoliy dushmanga qiron solgansiz.

O’q yebdi, deyishsa, qaydadir askar,
Siz ham boshingizni boylab olgansiz.

Siz do’xtir bo’lgansiz, bilmasdan asli
Qaerda joylashgan o’pka yo yurak.

Bemorga bergansiz taskin-tasalli,
Har xil dori-darmon shart emas demak.

Muallim bo’lgansiz, bitta kostyumni
Rosa yigirma yil tepkilab kiygan.

Biror shogirdingiz besh olgan kuni
Qalbingiz Napoleon faxrini tuygan.

Sizni chulg’ab olmish ishonch mutlaqo,
Buyuk orzularga to’liqqan miya.

Qoq po’stak ustida yostiqsiz hatto
Uyquga ketgansiz «Yashasin!» deya.

Sizni qadrlardi el-yurt begumon,
Siz ham xalq qadriga shaksiz yetgansiz.

Lekin barchangiz ham ba hukmi zamon,
Biri ikki bo’lmay o’tib ketgansiz.

Saraton

Saraton chog‘i bu — zarra shamol yo‘q,
Tutlar kavagida mudrar g‘urraklar.
Nogahon falakka urgan kabi do‘q,
So‘zsiz qotib turar bo‘ychan teraklar.

Osmon lov-lov yonar oftob qo‘ridan,
Ufqda sarobdan otashin baldoq.
Chinqirib yuborar kunning zo‘ridan,
Qaygadir berkinib olgan chirildoq.

Birdan tinib qolar shu betinch dunyo,
Hatto sharsharakning o‘chganday sasi.
Borliq suv tagiga cho‘kkanday go‘yo,
Qanchalik termulma — chiqmas nafasi.

Go‘dak uhicha ham shamol topilmas,
Butaning tagida bo‘zto‘rg‘ay hayron.
Dehqon tol tagiga cho‘zildi birpas,
Tindi shoxchadagi qushcha ham biyron.

Mening dehqon bobom, andak orom ol,
Quyosh buroviga olgan palla bu.
Saraton o‘zi ham mudraydi behol,
Ohangsiz yalla bu, so‘zsiz alla bu!

Hali tong g‘unchasi ochmasidan lab,
Nahor farog‘atin o‘ylamay taqir,
Kimsasiz dalaga ko‘zni uqalab,
Chiqib kelganingni ko‘rdim-ku axir.

Ko‘rdim-ku manglaying ter bilan qotib,
Berahm otashga berganingni tob.
Ko‘rdim-ku tepangda o‘zin yo‘qotib,
Hayratdan lol qotib qolganin oftob.

Azm-u shijoating men axir ko‘rdim,
Ko‘rdim ko‘zlaringda charchoq bir kulgu,
Mayli, orom olgin, ey bobo yurtim,
Saraton junbushga kelgan payt-ku bu.

Butun olam go‘yo ulkan doshqozon,
Qaydadir — ko‘rinmas uning naryog‘i.
Bu qaynoq qozonni kuzatmoq oson,
Ichiga tushmoqlik osonmas chog‘i.

Cho‘ntakdan to‘kilgan tangalar misol,
Shu’lalar o‘ynaydi supa uchida.
Birovdan xijolat bo‘lgan kabi tol,
Yer chizib turadi — dami ichida.

Oftob qayta boshlar, ko‘lanka maydon,
Yana bosh ko‘tarar nomozshomgullar.
Sekin moviylashar qizargan osmon,
Oqarib ko‘rinar kumushrang yo‘llar.

Yana yelkanini ko‘tarar shamol,
Yana chug‘urchuqlar uyg‘onar bog‘da.
Bobo yonidagi boladay xushhol,
To‘rg‘aylar charx urar so‘ngsiz samoda.

Yana yela boshlar oqshom nafasi,
She’r oni, ishq oni, mehnat oni bu.
Bu quyosh o‘lkasin otashin sasi,
O‘zbek diyorining saratoni bu.

Tarbiyachi

Qavmimni qanchalik zukko deb bilmay
Afsus, ko’p uchratdim saviyasizni.
Gaping tuzsiz desang, hech parvo qilmay,
Oldingga keltirib qo’yadi tuzni.

Falonchini arslon desangiz agar,
Qaytadan so’raydi: — hayvonmi, deya.
O’zini shu holda aqlli sanar,
Minglab soddalarga berar tarbiya.

Bo’ri ovi

Qishloqmi yo ovulga bo’ri oralab qolsa,
Otlanib chiqar edi darhol botir yigitlar.
Bo’ri qochib borardi, qani u qutulolsa,
Odamdan himo olib, chopardi ovchi itlar.

Oxiri yiqitdilar bo’rini kaltak urib,
majaqlab tashladilar metindek katta boshin.
Zarari tegmaydigan o’lik dushmanni ko’rib,
G’ajimoqchi bo’lardi ko’ppaklar endi loshin.

Arqon bilan bog’lashdi jondorning oyog’ini,
Qishloq bo’ylab erinmay sudrashdilar yarim kun.
Bolalar siltashardi bir qarich tayog’ini,
Muhimi, tomoshabin bayram qilardi butun.

Ha, zamonlar o’zgardi, lekin hayvonot bordir,
Azamat yigitlar ham ketgan emas yo’qolib.
Har kimsa o’z o’ljasin mahv qilishga qodir,
Hatto chumchuq so’ygan ham o’zini sanar g’olib.

Ehtimol, ovchilikka yo’q endi uncha talab,
O’ltirib ko’rabergin, ekranda turfa olam.
Va lekin tomoshabin o’sha-o’shadir, ajab,
Sudrab chopadi topsa mushukning o’ligin ham.

Tuyg’u

Hayratlanar ko’zlar,
Hayratlanar qalb,
O’zi shundoq bo’lar yoshlik mahali.
Lekin hayratingni qo’ymagin sarflab,
Ulug’ mo»jizalar oldinda hali.

Hayotda duch kelar turfa vaziyat,
Ko’zlaring nogahon yoshga to’lajak.
Uni ham mayli sen bir nafas to’xtat,
Xursand chog’laringda kerak bo’lajak.

Boshqa bir tuyg’u ham mavjuddir biroq,
U ketsin, dil degan toza gulshandan.
Azizim, g’azabdan forig’ bo’l tezroq,
Ruhingni xalos et faqat o’shandan.

Kechuv

Allaqaysi zamonlar
Yer yuzin bosib to’fon,
Necha-necha ellarni
Quturib to’lqin yutgan.
Va nihoyat vahshiy suv
Oqib o’zani tomon,
Omon qolgan elatlar
Daryodan kechib o’tgan.

Kechuvlarning nomi bor,
Kim ko’yganin bilmayman.
Har holda baho mavjud
Har biriga munosib.
Rost degan kechuv bo’lgan,
Bunga shubha qilmayman,
Alloh rahmidan aslo
Qolmagan u benasib..

Yolg’on deb atalgandir
Ikkinchi kechuv nomi,
Unda bandalar nuqul
O’triklar to’qishgandir.
Iblis yo’ldan ozdirib,
Yo’qolib intizomi,
Avval men o’taman deb,
Bir-birin nuqishgandir.

Qaysi kechuvdan o’tdik?
Hech kimning yodida yo’q.
Bilganim shu, shoirim,
Biz bitta qayiqdamiz.
Maqtov albatta yoqar,
Yolg’ondan ham ko’ngil to’q,
Faqatgina rost gapdan
Ozgina hayiqamiz.

Suymasa Hudoyim

Suymasa Xudoyim o’z ishin bilgay,
Tilingan joyingni qaytadan tilgay.
Ayrilgan bo’lsang gar ko’zdan, quloqdan,
So’qir bilan karni ro’para qilgay.

Bazzoz

Bazzoz gazlamasin sotib turardi,
Biroq o’tmas edi bir o’ram mato.
Ba’zan yelkasiga tashlab ko’rardi,
Hech kim olmas edi o’shani ammo.

Undan yaktak tikdi oxiri bazzoz,
Ma’qul deb matoning shunaqasini.
Endi qutlar edi odamlar boz-boz,
Ko’rmaganmiz, derdi bunaqasini.

Vafo

“Menga vafo qimagach sanam
Xotinlarga hurmatim nechun?”
Shu baytlarni yozayotgan dam,
Osonmidi Lermontov uchun.

Endi misga aylangan oltin,
Vafo so’zin anglashar arang.
Lermontovni ayblashdan oldin,
Hayotga ham qayrilib qarang.

Taqdir

Men-ku bu dunyoni obdon o’rgandim,
Ummonidan torib tog’igacha to.
Quvonchli kunlarni rosa ko’rgandim,
Benasib qolmadim g’amdan ham hatto.

Endi xohlaysanmi, yo’qmi – baribir,
Ro’baro’ keladi senga ham olam.
Faqat quvonchimni ko’rsatsin taqdir,
Boshqasin takrorlash shart emas, bolam.

Mehr

Negadir yosh bola va yoki bemor,
Gunoh ish qilgandek boqar javdirab.
Ovozingni baland qildingmi bir bor,
Ular hadik ichra qolar dovdirab.

Yo’q axir ularning zarra gunohi,
Mudrar qalblarida bardosh va sabot.
Faqat mehrga zor ular nigohi,
Kutganlari esa shafqat va najot.

So’kong’ich

Bor edi bir so’kong’ich kishi,
Nihoyatda xudbin, dilozor.
Faqatgina so’kishdir ishi,
Mahalla-ko’y bo’lgandi bezor.

Oxir bir kun uch-to’rt azamat
So’kong’ichning berdi adabin.
Jag’in boylab yurdi u ko’p vaqt,
Aytolmasdi lekin sababin.

Kimdir dedi: – Falon ko’chada
Yashaydi bir yarimjon odam.
Nafsing qonar balki o’shanda,
U indamas qancha so’ksang ham.

Sharh

Bu dunyoda soddalar bisyor,
O’tmishda ham uchragan ancha.
Biri deydi: – Iqtidoring bor,
Shuning uchun bergansan qancha?

Boshqasi der: – Aqling zo’r chindan,
Gapni gapga rosa ulading.
Jon og’ayni, yashirma mendan,
Buning uchun qancha to’lading?

Deyman, yo’qdir ularning narxi,
Ular – hayot, ular – zarurat.
Lekin bordir ozgina sharhi:
Tekin erur nodonlik faqat.

To’da

Ming yillardan buyon jami hayvonlar,
Bo’rilar, shoqollar, sherlar, arslonlar.

To’da-to’da bo’lib yashab kelishgan,
Birga ov qilishgan, birga yeyishgan.

To’daning bosqini dahshat juda ham,
Mamontni yiqitgan bir to’da odam.

Agarda qo’zisa to’daning fe’li,
Unga teng kelolmas soylarning seli.

Xos unga yovuzlik, shafqatsizliklar,
Qorni to’q bo’lsa-da, toqatsizliklar.

Irsiyat so’zini aytishmas bekor,
Barchasi to hanuz yo’qolmagan, bor.

Bi hisni yashirib axir netaman,
To’dani ko’rganda qo’rqib ketaman.

Abdulla Oripov sara she’rlari. A.Oripov sherlar to’plami.

Taniqli shoir Abdulla Oripov tomonidan qator she’rlar va she’riy to’plamlar yozilgan. She’riy to’plamlarni qayta qayta o’qib uning tub mohiyatini tushunish mumkin. Quyida Abdulla Oripov Tomonidan yozilgan she’rlarni havola etamiz.

Xatolaring kerak ularga

Shundaylar bor,senga lutf aylab,
Do’stman, deya senga qo’lin tutarlar.
Lekin har zum qadaming poylab,
Xato qilishingni ular kutarlar.

Xato qilsang, ularga bayram,
Yo’qsa, zahru zaqqum yutarlar.
Mayli, jindek, zarra bo’lsa ham,
Xato qilishingni ular kutarlar.

Xatolaring kerak ularga,
Shox navdangni darhol butarlar
Tag’in kunni ulab tunlarga,
Xato qilishingni ular kutarlar.

Axtarurlar hamisha illat,
Yetti pushting go’rin titarlar.
Faqat unma, ulg’ayma faqat,
Xato qilishingni ular kutarlar.

Ular senga bir umr yo’ldosh,
Sodiq hamroh kabi o’tarlar.
Qabring uzra egsalar ham bosh,
Xato qilishingni ular kutarlar.
1991 yil

Birinchi muhabbatim

Dunyo degan shundayin anglab bo’lmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan,
Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan,
Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim,
Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim

Holbuki orzulardan judo ham bo’lganim yo’q,
Yuduzday kuyganim yo’q, oy kabi inganim yo’q.
Erta xazon gul kabi sarg’ayib, so’lganim yo’q,
Seni eslab yig’layman, birinchi muhabbatim,
Eslab bag’rim tig’layman, birinchi muhabbatim.

Yo’lin yo’qotsa odam muhabbatga suyangay,
G’ussaga botsa odam muhabbatga suyangay,
Chorasiz qotsa odam muhabbatga suyangay,
Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim,
Faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim,

Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim,
Sirli tushlar ko’rib men bor dunyoni unutdim,
tongda turib nomingga ushbu she’rimni bitdim,
Dildagi oxim mening, birinchi muhabbatim,
Yolg’iz ollohim mening, birinchi muhabbatim.

Tuxumdan chiqdi-yu, keltirib uni
Shu loyqa hovuzga tomon otdilar.
Tashlandiq ushoq yeb o‘tadi kuni,
Xoru xas, xazonlar ustin yoptilar.

Dunyoda ko‘rgani shu tor hovuzcha
Va mudroq tollarning achchiq xazoni.
Menga alam qilar, tilla baliqcha
Bir ko‘lmak hovuz deb bilar dunyoni…

Abdulla Oripov She’rlari

KETMOQDAMAN

Yaxshi qol, ey, dilbarim, dilda kadar, ketmoqdaman,
Ishq aro endi holim zeru zabar ketmoqdaman.

Na ishonchu na quvonchu na ko’ngildan gapni och,
Barchasidan ushbu kun yo’qdir samar, ketmoqdaman.

Men quyosh yuzlimga deb, tun-kechalar berdim yurak,
Oqibat otganda tong qondir jigar, ketmoqdaman.

Necha kunlar o’tdi, lekin so’rmading holimni bir,
Oxirida hol so’rab kelsang magar, ketmoqdaman.

Kelganimda dedilarki, bu yigit koni zarar,
Ketmagimdan, oxir ayt, bormi zarar, ketmoqdaman.

Bilmadim, hech bormikin asli dardimga shifo,
Xasta bu Abdulladan olgin xabar, ketmoqdaman.

O’ZBEKISTON

Yurtim, senga she’r bitdim bu kun,
Qiyosingni topmadim aslo.
Shoirlar bor, o’z yurtin butun —
Olam aro atagan tanho.
Ular she’ri uchdi ko’p yiroq,
Qanotida kumush diyori,
Bir o’lka bor dunyoda, biroq
Bitilmagan dostondir bori:
Faqat ojiz qalamim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

Yurmasman hech behishtni izlab,
Topolmasam chekmasman alam.
O’tirmasman ertaklar so’zlab,
Musallo deb yo’nmasman qalam.
Ko’klamingdan olib sururni,
Dovrug’ soldi ustoz Olimjon,
G’afur G’ulom tuygan g’ururni
Qilmoq mumkin dunyoga doston.
Olis tarix qadamim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

Kechmishing bor chindan ham uzoq,
Ilg’ay olmas barchasin ko’zim.
Maqtamasman moziyni biroq,
O’tmishingni o’ylayman bir zum.
Zabtga olib keng Osiyoni,
Bir zot chiqdi mag’rur, davongir,
Ikki asr yarim dunyoni
Zir qaqshatdi Buyuk jahongir.
Aytgum, bu kun, u manim, manim.
O’zbekiston, Vatanim manim.

Bobolardan so’z ketsa zinhor,
Bir kalom bor gap avvalida.
Osmon ilmi tug’ilgan ilk bor
Ko’ragoniy jadvallarida.
Qotil qo’li qilich soldi mast,
Quyosh bo’lib uchdi tilla bosh.
Do’stlar, ko’kda yulduzlar emas,
U, Ulug’bek ko’zidagi yosh.
Erda qolgan, o, tanim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

Ko’z oldimdan kechar asrlar,
Ko’z-ko’z etib nuqsu chiroyin.
Sarson o’tgan necha nasllar,
Topolmasdan tug’ilgan joyin.
Amerika — sehrli diyor,
Uxlar edi Kolumb ham hali,
Dengiz ortin yoritdi ilk bor,
Beruniyning aql mash’ali.
Kolumbda bor alamim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

 

Абдулла Орипов
ЯНГИ ШЕЪРЛАР

ХАЛҚИМ

Агар бола бўлсанг, бағримга босиб,
Елкамда кўтариб юрарман, халқим.
Агар ота бўлсанг, сенга муносиб,
Таянч, асо бўлиб турарман, халқим.

Дунёда кўп эрур шаҳри азимлар,
Муҳташам қасрлар, олий базмлар,
Қуршаган чоғда ҳам эъзоз, таъзимлар,
Даврамни сен билан қурарман, халқим.

Умр-ку ўтажак, фано муқаррар,
У ёқдан ҳеч кимга келмаган хабар,
Мабодо жаннатга бўлсам муяссар,
Шунда ҳам хаёлинг сурарман, халқим.

Гоҳида ризқингдан қолдинг айрилиб,
Майли, ўтган ўтди, боқма қайрилиб,
Келса балохўрлар, қўлин қайириб,
Бошини тошларга урарман халқим.

Заминнинг айқирган дарёлари бор,
Тонгги шабадолар таратар ифор,
Менда бўлиб қолса бир зум ихтиёр,
Барисин сен томон бурарман, халқим.

Сен завол топмадинг, қолмадинг ҳориб,
Сув келса сипқориб, тошни қўпориб,
Менким шоир ўғлинг Абдулла Ориф,
Эртан камолинг ҳам кўрарман халқим.

ШОГИРД МАҚОМИ

Умримиз кечади оддий ва камтар,
Биламан, сен кўзга илмаслигингни.
Дарёга теранроқ ташлагин назар,
Бўйнингга ол, укам, билмаслигингни.

Эсла буюк шоир асарларини,
Сўраб, ўрганишдан эринма зинҳор.
Жўн бир пардақанот асаларининг
Биз билмаган қанча синоати бор.

Аллома Беруний қазоси куни
Бир савол ечимин қилибди армон.
Ҳадиси шариф ҳам уқтирар буни:
«Боринг илм дея ҳатто Чин томон».

Ўрнидан қўзғалмас харсанг тош фақат,
Пойгада ғолибдир асил, чопқир от.
«Афлотун дўстимдир, лекин ҳақиқат
Ундан афзал» демиш файласуф Суқрот.

Муқаддас китобда олам сеҳри жам,
Жо бўлмиш илоҳий туйғу ва фикр.
Алҳазар, алҳазар, Яратганнинг ҳам
Энг аввал душмани аталмиш — кибр.

Юксакни кўзлайди доимо бургут,
Парвози майлига баланддир, пастдир.
Комиллик заҳматин этма ҳеч унут,
Бир зина ошмаган шогирд эмасдир.

АССАЛОМ

Тонгда мактабига шошар болакай,
У ҳам ўз ишига масъул экан-да.
Ва лекин дуч келган одамга атай
Салом беришни у қилмайди канда.

Сен ишга борасан, остонадаёқ
Қоровул «Салом» деб разм солади.
Бошлиғинг чорлайди, чиқасан шу чоғ,
Салом берсанг балки алик олади.

Бу олам шунақа қурилган ўзи,
Ҳидлашиб кўришар ҳатто ҳайвонот.
Қуръоний каломдир «Ассалом» сўзи,
Дўзахи саналур такаббур ҳар зот.

Ҳеч нарса йўқотмас салом берган ҳам,
Камайиб қолмайди ким олса алик.
Лекин қулфи дилинг очилгай шу дам,
Демак, дунё тинчдир, олам беҳадик.

Булут босса ҳамки боқабер, Қуёш,
Тафтинг бўлмаса ҳам чиқабергин, Ой.
Майсалар «Салом» деб кўтармоқда бош,
Бу ҳам бир мактабдир, бизга, ҳойнаҳой.

ЎЗБЕК ТИЛИМ

Кўп қадимман,
Карвон билан замонлар кечдим,
Нор туянинг норлиги ҳам афсона экан.
Бир кун туя айронини шифо деб ичдим,
Она туя номи эса арвона экан.

Давроним сурганман ҳам оқ отга миниб,
Ҳай-ҳай, унинг қўлтиғида бор эди қанот.
Вақти келиб, шон-шуҳратдан хаёлим тиниб,
Билсам, ўша оқ отимни дерканлар — бўз от.

Юксак Ҳисор тоғларининг бағрида қат-қат
Тошни ёриб ўсган наъматак эди.
Устоз Ойбек шеърин эслаб шоир Холмамат,
— Бизнинг жойда унинг номи «Ҳулулу», — деди.

Сен туганмас чашмадирсан, оҳ, она тилим,
Етмиш икки томиримга мавжларинг борди.
Бир кун тиниб қолган эди боғда булбулим,
— Сандулочим! — деган эдим, сайраб юборди.

Инсон деган қутлуғ сўзнинг тенги йўқ ҳеч бир,
У танҳодир, фалакларнинг қуёши мисол.
Лекин манов болакайдир, буниси ўсмир,
Бу йигитдир, бу зот эса бобо, оқсоқол.

ҲАСАДГЎЙ

Инсоф берар бўлса, Худойим агар,
Ўғрини тарбият айламак мумкин.
Ногаҳон бировга етказса зарар,
Телбани занжирга бойламоқ мумкин.

Энг катта ёвни ҳам енгмоқлик осон,
Битта сотқинини қўлга олсанг бас.
Донога айланар ҳаттоки нодон,
Фақат ҳасадгўйни даф қилиб бўлмас.

ВАГОН

Вокзал улкан шаҳар чегарасида,
Поездлар шамоли тинмай уфурар.
Чеккада, темир йўл заҳирасида
Фақат битта вагон мунғайиб турар.

Қаёқдан келган у? Билмайди биров,
Унинг на йўловчи, на эгаси бор.
Ёз бўйи саратон ёндирар лов-лов,
Қиш ўтиб, эримас томидаги қор.

Бир замон йўлчига кўшк бўлган у ҳам,
Водийлардан ўтган, саҳродан ўтган.
Булутдай виқорли, шамолдай илдам,
Не-не манзилларга қадами етган.

Ўтган йўлларини эсласа ҳамон,
Ўзи ҳам ишонмас юрганлигига.
Бағридан жой топиб қанчалар инсон,
Ҳатто шоҳлар базм қурганлигига.

Ҳеч ким қаторига энди уламас,
Ўрнидан жилмоққа етмайди ҳоли.
Ҳатто сувараклар яқин йўламас,
Ташландиқ вагон у. Шулдир аҳволи.

ЗОМБИ

— Нега доим кифтинг қисиб юрасан, ўртоқ?
— Бой эмасман, камбағалнинг йўриғи шундоқ.

— Нега савол беришмаса бир сўз демассан?
— Мен оддий бир ижрочиман, раҳбар эмасман.

— Борми сенда истак, орзу ёки талаблар?
— Тушунмадим, нотанишдир бунақа гаплар.

— Кимсан ўзи? Отанг ўлса йиғлайсанми, айт?
— Бажараман қандай буйруқ бўлса ўша пайт.

БОЛАЖОН

Болажон дейилса — табассум тайёр,
Меҳру шафқат тайёр, тараҳҳум тайёр.
Алла айтар ҳатто камгап аёл ҳам,
Болажон дейилса — такаллум тайёр.

СЎРОВ

Заминда юз берди шундоқ вазият:
Осмон сўров қилди жаъми бандани.
Касбу корларига қизиқди фақат,
Ким қандай юмушни бажарган, қани.

Бир банда сўз олди тортиниб шу он,
Деди: – Мен меъморман, Аллоҳга шукур.
Мен қурган эшикдан киргай ҳар меҳмон,
Очган деразамдан ёғиб турар нур.

Оқ халатли одам шифокор экан,
Рўйхат қилиб олган ҳар зум, ҳар дамни.
Деди: – Шунча бемор тузалиб кетган,
Сақлаб қололмадим шунча одамни.

Ногоҳ бир қаламкаш жўш урган кўйи
Деди: – Айтиб қўяй, шу кунни кутдим.
Бошқа иш қилмадим, мен умрим бўйи
Машҳур одамларни ёмонлаб ўтдим.

Хуллас, деҳқон борми ёки чилангар
Маълумот бердилар ўзларига боп:
Балдоқ ясаб юрган, масалан, заргар,
Ҳаммол юк ташиган – елкасида қоп.

Фақат юлғич қолди жавоб қилмаган,
Йўқ унда тайинли бирор касбу кор.
Инсоф нималигин асло билмаган,
Бу қавм яшаган доим бахтиёр.

Яна бир қавм бор – номи иғвогар,
Шу ишга сарф қилган ақлин, бор кучин.
Кўрган-билганларин қолдирмай йиғар,
Юмалоқ хат қилиб ёзмоқлик учун.

Ҳа, одам сийрати жуда ранг-баранг,
Бири зор меҳрга, бири амалга.
Кимдир ўлим билан олиб борса жанг,
Кимдир югурдаклик қилар ажалга.

Алқисса, айтилди: — Инсондир Кабир,
У ҳатто самога қўймишдир қадам.
Лекин оқиб турар қонида кибр,
Меҳнатин ёнида яшар нафси ҳам.

Сўров тамом бўлди, тинчланди осмон,
Кўкка сиёҳ сочиб, қуёш ҳам ботди.
Бошланар эртанги кун ҳам бегумон,
Ой чиқди, одамлар ухлаб, тош қотди.

УЧ ЗИНА

Уч ажиб зинадан ўтгайдир Инсон,
Гўёки ғазалнинг уч гўзал байти.
Хоҳлар ё хоҳламас, одам бегумон
Ўзи учун яшар болалик пайти.

Бир кун у камолот ёшига етгай,
Бу фасл ҳамиша умрларга зеб.
Инсон тайёр турар синовларга шай,
Яшайди оилам, элу юртим деб.

Кексалик йилларин сўрарсиз энди,
Ахир тажриба бор унинг қўлида.
Ўйламанг, шу билан у тўхтаб, тинди,
Инсон ўзин топди Аллоҳ йўлида.

БОСФОР

Кўкда ракеталар учрашар, қара,
Қуёш-ку ҳар куни кўргазар дийдор.
Бир ён Қора денгиз, бир ён Мармара,
Иккала баҳрни улайди Босфор.

Жоним, сен у ёнда, мен-чи бу ёнда,
Масофа билмаган фақат юракдир.
Дийдор кўришмакка ёруғ жаҳонда
Наҳот яна битта Босфор керакдир.

ЯХШИ ВА ЁМОН

Бир кўприкда дуч келди
Икки одам ногаҳон,
Бирови Яхши эди,
Бирови эса Ёмон.

Яхши одам Ёмонга
Салом берди, қўл берди,
Бир чеккага сурилиб,
— Ўтинг, дея йўл берди.

Ёмон эса ўшқирди,
Ғазабга тўлди чунон,
Яхшини улоқтирди
Тошқин дарёга томон.

Деди:- Мени тенг қилма,
Ўзингга-ю зотингга.
Зор эмасман, билиб қўй,
Сенинг илтифотингга.

ЧИРОҚ

Ҳаммаёқ чароғон бўлибди, боққин,
Байрам арчасига шодалар таққин.
Қўлингдан келса гар битта чироқни
Менинг кўнглимга ҳам, азизам, ёққин.

ИШ ВАҚТИ

Ота ётар эди беморхонада,
Фарзандлар келишни қилмасди канда.
Ўғил соатига қараб бир оқшом
Деди:- Иш вақти ҳам тугади, дада.

ЎЗБЕКЧИЛИК

Хаста бўлиб ётган кекса бир одам,
Ички кийимини алмаштирар дам,
Секингина деди набирасига:
— Ҳар ҳолда, ўзбекмиз, чиқиб тур, болам.

ВАҚТ

Сен бировга яхшилик қилсанг,
Қайтишини кутмагил асло.
Абадият ёнида, билсанг,
Унутилиш бордир доимо.

Вақт гўёки қилкўприк, ундан
Икки эмас, бир ўтилади.
Сени эслаб унутмай юрган
Одамлар ҳам унутилади.

Манба: «Китоб дунёси» ва «ЎзАС» газетаси,2014 йил март.

Elimizga va dilimizga tashrif buyurgan Navro‘zi olam — Yilboshi bilan atoqli va ardoqli shoirimizni chin dildan muborakbod etib, tug‘ilgan kunlari bilan yana bir bor qutlab, uzoq umr, sihat-salomatlik, ijodiy bezovtalik tilab, kuni kecha “Kitob dunyosi” va O‘zAS» gazetalarida e’lon qilingan ustozning yangi yozilgan she’rlarini siz aziz, sahifadoshlarimizga, taqdim etamiz.

Abdulla Oripov
YANGI SHE’RLAR

XALQIM

Agar bola bo’lsang, bag’rimga bosib,
Yelkamda ko’tarib yurarman, xalqim.
Agar ota bo’lsang, senga munosib,
Tayanch, aso bo’lib turarman, xalqim.

Dunyoda ko’p erur shahri azimlar,
Muhtasham qasrlar, oliy bazmlar,
Qurshagan chog’da ham e’zoz, ta’zimlar,
Davramni sen bilan qurarman, xalqim.

Umr-ku o’tajak, fano muqarrar,
U yoqdan hech kimga kelmagan xabar,
Mabodo jannatga bo’lsam muyassar,
Shunda ham xayoling surarman, xalqim.

Gohida rizqingdan qolding ayrilib,
Mayli, o’tgan o’tdi, boqma qayrilib,
Kelsa baloxo’rlar, qo’lin qayirib,
Boshini toshlarga urarman xalqim.

Zaminning ayqirgan daryolari bor,
Tonggi shabadolar taratar ifor,
Menda bo’lib qolsa bir zum ixtiyor,
Barisin sen tomon burarman, xalqim.

Sen zavol topmading, qolmading horib,
Suv kelsa sipqorib, toshni qo’porib,
Menkim shoir o’g’ling Abdulla Orif,
Ertan kamoling ham ko’rarman xalqim.

SHOGIRD MAQOMI

Umrimiz kechadi oddiy va kamtar,
Bilaman, sen ko’zga ilmasligingni.
Daryoga teranroq tashlagin nazar,
Bo’yningga ol, ukam, bilmasligingni.

Esla buyuk shoir asarlarini,
So’rab, o’rganishdan erinma zinhor.
Jo’n bir pardaqanot asalarining
Biz bilmagan qancha sinoati bor.

Alloma Beruniy qazosi kuni
Bir savol yechimin qilibdi armon.
Hadisi sharif ham uqtirar buni:
«Boring ilm deya hatto Chin tomon».

O’rnidan qo’zg’almas xarsang tosh faqat,
Poygada g’olibdir asil, chopqir ot.
«Aflotun do’stimdir, lekin haqiqat
Undan afzal» demish faylasuf Suqrot.

Muqaddas kitobda olam sehri jam,
Jo bo’lmish ilohiy tuyg’u va fikr.
Alhazar, alhazar, Yaratganning ham
Eng avval dushmani atalmish — kibr.

Yuksakni ko’zlaydi doimo burgut,
Parvozi mayliga balanddir, pastdir.
Komillik zahmatin etma hech unut,
Bir zina oshmagan shogird emasdir.

ASSALOM

Tongda maktabiga shoshar bolakay,
U ham o’z ishiga mas’ul ekan-da.
Va lekin duch kelgan odamga atay
Salom berishni u qilmaydi kanda.

Sen ishga borasan, ostonadayoq
Qorovul «Salom» deb razm soladi.
Boshlig’ing chorlaydi, chiqasan shu chog’,
Salom bersang balki alik oladi.

Bu olam shunaqa qurilgan o’zi,
Hidlashib ko’rishar hatto hayvonot.
Qur’oniy kalomdir «Assalom» so’zi,
Do’zaxi sanalur takabbur har zot.

Hech narsa yo’qotmas salom bergan ham,
Kamayib qolmaydi kim olsa alik.
Lekin qulfi diling ochilgay shu dam,
Demak, dunyo tinchdir, olam behadik.

Bulut bossa hamki boqaber, Quyosh,
Tafting bo’lmasa ham chiqabergin, Oy.
Maysalar «Salom» deb ko’tarmoqda bosh,
Bu ham bir maktabdir, bizga, hoynahoy.

O’ZBEK TILIM

Ko’p qadimman,
Karvon bilan zamonlar kechdim,
Nor tuyaning norligi ham afsona ekan.
Bir kun tuya ayronini shifo deb ichdim,
Ona tuya nomi esa arvona ekan.

Davronim surganman ham oq otga minib,
Hay-hay, uning qo’ltig’ida bor edi qanot.
Vaqti kelib, shon-shuhratdan xayolim tinib,
Bilsam, o’sha oq otimni derkanlar — bo’z ot.

Yuksak Hisor tog’larining bag’rida qat-qat
Toshni yorib o’sgan na’matak edi.
Ustoz Oybek she’rin eslab shoir Xolmamat,
— Bizning joyda uning nomi «Hululu», — dedi.

Sen tuganmas chashmadirsan, oh, ona tilim,
Yetmish ikki tomirimga mavjlaring bordi.
Bir kun tinib qolgan edi bog’da bulbulim,
— Sandulochim! — degan edim, sayrab yubordi.

Inson degan qutlug’ so’zning tengi yo’q hech bir,
U tanhodir, falaklarning quyoshi misol.
Lekin manov bolakaydir, bunisi o’smir,
Bu yigitdir, bu zot esa bobo, oqsoqol.

HASADGO’Y

Insof berar bo’lsa, Xudoyim agar,
O’g’rini tarbiyat aylamak mumkin.
Nogahon birovga yetkazsa zarar,
Telbani zanjirga boylamoq mumkin.

Eng katta yovni ham yengmoqlik oson,
Bitta sotqinini qo’lga olsang bas.
Donoga aylanar hattoki nodon,
Faqat hasadgo’yni daf qilib bo’lmas.

VAGON

Vokzal ulkan shahar chegarasida,
Poezdlar shamoli tinmay ufurar.
Chekkada, temir yo’l zahirasida
Faqat bitta vagon mung’ayib turar.

Qayoqdan kelgan u? Bilmaydi birov,
Uning na yo’lovchi, na egasi bor.
Yoz bo’yi saraton yondirar lov-lov,
Qish o’tib, erimas tomidagi qor.

Bir zamon yo’lchiga ko’shk bo’lgan u ham,
Vodiylardan o’tgan, sahrodan o’tgan.
Bulutday viqorli, shamolday ildam,
Ne-ne manzillarga qadami yetgan.

O’tgan yo’llarini eslasa hamon,
O’zi ham ishonmas yurganligiga.
Bag’ridan joy topib qanchalar inson,
Hatto shohlar bazm qurganligiga.

Hech kim qatoriga endi ulamas,
O’rnidan jilmoqqa yetmaydi holi.
Hatto suvaraklar yaqin yo’lamas,
Tashlandiq vagon u. Shuldir ahvoli.

ZOMBI

— Nega doim kifting qisib yurasan, o’rtoq?
— Boy emasman, kambag’alning yo’rig’i shundoq.

— Nega savol berishmasa bir so’z demassan?
— Men oddiy bir ijrochiman, rahbar emasman.

— Bormi senda istak, orzu yoki talablar?
— Tushunmadim, notanishdir bunaqa gaplar.

— Kimsan o’zi? Otang o’lsa yig’laysanmi, ayt?
— Bajaraman qanday buyruq bo’lsa o’sha payt.

BOLAJON

Bolajon deyilsa — tabassum tayyor,
Mehru shafqat tayyor, tarahhum tayyor.
Alla aytar hatto kamgap ayol ham,
Bolajon deyilsa — takallum tayyor.

SO’ROV

Zaminda yuz berdi shundoq vaziyat:
Osmon so’rov qildi ja’mi bandani.
Kasbu korlariga qiziqdi faqat,
Kim qanday yumushni bajargan, qani.

Bir banda so’z oldi tortinib shu on,
Dedi: – Men me’morman, Allohga shukur.
Men qurgan eshikdan kirgay har mehmon,
Ochgan derazamdan yog’ib turar nur.

Oq xalatli odam shifokor ekan,
Ro’yxat qilib olgan har zum, har damni.
Dedi: – Shuncha bemor tuzalib ketgan,
Saqlab qololmadim shuncha odamni.

Nogoh bir qalamkash jo’sh urgan ko’yi
Dedi: – Aytib qo’yay, shu kunni kutdim.
Boshqa ish qilmadim, men umrim bo’yi
Mashhur odamlarni yomonlab o’tdim.

Xullas, dehqon bormi yoki chilangar
Ma’lumot berdilar o’zlariga bop:
Baldoq yasab yurgan, masalan, zargar,
Hammol yuk tashigan – yelkasida qop.

Faqat yulg’ich qoldi javob qilmagan,
Yo’q unda tayinli biror kasbu kor.
Insof nimaligin aslo bilmagan,
Bu qavm yashagan doim baxtiyor.

Yana bir qavm bor – nomi ig’vogar,
Shu ishga sarf qilgan aqlin, bor kuchin.
Ko’rgan-bilganlarin qoldirmay yig’ar,
Yumaloq xat qilib yozmoqlik uchun.

Ha, odam siyrati juda rang-barang,
Biri zor mehrga, biri amalga.
Kimdir o’lim bilan olib borsa jang,
Kimdir yugurdaklik qilar ajalga.

Alqissa, aytildi: — Insondir Kabir,
U hatto samoga qo’ymishdir qadam.
Lekin oqib turar qonida kibr,
Mehnatin yonida yashar nafsi ham.

So’rov tamom bo’ldi, tinchlandi osmon,
Ko’kka siyoh sochib, quyosh ham botdi.
Boshlanar ertangi kun ham begumon,
Oy chiqdi, odamlar uxlab, tosh qotdi.

UCH ZINA

Uch ajib zinadan o’tgaydir Inson,
Go’yoki g’azalning uch go’zal bayti.
Xohlar yo xohlamas, odam begumon
O’zi uchun yashar bolalik payti.

Bir kun u kamolot yoshiga yetgay,
Bu fasl hamisha umrlarga zeb.
Inson tayyor turar sinovlarga shay,
Yashaydi oilam, elu yurtim deb.

Keksalik yillarin so’rarsiz endi,
Axir tajriba bor uning qo’lida.
O’ylamang, shu bilan u to’xtab, tindi,
Inson o’zin topdi Alloh yo’lida.

BOSFOR

Ko’kda raketalar uchrashar, qara,
Quyosh-ku har kuni ko’rgazar diydor.
Bir yon Qora dengiz, bir yon Marmara,
Ikkala bahrni ulaydi Bosfor.

Jonim, sen u yonda, men-chi bu yonda,
Masofa bilmagan faqat yurakdir.
Diydor ko’rishmakka yorug’ jahonda
Nahot yana bitta Bosfor kerakdir.

YAXSHI VA YOMON

Bir ko’prikda duch keldi
Ikki odam nogahon,
Birovi Yaxshi edi,
Birovi esa Yomon.

Yaxshi odam Yomonga
Salom berdi, qo’l berdi,
Bir chekkaga surilib,
— O’ting, deya yo’l berdi.

Yomon esa o’shqirdi,
G’azabga to’ldi chunon,
Yaxshini uloqtirdi
Toshqin daryoga tomon.

Dedi:- Meni teng qilma,
O’zingga-yu zotingga.
Zor emasman, bilib qo’y,
Sening iltifotingga.

CHIROQ

Hammayoq charog’on bo’libdi, boqqin,
Bayram archasiga shodalar taqqin.
Qo’lingdan kelsa gar bitta chiroqni
Mening ko’nglimga ham, azizam, yoqqin.

ISH VAQTI

Ota yotar edi bemorxonada,
Farzandlar kelishni qilmasdi kanda.
O’g’il soatiga qarab bir oqshom
Dedi:- Ish vaqti ham tugadi, dada.

Xasta bo’lib yotgan keksa bir odam,
Ichki kiyimini almashtirar dam,
Sekingina dedi nabirasiga:
— Har holda, o’zbekmiz, chiqib tur, bolam.

VAQT

Sen birovga yaxshilik qilsang,
Qaytishini kutmagil aslo.
Abadiyat yonida, bilsang,
Unutilish bordir doimo.

Vaqt go’yoki qilko’prik, undan
Ikki emas, bir o’tiladi.
Seni eslab unutmay yurgan
Odamlar ham unutiladi.

 

Qiziqarli malumotlar
Abdulla Oripov sara she’rlari. A. Oripov sherlar to’plami