Bahor mushoirasi, Bahor haqida sherlar to’liq malumot oling

Bahor mushoirasi, Bahor haqida sherlar to’liq malumot oling

NAVRO‘Z MUSHOIRASI
Bahor mushoirasi, Bahor haqida sherlar
Mundarija скрыть

To‘ra SULAYMON

ILTIJO

Bahor kelsa, boshlanur bog‘da bulbul xonishi,

Sa’va, qumri nag‘masi, suralay tovlanishi.

Qirlarda lola sayli, qishloqlarda yilboshi:

To‘xtagay tabiatdan haqqushlar zorlanishi

Bahor, ketma mening bog‘imdan.

Qilmishi qing‘ir zotga davr qayda, davron qayda?

Vatangado kimsaga beminnat makon qayda?

Yolg‘iz otga olamda nom qayda, nishon qayda?

Bahor, sensiz sahroyu tog‘u toshga jon qayda?

Ketma, Bahor, mening bog‘imdan.

O‘lmaslikka ishora – o‘langa oshiqligim.

Saodatga ishora – zamonga oshiqligim.

Teranlikka ishora – ummonga oshiqligim,

Go‘zallikka ishora – bo‘stonga oshiqligim.

Bahor, ketma mening bog‘imdan.

Bu kun qay bir yerda qish, qayda xazon rezgilik,

Qaylarda yoz, qayda kuz, qayda jondan bezgilik.

Ko‘klamning har nafasi umrga arzigulik

Bog‘siz, bog‘bonsiz yerda ne ham qilsin ezgulik…

Ketma, Bahor, mening bog‘imdan.

Giyoh bilan qoplanmish ko‘hna qabr boshlari,

Maysadagi shudringlar – kimlarning ko‘zyoshlari?

Bu yerda yotar otam ham uzangidoshlari

Har bahor eslar uni qavmi-qarindoshlari,

Bahor, ketma mening bog‘imdan.

Yoz bo‘yi qorga zorman, qishda bahorga zorman,

Chamanda gul bo‘yiga intiqman, intizorman,

Kuz kelmay xazon bo‘lgan sevgi, guldan bezorman,

Bahorsiz ham diyorsiz el ichra benazarman.

Bahor, ketma, mening bog‘imdan.

TЕBRATAR

Qadimgi qimizchi chollar qo‘shig‘i

Shamol shamolni tebratar.

Shamol bulutni tebratar.

Bulut yomg‘irni tebratar.

Yomg‘ir tuproqni tebratar.

Tuproq maysani tebratar.

Maysa biyani tebratar.

Biya qimizni tebratar.

Qimiz yigitni tebratar

Yigit suluvni tebratar.

Suluv beshikni tebratar.

Beshik bolani tebratar.

Bola dunyoni tebratar.

QAYTA KЕTMAS BO‘LIB KЕLDINGMI, BAHOR

Yeru samovotda Navro‘z nafasi,

Bog‘u bo‘stonlarda andalib sasi,

Bu nafas, bu sasning yo‘q muqoyasi.

Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

Dastlab tong chog‘inda ko‘rgandim seni,

So‘ng Tangri tog‘inda ko‘rgandim seni,

Qizlar yonog‘inda ko‘rgandim seni.

Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

Malak holatinda ko‘rgandim seni,

Qushlar qanotinda ko‘rgandim seni,

Kuychi bayotinda ko‘rgandim seni.

Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

Hali aytilmagan ta’rifing qancha,

Sen to o‘ru qirni aylanmaguncha

Bog‘lar gulga kirmas, ochilmas g‘uncha.

Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

Qoshlari o‘smalim, ko‘zi surmalim,

Etak-etak gulli, bari burmalim,

Seni dunyoda hech kima bermalim!

Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

Sen qayta yaralish, yoshlik timsoli,

Hayot baxsh etguvchi Masih misoli.

Sensiz odamzodning ne kechar holi?

Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

To‘rt faslning tanho malikasi sen,

Tugal go‘zallikning nihoyasi sen,

Oshiq-ma’shuqlarning tamannosi sen!

Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

Yer birla osmonning tillaqoshi sen,

Aytar qo‘shig‘imning avval-boshi sen,

Oltin beshigimning safardoshi sen!

Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

Jumaniyoz JABBOROV

NAVRO‘Z   KЕLIBON…

Navro‘z kelibon, jumla jahon nozlanajakdir,

Oftob qizitib, asta-sekin yozlanajakdir.

Yashnar tabiat, dashtu adir lola ichinda,

Yurtim — chamanim o‘zgacha pardozlanajakdir.

Irmoq kuladir, yelga o‘pich bersa binafsha,

Maysa quyosh taftida tannozlanajakdir.

Bir lahza eshit qumriyu bulbulni navosin,

Sho‘x-sho‘x taralib, yallayu shahnozlanajakdir.

Qaynar sumalak, varrak uchar, to‘yu tomosha,

Dillar quvonib, soz ila parvozlanajakdir.

Javlon urishar davra tuzib necha yigitlar,

Qizlar bezanib, husn ila mumtozlanajakdir.

Dunyoda odam qadri baland, sevsa Vatanni,

Yurt ichra yana hurmatu e’zozlanajakdir.

Erkin VOHIDOV

NAVRO‘Z NASHIDASI

Yurtim!

Ilhomimga sarchashma o‘zing,

Birdek aziz menga yozing ham kuzing.

Bukun bahoringga she’r aytmoqchiman,

Vatanim, muborak bo‘lsin navro‘zing.

Yana olam bo‘ldi yashil, serfusun,

Yana qizg‘aldoqlar ochildi gulgun.

Bu yilgi ko‘klaming o‘zgacha butun,

Vatanim, muborak bo‘lsin navro‘zing.

Qattiq qishdan chiqding zax tortib, xorib,

Yerdan chiqqan kabi boychechak yorib.

Bag‘ringdan muz ketdi xamalga borib,

Vatanim, muborak bo‘lsin navro‘zing.

Qir yashil, bog‘ yashil, bo‘stondir yashil,

Bahoriy libosda jahondir yashil,

Erk yashil, istiqlol, imondir yashil,

Vatanim, muborak bo‘lsin navro‘zing.

Boshingda hurriyat quyoshing bordir,

O‘z Tug‘ro, Bayrog‘ing, Yurtboshing bordir.

Maqsading. g‘ayrating, bardoshing bordir,

Vatanim, muborak bo‘lsin navro‘zing.

Yosh chinorsan, o‘zni tutib olarsan,

«Ilik uzildi»dan o‘tib olarsan.

Yuzlab bahorlarni kutib olarsan,

Vatanim, muborak bo‘lsin navro‘zing.

Bugun dalalarga qadalgan urug‘

Inshoolloh, rizqu barakot to‘lug‘,

Ey, umid o‘lkasi, ertasi ulug‘ —

Vatanim, muborak bo‘lsin navro‘zing.

* * *

Bahor.

Barqut kiyib bezandi bog‘lar,

Sahrolar ko‘ksiga takdi qizg‘aldoq.

Quyosh etagiga oq bulut borlab,

O‘rik shoxlarida qovurdi bodroq.

Yellar olib qochdi qishning xobini,

Barglar chapak chalib uyg‘ondi shodon.

Butoqlarga qo‘nib, gul kitobini

Varaqlashga tushdi bulbul — g‘azalxon….

Bugun koinotda ezgu bir tashvish,

G‘uncha gul bo‘lay deb ko‘zin ochadi.

Musicha oldidan bir dona cho‘pni

Chumchuq uyasiga olib qochadi.

Haydalgan daladan bir xas ortmoqlab —

Chumoli yugurar — u ham tirik jon.

Shoshilib chopadi tabib irmoqlar

Yerning tomiriga quymoq uchun qon…

Ona tuproq esa kuz tashvishida,

Yuksak xirmonlarga siynasi yuklik.

Uning sokingina tin olishida

Bordir onalarga xos bir buyuklik.

Abdulla ORIPOV

NAVRO‘Z

Avval yuragingga mo‘ralaydi u,

So‘ngra kurtaklarga o‘rgatadi so‘z.

Zaminning ko‘zidan qochadi uyqu,

Demak, Bahor keldi,

Kelmoqda Navro‘z.

Qishning ahvoliga boqib hoynahoy,

Yum-yum yosh to‘kmoqda eriyotgan muz.

Jilva qilayotir tengsiz bir chiroy,

Demak, Bahor keldi,

Kelmoqda Navro‘z.

Ona bag‘ri kabi iliqdir olam,

Harir hovur ichra yayrar dala-tuz.

Qoldi puchmoqlarda xazon yanglig‘ g‘am,

Demak, Bahor keldi,

Kelmoqda Navro‘z.

Yana ko‘ngillardan rutubat ketdi,

Yana shu’lalardan qamashmoqda ko‘z.

Yana dildorlikning fursati yetdi,

Demak, Bahor keldi,

Kelmoqda Navro‘z.

Omon MATJON

“SЕNI YAXSHI KO‘RAMAN” TURKUMIDAN

Million jajji fonus yoqdi daraxtlar.

Kamalak. Yashillik. Yomg‘ir yuz foiz…

Imon keltirgayman ammo —

bu bog‘lar

yorug‘dir bizning-da sevgimiz bois.

Har og‘och, har shoxni uyg‘otdi Navro‘z,

gul bilan qitiqlab karaxt tanini.

U seni ko‘rsatdi menga.

Va bildim

yuragim qayerda joylashganini!

Oh, bahor! Zaminning so‘z erkinligi!

Maysalar kuylashar ko‘kka o‘rlashib.

Shu buyuk quvonchga jo‘r bo‘ldik biz ham

lablarim lablaring bilan birlashib.

Umr nima o‘zi!

Imon keltiray,

hikmat bu, bahordek qisqa va ayon:

Sevgi ila ma’sud onlarni o‘yla,

asil umr shuldir. Qolgani — yolg‘on…

Oydin HOJIYEVA

NAVRO‘Z

O‘riklar shoxida yondi ming chiroq,

Pushti kapalaklar qo‘ndi bodomga.

Oftob bir qizdirsa, ko‘zlari qora

Lolaqizg‘aldoqqiz chiqvolar tomga.

Jilovsiz toychokday yugurar kishnab,

Qish bo‘yi esnagan erinchoq soylar.

Bahor bisotidan ketadi yashnab,

Kelinchak uyiday ko‘hna saroylar.

Sumalak boshida kelinlar chechan

Lutfida dunyo ishq, sirga aylanar.

Yomg‘ir qo‘bizini chaladi sho‘xchan,

Somonlar tilloga, durga aylanar.

Tarnovda pat tarab oshiq musicha

Sho‘x-sho‘x muchchilashib baxshi bo‘lodir.

Kavrak ildiziyu cho‘l andizicha

Bol kirib chechaqdan yaxshi bo‘lodir.

Xazin mozoriston daraxtlari-da

Armon gullarini to‘zg‘itib porlar.

Qabrtoshning vido dastxatlarida

Xotira shu’lasin o‘qir bahorlar.

Hayot abadiydir. Hayot — g‘animat.

Dovul qoqar jarchi, bong urar Navro‘z.

Ne chog‘ sehrgarsan, ona tabiat,

Har bir hujayrada yoqasan yulduz.

Ming torli soz kabi saslanar Inson

Navro‘ziy sabolar ohangida mast.

Tongtacha bahoriy zavq ichra jahon

Bir quchoq guldasta bo‘lsa ajabmas.

Halima XUDOYBЕRDIYEVA

NAVRO‘Z XAYOLLARI

(turkum)

1

Goh o‘rmalasa ham oldinga tikka

Tutashib ketgancha qorong‘ilikka,

Goh qopqonlik qildi hurkak kiyikka

O‘zing yorishtir bu yo‘llarni, Navro‘z.

Bulbul o‘ldi. Gul-chi yondi, ochildi,

Yellarning bo‘ynidan quchdi, osildi,

Bugun u nenidir sezdi, bosildi,

Gunohidan o‘t, bu gullarni, Navro‘z.

Bu qo‘lga qon tekkan. Bu qo‘lni asti

Chopib tashlasak ham haqqi ketmasdi.

Ammo… Balki zarur birovga dasti…

O‘zing yuv bu qonli qo‘llarni, Navro‘z!

Ko‘klam gullab ketsa toshu xarsang ham,

Ko‘klam gullab ketsa qari-qartang ham,

Balo-qazolardan eng xatarli dam

O‘zing asra qizu-ullarni, Navro‘z!

Bu bemorlar tongni kutar mung‘ayib,

Ular ham boy, ketgan dard bilan boyib.

Suya, suya! Ular ketmasin toyib,

Uzma, uzma joni qillarni, Navro‘z!

2

Navro‘z, bag‘ri tilingan gul,

Oyoq osti qilingan gul,

Yaproqlari shilingan gul,

Bugun «omon» ayta kelding.

Singan bir senmas, gul yuzim,

Menam sindim. Sindi so‘zim,

Bugun yerdan uzib o‘zim

«Alyor, zamon» ayta keldim.

Nainki inson qatag‘on,

Chordarvesh, devon qatag‘on,

Aql qatag‘on, ong qatag‘on,

Sen ham ketib, qayta kelding.

Sumalakli qozonlaring

Ag‘darildi azonlari,

Chiqib changing, to‘zonlaring

Fikrimni ulg‘ayta kelding.

To‘zib, qayg‘u chekkan bir jon,

G‘urbatlarga cho‘kkan bir jon,

Boshini ko‘p eggan bir jon,

Bosh ko‘targan paytda kelding.

Ko‘karmoqda har to‘rt taraf,

Unmoq sharaf, o‘smoq sharaf!

Tosh ko‘ngylga el tik qarab

Tosh ko‘targan paytda kelding.

Endi shunday qasos-un-nard

Endi tingan, singan nomard,

Eldan ketib, fasodu, dard,

Osh ko‘targan paytda kelding.

3

Bu nurash, 6u cho‘kish faslidir,

Iztirob, g‘am chekish faslidir,

Bor dardingni to‘kish faslidir,

O‘sish fasli qachon keladi?

Til uzaygan. Gapirmoq fasli,

Qulog‘ingga gap kirmoq fasli,

Ro‘zg‘oringga naf kirmoq fasli —

O‘sish fasli qachon keladi?

Ko‘zlarimga yosh keldi tez-tez,

Ko‘zim ko‘zlab tosh keldi tez-tez,

Ruhim — egik bosh keldi tez-tez,

O‘sish fasli qachon keladi?

Nohaq kelib haqlarni quvdi,

Quvlashib pok suvlar keluvdi.

Nopok kirib oyog‘in yuvdi,

O‘sish fasli qachon keladi?

Bugunning bu yozug‘ini buz,

Sen kelding-u, o‘sdi dala-tuz,

Odamlarga o‘zing ayt, Navro‘z,

O‘sish fasli qachon keladi?

Culaymon RAHMON

NAVRO‘Z

Ey ulug‘ bobolar dastxati ila

ulug‘ kitoblarga bitilgan Navro‘z,

majusiy zakovat ne’mati bo‘lib,

zardusht olovida yetilgan Navro‘z,

milyon yil muqaddam Sharq tuprog‘ida

yangi yil bayrami etilgan Navro‘z,

rasuli akramga kumush jom to‘la

sumalak ramzida tutilgan Navro‘z,

Iskandar nayzasin tiyg‘idan zada,

Qutayba to‘pidan otilgan Navro‘z,

Chingiz otlarining tuyoqlarida

goh sayhon, goh payhon etilgan Navro‘z,

Beruniy, Firdavsiy, Xayyom so‘ziga,

Navoiy nazmiga qotilgan Navro‘z,

murtadlar xalqidan yuz burgan kezlar,

yuz burib, bahridan o‘tilgan Navro‘z,

mustabid tuzumning ajdaho misol

tubsiz halqumiga yutilgan Navro‘z,

johillar toshidan bag‘ri ming pora,

jismi ming bo‘lakka titilgan Navro‘z,

ra’nolar* zug‘midan rang-ro‘yi ra’no,

ta’qiq zindonida tutilgan Navro‘z,

bir yaltoq shoirning taklifi bilan

«Navbahor bayrami» atalgan Navro‘z,

keldingmi, boshingdan balolar arib,

ey erk nasimiday kutilgan Navro‘z,

muborak bo‘lsin bu ozod kunlaring,

qalblar qafasida tutilgan Navro‘z,

raqiblar dastidan bizni qutqazgil,

ta’qiblar dastidan qutulgan Navro‘z!

HAMAL

Nahotki, o, nahot uzilib ketdi

osmonning sanoqsiz marvaridlari?

Quyosh ruxsorini gullar unutdi,

yerni tutib ketdi yomg‘ir hidlari!

Shaftoli shoxlari nafis entikdi,

zardoli oq yuvdi o‘z g‘unchalarin;

qizlar o‘smasini himoya etdi

boshiga ko‘tarib «osmoncha»larin.

Bo‘g‘iq kuy boshladi tunuka tomlar,

kim ular nag‘masin tushunadi, kim?

Qizg‘aldoqlar – qirlar ko‘targan jomlar,

bir-biriga tegib jiringlaydi jim.

Pildirar shaharning yo‘lkalarida

bulut to‘kayotgan munchoqlar xushhol.

«Bolalar dunyosi» oynalaridan

yoprilib qaraydi qo‘g‘irchoqlar lol.

Qo‘ng‘izlar o‘rmalar panoh axtarib,

dildirab uchadi chipor xonqizlar;

ariqlar labini bodroqday yorib,

duv-duv tomoshaga chiqar yalpizlar.

Shamollar aytadi sho‘x-sho‘x latifa,

chayqalib, ag‘anab kuladi gullar.

Ajib qofiyalar qiladi tuhfa

shoirlar she’riga shoir bulbullar.

Anqir ko‘kchuchvara, ko‘ksomsalardan

yalpizlar, jag‘jag‘lar, qoqi, qichchilar…

Ikkita chumoli to‘qnash kelarkan,

quchib bir-birini, qutlab muchchilar.

Qirlarga qizlarday yoyilib ketar

yal-yal qizg‘aldoqlar, yal-yal lolalar.

Notanish bir hisdan nogoh entikar

o‘n uchdan o‘n to‘rtga o‘tgan bolalar…

* * *

Shaftolining gullariday harir, nimpushti

umidlarim bu kun manim ko‘nglimga tushdi.

Uchib kirdi dimog‘imga rango-rang hidlar,

olib ketdi meni yerdan oliy umidlar…

Ko‘rdim, xuddi bolariday g‘ujg‘on uchdilar,

gullamagan shaftolining gullarin hidlab,

isitmagan quyoshlarning nurin quchdilar,

yorug‘ kunlar yog‘dusiga mushtoq umidlar…

Ko‘rdim, ular yosh burgutday qoqib qanotin

kengliklarda, yuksaklarda qildilar parvoz.

Umidlarim e’zozladi bobolar yodin,

umidlarim tinchlik uchun berdilar ovoz!

Umidlarim uzra chaqin chaqma, guldurak,

ular – guldir, gulga havo, oftob, nur kerak,

Osmon kerak, yulduz kerak, ona yer kerak!

Yeru elga mehr kerak, yoniq dil kerak!

Umidlarim – hali ufqqa chiqmagan oftob,

umidlarim – hali meni sevmagan mohtob.

Umidlarim – hali otib ulgurmagan tong,

umidlarim – hali meni tan olmagan shon…

Shaftolining gullariday harir, nimpushti

umidlarim bu kun yana ko‘nglimga tushdi,

bu dunyoda yashash uchun umidlar kerak,

yo‘llar aro yo‘lingni top sen ham, ey yurak!..

Azim SUYUN

YILBOSHI

Bugun barobardir Kecha va Kunduz –

OLam mehvarida quyosh barqaror.

Janubiy yarim shar quchog‘ida Kuz,

Shimoliy yarim shar bag‘rida Bahor.

Xush kelding, Navro‘zim, O‘zbekistonga,

Xush ko‘rdik, moychechak, bodom gullari.

Istiqlol yuz ochgan ota makonga

Anbarlar tashiydi toza yellari.

Garchi kechalarning harorati past,

Etni junjuktirar bu tunlar garchi.

Oftobli tunlarga ixlosu havas

Olib uchib keldi navro‘zak* – elchi.

Yil – Yilboshisidan… mana, nafasi

Tumanday tarqatdi Qish jafolarin.

Jarlar, daraxtlarda qushlar uyasi

Tag‘in kutib oldi “bevafo”larin.

Men bir oshiq shoir, ko‘kda kamalak,

Qaldirg‘ochning qiyib uchishin kutdim.

Doshqozonlar to‘la halim, sumalak,

Qozoning to‘lgani rost bo‘lsin, YURTIM!

Navro‘zak – qush nomi

Muhammad RAHMON

BINAFSHA

Havolarga sochilmoqda

Oromijon bir atr.

Binafshalar ochilmoqda

Tuproq yorib qaydadir.

Ochilmoqda titrab-titrab,

Rangpargina, nafarmon.

Biz bolalar uni izlab

Bog‘ kezamiz andarmon.

— Binafshajon, qaydasan, ayt,

Ko‘rsataqol yuzingni.

Ko‘mgandirsan balki bu payt

Xoru xasga o‘zingni.

Hatlab-hatlab yurgandirsan

Ariqlarni yoqalab.

Xilvatlarda turgandirsan

Ko‘zginangni uqalab.

Kirgandirsan balki sekin,

Xalal bermay tinchgina,

Bahorgacha yerga ko‘ksin

Bosgan toklar pinjiga.

Yo biz bilan bekinmachoq

O‘ynayapsan tutdirmay.

Jo‘nar kimdir toqati toq,

Seni kutib o‘tirmay.

— Qish zahri bor hali yerda,

Yerda, — der u xo‘rsinib,

— Aldanibmiz, hali erta,

Erta, — der u xo‘rsinib.

Do‘stim, so‘nib havaslaring

Chalinibsan tumovga.

Binafshaning nafaslari

Urilmoqda dimoqqa.

Jonsarakdir qalbda hislar,

Yana olg‘a chopamiz.

Ketaversin umidsizlar,

Biz, baribir, topamiz,

Binafshajon, o‘tdi bahor,

O‘tdi yozlar, o‘tdi kuz.

Keldim bir kun dunyo bilan

Shunday yaqin, yuzma-yuz.

Ishonch menga sabot berdi,

Saboq berdi to‘zimdan.

Yuragimga kurash kirdi,

Qochdi uyqu ko‘zimdan.

Binafshajon, bugun yana,

Tuyg‘ular tirik, ziyrak.

Chorlayapsan bizni, ana,

Bo‘lib yorug‘ kelajak.

Etigimda loyi qat-qat

Qishning shaltoq yo‘llarin,

Ketmoqdaman senga faqat

Uzatgancha qo‘llarim.

Kundan-kunga yaqinroqsan,

Nafaslaring jonimda —

«Hali erta…» — Kimdir ba’zan

Ming‘irlaydi yonimda.

To‘xtamaymiz ammo bizlar,

Yana olg‘a chopamiz.

Ketaversin umidsizlar,

Biz, baribir, topamiz!

BOYCHЕCHAK

Boychechak qor bosib kelar bekovush,

G‘ofil sohillarni uyg‘otar shovush.

Do‘nib iliqlikka rutubat, sovush,

Ko‘klam bulutlarni soqqan kuni bor.

Bu tog‘lar tog‘ emas, saltanat bori,

Devlar xobgohidir qorong‘i g‘ori.

Toshlarga urilib, tinmaydi zori,

Jilg‘aning dengizga oqqan kuni bor.

Ming bir qabohatga, makrga qodir,

Zulmat gumashtasi shum Qora botir,

Yuz yil oqsa hamki daryoda Tohir,

Sandiqdan sog‘-omon chiqqan kuni bor.

Deysan: «Soyasinda sarg‘aydi yuzim,

O‘zimdan o‘tganin bilaman o‘zim».

Maysa, ildizingga tilayman to‘zim,

Dovul chinorlarni qiqqan kuni bor.

Yashamoq, yashnamoq so‘lmaganniki,

Ertadan noumid bo‘lmaganniki,

Bu dunyo kimniki, o‘lmaganniki,

Xudoning bizga ham boqqan kuni bor.

* * *

Men endi sezyapman,

Tasodif emas

Qo‘l-oyoqsiz, o‘jar cho‘qqigir —

Chirmovuqgullarning tunlar arqondan

Yuqoriga o‘rmalagani.

Zabt etib uylarni qavatma-qavat

Balkonlardan ichkariga mo‘ralagani…

Men endi sezyapman,

Tasodif emas

Muzdek beton devorlar aro

Qafaslarda sa’valarning,

To‘tilarning, bedanalarning

Paydo bo‘lgani.

Tasodifmas ularning subhi sodiqda

Havolarga raqiyalarday

Goh uzuq, goh cho‘ziq tovushlar otgani…

Men endi sezyapman,

Tasodif emas

Idorada gulibeorning

Devordagi tuvakdan o‘zini tashlab

Yelkam uzra boqqani qog‘ozlarimga…

Men endi sezyapman,

Yo‘h, ular shunchaki gul emas.

Qush emas,

Uyimizga, o‘ylarimizga

Bildirmay, sezdirmay suqilib kirgan

Tabiatning usta «ayg‘oqchilari».

Intiqom yaqin!

Qaylardadir tog‘lar ortida

Asabiy chayqalmoqda adl-adl daraxtlar,

Zangori qo‘shin.

Ular farmon kutmoqda!

Boshla!

Boshla yurishingni TABIAT!

Shavkat RAHMON

MANZARA

Oq sukunat portlar saharda,

kun nurida yonib, yaraqlab,

chopib kirar sovuq shaharga

yalangoyoq yashil daraxtlar.

Bir zumdayoq devor.tar oshib,

Ko‘chalarga tarqab ketdilar.

Darchalarga yuzlarin bosib,

bolalarday qarar kattalar.

HAMAL

Erib bitdi poyonsiz qorlar,

yana ko‘hna zamin tulladi.

Vodiydagi ulkan o‘riklar

bir kechada oppoq gulladi.

Oq bulutlar yerga qo‘ndimi,

mo‘’jizalar bo‘ldimi sodir?

Oh, naqadar ajoyib tunda

oq mash’ala ekilgan vodiy.

Endi safsar kechalarda oq

mash’alalar tutib, ulug‘vor

kengliklarda kezar chiroyli

kunduzlarni axtarib bahor.

* * *

Kunlar pisha boshlaydi yana,

ranglarini boshingda elar,

Xayolingni chaqmoqlar kabi

yoritguvchi lahzalar kelar.

Yana yaproq yozgan daraxtga,

atirgulga do‘narsan nuqul.

Kechalari chap ko‘kragingda

qafasini sindirar bulbul.

Bor kadarni yengmoqqa yana

yetib ortib qolar bardoshing.

Endi o‘zing istamasang ham

yulduzlarga tegadi boshing.

* * *

Yechib oppoq ko‘ylagani vaqt,

kiydi yashil gulli ko‘ylagin.

Yurak, uyg‘on, kapalak kabi

chechaklarga qo‘nib o‘ynagin.

Maysalarin tarab, parvozga

shaylanadi cheksiz dalalar.

O‘spirinlar quchog‘ida mast

Qirda asir tushgan lolalar.

Bog‘larda oq alanga gurlar,

telba qilar shamollar isi,

gilos gulin kiygan ko‘chada

oqib borar qizlar kulgisi.

Gurkiragan bu rangin olam

tuyg‘ularni o‘ynatib tashlar

va ajoyib kunlar umrimda

atirgulday ochila boshlar.

* * *

Subhidamda yam-yashil daraxt

derazamga yuzini bosdi,

kerishganday oynak sathiga —

gullarini ohista yozdi.

Qirchillagan shabada keldi,

ko‘pirgancha shoshib, quvonib,

Bahor, jismi ochilib, yashnab,

bosib ketdi atir tumani.

Ko‘tarilar zamindan qudrat

shabbalarning uchiga qadar,

birdan yashil shoxlarda tillo

g‘o‘ralar ham tovlanib ketar.

Go‘yo quyosh parchalanganday…

Garq qiladi olamni farah.

Har bahorda menga erinmay

yashamoqni o‘rgatar daraxt.

* * *

Ishon, odam, bahorga ishon,

qara, go‘dak kabi beg‘ubor —

minginchi bor olovday porloq

gullarini ko‘rsatar bahor.

Bahor senga ishonar, qara,

suzib chiqdi ko‘ziga yurak —

qarab turar senga intizor,

sen bahorni sevishing kerak.

Ko‘ziga boq, haydama uni —

minginchi bor qilmagin xato.

Ostonangdan ketmaydi bahor,

sen aslingga qaytmaguncha to.

Sharqiratar asov soylarin,

nafasidan ranglar ufurar,

o‘ynayverar yashil qushlarin,

gullarini yondiraverar…

BAHORNING ILK KUNIDA AYOLINI KO‘RGAN SHOIR KECHINMASI

Bu ayol…

Ko‘zimga qushday ko‘rindi,

musicha, kaptarday — surganda xayol.

Qaydanam sozladim tasavvurimni,

qushga o‘xshayverar hadeb bu ayol!

Go‘yo xob elitgan…

Suvrati so‘lg‘in,

sezdirmay jilmayar go‘yo humoylik.

So‘lish yo giryami — g‘alati to‘lqin,

ko‘zlari hazinlik yoxud xumorlik.

Bahorga o‘xshatsam…

bahor yarashmas —

bu ayol bahordan ming bora go‘zal.

Poyiga tashlashga — qalbni tarashlab,

yoniq so‘zlar kerak,

samimiy so‘zlar.

Bahorning bir zumrad bo‘sag‘asida

kaftlari qushlarday…

Ovozsiz so‘ylar.

Dunyo, bu ayolga o‘xshatadigan

bormi biror timsol qushingdan bo‘lak.

Hadikli nigohni sirli qirida

osmonni chog‘larkan qushday beg‘ubor,

sezaman,

ayolning nozik kiftida

qanday og‘ir so‘zlar,

g‘amgin so‘zlar bor.

Ko‘rinmas so‘zlarni ayol kiftidan

birma-bir olaman sehrgar kabi.

Qo‘llari titraydi ayolning birdan,

ko‘zlari titraydi,

titraydi labi…

Go‘yoki parvozdan oldingi holat;

nozik kaftlarida eng so‘nggi malol —

go‘yoki so‘nggi so‘z,

og‘ir so‘z qolgan,

so‘nggi so‘zni olsang,

uchguday ayol…

Usmon AZIM

BAHORGI BOG‘

1

O!.. Olamdan to‘kildi gunoh!

Oralagan bog‘larga sanmi —

Gullaysanmi shunaqa, Olloh,

Olloh, shunday ko‘karasanmi?!

Yomg‘irlaring bir dunyo xitob!

Olam qayta yaraldi — yangi!

Mening qaysi «oh»imga javob —

Yig‘laysanmi shunaqa, Tangrim?

Sen — saxiysan, mehrdir boring…

Gullashingu yig‘lashing — oshkor…

Men — bir to‘zg‘in maysangman, Tangrim,

Men — bir qatra yoshingman, Jabbor.

2

Zirqiradi ildizim — tuproq

Zarrasini arang ko‘tardim.

Hali qorlar bo‘lmasdan adoq,

Sabrim yetmay, Tangrim, ko‘kardim.

Turfa ko‘kat yerdan qalqidi,

Tevaragim to‘ldi ziyoga.

Men ham bitta giyoh talqini —

Qarindoshman hamma giyohga.

Beparvodir bahor gullari:

Xush lahzaga tashlab ixtiyor,

Yomg‘irlarga tutib qo‘llarin —

Ochilishdi menday baxtiyor.

Baxtli bo‘ldim mehringdan men ham,

Chaqmoqlarda yorishdi yuzim —

Teraklarda erksevar ko‘klam

O‘rmalarkan ko‘klarga uzun.

Bog‘laringda turarkan to‘lib,

Boshlarimga urildi tuman.

Angladim, bu — tumanmas, bulut,

Angladimki men ham, tog‘lardan.

Erib bitdi qishning munglari —

Mahv bo‘ldingmi sen ham oxir, marg?

Navdalarning so‘lu o‘nglari —

Kurtaklari sachrab ochdi barg.

Yer yumshadi ona bag‘riday,

Sochil, Hayot!— davroning keldi.

O, bahor ham olqish — tangridan —

Ko‘karguvchi zamoning keldi.

Telbalik qil, barq ur, yashillan,

Gulla!— nuru bo‘yga qorishib.

Asablarim, qara, yashindan —

Jismu jonim borar yorishib.

Ko‘kka boqdim — ko‘zim yo‘liqdi —

O‘tmoqdadir turna galasi.

3

Yeru ko‘kni ko‘mding ziyoga —

Mehru shafqat ko‘rgazding, Jabbor.

O‘sayotgan har bir gayohda

Bandalarga talpinishing bor.

Mana, mening charchoq boshimga

Telba-telba yomg‘iring quydi.

Bir uyg‘onish tuydim loshimda —

Mehri qattiq ko‘k meni suydi.

Olov otib ketdi ko‘zimga

Umri qisqa, jununvor yashin —

Men ko‘nglimni ko‘rdim o‘zimda —

Ruhim tortdi nogoh yam-yashil.

Xayolimning adirlarida

Bag‘rini qon etdi qizg‘aldoq.

Mening g‘amgin satrlarimda

Qanot qoqdi bir qushcha sayroq.

Yo‘q, achinmay qo‘ydim qadrimga —

Men yo‘qdirman! Men — sening nolang!

Jabbor! Bir qush yig‘lar satrimda —

U meningmi, yo sening nolang?..

Tizilishdi — o‘pkam to‘liqdi,

“Qur-yey”…— oqdi ko‘zim jolasi.

Kelin tonglar salqinlarida,

Shabnamlarda pochalarim ho‘l,

Kezarkanman chorbog‘laringda —

Tangrim, sezdim, hali qalbim mo‘l…

Zirqiradi ildizim — tuproq

Zarrasini ozod ko‘tardim.

Bir ko‘rgani ro‘yingni bu choq

Men ko‘kardim, Tangrim, ko‘kardim…

4

Endi menga emas munosib

Yuragimni oshkora yoqmoq.

Yarashadi — aqldan ozib

Ko‘kragimga bekingan chaqmoq;

Yo tomosha etmoq — quvonib —

Dilda uchgan kapalaklarni;

Ham izlamoq nogoh uyg‘onib —

Tushimdagi kamalaklarni;

Yoki bizni nurga undagan

Haq aytgan chog‘ haqiqat so‘zin —

Boshni shartta qo‘ymoq kundaga

Birodarlar uchun ham o‘zim;

Nafrat otin yo‘lda qantarmoq —

Adashganga mehr nurin sochib

Va yurakni tanga qaytarmoq

Hujayralar zehrini ochib…

Ey, o‘zini menga baxsh etgan

Umr! Tavba ko‘ksimda uryon.

Shamolimda sovrilib ketgan

Kunlaringni qaytaray qachon?

Yulduzlarni borar oqizib,

Boshim uzra yo‘lovchi dunyo…

O‘tmoq nega, axir, gard bo‘lib,

Men, axir, dard bo‘lmoqchiman, o!

Xabar bergin, ko‘nglim, falakka —

Men yangicha yashay boshladim:

Yoqamgamas, qara, yurakka

Sizib tushar achchiq yoshlarim.

5

Mayli, osmon boshimda xira,

Bahorimda chillaning qishi —

Menga muhim chalkashlik ichra

O‘z-o‘zimni anglamoq ishi.

Shafqatning keng chorbog‘larida

Bar daraxtday gulladi mehrim.

Nafratning chars qiynoqlaridan

Qutilmoqda yurakning sehri.

Ruhning sokin girdibodida

Uchar ekan tanning kullari,

Istaymanki, dilning dodiga

Sado bersin hayot gullari.

Men ko‘nglimni gul kabi uzdim!

Tangrim, yubor gulga zor kasni…

Tangrim, qanday o‘yinni buzdim —

Hech kimga gul kerak emasmi?

6

Tovushini yo‘qotgan emas,

Yurak hamon devona hofiz.

Faqat uning yonida bssas

Paydo bo‘ldi dono Kaykovus.

Hamon tunlar to‘lg‘aydi navo,

Qovurg‘alar — chanqovuz — tanda.

Faqat oshiq dilda uyg‘ondi

Tazarruga bosh ekkan banda.

Shafqat tanni zabt etdi-oldi,

Chohdan chiqdi hamma so‘zlarim.

Mening jismim tamom yo‘qoldi —

O‘tkirlashdi faqat ko‘zlarim.

Yurak endi avjlarni qo‘yib,

Past pardada kuylar shikasta —

Jonu jismim ketaru kuyib,

Yoshlarimni artaman asta.

Qalbdan toshday og‘ir ko‘chgan she’r

Hayotdami, o‘limda ko‘proq?

Anglamayman, zalvorlimi Yer,

Yo kaftdagi bir hovuch tuproq?

Ushbu she’rni bitarkan, armon

Yuragimga takror buyurdi:

— Bemalol uch — uzoqdir osmon,

Yer qattiqdir — bemalol yurgin.

Xurshid DAVRON

BAHOR SHE’RLARI

* * *

Men ertaga juda erta

Tinch uyqumni buzaman.

Oq ko‘ylagim kiyaman-da,

Dalalarni kezaman.

Yashilgina maysalarning

Bandlariga bosib lab,

Erkalayman qizaloqday,

Qulog‘iga shivirlab.

Keyin oyning yelkasiga

Qo‘limni qo‘yib beun,

Yuragimni ochaman,

Oydin bo‘lar o‘sha tun…

* * *

Hali osmon dilimday xira,

Hali quyosh ham g‘ira-shira.

Ko‘zlarini uqalar tolzor,

Hali quyosh o‘zi taftga zor.

Qish va bahor o‘rtasi bir kun.

Kutgil, yurak, erta tong payti

Kurtaklarni tashlab ketar tun

Va osmonda quyosh gullaydi.

* * *

Tunda silkitarkan daraxtni shamol,

Daraxtlar titrarkan mahzun, bukchayib,

Daraxtzor qoshiga kelar bir ayol,

Nozik oyoqlarin shabnamga chayib.

U gullar sochadi hovuch-hovuchlab,

Hayratga to‘ladi armonli bog‘lar.

U kuylay boshlasa, gullarni tishlab

Uyg‘ona boshlaydi qurigan shoxlar.

MЕN DARAXTGA AYLANDIM TUNDA…

Men daraxtga aylandim tunda

va aksimni ko‘rdim osmonda.

Yulduzlarni shoximga o‘rab

boqdim: navo oqdi yaltirab.

Kapalakday uxladi dunyo,

uxlamadi men kabi daryo.

Men daraxtga aylandim tunda –

tongga qarab o‘sdi shoxlarim.

* * *

Hali kurtak bo‘rtgani yo‘q,

Hali uzoqdir bahor,

Epkinlar yelmaydi sho‘x,

Pastqamlarda yotar qor.

Hali yuksak tog‘larning

Oppoq qordan sallasi.

Uyg‘otmagan bog‘larni

Hali quyosh yallasi.

Qorlar erir baribir,

Tarqaladi tumanlar,

Ochiladi misli sir

Gulga to‘la chamanlar.

Sharqdan kelgan shaboda

Bahorni olib kelar,

Yuraklarni o‘sha on

Quvnatadi sho‘x yellar.

Jamolini ko‘rsatar

Tiniqlashib hur osmon,

G‘uncha yozib chechaklar

Yashnaydi alvon-alvon.

O‘sib chiqqan maysalar

Cho‘zar yerdan tilini,

Tollarni yaproq bosib

Bukar adil belini.

Ammo hech kim bularni

Sezmagaydir hech qachon,

Agar dilda sevgining

Ochilmasa gullari.

BAHOR KAPALAKLARI

1

Ol chechaklar uyg‘ongan choqda

Kapalakka aylangan qalbim,

Uchib yurar yashil o‘tloqda

Bolalarning qo‘shig‘i kabi.

2

Erta tongda bizlarni quyosh

Chorlar bahor quchog‘i tomon.

Unut bo‘lar alam va ko‘zyosh,

Jo bo‘ladi dilimga osmon.

3

Gullar chala boshlar qo‘ng‘iroq,

Bu sas dilni qitiqlab uchar.

Olislarda qush sayragan bog‘ –

Bolaligim yodimga tushar.

4

Yulduzlarni oralab uchar

Kapalagim – porloq to‘lin oy.

Uyqusirab qichqirar qushlar,

Faqat bedor sharqiraydi soy.

* * *

Oltin yomg‘ir yog‘ib

O‘tdi. Bahor-da!

Bo‘tana shiddatlar

Oqdi anhorda.

Shaftoli gullarin

Iskadim bog‘da –

Seskandi yuragim,

Qoldi titroqda.

Sig‘madim. Dalaga

Chiqib ketdim men.

Olis adirlarga

Shoshib yetdim men.

O‘tloqda yastanib

Uzoq o‘y surdim –

Mangu bir qo‘shiqday

Tuyuldi umrim.

* * *

Tuni bilan devor yoqalab

Yurib chiqdi shashqaloq bahor –

Tuni bilan erib, yupqalab

Tarnovlardan yerga tomdi qor.

Tuni bilan bog‘dagi tolning

Vosil bo‘ldi qishki tushlari.

Ko‘kragini tilib shamolning

Novdalarning chiqdi tishlari.

Tuni bilan daradagi qor

Ko‘chdi qora jarliklar tomon –

Tuni bilan yulduzlar changin

Qorlar uzra sepdi yosh osmon.

Tuni bilan boqib intizor

Kutib oldim bahor oftobin.

Ammo olib kelmadi bahor

Men unutgan so‘zlar kitobin.

Muhammad YUSUF

KO‘KLAMOYIM

Ozod Sharafuddinovga

Sochimda oq, men bahordan o‘tindim:

Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.

Qor qo‘ynida seni qo‘msab o‘kindim,

Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.

Ko‘nglimga ko‘k binafshalar sochilsin,

Kokiliga tolpopukdan soch ilsin,

Boychechakka borar yo‘llar ochilsin –

Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.

Fasl boshi, ham oxiri o‘zingsan,

Majnunlarning yo‘ldoshi ham o‘zingsan.

Laylilarning sirdoshi ham o‘zingsan,

Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.

Kel-da endi sog‘intirmay odamni,

Sen yo‘g‘ingda bir g‘am bosdi yelkamni,

Qorlar kurab ko‘mib keldim otamni…

Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.

Ko‘king bilan kiyintiray dalamni,

Oyoqyalang suyuntiray bolamni,

O‘zing olgin ko‘ksimdagi alamni,

Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.

Ginam yo‘qdir kuzda ketgan oqqushdan,

Iymanmasin qayta eshik qoqishdan.

Qumri bilan birga chiqdik biz qishdan,

Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.

Jon ustida asrab yuray ko‘kni men,

To‘yib-to‘yib ko‘zga suray ko‘kni men.

Yana senga yetamanmi-yo‘qmi men,

Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.

Dil yayrasin dala-dashting yasanib,

Yalpizlaring suv bo‘yiga yastanib.

Ikki misra bayt bitay bir maqtanib,

Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim!..

Iqbol MIRZO

NAVRO‘Z QO‘SHIG‘I

Bahorni bilmagan ellarni ko‘rdim,

Bir chechak kulmagan yerlarni ko‘rdim.

O‘zingni sog‘inib keladi navro‘z,

Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,

O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Chuchmoma chayqalib, chalar qo‘ng‘iroq,

Hayot hidin sochar uyg‘ongan tuproq,

Ildiz suvratini chizadi chaqmoq,

Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,

O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Mehmonni chorlaydi sumalaklaring,

Qizlaring bog‘laydi jamalaklarin.

Saodatga ko‘prik kamalaklaring,

Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,

O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Ey, kafti qadog‘u ko‘ngli yumshoq el,

Quyoshda qoraygan, yuragi oq el,

Duoga qo‘l ochgan, tilagi oq el,

Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,

O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Muqaddas yering bor, qutlug‘ osmon bor,

Suyangan tog‘ing bor, dilda iymon bor.

Ulug‘ bog‘istonga buyuk bog‘bon bor,

Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,

O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Nurulloh OSTON

NAVRO‘Z

Ariqlarni yalpiz atri qildi ishg‘ol,

Allaqaydan qarlug‘ochlar keldi xushhol,

Yechib qishni egnimizdan dedik, xush qol,

Kel-ey Navro‘z, tashrifing xush, safo bo‘lsin.

Urib nayson, tirqirar gul og‘ochlarda,

Bo‘sa ta’min tuyar qizlar ravochlarda,

Ne xushnudlik erur bu sanduvochlarda

Ki ko‘ngil rishta payvandi vafo bo‘lsin.

Tog‘u tug‘yon, dasht-u dala qo‘zg‘alipti,

El labida qo‘shiq-yalla qo‘zg‘alipti,

Kelinchakli uyda alla qo‘zg‘alipti

Ko‘ngilga ishq gulobidin navo bo‘lsin.

Do‘stmi-yog‘iy, siylayverar mehmonini,

Boshga bolish qilib uxlar ketmonini,

Bir umrga yamab o‘tar chakmonini

Shu el mardumig‘a hamdu-sano bo‘lsin.

Chuchmomalar chayqaladi bezak yanglig‘,

Ahyon o‘tgay izg‘irinlar kuzak yanglig‘,

Allakimlar turar kaltakesak yanglig‘,

Bu kaslarga chayon fasli ravo bo‘lsin.

Yosh vujudlar neni qo‘msar, tug‘yondadir,

Tun yarmida bolish quchib uyg‘onadir,

Bu ko‘ngilda azaliy bir cho‘g‘ yonadir,

Kel-ey Navro‘z, kelganing xush, safo bo‘lsin.

kh-davron.uz

Sherlar
Bahor haqida sherlar, Bahor mushoirasi