Tulki bilan bo’ri to’liq malumot oling
Qadim zamonda bir chol bilan kampir bor ekan. Ularning bir ola sigiri bor ekan. Kunlardan bir kuni chol:
— Ey kampir ola qopning unidan, ola sigirning moyidan bir ko’mach qil, — debdi.
Shunda kampir ola qopning unidan, ola sigirning moyidan bir katta ko’mach qilibdi. Ko’machni olib kelib chol-kampir ikkovi o’rtaga qo’yibdilar. Shunda kampir:
— Qani, chol, sindiring, — debdi. Chol:
— Kampir, siz sindiring, — debdi. Kampir yana cholga:
— Ey chol, siz sindiring, — debdi.
Shunda chol «bismillo» deb sindirmoqchi bo’lgan ekan, ko’mach qochib qolibdi. Ko’mach g’ildirab qocha beribdi, chol-kampir uning orqasidan quva beribdi. Qo’rg’onni uch aylanishibdi. Ko’mach darvozadan chiqib, ko’chaga qochibdi. Ko’chaga chiqqanda, chol-kampir etolmay qolibdi.
Ko’mach qochib bir yilqichining uyiga boribdi va uni chaqiribdi:
— Ho’, yilqichi, men ola qopning unidan, ola sigirning moyidanman. Meni e, meni e, meni emasang, ota-onangning etini e, — debdi.
Shunda yilqichi ko’machni ushlab emoqchi bo’libdi. Ko’mach qochibdi. Yilqichi bir otini minib, bir otini etaklab, ko’machni quvib qolibdi.
Ko’mach qochib bir podachining oldiga boribdi. Ko’mach podachini chaqirib:
— Ho’, podachi, men ola qopning unidan, ola sigirning moyidanman, meni e, meni emasang ota-onangning etini e, — debdi.
Shunda podachi, ko’machni emoqchi bo’lib, unga tomon yuribdi. Ko’mach qochibdi. Podachi bir ho’kizni minib, bir ho’kizni etaklab, ko’machni quvib qolibdi, lekin u ham ko’machga etolmabdi.
Ko’mach ketayotgan ekan, yo’lda bir tulki uya kovlab turgan ekan. Ko’mach tulkini chaqiribdi:
— Ho’ tulki, ola qopning unidan, ola sigirning moyidanman, meni e, meni emasang ota-onangning etini e, — debdi.
Ko’mach shu erda turib ikki marta chaqirsa ham tulki hech qaramabdi, eshitmagandek bo’lib tura beribdi. Shunda ko’mach tulkiga yaqinroq kelib:
— Ho’ tulki, men ola qopning unidan, ola sigirning moyidanman, meni e, meni emasang ota-oiangning etini e, — deb baqiribdi.
Bir vaqt tulki ko’machga qarab sekin qulog’ini qoqibdi. Tulki aytibdi:
— Mening qulog’im kar, hech nimani eshitmaydi. Qulog’imni tutib turay, sen gapir, shunda eshitaman.
Ko’mach tulkining yoniga kelibdi. Tulki unga qulog’ini tutib turibdi, ko’mach uning qulog’i tagiga kelib turib:
— Ey tulki, meni e, meni e, meni emasang, ota-onangning etini e, — debdi. Tulki lip etib ko’machni ushlab olibdi.
Tulki ko’machning bir chekkasidan teshib, mag’zini eb olibdi, keyin teshikni mahkam qilib berkitib qo’yibdi. Tulki ko’machni ko’tarib bir qo’ychivonning oldiga olib boribdi:
— Ey qo’ychivon, men senga bir sovg’a olib keldim, — debdi. Qo’ychivon:
— Nima berayin? — debdi. Tulki:
— Bir yaxshi qo’zi berib ola qol.
Qo’ychivonning qorni och ekan, bitta qo’zi berib, haligi ko’machni olibdi. Tulki:
— Ey qo’ychivon, men qo’zini etaklab o’sha qirdan oshib ketganimdan keyin, ko’machni sindirgin, — deb tayinlabdi.
Tulki qo’zini etaklab qirdan oshib ketibdi. Qo’ychivon ko’machni sindiribdi, qarasa, uning mag’zini tulki eb qo’ygan ekan. Qo’ychivon juda xafa bo’libdi.
Tulki qo’zini etaklab ketayotgan ekan, birdan uning oldidan o’rtog’i bo’ri chiqib qolibdi. Bo’ri qo’zini ko’rib xursand bo’libdi:
— Ey tulki o’rtoq, qo’zini necha pulga olding? — deb so’rabdi.
— Qo’zini falon pulga oldim, — debdi-yu, o’tib keta beribdi.
Tulki qo’zini uyga olib borib bog’lab, o’zi qirga o’t o’rib kelishga ketibdi. Tulki qirdan bir tutam shuvog’ o’t olib kelib, uyda turgan qo’zini chaqiribdi:
Uydan-uyga yugurdim,
Uy shuvog’in sug’urdim,
Qirdan-qirga yugurdim,
Qir shuvog’in sug’urdim.
Jonivorim, qo’zichoq
Eshikni och, eshik och.
Qo’zi:
— Ma-a-a, — deb yugurib kelib eshikni ochibdi. Tulki olib kelgan shuvog’ o’tni qo’zining oldiga qo’yibdi. Qo’zi shuvog’ni eb yotibdi.
Kunlardan bir kuni bo’ri tulki o’rtog’ini poylab qolibdi. Bo’rining maqsadi tulki o’rtog’ining qo’zisini eyish ekan. Bo’ri poylab o’tirgan ekan, tulki qirga chiqib ketibdi. Bo’ri tulkining o’yiga kelib, mo’ridan tushibdi. Uyga kirib olgach, qo’zini burda-burda qilib ebdi, qo’zining kallasini o’rta ustunning tagiga qo’yibdi. To’rtta oyog’ini uyning to’rt burchagiga qo’yibdi. Keyin bo’ri yana mo’ridan chiqib jo’nab ketibdi.
Bir vaqt tulki qirdan byr bog’ shuvog’ni ko’tarib, elib-yugurib, qizarib-bo’rtib, sekin-sekin yo’talib, zshik yoniga kelibdi, qo’zichoqni chaqiribdi:
Uydan-uyga yugurdim,
Uy shuvog’in sug’urdim.
Qirdan-qirga yugurdim,
Qir shuvog’in sug’urdim.
Qo’zi eshikni ochmabdi ham, tovush chiqarmabdi ham. Tulki uch marta chaqirsa ham qo’zichoqning «ba-a» degan ovozi kelmabdi. Shunda tulki shoshilib eshikni buzib uyga kiribdi.
Uyga kirsa, qo’zining kallasi o’rta ustunning tagida yotganmish. To’rtta oyog’i uyning to’rt burchagida yotganmish. Tulkining kayfi uchib ketibdi.
— Ey badbaxt bo’ri, yo’lda etaklab kelayotganimda qo’zini ko’rgan eding, «qo’zini qanchaga olding?» deb so’ragan eding, sen so’raganingdayoq, qo’zini eb qo’yishing ko’nglimga kelgan edi, — deb tulki ko’p achinibdi.
Tulki bo’rini bir boplayin deb o’ylabdi, uyning to’riga o’ra kovlabdi. O’raning ichiga tosh ko’mirning cho’g’idan tashlab qo’yibdi, og’ziga bir kichkina yog’och qo’yib, uning ustidan bo’yra yopibdi. Bo’yraning ustidan bir ko’rpacha solibdi. Shu kuni qo’zining kalla-pochasini qozonga solib, qaynatib qo’yibdi. Keyin bo’ri o’rtog’ining oldiga kelibdi:
— Ey bo’riboy, men bugun sizni ziyofat qilmoqchi edim, biznikiga boring, — debdi. Bo’ri aytibdi:
— Ey o’rtoq, bugun mening tobim yo’q, kasal bo’lib qoldim, boshim og’rib, zo’rg’a yotibman.
Tulki:
— Ey o’rtoq, turing, kechagi qo’zini so’ygan edim, bugun uning kalla-pochasini pishiryapman, borib issiq-issiq sho’rva ichsangiz tuzalib ketasiz, — debdi.
Shunday qilib tulki bo’rini qo’yarda-qo’ymay, surgab uyiga olib boribdi. Uyga kirgach, tulki bo’rini to’rga taklif qilibdi. Bo’ri borib ko’rpachaning chekkasiga o’tiribdi.
Tulki:
— Ey o’rtoq, chekkaga o’tirib qoldingiz, tortinmay bahuzur yozilib o’tiring, — debdi.
Bo’ri turib ko’rpachaning o’rtasiga o’tirayin degan ekan, tulki bo’yraning chekkasidan tishlab turib bir silkibdi, shunda o’raning og’ziga qo’yilgan kichkina yog’och tushib ketibdi. Bo’ri ham shu onda o’raga tushib ketibdi. Tulki ko’chaga qochib chiqib ketibdi.
Bo’ri o’raning ichida shoshib qolibdi, irg’ib chiqaman deb sakraganida, chalqanchasiga cho’g’ ustiga ag’anab tushibdi. Bo’rining badanidagi hamma junlari kuyib, qip-qizil go’shti chiqib ketibdi. Bo’ri axiri sakrab-sakrab kuygan holda o’radan chiqibdi. Chiqsa tulki qochib ketgan ekan. Bo’ri bir qirning ostiga kelib, burnidan suvi oqib, o’lay-o’lay deb yotibdi.
Keyin tulki boshqa tusga kirib, bo’rining oldiga kelibdi. Undan hol-ahvol so’rabdi.
Bo’ri:
— Mening bir tulki o’rtog’im bor edi. Uning bir qo’zisi bor edi. Shu qo’zisini eb qo’ygan edim. Tulki meni aldab o’raga tashladi va o’zi qochib ketdi. Endi azob eb shu erda yotibman, — debdi.
Tulki unga achingan bo’lib:
— Bay-bay, yaxshi ish qilmabdi-ku, nahotki shunday azob bersa, — debdi. Bir ozdan keyin tulki yana:
— Men tabibman, bunday yaralarning ko’pini tuzagganman, dorisi mana shu changal tikanlarning orasida yugura berish, changalzordagi tikanlar mana bu badaningizdagi zardoblarni oqiza beradi. Siz uch qunda tuzalib ketasiz, — debdi-yu, keta beribdi. Shunda bo’ri o’rnidan turib, tabib aytganini qilib, changalzorning ichiga kirib yugura beribdi. Bo’rining badanlari teshilib, go’shtlari yulinib, avvalgidan ham ko’p azoblanibdi, o’ladigan bo’lib yotib qolibdi. Tulki boshqacha turlanib, o’zini tanimaydigan qilib, bo’rining oldiga kelibdi, undan hol-ahvol so’rabdi. Bo’ri:
— Kecha bir tulki kelib, changalzorda yugursang, tuzalasan, degan edi, men elib-yugurgan edim, oxiri o’ladigan bo’ldim, — debdi. Tulki:
— Ular tog’ tulkisi, biz qir tulkisi, ular davolashni bilmaydi. Men bilaman, — debdi. Keyin bo’rining tomirini ushlab turib:
— Siz, kulga ag’anay bering, tuzalib ketasiz, — debdi-yu, yana o’z yo’liga ketaveribdi. Bo’ri yotib, kulga ag’anay beribdi, badanidagi yaralarga kul kirib, juda azob tortibdi, badanining achishganiga chidayolmay dodlab yotibdi.
Ertasiga bo’ri yaraking alamiga chidolmay dodlab yotgan ekan, tulki yana boshqacha tusga kirib oldiga kelibdi:
— Ey bo’riboy, nima bo’ldi sizga? — deb so’rabdi. Shunda bo’ri aytibdi:
— Mening bir o’rtog’im bor edi, uning bir qo’zisi bor edi. U qo’zini eb qo’ygan edim. O’rtog’im meni ziyofat qilaman, deb uyga boshlab bordi, meni aldab o’raning tepasiga o’tqazib, chuqurga tushirib yubordi, o’zi qochib ketdi. O’rada cho’g’ bor ekan, badanim kuyib qoldi. Men chidolmay yig’lab yotsam, bir tulki keldi. Bu tulki: «Men tabibman, sen changalzorga kirib yugura bersang, tuzalib ketasan», dedi. Changalzorga kirib yugurdim, tikanlar kuygan badanimni shilib yubordi, o’ladigan bo’ldim. Og’riqqa chidayolmay yotgan vdim, yana bir tulki keldi. U: «Seni changalga yugurtirgan tog’ tulkisi ekan, men qir tulkisiman», deb kulga ag’anashga buyurdi. Men kulga ag’anagan edim, kul badanimning yaralariga tegib juda achishtirdi. Og’riqning alamiga chidolmay undan battar o’ladigan bo’ldim, — debdi.
Shunda tulki aytibdi:
— He, ilgarigi tabib tog’ tulkisi, keyingi tabib qir tulkisi, men uy tulkisi bo’laman. Bunaqa jarohatni men bilaman, — debdi-da, bo’rining tomirini ushlab ko’rib:
— Sen daryoning muzini o’yib, tagidan kosada suv olib tong otguncha boshingdan quya bersang tuzalasan, — debdi. Bir oz turkb u ham o’z yo’liga jo’nab ketibdi.
Bo’ri daryoning muzini teshib, muzning ustiga o’tirib, olib, kosada suv olib boshidan quya beribdi.
Bir ozdan so’ng bo’rining badani muzlab qolibdi. Bo’ri bunga chidayolmay, qochmoqchi bo’lib, turayin desa, dumi ham, o’tirgan o’rni ham muzga yopishib qolibdi. Axiri bo’ri muzdan qutulolmay tirjayib o’lib qolibdi. Tulki o’rtog’idan xabar olgani kelibdi:
— O’la, sen nafsingni tiymading, men yomonligimni qo’ymadim. Sen nafsingni tiyganingda edi, men yomonligimni qo’yar edim. Bunday xor bo’lib o’lmas eding, — debdi tulki.
Ertaklar
Tulki bilan bo’ri