Uch shahzoda to’liq malumot oling
Qadim zamonda bir podsho bo’lgan ekan. Uning uch o’g’li bo’lib, uchalasi ham bir-biridan aqlli, dono va dovyurak bo’lgan ekan. Pod¬sho qarib, qolgan umrini yolg’izlikda, toat-ibodatda o’tkazishga qaror qilibdi. Lekin o’miga qaysi o’g’lini podsho qilib tayinlashni bilmay, o’ylanib qolibdi. Uzoq o’ylabdi, baribir o’g’illarining uchalasi ham bir-biridan o’tadiganday tuyulaveribdi. Oxiri podsho maslahatchilarini yig’ib, o’z fikrini ularga izhor etibdi:
— Saltanatim fuqarolarining baxtiyor yashashlari sizlarga yaxshi ma’lum, — debdi podsho. — Endi men davlat ishlaridan xoli bo’lmoqchiman, ammo uch o’g’limdan qaysi biriga saltanatimni topshirishimni va ularning ichidan qaysi biri menchalik xalqqa g’amxo’rlik qila olishini bilmay, boshim qotgan. Sizlarga farmonim shul: shahzodalarni sinovdan o’tkazib, mening o’rnimga munosibini tanlab bir to’xtamga keling-da, so’ng menga xabar qiling!
Saroy ulamolari, amaldorlari va maslahatgo’ylari o’ylab-o’ylab oxiri shahzodalarni sinovdan o’tkazish yo’lini topishibdi. Ular shahzodalarning har biriga teng pul berib, musofir yurtlariga yo’llashga ahd qilishibdi. Ulardan qaysi biri pulini to’g’ri taqsimlab xarj qilsa, o’shani otasi valiahd qilib tayinlaydigan bo’libdi. Podshoga ham bu qaror ma’qul bo’libdi.
Shunday qilib shahzodalar safarga otlanishibdi. Ular avval kemaga tushib, dengizda uzoq suzishibdi, bir joyga yetganda qirg’oqqa chiqishibdi. Shahzodalar roppa-rosa bir yildan keyin xuddi shu yerda uchrashishga ahd qilib, turli tomonga qarab tarqalishibdi.
Ikkala katta aka boylik orttirish niyatida savdogarchilik bilan shug’ullanishni ixtiyor qilishibdi. Kenjatoy esa nima bilan shug’ullanishini bilmay qirg’oq bo’ylab ketaveribdi. U uzoq yuribdi, tevarak-atroflami obdan tomosha qilibdi, keyin ko’nglini g’ashlik chulg’abdi.
Birdan tug’ilib o’sgan uyi esiga tushibdi-yu, g’amgin holda xarsang ustiga o’tirib qolibdi. Shu top uning ro’pamsida juldur kiyimii bir qalandar chol paydo bo’libdi.
— Yigitcha, qayerdan kelyapsan va qayoqqa yo’l olmoqchisan? — deb so’rabdi undan chol.
Shahzoda bo’lgan gapni unga so’zlab beribdi. Qalandar diqqat bilan eshitib turib, bunday debdi: | — Yaxshi, o’g’lim, endi senga bitta xizmat bor. Ammo bu har kimning ham qo’lidan kelavermaydi. Faqat pulga o’ch bo’lmaganning qo’lidan keladi. Agar sen o’z manfaatingnigina o’ylaydigan bo’lmasang, hamma niyatingga erishasan.
— Siz nima desangiz shu, bobo, — deb javob beribdi shahzoda.
— Yaxshi. Unda hamma pulingga bug’doy olib, mana shu qirg’oqqa keltirib to’k. Keyin to’kilgan bug’doydan har kuni ertalab va kechqurun bir qopdan olib, dengizga soch. Bordi-yu, bug’doying tamom bo’lib qolsa, sen bu yerdan hech qayoqqa jilma! — debdi chol va ko’zdan g’oyib bo’libdi.
Shahzoda qalandar chol nima degan bo’lsa, hammasini bajaribdi. har kuni ikki qop bug’doyni dengizga sochib, bir hovuchini un qilib, non pishirib yegani o’zi bilan birga chaylaga olib kirib ketar ekan. Bug’doy kamayib-kamayib, oxiri tugabdi ham. Hatto yegani bir siqim bug’doyi, sotib olay desa yonida sariq chaqasi ham qolmabdi.
U dengiz qirg’og’iga o’tirib olib, o’ziga-o’zi gapira boshlabdi: «Qanchalik noshudman! Asli uyni omadim qaytganda tashlab chiqqan ekanman. Bir firibgarga ishonib, hamma pulimni havoga sovurdim. Menga podsholik nasib etmaganiga yarasha, o’z manfaatimni ham o’ylamaymanmi!» U bu yerda ortiq qolishni istamay, ertalaboq uyiga qaytib ketishga qaror qilib, joyiga yotib uxlabdi.
O’sha kuni dengizdagi baliqlar odatdagi tortiqni behuda kutishibdi. Shahzodaning har kuni muntazam dengizga bug’doy sochib turgani uchun gala-gala baliqlar shu qirg’oqqa o’rganib qolishgan ekan. Biroq bugun hech qanaqa bug’doy sochilmaganini ko’rib, bug’doydan mahrum bo’lgan baliqlar shohi o’zining yaqinlariga qarab:
— Nima bo’ldi ekan? Bizni yarim yildan beri shirin taom bilan boqishardi, bugun birdaniga to’xtab qoldi? Bunga o’zimiz sababchi bo’lmaylik tag’in, — debdi. — Ayting-chi, shuncha vaqt bizni boqib kelgan odam bu saxovatiga yarasha taqdirlandimikan?
— Yo’q, hukmdor! — deyishibdi hamma baliqlar bir ovozdan. — Unga hech qanday mukofot yo haq berilgan emas!
— Sababini endi tushundim, — debdi baliqlar shohi. — Biz yaxshilikning qadrini tushunib yetmabmiz, shunga yarasha jazolanibmiz. Endi xatoimizni tuzatmasak bo’lmaydi. Mening sizga farmoyishim shul: hammangiz dengiz tubidan qimmatbaho toshlardan topib, ertalabgacha saxovatli valine’matimizga eltib beringiz!
Baliqlar shohining farmoyishi to’la-to’kis ado etilibdi. Tong otgunga qadar dengiz tubidan marvaridlar olib chiqib, shahzodaning chaylasi oldiga uyib qo’yibdilar. Behisob baliqlaming harakatidan dengiz tun bo’yi chayqalib chiqibdi. Tong otarga yaqin dengiz shovqinidan uyg’onib ketgan shahzoda bundoq qarasa, oldida bir dunyo marvarid uyulib yotgan emish. U bu boylikka qaysi yo’l bilan erishganini anglab yetibdi va o’ziga-o’zi: «Baxtsizman, deb bekorga noligan ekanman. Kelishilgan muddat yetgunga qadar shu yerda akalarimni kutib o’tiraman», — deb ahd qilibdi.
U bir qism marvaridni sotib, puliga bug’doy sotib olib kelibdi. Dengiz baliqlari endi avvalgidan ko’proq donlaydigan bo’lishibdi.
Bir kuni shahzoda birtalay tezak sotib olibdi-da, har bir tezakning ichiga bittadan marvaridni yashirib qo’yibdi.
Oradan bir yil o’tibdi, kelishilgan muddatda akalari ham qaytib kclishibdi. Ulardan biri bir yil davomida mato olib sotib, ancha boylik orttiribdi. Ikkinchisi baqqollik do’koni ochib, puldor bo’lib qaytibdi. Kenjatoyning tezak uyumidan bo’lak hech vaqosi yo’qligini ko’rib, akalari uni masxara qilib, rosa kulishibdi.
| — Tentak! Juda bo’lmaganda uydan olib chiqqan pulingdan tejab qolmaysanmi? Bu tezaklarning nima qimmati bo’lardi? — deyishibdi ular.
Shahzodalar yo’lga otlanishibdi, har kim o’z molini kemaga ortib, uyiga jo’nabdi. Yo’lda tezaklarni kemaga ortayotganda ham, ularni qirg’oqqa tushirayotganda ham akalari kenjatoyni kalaka qilib kulishibdi. Kemada ovqat pishirishga o’tinlari qolmaganda, akalari unga orttirgan boyligingga bizlarni ham sherik qil, deb kesatganlarida ham kenjatoy miq etmabdi. Tezaklarning ichidagi marvaridlarini ularga bildirmasdan olib, tezakni o’tin o’rnida ishlataveribdi.
Shahzodalarni uyda katta hurmat va e’ tibor bilan kutib olishibdi. Ularni saroyga olib kirishganda aka-ukalar musofirlikda yashab, olgan pullarini tejamkorlik bilan sarflaganlarini so’zlab beribdilar. Akalari orttirgan pullarini o’rtaga ishlashibdi, saroy a’yonlari va akobirlari ularni sanay boshlashibdi. Navbat kenjatoyga kelibdi. Xizmatkorlar tezaklarni olib kirib, saroyning o’rtasiga baland qilib uyib qo’yishgan ekan, saroy amaldorlari bir-birlariga qarab, miyiqlarida kula boshlabdilar.
— Sirti yaltirab, ko’zni qamashtiradigan narsani maqtash oson, — debdi shunda shahzoda. — Ammo dunyoda shunday ko’z ilg’amas narsalar bo’ladiki, ular zamirida behisob boylikni pinhon saqlaydi.
U shunday debdi-da, o’midan turib hamma tezaklarni yorib-yorib, ichidagi marvaridlarni ola boshlabdi. Saroy a’yonlari shah¬zoda oldida tobora ko’tarilib borayotgan sara marvaridlar uyumidan ko’zlarini ololmay, anqaygancha turib qolibdilar.
Shahzoda bu boylikni qanday orttirganini ularga so’zlab beribdi. Shunda kenja shahzodaning faqat aqlligina emas, shu bilan birga xudbin emasligi ham barchaga ayon bo’libdi.
— Balli! — debdi saroy a’yonlari baravariga. — Bizning yangi davlatpanohimiz bo’lishga kenja shahzoda munosib.
Shunday qilib kenja shahzoda taxtga o’tqazilibdi. U akalaridan xafa bo’lmagani uchun ularni ham yuqori lavozimlarga tayinlabdi. Uning saltanatidagi raiyat tinch-totuv va farovonlikda umr kechira boshlabdi.
Ertaklar
Uch shahzoda