BARGAK haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
BARGAK haqida malumot bilib oling.

BARGAK — 1) oʻzbek xalq amaliy sanʼatida uchraydigan barg nusxa naqsh. Ayniqsa, miskarlikda rasm boʻlgan islimiy naqshlar orasida salmoqli oʻrin tutadi; 2) sharq, xususan oʻzbek ayollarining peshona va sochiga taqadigan ziynat buyumi. Kumushdan yasalib tilla suvi yugurtirilgani «tilla Bargak» deb ataladi. Peshonaga taqiladigan Bargakning tuzilishi oʻzaro oshiq-moshiqlar bilan birlashgan 13 — 15 murabba shaklidagi yaproqchalar va yaproqchalar pastiga oʻrnatilgan shokilalardan iborat. Har bir yaproqcha markaziga turunj shaklidagi shisha koʻz oʻrnatilib, uning atrofi ikki qator feruza koʻzlar halqasi bilan oʻraladi. Markaziy va uning yonidagi yaproqchalar tepasiga atrofi feruza koʻzlar halqasi b-n oʻralgan tuxum shaklidagi shisha koʻzlar oʻrnatiladi. Markazdagi koʻz kattaligi va shaklining murakkabligi b-n ajralib turadi; uning orqa tomonida patjigʻa oʻrnatiladigan naychalari boʻladi. Koʻz va yaproqchalar tepasidan marjon (qimmatbaho Bargakda duru marvarid) lar qatori mustahkamlanadi. Yaproqchalar pastiga ikki qator — bir qator yuqori (yaproqchalar)dagi kabi atrofi feruza koʻzlar halqasi bilan oʻralgan davragullar va ikkinchi qatoriga (asosan, barg shaklidagi) shokilalar osiladi. Bargak 19 – a. da keng tarqalib, 20-a. da ham saqlangan. Toshkent, Samarqand, Buxoro B. lari mashhur boʻlgan. Shuningdek Bargakning mato (baxmal, satin, hatto moʻyna) ga tiqilgan xillari bizgacha saqlangan. Yana q. Tilpaqosh; 3) oʻmildiriqning bir boʻlagi; 4) temirchilar ishlatadigan damnshg bir qismi — tepkisi.

Ensiklopediya.uz
BARGAK