BUXORO RAQSI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
BUXORO RAQSI haqida malumot bilib oling.

BUXORO RAQSI — oʻzbek xalq raqs uslubi. Buxoro muzofotida shakllangan va rivojlanib kelgan. Harakatlarining mardonavor va shiddatliligi, qayrilish, yarim qayrilish, shox va charxlarga boyligi bilan ajralib turadi. Tizzalar sal bukilib, qomat gʻoz tutilgan, kiftlar orqaga tashlanib bosh koʻtarilgan holatda ijro etiladi. Qoʻl baʼzan tez, baʼzan mayin, egiluvchan harakatlanadi. Raqs turi va oʻyin joyiga qarab harakatlar silsilasi oʻzgaradi. Ijrochining libosi raqs obrazlariga aniklik beradi. Buxoro raqqosalari, odatda, yoqa, yeng, etaklari zehiga kashta (baʼzan zardan) tikilgan keng koʻylak, oyoqlariga poshnasi baland guldor etik kiyib, boshlariga peshonaband yoki tilla qasava bogʻlab, bilaklariga zangila, koʻkraklariga zebigardon va b. zebiziynat taqishgan. Raqqoslar kundal, adras, kimxob kabi matolardan keng qilib tikilgan kamzul yoki zardoʻzi yaktak, yakrang shoyidan salla oʻrab, oyoqlariga poshnali baxmal etik kiyib chiqqanlar. Raqqosalar, asosan, oʻrdalarda, ichkarida, xufiyona bazmlarda xizmat qilishgan; karvonsaroy, sayilgoh, toʻy kabi erkaklar yigʻiladigan joylarda raqsga tushish takiklangan. Shu sababli xotinqizlar raqsini ham erkaklar (yasama soch taqib, ayollar libosida) ijro etishgan. 20-a. boshida Rajab Ali, Joʻraxon, Ergashcha, Nurillo, Isom Shodi, Hamdamxoa, Mirzaxon, Abdurahim, Iskandar, Maston kabi mohir raqqoslar faoliyat kUrsatgan. Buxorocha uslubda yaratilgan raqslardan «Buxoro larzoni», «Buxoro buyboʻyi», «Talqin», «Ufari bayet», «Soqiynomai bayet», «Guluzorim bayoti», «Savti sarvinoz» va b. mashhur. Buxoro raqsini rivojlantirishda mashhur raqs ustalaridan Kirkigi (M. Xaimova), Chervonxonim, I. Oqilovlarning xizmatlari katta.

Ad.: Karimova R. 3., Buxarskiy tanes, T., 1977.

Muhsin Qodirov.

Ensiklopediya.uz
BUXORO RAQSI