BRYUSSEL haqida malumot bilib oling.
BRYUSSEL — Belgiya poytaxti. Brabant provinsiyasining maʼmuriy markazi. Senna daryosi boʻyida. Aholisi qariyb 1,22 mln. (1995), asosan flamand va vallonlar, koʻpchiligi katolik.
Bryussel 11-a. yilnomalarida ilk bor tilga olinadi. Luven graflari qarorgohi boʻlgan. 12-a. dan Brabant tarixiy viloyatining asosiy iqtisodiy markazi, keyinchalik Flandriya va Burgundiyaning markazi. 15-a. da Niderlandiya tarkibida Gabsburglar hukmronligiga oʻtgan. 1585-y. martda shaharni ispanlar istilo qilgan. 1714-y. B. Belgiyaning barcha hududi bilan Avstriyaga qoʻshib olindi. 1815—30 y. larda Niderlandiya qirolligi tarkibida boʻlgan. 1830-y. dan Bryussel — Belgiya poytaxti. 1914—18 va 1940—44 y. larda Bryusselni Germaniya qoʻshinlari okkupatsiya qilgan. 1944-y. sent. da AmerikaAngliya qoʻshinlari Bryusselni ozod qildi. 1967-y. dan Bryusselda Yevropa Iqtisodiy Kengashi va Benilyuks markaziy organi, NATO kengashi va uning Yevropadagi birlashgan qurolli kuchlari oliy bosh qoʻmondonligining bosh shtab kvartirasi joylashgan.
Bryussel —mamlakatning eng katta shahri, asosiy sanoat va moliya markazi, muhim transport yoʻllari tuguni. Shaharga 10 dan ortiq t. y. tarmogʻi kirgan. Xalqaro aeroport bor. Bryussel kanallar orqali mamlakatning yirik dengiz porti — Antverpen va sanoat markazi — Sharlerua bilan bogʻlangan. Bryusselda mashinasozlik (transport mashinasozligi, elektrotexnika va ayniqsa aniq priborlar i. ch.), kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, poligrafiya, mebel sanoati, hunarmandchilik (gilam toʻqish, zargarlik buyumlari i. ch. va b.) rivojlangan. Sanoat korxonalari, asosan Senna daryosi boʻyida joylashgan. Qirollik Akademiyasi (1772), unt (1834), Luven katolik unti, geografiya in-ti va b. oliy oʻquv yurtlari, i. t. institutlari, observatoriya (1827); botanika bogʻi, sanʼat akademiyasi, qirollyk kutubxonasi (1837), muzeylar, teatrlar bor. Bryusselda Butunjahon sanoat koʻrgazmalari oʻtkaziladi. Shahar markazida Gudula sobori (1220—1500), shahar boshqarmasi binosi, Qirol maydoni va b. meʼmoriy yodgorliklar saqlangan.
Ensiklopediya.uz
BRYUSSEL