BUZOQBOSHILAR haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
BUZOQBOSHILAR haqida malumot bilib oling.

BUZOQBOSHILAR (Gryllotalpidae) toʻgʻri qanotlilar turkumiga mansub hasharotlar oilasi. Q. x. ekinlarining juda koʻp turlari zararkunandasi. Uzunchoq tanasi 35—50 mm, usti qoʻngʻir, qorin tomoni sargʻishqoʻngʻir tusda; ustqanoti kalta; orqa qanotlari yaxshi rivojlangan; keng, yoʻgʻon oldingi oyoqlari yer qazishga moslashgan. Buzoqboshilar asosan yer tagida yashaydi, yer ustiga juda kam chiqadi. Tuproqda gorizontal yoʻllar qaziydi va 10—20 sm chuqurlikda tuxum qoʻyish uchun uya quradi. Qoʻngʻiz, nimfa hamda lichinka holida qishlaydi; tuxumdan 10—12 kunda lichinkalar chiqib, tuproqsa hayot kechira boshlaydi va qishlab, kelasi yili yozda rivojlanishini tugatadi. Buzoqboshilar, asosan nam yerlarda koʻproq uchraydi. Sugʻoriladigan dehqonchilik mintaqalarida sharq B. (Gryllotalpa africana P.), bir tikanli Buzoqboshilar (G. unispina Sauss) va oddiy Buzoqboshilar (G. gryllotalpa L.) tarqalgan. Buzoqboshilar poliz hamda parniklardagi ekinlar ildizi, baʼzan poyalarini kemirib, zarar yetkazadi, shuningdek qazigan yoʻllari tuprokdagi namning tez buglanib ketishiga sabab boʻladi. Baʼzan gʻoʻza, oqjoʻxori, makkajoʻxori, arpa va b. ekinlarni ham (sholidan tashqari) shikastlaydi. Kurash choralari: zaharli xoʻraklardan foydalanish; tuproqni kuzda dixloretan b-n fumigatsiyalash.

Najmiddin Mahmudxoʻjayev.

Ensiklopediya.uz
BUZOQBOSHILAR