BOLBOLLAR haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
BOLBOLLAR haqida malumot bilib oling.

BOLBOLLAR, tosh maʼbudlar — tosh haykallar yoki tosh taxtalarga boʻrttirib ishlangan odam tasviri. Markaziy Osiyo, Tuva, Oltoy, Jan. Sibir, Moʻgʻulistonning turkiy xalqlar yashagan dashtlaridagi tepaliklarga oʻrnatilgan. Ohangaron vodiysidan topilgan erkak shakli boʻrttirib ishlangan tosh taxta muhim ahamiyatga ega. Bolbollar asosan 6—8a. larda, baʼzi yerlarda 12-a. gacha rasm boʻlgan. Bolbollarni ilmiy jihatdan oʻrganishga V. V. Bartolʼd, N. I. Veseldvskiy asos solishgan.

Bolbollar qabrlar, shuningdek maxsus tepaliklarga oʻrnatilgan. Ular asosan erkak, ayrim hollarda ayol haykallari boʻlgan. Koʻpchilik Bolbollar qoʻlida idish ushlagan qurolli erkak shaklida tasvirlangan. Baʼzi olimlar Bolbollar oʻlgan odam (jumladan qabila zodagoni) ning, ayrimlari esa oʻldirilgan dushmanning tasvirini anglatadi deb hisoblaydilar.

Bolbollarga topinish va ular oldida turli marosimlarni oʻtkazish ajdodlar ruhiga sigʻinish bilan bogʻliq. Bolbollarni oʻrganish turkiy xalqlarning ijtimoiy tuzumi, urfodatlari, sanʼati, tarixi kabi masalalarni tushunishda katta yordam beradi.

Ensiklopediya.uz
BOLBOLLAR