BATISKAF haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
BATISKAF haqida malumot bilib oling.

BATISKAF (yun. bathus — chuqur va skaphos — kema) — chuqur suv ostida okeanografik va b. tadqiqotlar olib borish uchun moʻljallangan oʻzi yurar apparat. Suvdan yengil suyuqlik (benzin) toʻldirilgan korpus va poʻlat shar (gondola)dan iborat. Korpusida ballastli sisternalar va akkumulyatorlar batareyasi bor. Gondolasida Batiskaf ekipaji (1 — 3 kishi), boshqarish apparatlari, havo almashtirish tizimi, radiostansiya, ultratovush telefoni, televizion kamera va i. t. asboblari boʻladi. Tashqarisiga yoritqichlar va eshkak vintli elektr dvigatellar oʻrnatiladi. Zamonaviy Blar grunt namunasini oladigan qurilmalar, fotoapparatura va suv osti ishlarini bajarish uchun masofadan turib boshqarish manipulyatorlari bilan jihozlanadi. Qattiq ballast (odatda, poʻlat pitralar)ni tashlab yuborish va manevr sisternasidan benzinni toʻkish yoʻli bilan Batiskafning suzuvchanligi rostlanadi. Dastlabki Batiskaf (FNRS-2) ni Shveysariya olimi O. Pikkar 1948-y. da yasab, sinab koʻrgan. O. Pikkar ugʻli Jak bilan 1953-y. da «Triyest» B. ida 3160 m chuqurlikka tushgan. J. Pikkar va D. Uolsh 1960-y. da takomillashtirilgan «Triyest» B. ida Tinch okeandagi Mariana botigʻining eng chuqur (taxm. 11 ming m) joyiga tushishgan.

Ensiklopediya.uz
BATISKAF