Jalilov To’xtasin Tarjimai hol haqida malumot

Jalilov To’xtasin Tarjimai hol haqida malumot

Tarjimai hol

Taniqli bastakor, sozanda va pedagog To‘xtasin Jalilov 1896 yilda Andijonda tug‘ilgan. Juda erta musiqaga mehr qo‘ygan, o‘n yoshligidayoq Farg‘ona vodiysida «xushovoz xonanda» sifatida tanilgan, bir necha xalq cholg‘u asboblarida kuy chala oladigan T.Jalilov o‘zbek xalq musiqasining durdonalari, vokal va instrumental musiqa asoslari bilan asta-sekin tanisha bordi.

1925-1927 yillarda u Hamza tuzgan dramatik truppa jamoasi bilan kontsertlarda qatnashdi. Keyinchalik etnografik kontsert ansamblida ishlab, 1928-1934 yillarda Oxunboboyev nomli Andijon musiqa teatrida badiiy rahbar bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. Uning musiqalaridan foydalanib sahnalashtirilgan qator spektakllar sahnada uzoq umr ko‘rdi. K.Yashinning «O‘rtoqlar» dramasi musiqasini ham T.Jalilov shu teatrda yaratdi.

1934 yilda T. Jalilov Toshkent musiqa teatriga (hozirgi A. Navoiy nomidagi Opera va balet teatri) musiqa rahbari etib tayinlandi va bu teatrda musiqali dramalar yaratishda faol ishtirok etdi.

1935 yilda Londonda bo‘lib o‘tgan Umumjahon raqs festivalida qatnashdi. 1937 yilda Moskvada bo‘lgan o‘zbek adabiyoti va san’ati dekadasiga tayyorgarlik ko‘rish munosabati bilan u o‘zbek filarmoniyasiga badiiy rahbar etib tayinlangan bo‘lsa, 1940-1949 yillarda Muqimiy nomidagi O‘zbek Davlat musiqali drama va komediya teatrida badiiy rahbar sifatida qizg‘in faoliyat ko‘rsatdi va shu teatrda ijodiy kamolot cho‘qqisiga ko‘tarildi, keng madaniy jamoatchilikka katta iste’dod sohibi sifatida tanildi. Muqimiy teatrida sahnaga ko‘yilgan eng sara durdona asarlarning yaratilishida T.Jalilovning xizmatlari katta bo‘ldi.

Respublikamiz bastakorlari musiqali dramalar yaratishda T.Jalilov tavsiya etgan qo‘shiqlardan keng foydalanishgan. Uning kuylari Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Qo‘qon va respublikamiz tashqarisidagi teatrlarda sahnalashtirilgan spektakllarga asos bo‘ldi. O‘zbek musiqali drama janri kamolotida muhim o‘rin tutgan va Muqimiy teatriga shon-shuhrat keltirgan «Qurbon Umarov» (S.Abdulla, 1941), «Nurxon» (K.Yashin, 1943), «Asrlar» (Uyg‘un, 1943), «G‘unchalar» (3.Fatxullin, 1945), «Alpomish» (S.Abdulla, 1945), «Muqimiy» (S.Abdulla, 1953), «Ravshan va Zulxumor» (K.Yashin, 1957), «Tohir va Zuhra» (S.Abdulla, 1953) va boshqa asarlar uning hammuallifligida dunyoga kelgan.

B.V.Brovtsin «Tohir va Zuhra» operasini yaratishda T.Jalilov tavsiya etgan yoqimli, ohangrabo kuylardan unumli foydalangan.

T. Jalilov 200 dan ortiq xalq sevib eshitadigan dilbar qo‘shiqlarning muallifi hamdir. U o‘z qo‘shiqlarida o‘zbek xalq musiqasi uslubining o‘ziga xosligini, tabiiyligini, qochirimlarga boyligini saqlagan holda, xalq qo‘shiqlari, kuylariga yangi ohang, yangi mazmun baxsh etdi. Bu jihatdan uning Hamza, S.Abdulla, Chustiy, T.Fattoh she’rlariga bastalagan qo‘shiqlari ibratlidir.

T.Jalilovning O‘zbekistonda musiqa san’atining ravnaqidagi xizmatlari munosib taqdirlandi. 1937 yilda unga «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni berilib, bir qator orden va medallar bilan mukofotlandi.

Iste’dodli bastakor, sozanda va ustoz-murabbiy To‘xtasin Jalilov 1966 yilda Toshkentda vafot etgan.

Arboblar
Jalilov To’xtasin

manba:arboblar.uz