Mirziyoyev Shavkat Miromonovich Tarjimai hol haqida malumot
Tarjimai hol
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. 1981 yil Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlab, muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega bo‘lgan. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Mehnat faoliyatini 1981 yil Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishlagan.
1990 yil Respublika Oliy Kengashi deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Vakolat hay’ati raisi ham bo‘lgan.
1992 yil Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. 1996-2001 yillar Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan.
Ijro hokimiyati organlarida ishlash bilan birga, 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib borgan.
Sh.M.Mirziyoyev 2003 yil O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marotaba — 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.
Mamlakatimiz mustaqilligining ilk yillardanoq, Sh.M.Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yuksak ishonchini qozonib, uning yaqin safdoshi va maslahatdoshi sifatida samarali faoliyat olib bordi.
Sh.M.Mirziyoyev hukumat rahbari sifatida keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash, yirik va noyob loyihalarni hayotga joriy etish, xususiy mulkni ustuvor darajada rivojlantirish, iqtisodiyotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushini keskin oshirish hamda ularning huquqiy himoyasini yanada mustahkamlashda o‘zining yuksak salohiyati va mohir tashkilotchilik qobiliyatini namoyon etdi.
Mamlakat iqtisodiyotini industrial rivojlantirish, respublikaning eksport salohiyatini oshirish, agrar sohani tubdan isloh qilish, ayniqsa, fermerlik harakatini taraqqiy toptirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholini kafolatlangan va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash ishlariga ustuvor darajada e’tibor qaratdi.
Aholining turmush darajasi va mehnat sharoitlarini tubdan yaxshilash maqsadida, Sh. Mirziyoyev tomonidan mamlakatning barcha hududlarida keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish, davlat xizmatlari sifatini yaxshilash, respublika shaharlari va tumanlarini, ayniqsa, olis qishloq hududlarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Sh.M.Mirziyoyevning faoliyatida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bilan bir qatorda ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash tizimlarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, yoshlarning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, onalik va bolalikni kuchli muhofaza qilish ustuvor vazifa sifatida muhim o‘rin egalladi.
U o‘zini o‘zi boshqarishning noyob instituti bo‘lmish mahallaning nufuzi va obro‘sini yanada oshirish, shuningdek, boshqa jamoat tashkilotlarini demokratik islohotlarga keng jalb etish orqali jamiyatda ularning mavqeini mustahkamlash, milliy, ma’naviy qadriyatlarni e’zozlash va izchil rivojlantirish ishlariga yuqori darajada e’tibor qaratdi.
Shu bilan birga, iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni hal qilishda xorijiy davlatlar, xalqaro institutlar, xalqaro moliya institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va milliy manfaatlarga mos keladigan va mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qilgan muhim shartnomalarni tuzish ishlariga bevosita rahbarlik qildi.
2016 yil 8 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.
19 oktyabr kuni Toshkentda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII chaqiruvi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya siyosiy kengashi a’zosi Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini Prezidentlikka tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi yakunlari bo‘yicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 2016 yil 14 dekabrda rasman o‘z vazifasini bajarishga kirishdi.
Sh.M.Mirziyoyev oilali, ikki qiz, bir o‘g‘li, besh nafar nabirasi bor. Rafiqasi Z.M.Mirziyoyeva — mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-iqtisodchi, ayni paytda uy bekasi.
Sh.M.Mirziyoyev davlat va boshqaruv organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga qo‘shgan ulkan hissa uchun “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
Arboblar
Mirziyoyev Shavkat Miromonovich
manba:arboblar.uz