Mirsaidov Mirmuxsin Tarjimai hol haqida malumot

Mirsaidov Mirmuxsin Tarjimai hol haqida malumot

Tarjimai hol

Mirsaidov Mirmuxsin — yozuvchi, shoir, jurnalist. 1974 yil “Umid” romani uchun Hamza nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan, uchta orden va medallar bilan taqdirlangan. “O‘zbekiston xalq yozuvchisi”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi” va “O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi” sharafli unvonlari sohibi.

Mirmuxsin 1921 yil 3 may kuni Toshkentda tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutini tugatgan.

O‘z faoliyatini Mirmuxsin o‘rta maktabda o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchiligidan boshlagan. So‘ngra, o‘zbek radiosida, markaziy gazeta va oynomalar tahririyatida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida muharrirlik qilgan. “Sharq yulduzi” oynomasi 20 yil, “Mushtum” hajviy jurnalida 10 yil bosh muharrir sifatida faoliyat yuritgan.

Ilk she’riy to‘plami “Sadoqat” 1943 yil nashr etilgan. So‘nggi yillar davomida O‘zbekiston paxtakorlarining qahramonona mehnatlari haqidagi “Usta G‘iyos”, “Yashil qishloq” dostonlari  yaratilgan. So‘ngra, “Qadrdonlar”, “Shiroq” va boshqa dostonlari omma yuzini ko‘rgan.

Moskvada “Farg‘ona bahori”, “She’rlar va dostonlar”, “Lirik satrlar” va boshqa to‘plamlari chop etilgan. 1957 yil uning ko‘p yillik mehnat namunasi — “Ziyod va Adiba” she’riy romani o‘quvchilarga havola etildi.

Mirmuxsin yaxshi romannafis sifatida ham tanildi. U zamonaviy O‘zbekiston hayoti haqidagi “Degrez o‘g‘li” (1972), “Chotqol yo‘lbarsi” (1977), tarixiy romanlari “Me’mor” (1974), “Temur Malik” (1985) kabi hayotiy ramonlar muallifi.

“Degrez o‘g‘li” — atoqli ishchilar avlodi haqidagi kitob. Mazkur roman Butunjahon kasaba uyushmalari markaziy kengashi hamda SSSR yozuvchilar uyushmasi tanlovlarida zamonaviy ishchilar sinfiga doir eng yaxshi badiiy nasr asari mukofotiga loyiq topilgan. (1978 yil).

Yozuvchining o‘tmishga yuzlanishidan maqsad, nafaqat qahramonining fe’l-atvorini chuqur kuzatish, balki O‘rta Osiyo ishchilar sinfiga ibtido bo‘lgan, inson qiziqishining ilg‘or vazifalari sari kurash olib borgan mehnatkashlarni ko‘rsatish bo’lgan.

Mirmuxsin, shuningdek, bolalar uchun o‘ndan ortiq kitoblar ham yozgan.

A. Pushkin, T. Shevchenko, V. Mayakovskiy, N. Tixonov va boshqa ko‘plab ijodkorlarning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

1998 yil “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.

Taniqli yozuvchi Mirmuxsin 2005 yilning 2 fevral kuni 84 yoshida vafot etgan.

Arboblar
Mirsaidov Mirmuxsin

manba:arboblar.uz