AHMADBEKHOJI MEHMONXONASI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AHMADBEKHOJI MEHMONXONASI haqida malumot bilib oling.

AHMADBEKHOJI MEHMONXONASI — Andijondagi meʼmoriy yodgorlik (1905—07). Andijonlik paxta z-di egasi Ahmadbekhoji Temurbek oʻgʻli qurdirgan. Ahmadbekhoji oʻz davrida yirik savdogar, sahovatpesha boy boʻlgan. Uning mehmonxonasi qurilishida mahalliy ustalardan Yu. Musayev, Usta Toshxon, Usta Yahyo va ularning shogirdlari, bezagida S. Norqoʻziyev qatnashgan. Bino tarhi P shaklida, ochiqtomoni Gʻarbga qaratib solingan. Shim. tomoni ikki qavatli. Shim. qanot chekkasida moʻjazgina hammom bor. Bino pishiq va xom gʻishtdan, sinch asosida qurilgan. Xonalar 16 ta boʻlib, ularning oldi ayvonli. Ayvonlarning yassi tomini qator yogʻoch ustunlari koʻtarib turadi. Ayvon va boloxona shiftlari vassa juft uslubida yopilib, sir naqqoshligi bilan bezatilgan. Hamma darvoza va eshiklar anʼanaviy holda hovli tomonga qaragan. Uy tarzi yalang devordan iborat. Idora vazifasini oʻtaydigan Shim. qismi Yevropacha uslubda pardozlangan. Shifti naqshinkor ganch bilan bezatilgan katta xonalarga pechlar qurilib, koshinlar bilan sirlangan. Devorlar moybuyoq bilan pardozlangan. Ayvon eshiklarining orasiga koʻk rangda islimiy va girih naqshlar ishlangan. Yogʻoch karniz jimjimador qilib oʻyilgan.

Ahmadbekhoji mehmonxonasi hovlisi va bogʻi oʻrnida hoz. Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi bunyod etilgan. Ahmadbekhoji mehmonxonasi istirohat bogʻining tashqarisida qolgan, boyning yozgi dam olish xonasi — shiyponi esa bogʻ markazida yangi qurilgan «amfiteatr» mujassamotiga uygʻunlashtirilgan holda saqlanib qolingan. Shiyponning ichki bezagida sir naqqoshligidan foydalanilgan.

Ahmadbekhoji mehmonxonasi bir necha bor taʼmirlangan (soʻnggi taʼmir 1999—2000-y. larda bajarilgan). Mehmonxonada Andijon viloyat adabiyot va sanat muzeyining maʼmuriyati va sanʼat boʻlimi joylashgan.

Ensiklopediya.uz
AHMADBEKHOJI MEHMONXONASI