AEROFAGIYA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AEROFAGIYA haqida malumot bilib oling.

AEROFAGIYA (aero… va yun. phagein — yutmoq) — havo yutish. Ovqat yutganda qisman havo yutish tabiiy hol. Lekin quruq havo yutishga odatlanish kasallikka sabab boʻladi. Odatda shoshib va gaplashib turib ovqat yeyish, baʼzan koʻp soʻlak ajralishi natijasida Aerofagiya roʻy beradi. Surunkali gastrit, kolit, meʼda yarasi va gipotoniyasi, koronar tomirlar kasalligi, aorta anevrizmasida ham paydo boʻlishi mumkin. Emadigan bolalarning quruq teshik soʻrgʻich soʻrib yurishi ham Aerofagiyaga sabab boʻladi. Yutilgan havoning bir qismi kekirganda chiqib ketadi, qolgani meʼdani shishiradi, ichakka oʻtib, faoliyatini izdan chiqaradi, peristaltikasi buziladi, bemor qayt qilib, qorni ogʻriydi; bola ishtahasi yoʻqolib, ozib ketadi. Psixiatriyada Aerofagiya nevrozning ayrim turlarida kuzatiladi.

Davosi: psixoterapiya, soʻlak, balgam yutmaslik, ovqatlanayotganda gapirmasdan oz-ozdan ovqat yeyish, meʼdada koʻp turib qoladigan ovqat yemaslik, gazli ichimliklar ichmaslik tavsiya etiladi. Bolalarga soʻrgʻichni quruq soʻrdirmaslik, havo yutishga odatlanishga yoʻl quymaslik, qorin shishib ogʻriganda bolaning holatini oʻzgartirib, havoni chiqarib yuborish chorasi koʻriladi.

Ensiklopediya.uz
AEROFAGIYA