
ASALARICHILIK haqida malumot bilib oling.
ASALARICHILIK — q. x. ning tarmoqlaridan biri, asalarilarni asal, mum va b. mahsulotlar (asalari suti, asalari yelimi, asalari zahari va b.) olish, shuningdek q. x. ekinlari hosildorligini oshirish uchun ularni changlatish maqsadlarida boqish. Ispaniyadagi Aran gʻoridan topilgan arxeologik maʼlumotlarga kura Asalarichilik mil. av. 10 — 5-ming yilliklarda ham mavjud boʻlgan degan taxminlar bor. «Tavrot», «Bibliya» kabi diniy kitoblarda ham Asalarichilik toʻgʻrisida maʼlumotlar keltiriladi. Asalarichilik tarixida bir necha bosqichlar boʻlgan. Dastlab odamlar asalni oʻrmon va togʻlarda daraxtlarning kovaklari, toshlar yoriqlari, gʻorlarga uya qoʻygan asalarilardan olganlar. Bunday Asalarichilik terimchilik va ovchilikning bir turi hisoblangan. 1814-y. da rus asalarichisi P. I. Prokopovich romli asalari qutisini, 1865-y. da chex asalarichisi F. Grushka asalajratgichni kashf etishi bilan koʻpgina mamlakatlarda Asalarichilik serdaromad tarmoqqa aylandi. 20-a. ning 20-y. laridan maxsus Asalarichilik xoʻjaliklari paydo boʻldi.
A. Yer yuzasining barcha qitʼalarida tarqalgan. BMT maʼlumotlariga koʻra 1970-y. lar boshida jahonda 40 mln. ga yaqin asalari uya (oilalari) mavjud boʻlgan. Jahon mamlakatlarida Asalarichilik asosan 3 yoʻnalishda rivojlanmoqda: asal olish; ekinlarni changlatish; boshqa xoʻjaliklarga tarqatish uchun eng yaxshi asalari zotlarining ona arisini yetishtirish (ona asalari yetishtiruvchi xoʻjaliklar) va asalari oilalarini koʻpaytirish. A. Rossiya, Ukraina, AQSH, Meksika, Turkiya, Fransiyada ayniqsa, rivojlangan. 1887-y. da tuzilgan «Apimondiya» Xalqaro asalarichilik tashkiloti asalarichilar oʻrtasida xalqaro aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qoʻshib kelmoqda. Bu tashkilot Asalarichilikga bagashlangan simpoziumlar, kongresslar, koʻrgazmalar oʻtkazadi, 1966-y. dan maxsus xalqaro «Apiacta» jurnali nashr etadi.
Oʻzbekistonda asalarichilik mahsulotlari qadimdan oziq-ovqat va doridarmon sifatida maʼlum boʻlsada, asalarilarni qutilarda boqish 19-a. ning 2-yarmidan boshlangan. Turkistonga dastlabki asalari oilalari 1841-y. da Qozogʻistonning Semipalatinsk viloyatidan keltirilgan.
19-a. ning 2-yarmida Turkistonga oʻrta rus asalarisi, Kavkaz kulrang togʻ asalarisi, ukrain dasht asalarisi va b. olib kelingan va Oʻzbekistonda biol. si hamda foydali xoʻjalik belgilari bilan ajdodlaridan farq qiladigan asalarilar populyatsiyasi vujudga keldi. OʻzRda 154 ming asalari oilasi (kutisi) bor. Ixtisoslashtirilgan asalarichilik xoʻjaliklari tashkil etilgan. Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tizimida 48 asalarichilik xoʻjaligi (88 ming asalari oilasi), shu jumladan, «Asal» uyushmasi (1975 — 96 y. larda respublika IIB) bor (1998). Respublikadagi oʻrmon xoʻjaligi korxonalarida, «Oʻzmevasabzavotuzumsanoatxold ing» kompaniyasi tarkibida ham asalarichilik xoʻjaliklari bor. Asalarichilik b-n 20 — 50 (90%) yoki 50 — 150 (10%) quti asalarisi boʻlgan xususiy asalchilar ham shugʻullanadi. Mavsumda ikki marta — may-iyun (bahorgi) va avg.-sent. da (yozgi) asal olinadi. 1996-y. 17,1 mingtasal, 187 t mumlarda tayyorlandi. Respublikada yiliga 20 ming t dan koʻproq asal tayyorlash imkoniyatlari bor. Asalarilar asosan koʻchma usulda boqiladi. Asalarilardan q. x. ekinlarini (gʻoʻza, mahsar, kanop, urugʻlik beda va b.) changlatishda foydalaniladi. Asalarilar bilan changlatish gʻoʻza hosildorligini oʻrtacha 5,1 — 5,9 s/ga oshirishi aniqlangan.
Ensiklopediya.uz
ASALARICHILIK