AFYUN haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AFYUN haqida malumot bilib oling.

AFYUN (aslida yun. abijum — mudratuvchi, uxlatuvchi) , opiy, «qora dori»— 1) koʻknorning xomroq koʻsagini tilib qoʻyganda undan oqib chiqib, havoda qorayib qotgan, sutsimon shira. Tarkibida morfin, papaverin, kodein, tebain, narkotin va 20 ga yaqin boshqa alkaloidlar bor. Dam-badam qabul qilib turilsa, boshqa narkotiklar kabi unga oʻrganib qolish mumkin. Bu hayot uchun xavfli. Afyun preparatlari tibbiyotda ogʻriqsizlantiruvchi dori sifatida ishlatiladi. U asosan tarkibidagi morfin b-n taʼsir etadi.

Afyun qadimdan maʼlum. Bardi (papirus) ga yozilgan qad. Misr yozuvlarida (mil. av. 1552-y.) dori sifatida tavsiya etilgan. Teofrast (mil. av. 3 – a.), Dioskoridus-Diskuridis (mil. av. 77 y.) ham oʻz asarlarida Afyun dori ekanligini aytib oʻtishgan. Afyun dastlab dori sifatida Kichik Osiyoning jan.-sharqida, Yevropada ishlatilgan va «opiy» deb atalgan. Yunonlardan arablar va Yaqin Sharqdagi boshqa xalqparga «afyun» shaklida kirgan (oʻzbeklar «qora dori» ham deyishadi). Abu Bakr ar-Roziy, Abu Ali ibn Sino, Ibn Baytor, Dovuvdi Antokiylarning asarlarida ham Afyunning tibbiy nafi, ishlatilish usullari bayon etilgan. Xitoyda Afyunni tutatib chekish rasm boʻlgan. Bu odat keyinchalik Hindiston va Eronga ham oʻtgan. Afyun kuchli narkotik boʻlganligi uchun hamma mamlakatlarda, jumladan Uzbekistonda ham uni isteʼmol qilish taqiqlangan. Afyunni i. ch. va sotish bilan shugʻullangan kishilar jinoiy javobgarlikka tortiladi;

2) baʼzan zahar, ogʻu maʼnosida ishlatiladigan soʻz.

Ensiklopediya.uz
AFYUN