ATEROV VILOYATI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ATEROV VILOYATI haqida malumot bilib oling.

ATEROV VILOYATI (1992-y. gacha Guryev viloyati) — Qozogʻiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1938-y. 15 yanv. da tashkil etilgan. Mayd. 113,5 ming km2. Aholisi 447,9 ming kishi (1999); asosan qozoqlar, shuningdek ruslar, beloruslar, oʻzbeklar, koreyslar ham yashaydi. Markazi — Aterov sh.

Aterov viloyati Kaspiy boʻyi pasttekisligida joylashgan. Barxan qumlari, suv oqmaydigan botiqlar bor. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi — 3,4° dan — 10,6° gacha, iyulniki 24°—26°. Yiliga 100—200 mm yogʻin tushadi. Yozda toʻzonli boʻronlar va suxoveylar boʻladi. Asosiy daryolari: Ural, Emba, Uil, Sagʻiz. Sayoz, asosan shoʻr koʻllar bor. Yer yuzasining kattagina qismi shoʻrxok, shoʻrtob va qoʻngʻir choʻl-dasht tuproqlaridan iborat. Oʻsimliklari chala choʻl tipidagi (shoʻra, shuvoq, betaga, chalov va b.) oʻsimliklar, daryo qayirlarida daraxt, butazor (toʻqayzor)lar mavjud.

Aterov viloyati sanoatida neft qazib chiqarish, neftni qayta ishlash va baliq sanoati muhim oʻrin tutadi. Energetikasi mahalliy va qisman chetdan keltiriladigan neft mahsulotlari va Karaganda koʻmirida ishlaydi. Neft Emba koni va Aterov atrofidan olinadi. Aterovda neftni qayta ishlash z-di, shahar yaqinida baliq konserva k-ti ishlab turibdi. Mashinasozlik va metallsozlik (Aterovda mashinasozlik z-di), kimyo, yogʻochsozlik, qurilish materiallari, yengil va oziqovqat sanoati korxonalari bor, qurilish ma-teriallari ishlab chiqariladi.

Q. x. ning yetakchi tarmogʻi — yaylov chorvachiligi. Asosan dagʻal junli qoʻylar boqiladi. Q. x. ga yaroqli yerlarning ancha qismi pichanzor va yaylov. Bahorikor va sugʻorma dehqonchilik qilinadi. Q. x. da yem-xashak ekinlari (bir yillik oʻtlar, silos uchun makkajoʻxori) ham ekiladi. Gʻalla ekinlaridan asosan arpa, tariq yetishtiriladi, Volga va Ural daryolarining quyi oqimida sholi ekiladi. Sabzavot va kartoshka hamda poliz ekinlari ham salmoqli oʻrin tutadi. Kaspiy dengizida baliq ovlanadi.

T. y. orqali boshqa viloyatlar bilan bogʻlangan. Ural daryosi (Uralskkacha) va Kaspiy dengizida (Aterovdan Astraxongacha va Fort-Shevchenkogacha) kema qatnaydi. Yuklarning bir qismi avtomobil transportida tashiladi. Avialiniyalar Aterovni Aterov viloyatining boshqa joylari b-n bogʻlaydi.

Ensiklopediya.uz
ATEROV VILOYATI