
AREOGRAFIYA haqida malumot bilib oling.
AREOGRAFIYA — astrofizikaning Marsning sirt tuzilishini xaritalashtirish bilan shugʻullanuvchi boʻlimi. Mars xaritalari vizual kuzatishlarga asosan tuzilgan. Mars sirtida «dengiz» deb ataluvchi katta-katta qoramtir dogʻlar, ular atrofida yorugʻ qitʼalar va qutblar atrofida «qutbiy doʻppilar» deb ataluvchi oq dogʻlar kuzatiladi. Marsning kichik qoramtir dogʻlari «koʻllar» va «voha»lar deyiladi. Koʻpincha, Mars kanallari shunday «vohalarda» kesishadi. Och qoramtir joylar — «botqoqlik», dengizning uch-burchaksimon turtib chiqqan joyi «koʻrfaz» deyiladi. Koʻpchilik «dengizlar» Marsning jan. yarim sharida joylashgan. Ularning eng qoramtirlari — Mare Sirenium, Mare Cimmerium, Mare Tirrenium, Syrtis Major, Sabarns sunus bir-biri bilan tutashgan holda 0° dan 30° gacha areografik kengliklar orasida joylashgan. Jan. dagi koʻpchilik «koʻrfaz»larning uchi shim. ga yoʻnalgan. Marsda areografik uzunlik Sabaens sunus «koʻrfaz»idan boshlab hisoblanadi. Shim. yarim shardagi «dengiz»lar kamdan-kam tutashgan boʻladi. Ularning eng kattasi Mare Acidalinr — uchi jan. ga qaragan uch burchakli qora dogʻ shaklida. Mars dengizlarining rangi va qoramtirlik darajasi mavsumga qarab oʻzgarib turadi. Mars togʻlarining eng balandi 5 km dan ortiq emas. Amerika kosmik kemasi «Mariner-4» yordamida 1965-y. 15-iyulda olingan Mars sirtining fotosuratlarida Oydagi kabi halqasimon togʻlar (kraterlar) va tizma togʻlarni koʻrish mumkin. Mars sirtida diametri 4 km dan ortiq boʻlgan kraterlar soni 10000 tacha deb taxmin qilinadi. «Mariner-4» da olingan rasmlarda Mars sirtining fotosuratlari keltirilgan. Bunda «Mariner4»da rasmga olingan joylar ham belgilangan.
Ensiklopediya.uz
AREOGRAFIYA