ABDULLAYEV Habib Muhamedovich haqida malumot bilib oling.
ABDULLAYEV Habib Muhamedovich (1912.31.8, Oʻsh sh. — 1962.20.6, Toshkent) — geolog olim, davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston FA akad. (1947), geol.-mineralogiya fanlari d-ri (1946). Oʻrta Osiyo industriya in-tining konchilik f-tini tugatgach (1935), geol.-razvedka partiyasi boshligʻi. Keyinroq Oʻzbekistondagi Langar volfram-molibden konining geologik tuzilishi, mineral tarkibi va hosil boʻlishini tadqiq qildi. 1940-y. dan Oʻrta Osiyo industriya in-tining foydali qazilmalar kafedrasida dotsent, soʻngra shu in-tda direktor, 1942-y. dan Oʻzbekiston hukumati raisining oʻrinbosari, 1944-y. dan ayni vaqtda Davlat plan komissiyasi raisi. 1946-y. «Oʻrta Osiyoning sheyelitli skarnlari geologiyasi» mavzuida d-rlik dissertatsiyasini yoqladi va bu asar 1947-y. da nashr etildi.
Abdullayev 1947-y. dan Oʻzbekiston FA vitseprezidenti. Ayni vaqtda Geologiya in-ti direktori hamda uning Petrologiya va metallogeniya boʻlimi rahbari. Abdullayev 1952 — 55 y. larda Oʻzbekiston FA texnika va geol.-kimyo fanlari boʻlimining raisi, 1955—56 y. larda Oʻzbekiston hukumati raisining oʻrinbosari va 1956-y. dan Oʻzbekiston FA prezidenti. Abdullayev 1959-y. da ruda paydo boʻlishining granitoid intruziyalar bilan genetik bogʻliqligi sohasidagi ilmiy ishi uchun yuksak mukofot bilan taqdirlangan. U endogen ruda hosil boʻlishi nazariyasini rivojlantirdi. 130 dan ortiq ilmiy asar (jumladan, 7 monografiya) yozgan. Abdullayev Toshkent va Moskvada nashr etilgan koʻpgina moʻtabar ilmiy jurnallar, toʻplamlar, ilmiy-ommabop nashrlarning masʼul muharriri, tahrir hayʼati aʼzosi edi, jumladan Oʻrta Osiyoda birinchi — «Oʻzbekiston geologiya jurnali»ni tashkil qildi va uning masʼul muharriri boʻldi.
Abdullayev volfram, qalay, rangli va qora metallar ruda konlarining turli yoʻllar b-n hosil boʻlganligini koʻrsatib berdi. Abdullayev ruda paydo boʻlish jarayonlarini magmatizm hamda bu jarayonlar roʻy beradigan geologik muhit taʼsiri bilan chambarchas bogʻliq ekanligini aniqladi. Uning bevosita ishtiroki va rahbarligida «Chatqol-Qurama togʻlari magmatizmi va metallogeniyasining asosiy xususiyatlari» monografiyasi yaratildi (1957), «Oʻrta Osiyo magmatizmi va rudalanish jarayoni» asari nashr etildi (1960).
Abdullayevning soʻnggi turkum ishlaridan biri «Rudapetrografiya provinsiyalari va ularni tasniflash masalalari» (1961) boʻldi. Jahondagi barcha yirik ruda konlari shakllanish xususiyatlariga bagʻishlangan «Metallogeniya — foydali qazil-ma konlarini qidirib topishning geologik asosi» monografiyasi uchun 1970-y. da (vafotidan keyin) Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti berilgan.
Abdullayevning geol. ga oid nazariy fikrlari amaliyotda tasdiqlandi. U birinchi boʻlib Oʻrta Osiyoni alohida metallogenik maxsus provinsiya sifatida ajratdi. Skarnlar tuzilishi, ruda uchraydigan va ruda hosil boʻladigan skarnlar mavjudligi qayd etildi. Abdullayevning rudalarning granitoid intruziyalar bilan bogʻliq ravishda hosil boʻlishiga doir asarlari ilmiy munozaraga sabab boʻldi. Asarlarda konlarning intruziyalardan uzoqyaqinligiga qarab tasniflanganligi Elshonsning mavhum batolit konsepsiyasidan tubdan farq qiladi. A. Oʻrta Osiyoga doir tadqiqotlarini tahlil qilib, kichik intruziyalar oʻchogʻi bilan rudali jinslarning umumiyligini hamda magmatizm bosqichlari bilan bogʻliq boʻlgan ruda hosil boʻlish jarayonlarining takrorlanib turishini koʻrsatib berdi. Abdullayevning soʻnggi asarlarida ayrim joylarda muayyan tipdagi magmatizm hodisalari roʻy berishi va rudalar hosil boʻlishi muammolari oʻrganilgan.
Abdullayevning «Oʻrta Osiyoning metallogenik ocherki» (1949), «Rudalanishning granitoid intruziyalar bilan genetik bogʻliqligi» (1954 — 57), «Daykalar va rudalanish» (1957), «Ruda-petrografik provinsiyalari va ularni tasniflash masalalari» (1961) kabi asarlari jahonga mashhur boʻldi. «Rudalanishni granitoid intruzivlar bilan genetik bogʻliqligi» asari xorijiy olimlar taklifi bilan nemis, ingliz va xitoy tillariga tarjima qilingan.
Abdullayev regional kengashlar, Xalqaro geologiya kongressining, bir necha sessiyalarning faol tashkilotchisi, qatnashchisi, kengash toʻplamlarining muhar-riri boʻlgan. Abdullayev bir necha chet el geol. jamiyatlari aʼzosi edi. Oʻzbekiston Respublikasi miqyosidagi koʻpgina ilmiy va ilmiytexnika jamiyatlariga, qoʻmitalariga boshchilik qilgan. Asarlari oʻzbek va rus tillarida nashr etilgan. Bular orasida Oʻzbekistonda fan, ilmiy-texnika, iqtisodiyot va madaniyat ravnaqiga bagʻishlanganlari anchagina.
A. Oʻzbekistondagina emas, balki butun Oʻrta Osiyodagi geologik i. ch. da, ilmiy muassasalar va oliy oʻquv yurtlarida ishlaydigan katta jamoani birlashtirgan ilmiy maktabning tashkilotchisi va rahbari boʻldi. Ilmiy maktab olimlari Tyanshan toglaridagi jinslar asosida petrologiya va metallogeniya masalalarini hal qilish sohasida birgalikda ish olib bordilar. A. Oʻzbekistonda iqtidorli yoshlardan fanning turli sohalarida, jumladan geol. boʻyicha milliy kadrlar tayyorlashga katta hissa qoʻshdi. Abdullayev rahbarligida 7 kishi doktorlik, 28 kishi nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi.
A. ToshPI (hoz. ToshTU) geol.-razvedka ftida geol. oliy oʻquv yurtlari orasida birinchi boʻlib Petrologiya va metallogeniya kafedrasini tashkil etdi va unga rahbarlik qildi. Urush davrida Abdullayev hukumat aʼzosi va geolog olim sifatida front va front ichkarisini zarur resurslar bilan taʼminlash va strategik ahamiyatdagi qazilma boyliklar qidirish va ishga solishda katta ishlarni amalga oshirdi.
Abdullayev 1950-y. dan umrining oxirigacha mineralogiya jamiyati Oʻzbekiston boʻlimini boshqardi. 1960-y. dan Fransiya geol. va Buyuk Britaniya Qirollik mineralogiya jamiyatlarining aʼzosi. Tanlangan asarlaridan 7 jildi nashr etilgan (1964 — 69). Abdullayevning hayoti va ilmiy hamda jamoatchilik faoliyati haqida bir qancha olimlar muallifligida «Esdaliklar» chiqarilgan. Oʻzbekiston FA Geologiya va geofizika in-tiga va Toshkent sh. dagi katta koʻchalardan biriga, Akmal Ikromov tumanidagi mahallaga, Toshkent metrosi st-yalaridan biriga, 193-maktabga, Ulugʻbek shaharchasida koʻcha va b. obyektlarga Abdullayev nomi berilgan. Geol. va geofizika in-ti binosiga, ToshTU geologiyarazvedka f-ti binosiga yodgorlik taxtasi oʻrnatilgan. H. M. Abdullayev nomida «Oltin medal» taʼsis etilgan (1992). Ush sh. dagi katta koʻchalardan biri, Abdullayev tugʻilib oʻsgan Aravondagi maktab va koʻcha ham Abdullayev nomi bilan atalgan. Geol. va geofizika in-ti qoshida Abdullayev hayoti va ijodiga bagʻishlangan muzey tashkil qilingan. A. Toshkentdagi Chigʻatoy qabristoniga dafn qilingan. Qabri ustiga marmar byust qoʻyilgan (haykaltarosh Ye. V. Vuchetich).
As: Sobraniye sochineniy, t. 1 — 7, T., 1964 – 69.
Ad.: Qahhorov Abdullayev, Gʻafforova M., Akademik Habib Abdullayev, T., 1981; Beknazarov V. G., Ageyev Abdullayev I, Xabib Muxamedovich Abdullayev, Biobibliografiya, v kn.: Abdullayev X-M., Soch., t. 5, s.347-366. Toʻlqin Shoyoqubov.
Ensiklopediya.uz
ABDULLAYEV Habib Muhamedovich