AVGUST haqida malumot bilib oling.
AVGUST (mil. av. 27 y. gacha ismi Oktavian boʻlgan) (mil. av. 63 — mil.. 14) — Rim imperatori (mil. av. 27 — mil. 14), Yuliy Sezarning nabira jiyani, vasiyatiga koʻra oʻgʻil qilib olingan. Avgust huquqi cheklanmagan hokim boʻlib olgach, senat unga avgust (xudolar tomonidan sharaflangan) degan faxriy unvon bergan. Sezarning oʻlimidan soʻng boshlangan fuqarolar urushi (mil. av. 43 — 31) ni Aksiy yonidagi jangda Rim sarkardasi Mark Antoniy va Misr malikasi Kleopatra ustidan gʻalaba qozonish bilan yakunlagan. Avgust prinsipat («princeps» — senat qatnashchisi) deb ataluvchi siyosiy rejimga asos solgan. Bu davlat tuzumi respublika shaklidagi monarxiyaga oʻxshaydi. Unda ilgarigidek, senat va respublika lavozimlari saqlanib qolgan. Ammo butun hokimiyat Avgust qoʻl ostiga oʻtgan. Xalq majlisining taʼsiri tugagan. Avgust mamlakatning yirik quldorlari va Rim armiyasiga tayanib ish koʻrgan. A. oʻz tashqi siyosatida gʻarbga nisbatan bosqinchilik siyosati yurgizgan boʻlsa, sharqqa nisbatan diplomatik muzoqaralar yordamida Rim davlatining hokimligini yoyishga intildi. Keyinchalik «avgust» imperatorlar unvonini anglatuvchi terminga aylangan.
Ensiklopediya.uz
Avgust