
ATLAS haqida malumot bilib oling.
ATLAS (arab. — tekis, silliq) — tanda ipi ham, arqoq ipi ham tabiiy ipakdan toʻqiladigan bir yuzlama silliq mato. Tanda ipi abrbandi usulida boʻyab bezatiladi. Alohida ishlov berib Atlasga jilo beriladi, shunga koʻra u tovlanib turadi. Ilgari mato yuziga kudung urilgan, hoz. kunda Atlas issiq sathli baraban — kalandrdan oʻtkaziladi. Oʻzbek Atlas lari rang-barang nafis gullarga boy, bu gullar bir-biri bilan uygʻunlashib, matoda yaxlit goʻzal bir naqshni hosil qiladi. Atlasning tabiiy ipakdan toʻqilgan eng aʼlo navi sakkiz tepkili xonatlas deb ataladi. Xonatlasning barcha siri uning tuzilishi va toʻqilish usulidadir. Atlasning toʻqilish jarayoni: toʻrt tepkili Atlas toʻrt tepkili dastgohda, sakkiz tepkili Atlas sakkiz tepkili dastgohda toʻqiladi. Taidaga gulalar tandaning har sakkiz naxi toʻqilishda ustma-ust keladigan qilib koʻtariladi, naxlar tepkilarga muvofiqlashtirilib, gulalar oʻynagʻichlarga ulanadi. Tepki bosilganda gulaning biri pastga tortilib, ustmaust yotgan naxlardan birining komi ochiladi va orasidan birinchi arqoq ipi oʻtadi, ikkinchi tepki bosilsa, ikkinchi komi ochilib, ikkinchi arqoq ipi oʻtadi. Shu tariqa sakkiz nax orasiga sakkiz arqoq ipi ustma-ust tushib, tanda ipi matoning ustiga tomon joylana borib toʻqima bir yuzlamaga aylanadi.
Qadimda Atlaslar dastaki dastgoh (qoʻl doʻkon)larda toʻqilgan. Hozir dastaki dastgohlarda ham, mexanik dastgohlar (toʻquv stanoklari)da ham toʻqiladi. Mexanik dastgohlarni Elektr dvigatel harakatlantiradi. Oʻtmishda Atlasning bir kiyimligi yaxlit holda ham, ikki boʻlakka boʻlib ham sotilgan. Ikki boʻlakka boʻlingan Atlasning har bir boʻlagi bir toqa Atlas, ikkala toqasi (bir kiyimligi) bir joʻra Atlas deb nomlangan. Atlasni toqa-joʻra qilish 1930-y. larda urfdan qoddi. Atlas toʻqish Margʻilonda juda qadimdan rivojlangan, boshqa joylarga shu yerdan tarqalgan. 20 – a. boshlarida bu yerda yuzlab Atlas toʻquvchi kosiblar boʻlgan, 20-y. larda ular 4 ta sanoat artellariga uyushgan. 1963-y. da bu artellar birlashtirilib yirik korxona — «Atlas» firmasiga aylantirildi. 1976 ydan Margʻilon A i. ch. birlashmasi. Atlas toʻqish, ayniqsa, Namangan (Namangan shoyi i. ch. birlashmasi), Xoʻjandda, shuningdek Andijon, Qoʻqon, Samarqand shlarida rivoj topgan. Atlasdan ayollar liboslari, koʻrpa, koʻrpachalar, erkaklar qiyigʻi va b. buyumlar tayyorlanadi. Eng mashhur Atlas lar: «Qora atlas», «Bargi karam», «Chaqirim», «Yahudiy nusxa», «Nomozshomgul», «Shaxmat», «Qora koʻzim» va b.
Oʻzbekiston A. lari respublika hududidan tashqari — xorijiy mamlakatlarga ham chiqarilmoqda. 1967-y. da Monreal (Kanada)da oʻtkazilgan Xalqaro koʻrgazmada, 1978-y. da Yugoslaviyaning Zagreb sh. da boʻlib oʻtgan Xalqaro yarmarkada xonatlas Oltin medal bilan mukofotlandi. Toshkent Modellar uyida xonatlasdan tiqilgan tayyor kiyimlar 1970-y. da Yaponiya (Osako)da, 1987-y. da Budapesht kuzgi yarmarkasida, 1988-y. da Bagʻdodda, 1989-y. da Hindiston (Dehli) da boʻlib oʻtgan Xalqaro yarmarkalarda, AQSHning Vashington (1998) va Chikago (1999) sh. larida xu-susiy yigʻimlardagi oʻzbek Atlaslari namoyish etildi.
Sayyora Mahkamova.
Ensiklopediya.uz
ATLAS