
ANTITOKSINLAR haqida malumot bilib oling.
ANTITOKSINLAR (anti… va yun. toxikon — zahar) — 1) yuqumli kasallik davrida bemor organizmida hosil boʻladigan immun moddalar. Antitoksinlar patogen mikroblar zaharini zararsizlantiradi. Antitoksinlar hayvonlar organizmida sunʼiy yoʻl b-n hosil qilinadi, buning uchun avval mikrob zaharidan anatoksin tayyorlab, keyin u, mas, ot terisi ostiga bir necha marta yuboriladi. Natijada ot organizmida Antitoksinlar hosil boʻladi. Bunday otning qon zardobi difteriya, botulizm, qoqshol va b. kasalliklarni davolashda ishlatiladi; 2) oʻsimliklar hosil qiladigan va fitopatogen mikroorganizmlar ajratadigan zaharli moddalar taʼsirini susaytirish va neytrallash qobiliyatiga ega kimyoviy moddalar. Mas, gʻoʻzada Antitoksinlar xinonlar tipidagi fenolli birikmalarning fermentativ oksidlanishi, fitoaleksinlar va ularning xinonlari mahsuli boʻlib, oʻsimliklarda infeksiyaga javoban paydo boʻladi. Bu moddalar taʼsirida mas, vilt toksinlaridan biri pektintranseliminaza fermentining faolligi pasayadi. Antitoksinlar oʻsimliklarning kasalliklarga tabiiy chidamli boʻlishida muhim ahamiyatga ega.
Ensiklopediya.uz
ANTITOKSINLAR