AMR ibn LAYS haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AMR ibn LAYS haqida malumot bilib oling.

AMR ibn LAYS as-Saffor (?-902) — safforiylar amiri (879—902). Manbalarning xabar berishicha, u yoshligida xachir yetaklovchi, soʻng toshtaroshlik bilan shugʻullangan. Keyinchalik akasi Yaʼqub ibn Laysga qoʻshilgan. Yaʼqub vafot etgach (879-y.) qoʻshin tomonidan sipohsolor deb tan olingan Amr Ibn Lays xalifaga tobeligini bildirgan. Buning evaziga u Xuroson, Fors, Isfahon, Seyiston, Kermon va Sind viloyatlarini bosh-qarish huquqini olgan. Xurosonda hokimiyatni mustahkamlash uchun raqiblari Ahmad ibn Abdulloh al-Xujustoniy, Rofe ibn Xarsama va Husayn ibn Tohirlarga qarshi kurashgan; bu kurash jarayonida xalifa ikki marotaba (885-y. va 890-y.) A. L. ni mansabidan olinganligi haqida farmon chiqargan, birinchi galda hatto minbardan turib uni duoibad ham qilgan; nihoyat 892-y. xalifa uning noibligini tan olgan, biroq Amr Ibn Lays oʻzining soʻnggi raqibi Rofe ibn Xarsama ustidan faqat 896-y. gina gʻalaba qilgan. Oʻzidan avval oʻtgan Xuroson noiblariga oʻxshab u ham Movarounnahrga daʼvogarlik qilgan. Xalifa 898-y. fev. da Movarounnahr taxtidan Ismoil ibn Ahmadni tushirib oʻrniga Amr Ibn Lays oʻtqazilgani haqida farmon chiqaradi. Biroq Ismoil raqibidan ildamroq harakat qilib 899-y. A. L. ning sarkardasi Muhammad ibn Bashar qoʻmondonligidagi qoʻshinni yengib, 900-y. Balx yaqinida Amr Ibn Laysni asir olgan va uni Bagʻdodga joʻnatgan. Xalifa al-Muʼtadid 902-y. A. L. ni qatl ettirgan. Manbalarda yozilishicha, Amr Ibn Lays davlat va qoʻshinni qattiqqoʻllik bilan boshqargan. Poytaxti Nishopur va vatani Seyistonda koʻplab jamoat binolari qurdirgan.

Ensiklopediya.uz
AMR ibn LAYS