ANDIJON haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ANDIJON haqida malumot bilib oling.

ANDIJONAndijon viloyatidagi shahar. Viloyatning maʼmuriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Oʻzbekistonning yirik industrial shaharlaridan biri. Shahar Fargʻona vodiysining sharqida. Andijonsoy yoqasida, dengiz sathidan 450 m balandlikda joylashgan. Iyulning oʻrtacha t-rasi 27° — 28°, yanv. niki — 3°. Aholisi 333,4 ming kishi (2000). Maydoni 74,3 km2. Andijon sh. shim.-gʻarbdan Oltinkoʻl tumani gʻarbdan Buloqboshi tumani va jan.-sharqdan Andijon tumanoʻ b-n chegaradosh.

Shaharning paydo boʻlishi va nomining kelib chiqishi haqida turli xil afsona va rivoyatlar mavjud. Ayrim manbalarda shahar nomi «andi», «adoq» («azoq») kabi urugʻ atamalari bilan bogʻliqligi koʻrsatilgan. Bir vaqtlar bu yerda andilar (hindlar) yashagan va shaharning nomi «Andukon» deb atalgan, degan rivoyat ham bor. A. ning Ark qismida (hoz. Bobur mahallasi) va Shahristonda olib borilgan arxeologik qazishlar natijasida 7 — 8 – a. larga oid buyumlarning topilishi uning Oʻrta Osiyodagi koʻhna shaharlardan biri ekanligini tasdiqpaydi. Oʻrta asrlarda shahar Arki mudofaa devorlari bilan oʻrab olingan. Arab xalifaligi davrida Andukon deyilgan. Andijon ilk bor yozma manbalarda 10-a. arab sayyohlari Ibn Havqal va Muqaddasiy asarlarida Andukon shaklida qayd etilgan. 11-a. da shahar Koraxoniylar hukmronligi ostiga oʻtgan. 11—12 – a. larda Fargʻona vodiysining yirik savdo va hunarmandchilik markaziga aylangan. Shahar moʻgʻullar istilosi davrida vayron etilgan va manbalarda qayd etilishicha, 13 – a. oxirlarida moʻgʻul xonlari boʻlmish Tuva va Xaydu tomonidan qayta tiklangan. Andijon 14-a. 70-ylarida Fargʻona vodiysi bilan birga Amir Temur davlati tarkibiga kirgan. 15-a. 2-yarmidan Andijon Temuriylar davlatiga qarashli Fargʻona viloyatining poytaxti boʻlgan. Ayniqsa Umarshayx Mirzo va uning oʻgʻli Zahiriddin Muhammad Bobur davrida shaharda xoʻjalik, fan, madaniyat rivoj topgan. Xususan, Bobur oʻzining mashhur «Boburnoma» asarida Andijonni shunday taʼriflaydi: «Oshligʻi vofir, mevasi farovon, qovun va uzumi yaxshi boʻlur. Qovun mahalida poliz boshida qovun sotmoq rasm emas… Andijon noshpotisidan yaxshiroq noshpoti boʻlmas. Movarounnahrda Samarqand va Kesh (hoz. Shahrisabz) qoʻrgʻonidin soʻngra mundin ulugʻroq qoʻrgʻon yoʻqtur. Uch darvozasi bor… Toʻqqiz tarnov suv kirar. Bu ajabdurkim bir yerdan ham chiqmas… Eli turkdur»… 1504-y. dan Andijon shayboniylar qoʻl ostiga oʻtgan. 1710-y. da Qoʻqon xonligi tarkibiga kirgan va Rossiya Qoʻqon xonligini butunlay bosib olguniga qadar (1876-y. gacha) Andijon bekligining qarorgohi boʻlgan.

Shaharda mahalliy xalqdan tashqari Sharqiy Turkiston (Sinszyan)dan kelganlar ham yashagan. Shahar oʻzining hunarmandchilik buyumlari, ip va ipak gazlamalari bilan shuhrat qozongan.

19-a. oʻrtalarida Andijon 4 dahaga boʻlingan edi. Har bir dahaning qozisi, mingboshisi boʻlgan. Dahalar oqsoqol boshliq mahallalarga boʻlingan. 1877-y. da shaharga yondosh Xoqon (Xaqan) qishlogʻi aholisi koʻchirilib oʻrnida rus bosqinchilari uchun yangi shahar qurila boshladi. Shahar Rossiya bilan temir yoʻl orqali bogʻlangach (1899), q. x. mahsulotlarini qayta ishlaydigan dastlabki sanoat korxonalari vujudga keldi.

1898-y. A. da podsho hukumati maʼmurlarining zulmiga qarshi Dukchi EshonMuhammadali xalfa Sobir oʻgʻli rahbarligida xalq qoʻzgʻoloni boʻlib oʻtdi. Qoʻzgʻolon nihoyatda shafqatsizlik b-n bostirildi, koʻplab begunoh odamlar oʻldirildi, qoʻzgʻolon tashkilotchilari qatl etildi (q. Andijon qoʻzgʻoloni).

Andijon kuchli seysmik zonada joylashgan. 1902-y. 16 dek. da 9 balli zilzila boʻlib, mahalliy aholi uylari butunlay vayron boʻldi (q. Andijon zilzilasi). 1916-y. A. mehnatkashlari podsho hukumatining mardikorlikka olish siyosatiga qarshi xalq qoʻzgʻolonida faol qatnashdi.

Shaharda 48 zamonaviy yirik sanoat korxonalari, 63 qurilish tashkilotlari va mahalliy sanoat korxonalari ishlab turibdi. «Andijonmash», «Andijonirmash» kabi aksiyadorlik jamiyatlari paxta z-dlari uchun uskunalar, q. x. mashinalariga ehtiyoj qismlar, nasoslar, universal yuklagichlar, aylanma pluglar, nogironlar uchun aravachalar va b. anjomlarni ishlab chiqaradi. Andijonda ishlab chiqarilgan dizel va nasoslar, universal yuklagichlar boshqa mamlakatlarga eksport qilinadi. Andijon korxonalari elektronika («Elektrodvigatel», «Elektroapparat» aksiyadorlik jamiyatlari) mashinalari ham ishlab chiqaradi. «Biokimyo» z-dida etil spirti, efiroaldegidnal fraksiya, uglekislota va chorva ozugʻi tayyorlanadi (q. Andijon biokimyo zavodi). Tikuvchilik va poyabzal f-kalari bor. Mahalliy sanoat korxonalari ham poyabzal, bezakli gazlama, mebel va uyroʻzgʻor buyumlari i. ch. ga ixtisoslashgan. Andijonda oziq-ovqat sanoatining barcha tarmoqlari rivojlangan.

Shaharda 50 qoʻshma korxona mavjud (AQSH, Xitoy, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Italiya, Qirgʻiziston va b. bilan hamkorlikda). Ulardan 5 tasi «OʻzDEUavto» qoʻshma korxonasiga avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaradi. Shaharda yildan yilga yangi qoʻshma korxonalar ishga tushirilib, zamonaviy va eksportbop mahsulotlar i. ch. yoʻlga qoʻyilmoqda.

Shaharda 3000 taga yaqin kichik va oʻrta biznes subyektlari, 7000 dan ziyod xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchilar bor: Mustaqillik yillarida shaharda bunyodkorlik ishlari rivoj topdi. Andijon viloyati hokimiyati binosi oldida shaharning markaziy maydoni bunyod etilib, Bobur nomi berildi (1991) va bu yerga uning ot minib turgan haykali oʻrnatildi. Maydon atrofida Oxunboboyev nomidagi viloyat teatr binosi, Bobur nomidagi viloyat kutubxonasi, Abbos Bakirov nomidagi kinoteatr, Andijon tibbiyot institutining bosh binosi joylashgan.

Shahar markazidan oʻtgan eng katta koʻcha — Alisher Navoiy shoh koʻchasidir. Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogi 1999—2000-y. larda qayta taʼmirlanib, sharqona shaklda «Ark» darvozasi bunyod etildi. Bogʻ ichida ramziy burgutga uygʻunlashtirib qurilgan tomosha inshooti — amfiteatr nihoyatda mahobatli koʻrinishga ega. Endilikda viloyat va shaharning eng katta tantanalari shu yerda oʻtkaziladi. Shaharda keyingi yillarda zamonaviy meʼmorlik anʼanalarida qurilgan tennis korti, «Navroʻz» stadioni, aeroportdagi deputatlarni kutib olish va joʻnatish zali, «Avtotexxizmat», Choʻlpon bogʻi, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, «Asakabank» shahar moliya boʻlimi binosi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining boʻlimi binolari, Andijon tibbiyot inti, 4 kasb-hunar kolleji, 1 akademik litsey, «DEU Yunitel» qoʻshma korxonasi, koʻp qavatli turar joy binolari va koʻplab supermarket, savdo shaxobchalari bunyod etildi. Shaharda 25 transport va 5 aloqa korxonasi, 10 kommunal tashkilotlari mavjud. Transport vositalari kat-naydigan koʻchalar soni 365 ta boʻlib, ularning uz. 770 km ni tashkil etadi. Shaharda «Oʻzdunrobita», «Kamalak — TV» va «DEU Yunitel» qoʻshma korxonalar xizmatlari evaziga aholi uyali hamda peydjing aloqa vositalaridan foydalanmoqda.

Shaharda 2600 ga yaqin savdo va 700 dan ziyod maishiy xizmat koʻrsatish shaxobchalari mavjud.

Andijon mamlakatning fan, madaniyat markazlaridan biriga aylandi. Shaharda 4 in-t, 21 oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim oʻquv yurtlari, 47 umumtaʼlim maktabi va 86 maktabgacha tarbiya muassasasi mavjud. 1999/2000-y. larda in-tlarda 8816 talaba, oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida 14352, umumtaʼlim maktablarida 68630 oʻquvchi taʼlim oldi.

Shaharda 3 teatr, 25 ommaviy kutubxona, 6 klub, 5 kinoteatr, 5 madaniyat va istirohat bogʻi, 4 madaniyat uyi, 3 muzey, 3 musiqa va sanʼat maktabi mavjud (2000). 9 sport maktabi, 10 stadion, 4 suzish havzasi, 1 tennis korti (14-maydon), 62 sport zali va bir qator sport maydonlarida aholi sport bilan shugʻullanadi.

Ad. Shokarimov S. Andijon, T., 2000. Baxtiyor Ziyayev.

Ensiklopediya.uz
ANDIJON