
AGROIQLIMSHUNOSLIK haqida malumot bilib oling.
AGROIQLIMSHUNOSLIK — q. x. meteorologiyasining iqlim sharoitlarini q. x. obyektlari va jarayonlari bilan bogʻlanishda oʻrganadigan sohasi. Tuproq unumdorligi, quruqlikdagi suv resurslari va oʻsimlik dunyosi koʻp jihatdan iqlimga bogʻliq. Agroiqlimshunoslikning asosiy vazifalari: iqlimni q. x. ishlab chiqarishi omili sifatida oʻrganish, iqlimni q. x. nuqtayi nazaridan baholash, hududni agroiqlimiy rayonlashtirish, q. x. ishlab chiqarishini oqilona joylashtirish maqsadlarida turli iqlim sharoitlarida agrotexnika tadbirlari oʻtkazishni asoslash va b. Iqlimning oʻsimlik va hayvonot uchun zarur boʻlgan yorugʻlik, issiqlik va namlik kabi birinchi darajali omillari — shamol, bulut, tuproq va atmosfera qurgʻoqchiligi, toʻzonlar kabi ikkinchi darajali omillar bilan birgalikda oʻrganiladi. Asosiy iqyaim omillarini ekinlarning oʻsishi, rivoji, hosildorligiga taʼsirini oʻrganish amaliy ahamiyatga ega. Oʻsimlik va iqlim omillari oʻrtasidagi miqdoriy bogʻlanishlar agroiqlimiy koʻrsatkichlar (oʻsimlikning vegetatsiya davrida issiqyaikka boʻlgan ehtiyojini ifodalovchi samarador harorat yigʻindisi, moʻljallangan hosilni yetishtirish uchun zarur nam miqdori va b.) deb ataladi.
Sugʻoriladigan zonalar uchun q. x. oʻsimliklarining issiqlik, yogʻingarchilik, tuproq nam zaxirasi bilan taʼminlanganligi, ayrim hududlarning fizik-geografik xususiyatlarini eʼtiborga olib sovuqsiz davr davomiyligi, qorasovuqlarning takrorlanishi va sh. k. ni hisoblash usullari ishlab chiqilgan. Agroiqlimshunoslik tadqiqotlari ekinlarning nav xususiyatlarini hisobga olgan holda iqlim ji-hatlaridan oqilona joylashtirishga imkon beradi. Oʻzbekistonda agroiqlimiy tadqiqotlar V. A. Bugayev nomidagi Oʻrta Osiyo gidrometeorologiya i. t. in-tida olib boriladi. Agroiqlimshunoslik sohasidagi tadqiqotlar asosida Jahon agroiqlimiy atlasi (1972) nashr etilgan, Oʻzbekistonning agroiqlimiy rayonlashtirish xaritasi tuzilgan (1982).
Ad.: Babushkin L. N., Agroklimaticheskoye rayonirovaniye xlopkovoy zonы Sredney Azii, L., 1960; Chirkov Yu. I., Osnovы agrometeorologii, L., 1988.
Fotih Moʻminov.
Ensiklopediya.uz
AGROIQLIMSHUNOSLIK