ABU MUSLIM HARAKATI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ABU MUSLIM HARAKATI haqida malumot bilib oling.

ABU MUSLIM HARAKATI — 747-750-y. larda arab xalifaligining sharqiy qismi — Movarounnahr va Xurosonda umaviylar hukmronligiga qarshi koʻtarilgan harakat. Unga Abu Muslim boshchilik qilgan. Harakatning asosiy kuchi shahar hunarmandlari va qishloq mehnatkashlari, Movarounnahr va Xurosonning mahalliy zodagonlari, umaviylar siyosatidan norozi boʻlgan Xurosondagi arab muxolifatchi guruhlari va kullar edi. Umaviylarga qarshi harakatni kuchaytirish maqsadida Abu Muslim Marv yaqinidagi Safizanj, Moxuvon (Mahon) va Shavvol qishloqlarini qarorgohga aylantirib, xalifalikka qarshi tashviqot olib boradi. Abu Muslim soliqlarni qisqartirish va majburiy hashar ishlarini bekor qilishga vaʼda beradi. Shu sababli harakat ayrim joylarda mulkdorlarga qarshi keskin tus oladi. 747-y. dek. — 748-y. yanv. da Abu Muslim umaviylarning Xurosondagi voliysi Nasr ibn Sayyorni yengib, Marv sh. ni, 748-y. da Nishopur va Tus sh. larini egallaydi. 748-y. da xalifalikning poytaxti Damashqqa yurish qiladi, 749-y. da Nahovand yaqinida umaviylarni tor-mor etib, 750-y. boshlarida Katta Zab daryosi boʻyida hal qiluvchi gʻalabaga erishdi va xalifa Marvon II ni taxtdan olib tashladi. Uning oʻrniga paygʻambar(sav) ning amakisi Abbos avlodidan boʻlgan Abul Abbos as-Saffoh (750 — 754) xalifa boʻladi. Shu bilan xalifalik abbosiylar qoʻliga oʻtadi.

Ensiklopediya.uz
ABU MUSLIM HARAKATI