ALEKSANDRIYA ESXATA haqida malumot bilib oling.
ALEKSANDRIYA ESXATA, Chekka Iskandariya — Aleksandriya yurishlari davrida istilo qilingan mamlakatlarda qurdirgan 70 dan ortiq shahardan biri. Hoz. Xoʻjand sh. oʻrnida boʻlgan. Arrian va Kvint Kursiy Rufning yozishicha, Aleksandr Marokandani zabt etgach, Tanais (Sirdaryo) boʻyiga kelib, qoʻshiniga dam beradi. Shunda u qoʻshin joylashgan yer atrofini devor (uz. 60 stadiy, 1 stadiy — 176,6 m) bilan oʻrab bir shahar qurishni amr qiladi. Chunki bu shahar uning skif (sak)larga qarshi urushlarida mudofaa uchun zarur edi. Shahar shu qadar tez bunyod etiladiki, hatto 17 (yoki 20) kun deganda mudofaa inshootlari va turar joylar ham qurib bitkaziladi. Aleksandr bu shaharni ham oʻz nomi bilan atashni buyurib, unga ellin asirlari va urushga yaroqsiz boʻlib qolgan makedon askarlarini joylashtiradi. Soʻng oʻz odatiga binoan tangrilarga qurbonliklar qilib, katta tantana uyushtiradi.
Ensiklopediya.uz
ALEKSANDRIYA ESXATA