ASHRAFIY Muxtor Ashrafovich haqida malumot bilib oling.
ASHRAFIY Muxtor Ashrafovich (1912.11.6, Buxoro-1975.15.12, Toshkent) — kompozitor, dirijyor. Oʻzbek operasi asoschilaridan. Oʻzbekiston xalq artisti (1939). Samarqand musiqa va xoreografiya i. t. institutida oʻqigan (1928-30). Kompozitsiyadan S. N. Vasilenko, B. S. Shexter, M. O. Shteynberglardan taʼlim olgan. Peterburg konservatoriyasini dirijyorlik boʻyicha tugatgan (1948). 1930-y. dan Oʻzbek musiqali teatri, keyinchalik Navoiy nomidagi Oʻzbek opera va balet teatrining badiiy rahbari va bosh dirijyori, direktori (1967—71), 1944-y. dan Toshkent konservatoriyasining oʻqituvchisi, prof. (1953-y. dan), rektori (1947—62; 1971—75). Samarqand opera va balet teatrining direktori, badiiy rahbari va bosh dirijyori (1964-66).
Birinchi asari — «Sodrash» marshi T. Sodiqov va Sh. Ramazonov bilan hamkorlikda yuzaga kelgan (1929). Ustozi S. N. Vasilenko bilan hamkorlikda ilk oʻzbek operalari «Boʻron» (K. Yashin librettosi, 1939) va «Buyuk kanal» (K. Yashin va M. Rahmonov librettosi, 1940)ni yaratgan. «Qahramonlik» (1942), «Gʻoliblarga shon-sharaflar» (1944) simfoniyalari, «Dilorom» (K. Yashin va M. Muhamedov librettosi, 1958), «Shoir qalbi» (I. Sulton librettosi, 1960 — 61) operalari, «Sevgi tumori» (1969), «Matonat» (1971), «Muhabbat va qilich» (1973) baletlari, «Rustam haqida doston» (1975, «Shohnoma» asosida) oratoriyasi oʻzbek musiqa madaniyatiga qoʻshilgan katta hissa boʻldi. «Vaqt taronasi» kantatasi (1952), «Bahor eli» (1937), «Nasriddin Buxoroda» (B. Arapov bilan hamkorlikda, 1942), «Opa-singil Rahmonovalar» (1954), «Natashaxonim» (1965), «Koniyut gʻorining siri» (1967), «Semurgʻ» (1972), «Gang uzra tong» (1975) kabi kinofilmlarga musiqa yozgan, simfonik poema va syuitalar yaratgan. «Dilorom» operasi asosida birinchi oʻzbek film-operasi yaratildi. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti (1970) hamda J. Neru (1971), J. A. Nosir (1972) xalqaro mukofotlari laureati. Toshkent konservatoriyasi, koʻchalardan biri Ashrafiy nomiga quyilgan. Toshkentda Ashrafiy uymuzeyi tashkil qilingan.
As: Oʻzbek qushiqlari, T., 1939; Vtoraya simfoniya, M., 1942, Pervaya simfoniya («Geroicheskaya»), M., 1945; Kantata «Oʻzbekiston», T., 1948; Tadjikskaya tansevalnaya syuita, M., 1957; Arii iz operы «Dilorom», T., 1972; «Amulet lyubvi», klavir, T., 1973; Muzыka v mosы jizni, T., 1975.
Ad..Djabbaro v A., Solomonova T., Kompozitorы i muzыkovedы Uzbekistana, T., 1975; Pekker Ya. B., Uzbekskaya opera, M., 1984.
Ensiklopediya.uz
ASHRAFIY Muxtor Ashrafovich