APOMIKSIS haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
APOMIKSIS haqida malumot bilib oling.

APOMIKSIS (apo… va yun. mixis – ogʻish) — organizmlarning jinsiy jarayon sodir boʻlmasdan koʻpayishi. Tom maʼnoda Apomiksis murtakning urugʻlanmasdan rivojlanishidir. Yangi organizmning jinsiy hujayra (tuxum) yoki vegetativ hujayra hosil qilishiga qarab Apomiksisni ikkiga — partenogenez va apogamiyaga boʻlish mumkin Apomiksis hayvonot va oʻsimliklar dunyosida keng tarqalgan. Mas, ogizaylangichlilar, dafniyalar, shiralar va b. hayvonlarda, ayrim suv oʻtlari va qirqquloklarda Apomiksis partenogenez shaklida namoyon boʻladi. Apomiksis gulli oʻsimliklarda keng tarqalgan, 43 oilaga mansub 100 dan koʻproq urugʻda uchraydi. Apomiksis ayniqsa bugʻdoydoshlar, qoqidoshlar, ituzumdoshlar, raʼnodoshlar oilasida koʻproq kuzatiladi. Apomiksis irsiy (regulyar) yoki irsiylanmaydigan (tasodif) boʻlishi mumkin. Murtakning changlanmasdan rivojlanishi avtonom Apomiksis deyiladi. Changlanish yoki tumshuqchada changning unib chiqishi, baʼzan murtak xaltasidagi markaziy hujayraning urugʻlanishi bilan sodir boʻladigan Apomiksis indutsirlangan Apomiksis deb ataladi. Gulli oʻsimliklarda redutsirlangan (murtak gaploid) oʻsimliklarning 6 oilasida (lavlagi, gʻoʻza, zigʻir, tamaki, arpa, bugʻdoy) redutsirlanmagan (murtak diploid) partenogenez (qoʻngʻirbosh, choyoʻt, qoqioʻt) mavjud. Apogamiya adventiv embrioniya (murtakning murtak xaltasidan tashqarida urugʻ-kurtak hujayrasidan rivojlanishi) va partenogenez tushunchalari yaqin turadi. Koʻpayishning bu xillarida bitta urugʻda bir necha murtak rivojlanadi (sitruslarda doim uchraydigan poliembroniya). Koʻpchilik apomiktik turlarning populyatsiyalarida jinsiy formalar ham aniqlangan. Apomiksisning genetik xususiyatlaridan ayrim oʻsimliklar seleksiyasida foydalaniladi.

Ensiklopediya.uz
APOMIKSIS