Abdulla Avloniy. She’rlar & Tanlangan asarlar. to’liq malumot oling
Abdulla Avloniy 1878 yilning 12 iyulida Toshkent shahrida tug‘ildi. U yoshlikdan mustaqil mutolaa bilan shug‘ullanib, o‘z bilimini oshirib bordi. 1907 yildan matbuot ishlarida faol ishtirok eta boshladi. 1909-1917 yillar Avloniy ijodiy faoliyatida katta burilish yasadi. U „Shuhrat“ gazetasini va „Tong“ jurnalini tashkil etishda, „Jamiyati xayriya“ni ochishda yetakchilik qildi.
A. Avloniy „Adabiyot yoxud milliy she’rlar“ nomli to‘rt qismdan iborat to‘plamning birinchi kitobini, „Birinchi muallim» va „Ikkinchi muallim“ deb nomlangan o‘quv kitoblarini chop ettirdi.
Abdulla Avloniy o‘ttiz yildan ortiqroq badiiy ijod bilan shug‘ullandi. Uning madaniyatimiz tarixiga qo‘shgan hissasi beqiyosdir. Ayniqsa, pedagogik faoliyati, ta’lim-tarbiya borasidagi ishlari ibratlidir. U Davlat ilmiy kengashida, Terminologiya qo‘mitasida, bir necha nashriyotlarda xizmat qildi. 1931 yilda O‘rta Osiyo davlat universitetining „Til bilimi“ kafedrasida professorlikka tasdiqlandi. 1933 yilda Abdulla Avloniy o‘rta maktablarning 7-sinfi uchun adabiyot majmuasini tuzdi. Uning ta’limiy-axloqiy asarlari orasida „Turkiy guliston yoxud axloq“ kitobi alohida ahamiyatga egadir.
ABDULLA AVLONIY
ShЕ’RLAR
VATAN
Sening isming bu dunyoda muqaddasdur,
Har kim sening qadring bilmas — aqli pas(t)dur.
Sening tuyg‘ung yuraklarga savdo solur,
Sening darding boshqa dardni tortib olur.
Yering, suving bizni boqub to‘ydiradur,
Semiz-semiz qo‘ylaringni so‘ydiradur.
Olma-anor, anjir, uzum — mevalaring,
Ot-u ho‘kuz, echki, taka, tevalaring.
Bizlar uchun xizmat qilur barchalari,
Har birlari noz-u ne’mat parchalari,
Sendan tug‘ib, katta bo‘lub, qaytib borub,
Yana senga kiradurmiz bag‘ring yorub.
Onamizsan! Bizni(ng) mushfiq onamizsan!
Javlon urub yashaydurgon xonamizsan!
Seni sotmoq mumkinmidur, o‘zing o‘yla,
Tiling bo‘lsa, hasratlaring tuzuk so‘yla!
Bizlar sotmas burun qilur erdin faryod,
Biz sotgan so‘ng nega dersan bizlardan dod.
Ayb bizlarda, seni sog‘ub emolmaduk,
Yemush berib yem o‘rniga yem olmaduk.
Bilolmaduk ko‘ksingdagi xazinani,
Biz bilmasmiz tosh-tarozu, mazinani.
Sotib-sotib qoladurmiz g‘amga botib,
Boyqush kabi vayronada yotib-yotib.
Seni sotub pul qilurmiz — ketur-qolur,
Bir yildan so‘ng bahong ikki bo‘lub olur.
BAHOR
Avval bahor bo‘lsa, kulur chamanlar,
Bargak yozur gullar, g‘uncha dahanlar.
Barcha qushlar uchar, o‘qur chamanda,
Bog‘-u bo‘ston, tog‘-u sahro, o‘rmonda.
Yaylovlarda qo‘zichoqlar mag‘rashur.
Ovozlari yuraklarni dog‘lashur.
Har tarafdan suvlar shildirab oqar,
Shildiragan tov(u)shi odamga yoqar.
G‘ir-g‘ir shamol yelpillatur gullarni,
Gul tebranub sayratur bulbullarni.
Har narsada shodlig‘ asar ko‘rilur,
Ko‘kmak bo‘lub beda-pichan o‘rilur,
Ekinchilar har xil oshliq ekarlar,
Tuxumlarin yerni haydab tikarlar.
Dangasalar bo‘lar-ketar, deb yotur,
Qish kunida ot-u to‘nini sotur.
Ko‘b ishlagan ko‘b olur, oz ishlagan — oz,
Qish kuni rohatdadur, kim ishlasa yoz.
Har kim nima eksa, albatta, shuni o‘radur,
Ekmaganlar o‘zgalarg‘a muhtoj bo‘ladur.
Keling, biz ham ekinimiz boshlab ekamiz,
Imtihonda ekg‘animiz o‘rib-yig‘amiz.
Har kim avval bahorini o‘tkarsa bekor,
Yoz kelganda Hijron bo‘lur, ul—tangri bezor.
YOZ
Yozda pishar barcha ekin, mevalar,
Shod bo‘lur zor yetim-bevalar.
Har yerga borsang, hama ma’murchilik:
Handalag-u tarbuz-u qovun-tilik.
Yer gunasha yaqin o‘lub nur olur,
Yerga muhabbatli ziyosin solur.
Har kishi o‘z nafsi uchun ishlagay,
Ishlamagan qishda nima tishlagay?
Bog‘lari, bo‘stonlari rang-barang,
Mevasi-yu gullariga bir qarang.
Gullari, bulbullari bor, bog‘lari,
Qo‘ylari, qo‘zichoqlari bor, tog‘lari,
Sutlar-u qaymog‘-qimizlar serob,
Suvlar oqur soylar aro sharqirab.
Bir taraf(d)a ekinchi — xirmonchilar,
Bir taraf(d)a o‘roqchi, ketmonchilar,
G‘ayratlilari g‘amini yer vaqtinda,
Tirishub ishlaydur g‘animat kunda.
Ishyoqmaslar yozda yurur guldurab,
Qish kelganda qolgay ko‘zi mo‘ldurab.
KUZ
Kuz kuni ko‘zlara yamon ko‘rinur,
Yafrog‘i misli za’faron ko‘rinur.
Meva o‘rniga bog‘-u bo‘stonda
Shaldirab qaqshagan xazon ko‘rinur.
Gullar o‘rnida xor ila xashak,
Bulbul o‘rnida zag‘izg‘on ko‘rinur.
Ketgay Odam Atoni jannatidek,
Jo‘ylari bir sovuq yilon ko‘rinur.
Yozni ko‘rding, kuzni ham ko‘rasan,
Shodlig‘ ortidan fig‘on ko‘rinur.
Har kishi foyda ko‘rmagay doim,
Sud orqasidan ziyon ko‘rinur.
Yig‘lagan shod o‘lur, kulgan yig‘lar,
Har daqiqa bo‘lak zamon ko‘rinur.
Aylanub-jaylanub o‘ta(r) bu zamon,
Keti avvalgidan yamon ko‘rinur.
Qish kelur boshinga qilich ko‘tarub,
Qalqoning paxtalik chapon ko‘rinur.
Yoz ishlamading, sen ishyoqmas,
Yig‘mading don — poxol-u somon ko‘rinur.
Ko‘zlaring jovdirar yeganga boqib,
Ishchi oldinda osh-u non ko‘rinur.
Yoz ko‘zim, yoz xating(n)i, tez-tez yoz,
Yoz — omon, kuz — omon, omon ko‘rinur.
Sherlar
Abdulla Avloniy. She’rlar & Tanlangan asarlar.