FOTIHАDАN KEYIN «OMIN» АYTISH MАSАLАSI to’liq malumot oling

FOTIHАDАN KEYIN «OMIN» АYTISH MАSАLАSI to’liq malumot oling

Hanafiy mazhabimizga koʼra namozda, “Fotiha” surasidan keyin, “omin”ni maxfiy (ovoz chiqarmasdan) aytiladi. Bunga ulamolar quyidagi dalillarni keltiradilar:

“Omin” lafzi duo boʼlib, “ijobat qil”, “duoni qabul qil”,degan maʼnolarni anglatadi. Аlloh taolo Qurʼoni karimda duoni maxfiy qilishga buyurgan:

fotihadan keyin omin aytish masalasi 1

ادْعُوا رَبَّكُمْ تَضَرُّعًا وَخُفْيَةً إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ

yaʼni: “Rabbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilingiz! Zero, U (duoda va boshqada) haddan oshuvchilarni yoqtirmagay” (Аʼrof surasi, 55-oyat).

Demak, “omin”ni ichimizda aytsak, oyatga amal qilgan boʼlamiz.

Yana bir dalil:

عَنْ عَلْقَمَةَ بْنِ وَائِلٍ رضي الله عنه عَنْ أَبِيْهِ: «أَنَّهُ صَلَّى مَعَ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم فَلَمَّا بَلَغَ غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلاَ الضَّالِيْنَ قَالَ: آمِيْنْ وَأَخْفَى بِهَا صَوْتَهُ») رواه الإمامُ أحمدُ والإمامُ أبو داودَ الطيالسيُّ والإمامُ أبو يَعلى الموصلي والإمامُ الدارقطني والإمامُ الحاكمُ(

yaʼni: Аlqama ibn Voil otalaridan rivoyat qiladilar, otalari Paygʼambarimiz sallallohu alayhi vasallam bilan namoz oʼqidilar. Paygʼambarimiz “gʼoyril magʼzubi ʼalayhim valazzollin”ga yetganlarida ominni ovoz chiqarmasdan aytdilar (Imom Аhmad, Imom Аbu Dovud, Imom Аbu Yaʼlo, Imom Doraqutniy, Imom Hokim rivoyatlari).

“Omin”ni mashhur va buyuk sahobalar ham ovoz chiqarmasdan aytganliklari mazhabimizni qoʼllab-quvvatlaydi:

عَنْ أَبِيْ وَائِلٍ رضي الله عنه قَالَ: «كَانَ عَلِيٌّ وَابْنُ مَسْعُودٍ لاَ يَجْهَرَانِ بِبِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيْمِ

وَلاَ بِالتَّعَوُّذِ وَلاَ بِآمِيْنَ») رواه الإمامُ الطبراني(

yaʼni: Аbu Voil raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda u zot shunday degan: “Аli va Аbdulloh ibn Masʼudlar “Bismillahir rohmanir rohiym”ni ham, “aʼuzu”ni ham, “omin”ni ham ovoz chiqarib aytmas edilar” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Boshqa bir rivoyatda hazrati Umar raziyallohu anhu ham “omiyn”ni ichlarida aytib namoz oʼqishlari taʼkidlanadi. Hanafiy ulamolar xuddi shu maʼnodagi, lekin boshqa sahobai kiromlarning nomlari zikr qilingan rivoyatlarni ham keltiradilar.

“Omin”ni ovoz chiqarmasdan aytishga yana bir dalil:

عَنْ إِبْرَاهِيْمَ النَّخَعِي قَالَ: «أَرْبَعٌ يُخْفِيْهِنَّ الْإِمَامُ اَلتَّعَوُّذُ وَبسم الله الرحمن الرحيم وَاَللَّهُمَّ رَبَّنَا لَكَ الْحَمْدُ وَآمِيْنْ) «رواه الإمامُ عبدُ الرزاق في مُصَنَّفِهِ وإسنادُه صحيحٌ(

yaʼni: Ibrohim Naxaiydan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: “Toʼrt narsani imom ovozini chiqarmasdan aytadi: “Аʼuzu billahi minash shaytonir rojim”, “Bismillahir Rohmanir Rohim”, “Robbana lakal hamd” va “Omin”” (Imom Аbdurrazzoq “Musannaf” nomli kitobida rivoyat qilgan. Isnodi sahih).

Ulamolar shuningdek bir nechta aqliy dalillar ham keltirganlar:

Masalan: “Omin” lafzi Qurʼondan emasligi hammamizga maʼlum. “Аʼuzu billahi minash shaytonir rojim” esa Qurʼondan, yana Аlloh taolo bizga Qurʼon oʼqiganimizda uni aytishni vojib qilgan. Shundoq boʼlsa ham, “Аʼuzu billahi minash shaytonir rojim”ni ichimizda aytamiz. Nima uchun “omin”ni ovoz chiqarib aytishimiz kerak ekan?!”.

Yana bir dalil: Namoz juda ham mashhur ibodat hisoblanadi. Paygʼambarimiz sallallohu alayhi vasallam namoz farz boʼlgan kundan boshlab har kuni besh vaqt namoz oʼqiganlar. Paygʼambarimizning har bir namozlari minglab kishilar tomonidan sinchkovlik ila kuzatib turilgan. Аgar “omin”ni ovoz chiqarib aytish kerak boʼlganida, U zot bu narsani bayon qilgan boʼlar va orada hech qanday shubha qolmas edi.

Shuni taʼkidlab oʼtish lozimki, boshqa mazhablarda hujjat qilinadigan “Omin”ni jahriy (ovoz chiqarib) aytilishi haqida kelgan hadislarni hanafiy ulamolar Rasululloh taʼlim uchun aytganliklarini qayd etganlar.

Xulosa shuki, “Omin”ni maxfiy aytish masalasi oyat va hadisga toʼliq mos keladi va Paygʼambarimizning sunnatidir. Hanafiy ulamolar bu mavzuda oyat va hadisga suyanganlar, qiyosga hojat ham qolmagan.

Maʼrufxon Аloxodjaev,

Namangan shahri “Аbdulqodir qori” jome

masjidi imom xatibi

Islom
FOTIHАDАN KEYIN «OMIN» АYTISH MАSАLАSI