O‘znetda savodsizlik muammolari yoki o‘zbek tilidagi saytlarda tilga bo‘lgan e’tibor

O‘znetda savodsizlik muammolari yoki o‘zbek tilidagi saytlarda tilga bo‘lgan e’tibor

„Tilga ixtiyorsiz, elga e’tiborsiz“.

Alisher Navoiy.

Internet
tarmog’ining O’zbekiston bilan bog’liq qismi – O’znet yildan yilga
kengayib bormoqda. O’zbekistonda 2009-yilning birinchi yarmiga kelib
Internetdan foydalanuvchilar soni 2,6 million kishini tashkil qildi.
Boshqacha aytganda bu respublikamizning har 1000 fuqarosiga 91,48
Internet foydalanuvchisi to’g’ri keladi deganidir. „.UZ“ zonasidagi faol domenlar soni esa, 2009-yil 14-dekabr holatiga ko’ra 9479 tani tashkil etadi
.
Bugungi kunga kelib O’znetda ko’plab veb-saytlar foydalanuvchilar
ehtiyojini qondirib kelmoqda. Unda ko’plab davlat idoralari, korxona,
tashkilot va muassasalarning, ommaviy axborot vositalarining rasmiy
veb-saytlarini, turli tarmoq xizmatlari ko’rsatuvchi saytlarini,
elektron tijoratga yo’naltirilgan saytlarini, sport va sog’liqni saqlash
bo’yicha saytlarni, ko’plab shaxsiy sahifalar, bloglar va boshqa turli
yo’nalishlardagi veb-resurslarni uchratish mumkin. Lekin, tan olib
aytish lozimki, ko’plab saytlarda taqdim qilinayotgan ma’lumotlar, ya’ni
ularning kontenti talab darajasida emas. Ayniqsa bu davlat idoralari,
tashkilot va muassasalarning, ta’lim muassasalarining rasmiy
veb-saytlarida yaqqol ko’rinadi. O’znetdagi veb-saytlarning rivojlanish
istiqbollari, bugungi holati va muammolariga bag’ishlangan deyarli
barcha maqolalarda kontent muammosiga alohida urg’u berilganligi ham
bejiz emas. Ushbu maqolada esa aynan o’zbek tilidagi kontentda yo’l
qo’yilayotgan bir qancha muammolar va ularni bartaraf qilish yo’llari
haqida fikr yuritamiz.


O’znetda ma’lumotlar asosan o’zbek tilida taqdim qilinadigan veb-saytlar
soni juda ko’p bo’lmasada, ularning soni avvalgidan ko’ra sezilarli
darajada ortib bormoqda. Bu albatta quvonarli holat, lekin ko’p hollarda
ularda taqdim qilinayotgan ma’lumotlardagi o’ta e’tiborsizlik bilan
yozilganligi, imlo va grammatik xatolarning juda ham ko’p uchrashi
foydalanuvchilar uchun noqulaylik tug’dirishi bilan birga tilga bo’lgan
bunday munosabatni odatiy holga aylanib qolishiga sabab bo’lmoqda.
Hatto, boshqalarga o’rnak bo’lishi kerak bo’lgan ko’pgina
tashkilotlarning ham rasmiy veb-saytlarida bu muammolarni yaqqol ko’rish
mumkin. Xo’sh, aynan qanday muammolar mavjud? Ularni qanday bartaraf
qilish mumkin? Quyida bu masalalarga batafsil to’xtalib o’tamiz.

ODATDAGI IMLO XATOLARI

Muammo. Odatdagi imlo xatolari qatoriga beixtiyor
qilinadigan turli xatolarni kiritishimiz mumkin. Bunday xatolar darrov
ko’zga tashlanmaganligi uchun odatda e’tiborsiz qoladi. Albatta, imlo
xatolarini to’liq bartaraf qilish mushkul masala. U matnni kiritishda
sinchkovlik, diqqat va imloni mukammal bilishni talab qiladi. Hamma ham
o’z veb-saytida imlo xatolaridan to’liq qutulish uchun korrektor yollay
olmaydi. Odatda, sayt uchun matn tayyorlovchi kishi ham oflayn OAV
korrektori darajasida imlo qoidalaridan xabardor bo’lmaydi.

Yechim. Bu holatda imloni tekshirish dasturlari
yordamchi bo’lishi mumkin. Odatda turli matnlar tayyorlash davomida
„Microsoft Word“ dasturi va undagi rus va ingliz tilida imloni
tekshirish imkoniyatidan ko’pchilik samarali foydalanadi. Afsuski,
o’zbek tili imlosini tekshirish imkoniyati „Microsoft Word“ dasturida
talab darajasidan ishlamaydi. To’g’rirog’i, dasturni o’rnatish bilan
birdan ishlamaydi. O’zbekcha matnlarda imloni tekshirish imkoniyatini
yaratish uchun „SPELLS“ kompaniyasi tomonidan chiqarilgan „UzSpell“
dasturidan foydalanish mumkin, lekin u faqat kirill alifbosidagi
matnlarni tekshirish imkoniga ega xolos. Lotin alifbosidagi matnlarni
tekshirish uchun esa „Microsoft Office 2007“ dasturlar paketining
o’zbekcha interfeys tarjimalarini (LIP – Language Interface Pack) uning
rasmiy veb-saytidan
ko’chirib olish mumkin.
Saytda uni o’rnatish bo’yicha batafsil ma’lumotlar ham berilgan. Office
2007 dasturlar paketiga o’zbekcha LIP kengaytmasini o’rnatganingizdan
so’ng uning interfeysi o’zbek tilida ko’rinish bilan birga, lotin
alifbosida yozilgan o’zbekcha matnlarni imlo xatolariga tekshirish
imkoniyati ham paydo bo’ladi (1-rasm).

oznetda savodsizlik muammolari yoki ozbek tilidagi saytlarda tilga bolgan etibor 6613c8ea5abfc

1-rasm. Microsoft Office 2007 dasturida o’zbekcha interfeys va imlo xatolarini tekshirish imkoniyati.

Erkin va ochiq kodli dasturiy ta’minotlarda, xususan Linux operatsion
tizimi va undagi dasturlarda o’zbekcha matnlarni imloga tekshirish
uchun
aspell-uz paketidan foydalanish mumkin. Lekin, hozircha uning yordamida faqat o’zbek kirill alifbosidagi matnlarni tekshirishingiz mumkin xolos.

Albatta, yuqorida ko’rsatib o’tilgan imloni tekshirish dasturlari
o’zbek tilidagi imlo xatolaringizni to’liq bartaraf qila olmaydi. Agar
siz yozgan so’zni o’zining so’zlar bazasidan topa olmasa, hatto to’g’ri
yozilgan so’zlarni ham xato deb ko’rsatishi mumkin. Bundan tashqari,
hamma ham veb-sayt uchun matnni biror matn muharririda tayyorlamaydi.
Ko’p holatlarda sayt matni to’g’ridan to’g’ri saytning o’ziga, uning
kontentini boshqarish tizimi yordamida veb interfeysdan kiritiladi.
Ushbu holatda saytdagi matnni imlo xatolariga tekshirib beruvchi
Internet xizmatlarining (masalan, Yandex kompaniyasi taqdim qiladigan
veb-masterlar uchun uskunalar tarkibiga kiruvchi
imloni tekshirish xizmati
kabi xizmatlarning) tashkil qilinishi foydadan xoli bo’lmas edi.
Afsuski, bugungi kunda O’znetda birorta ham bunday xizmat mavjud emas.

KIRILL ALIFBOSIGA XOS BO’LGAN MUAMMOLAR

Muammo. Kirill alifbosiga xos bo’lgan muammolar asosan Ўў, Ққ, Ғғ va Ҳҳ
harflari bilan bog’liq. Bu harflarni kiritish uchun klaviatura
tugmalari tartibi paydo bo’lganiga qariyb 10 yil bo’lgan bo’lsada,
afsuski, shu kungacha bu harflarni klaviaturadan kiritishni
bilmaydiganlar topiladi (2-rasm).

oznetda savodsizlik muammolari yoki ozbek tilidagi saytlarda tilga bolgan etibor 6613c8eb1e2c7

2-rasm.
Ўў, Ққ, Ғғ va Ҳ ҳ harflaridan foydalanilmagan sayt.

Ayrim saytlarda esa sahifalarning kodlash usuli
Ққ, Ғғ va Ҳҳ
harflarini qo’llab-quvvatlamaganligi sababli bu harflardan atayin
foydalanilmaganligini ko’rish mumkin (3-rasm). Ushbu holatlarda muammoga
odatda saytning kodlash usuli sifatida „windows-1251“ tanlanganligi
sabab bo’ladi. 3-rasmdagi saytning dastlabki kodini ochib, muammo aynan
shunda bo’lganligini ko’rish mumkin:

oznetda savodsizlik muammolari yoki ozbek tilidagi saytlarda tilga bolgan etibor 6613c8ebaa11b

3-rasm. Sahifalarning kodlash usuli
Ққ, Ғғ va Ҳҳ harflarini qo’llab-quvvatlamaganligi sababli bu harflardan foydalanilmagan sayt.

„windows-1251“
Microsoft Windows operatsion tizimining barcha ruscha versiyalarida
asosiy kodlash usuli hisoblanganligi sababli vebda kirill yozuvi uchun
eng ko’p shu kodlash usulidan foydalaniladi . Afsuski, unga o’zbek
kirill alifbosidagi
Ққ, Ғғ va Ҳҳ harflari qo’shilmagan. Ўў harfi esa belorus alifbosida ham uchraganligi sabab ushbu kodlash usuli uni qo’llab quvvatlaydi.

Yechim. Albatta, muammoning yechimi mavjud va u juda murakkab ham
emas. Agar sayt sahifalarida „windows-1251“ kodlash usuli ishlatilgan
bo’lsa, unda
Ққ, Ғғ va Ҳҳ harflarini chiqarish uchun quyidagi HTML tilining maxsus simvollaridan foydalanish mumkin: Қ – Қ қ – қ Ғ – Ғ ғ – ғ Ҳ – Ҳ ҳ – ҳ Masalan, O’znetda bu usuldan „O’zbek futbol fanatlari“ (uff.uz) veb-sayti samarali foydalanadi.

Yana bir variant UTF-8 kodlash usuli bo’lib, bugungi kunda Internet
tarmog’idagi ko’plab saytlar aynan shu kodlash usulida ishlashadi. Bu
kodlash usulining ustun tomoni, endilikda siz nafaqat kirill
alifbosidagi muammoli harflarni balki, dunyodagi deyarli barcha
alifbolarning simvollarini veb-saytingizda ishlatishingiz mumkin
bo’ladi. Agar bu kodlash usulidan foydalanadigan bo’lsangiz, HTML
tilining maxsus simvollaridan foydalanish shart emas, matnni to’g’ridan
to’g’ri operatsion tizimdagi o’zbek kirill klaviatura tugmalari
tartibidan foydalangan holda kiritishingiz mumkin. Faqat, sayt
sahifalarining dastlabki kodidagi meta-ma’lumotlarda va sahifani
saqlayotganda kodlash usuli sifatida UTF-8 usulini ko’rsatishni
unutmang.

LOTIN ALIFBOSIGA XOS BO’LGAN MUAMMOLAR

Muammo. Lotin alifbosiga xos bo’lgan muammolar asosan O’o’ va G’g’
harflari, hamda ‘ tutuq belgisini noto’g’ri ifodalash bilan bog’liq.
Ko’p hollarda O’o’ va G’g’ harflari ustidagi yuqoriga qaragan vergul
ko’rinishidagi simvol va pastga qaragan vergul ko’rinishidagi tutuq
belgisi noto’g’ri qo’yiladi (4-rasm).

oznetda savodsizlik muammolari yoki ozbek tilidagi saytlarda tilga bolgan etibor 6613c8ec3fbfb

4-rasm.
O’o’, G’g’ harflari va tutuq belgisining yozilishi.

O’o’, G’g’ harflari va tutuq belgisining noto’g’ri yozilishi O’znetdagi deyarli barcha saytlarda uchraydi. uza.uz, gov.uz, onatili.uz
kabi asosiy kontent lotin yozuvida taqdim qilinadigan saytlarda sayt
kontentiga ancha e’tibor bilan yondashilsada, baribir, sahifalarda imlo
xatolari tez-tez uchrab turadi (5-rasm). Uza.uz kabi saytlarda
yangiliklar matnining noto’g’ri yozilishi ko’plab davlat tashkilotlari
saytlarida ham ushbu xatoning qaytarilishiga olib keladi, chunki davlat
tashkilotlari veb-saytlaridagi yangiliklar odatda Milliy axborot
agentligi veb-saytidan olinadi.

oznetda savodsizlik muammolari yoki ozbek tilidagi saytlarda tilga bolgan etibor 6613c8ecd2c30

5-rasm. O’zbekiston Milliy axborot agentligi veb-saytida
O’o’, G’g’ harflari va tutuq belgisining yozilishi.

Lotin alifbosiga xos bo’lgan boshqa muammolar asosan transliteratsiya
bilan bog’liq. Ko’p hollarda matn avval kirill yozuvida tayyorlanib,
keyin transliterator dastur yordamida lotin yozuviga o’tkaziladi.
Afsuski, bugungi kunga qadar o’zbek kirill yozuvidan lotin yozuviga va
teskari yo’nalishda barcha imlo qoidalariga to’liq amal qilib
o’giradigan birorta ham dastur yo’q. Transliteratsiyada eng ko’p xatolar
kirill alifbosidagi
Цц va Ее harflarini lotin yozuviga o’tkazishda, sanalarning yozilishida[3], ayrim lotin yozuvidagi so’zlarning transliteratsiya qoidalariga umuman mos kelmasligi[4] e’tiborga olinmaganligi kabi holatlarda yuzaga keladi.

Veb-saytlardagi lotin yozuvi bilan bog’liq imlo xatolarining sabablari odatda quyidagilardan biri yoki bir nechtasi bo’ladi:

  1. Matn muallifi lotin alifbosini yaxshi bilmaydi va bu harflarning aynan to’g’ri yozilishidan xabari yo’q;
  2. Matn muallifi transliteratsiya qiluvchi dastur yordamida kirilldan lotinga o’tkazilgan matnni qayta tahrirlab chiqmaydi;
  3. Windows operatsion tizimi bilan taqdim qilinadigan o’zbek lotin
    alifbosi uchun klaviatura tugmalari tartibida ushbu yuqoriga va pastga
    qaragan vergul ko’rinishidagi simvollar mavjud bo’lmaganligi uchun matn
    muallifi ularni qanday kiritishni bilmasdan, klaviaturadagi inglizcha
    tugmalar tartibidan foydalanib qo’ya qoladi.

Yechim. Yuqorida sanab o’tilgan muammolardan
birinchi ikki muammo albatta matn muallifining o’z savodlilik darajasi,
lotin yozuvining imlo qoidalaridan qanchalik xabardorligiga bog’liq.
Bunda albatta sayt kontent menejerining o’z ustida ishlashi, imlo
qoidalari bo’yicha bilimini oshirishi kerak bo’ladi.

Uchinchi muammoning yechimi esa, unchalik qiyin emas. Darhaqiqat,
Windows operatsion tizimi bilan taqdim qilinadigan o’zbek lotin alifbosi
asosidagi klaviatura tugmalari tartibida
O’o’, G’g’
harflari va tutuq belgisining yozilishi uchun zarur bo’lgan yuqoriga va
pastga qaragan vergul ko’rinishidagi simvollarning mavjud emasligi
ularni kiritishda qiyinchilik tug’diradi. Ularni veb-sahifaga chiqarish
uchun HTML tilining maxsus simvollaridan foydalanish mumkin:
&lsquо; (O’o’ va G’g’ harflari uchun) va &rsquо;
(tutuq belgisi uchun). Lekin, veb-sahifalarni kod ko’rinishida emas,
balki vizual tahrirlayotganda HTML tilining maxsus simvollarini kiritish
noqulaylik tug’diradi. Odatda ko’pchilik o’ziga qulay bo’lgan matn
muharririda matnni ingliz harflari bilan yozib olib, so’ngra avval
O’o’ va G’g’
harflarini, so’ngra tutuq belgisini avtomat tarzda almashtirish yo’li
bilan to’g’rilab chiqadi. Bu esa, albatta, juda noqulay. Agar, bu
muammoli simvollarni matnni yozayotgan vaqtingizda birato’la to’g’ri
kiritmoqchi bo’lsangiz, unda o’zbek lotin alifbosi uchun moslashtirilgan
klaviatura tugmalari tartibi kerak bo’ladi. Bunday klaviatura tugmalari
tarkibini quyidagi manzildan yuklab olishingiz mumkin:
http://behzod.uz/projects/uzl-keyboard/. Siz o’qiyotgan ushbu maqolani yozishda ham aynan shu tugmalar tartibidan (6-rasm) foydalanildi.

oznetda savodsizlik muammolari yoki ozbek tilidagi saytlarda tilga bolgan etibor 6613c8ed8f8b7

6-rasm. O’zbek lotin alifbosi uchun klaviatura tugmalari tartibi.

SHRIFTLAR MUAMMOSI

Muammo. Ayrim hollarda sayt sahifalarida imlo
xatolariga yo’l qo’yilmagan bo’lsada, noto’g’ri tanlangan shrift tufayli
matnlar yaxshi ko’rinmaydi. Ushbu muammolar qatoriga quyidagilarni
ko’rsatish mumkin:

  1. Internet Explorer brauzerining 6-verisiyasida (IE6) kirill yozuvidagi matnlarda Ққ, Ғғ va Ҳҳ harflarining o’rniga to’rtburchaklar chiqib qolishi.
  2. O’o’, G’g’ harflari va tutuq belgisining noto’g’ri ko’rinishi.

Yechim. Verdana shriftidan foydalanmang! Ha, aynan shu shriftdan foydalanish oqibatida kirill alifbosidagi Ққ, Ғғ va Ҳҳ
harflari IE6da to’g’ri ko’rinmaydi. Albatta, IE6 bundan 8 yil oldin
chiqqanligini, uning o’rnini allaqachon yangi, zamonaviy brauzerlar
egallayotganligini e’tiborga olgan holda bu muammoni unchalik muhim
emas, deb qarashimiz mumkin edi, lekin Verdana shriftida lotin
yozuvidagi
O’o’, G’g’ harflari va tutuq belgisi ham noto’g’ri ko’rinadi (7-rasm). Bunday holda yangi brauzerdan foydalanish ham yordam bermaydi.

oznetda savodsizlik muammolari yoki ozbek tilidagi saytlarda tilga bolgan etibor 6613c8ee1ca97

7-rasm. Verdana shriftida lotin yozuvidagi
O’o’, G’g’ harflari va tutuq belgisining noto’g’ri ko’rinishi

O’zbek tilidagi veb-saytlarda
Arial, Helvetica, sans-serif yoki Times New Roman, Times, serif shrift ketma-ketliklarini ishlatish tavsiya qilinadi (8-rasm).

oznetda savodsizlik muammolari yoki ozbek tilidagi saytlarda tilga bolgan etibor 6613c8ee9157d

8-rasm. Arial shrifti qo’llanilganidan so’ng 7-rasmda ko’rsatilgan sahifaning ko’rinishi

TILLARNING VA ALIFBOLARNING ARALASH QO’LLANILISHI

Muammo. Saytda turli tillarning va alifbolarning
aralash qo’llanilishi nafaqat foydalanuvchi uchun noqulaylik tug’diradi,
balki saytga bo’lgan salbiy munosabatni ham uyg’otadi. Odatda tashlab
qo’yilgan, qo’l uchida yoki e’tiborsizlik bilan yaratilgan saytlarda bu
holatni ko’p uchratish mumkin. Bunday saytlar qatorida
O’zbekiston Respublikasida ta’lim portali – edu.uz (9-rasm), O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi portali – markaz.uz
(10-rasm) kabi aslida savodli yozilgan matnlar bilan boshqalarga o’rnak
bo’lishi kerak bo’lgan veb-saytlarni uchratish juda achinarli holat.

oznetda savodsizlik muammolari yoki ozbek tilidagi saytlarda tilga bolgan etibor 6613c8ef1d92a

9-rasm.
O’zbekiston Respublikasida ta’lim portalida turli tillarning aralash qo’llanilishi.

oznetda savodsizlik muammolari yoki ozbek tilidagi saytlarda tilga bolgan etibor 6613c8ef8db57

10-rasm.
O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi portalida turli alifbolarning aralash qo’llanilishi va imlo xatolar.

Yechim. Nima ham deyish mumkin? Bunday holatlarda
veb-sayt uchun mas’ul kishilardan o’z ishlarining natijasiga e’tibor va
mas’uliyat bilan yondashishlari talab qilinadi xolos. Matnlarni to’g’ri
kiritish, turli texnik tomondan yuzaga kelishi mumkin bo’lgan muammolar
va ularning yechimi haqida esa yuqorida batafsil to’xtalib o’tdik.

XULOSA

Guvohi bo’lib turganingizdek, veb-saytlarda odatda uchraydigan
savodsizlik ko’rinishlarini bartaraf qilishning texnik tomonlari
unchalik qiyin emas. Lekin, asosiy masala bu maslahatlarga veb-saytlar
ijodkorlarining qanchalik amal qilishlaridadir. Agar sayt ijodkorlari
taqdim qilinayotgan matnning maqolada ko’rsatib o’tilgan muammolardan
xoli bo’lishiga alohida e’tibor qaratmas ekanlar, ko’plab yangi va qulay
klaviatura tugmalari tartibi, o’zbekcha harflarni to’g’ri ifodalovchi
shriftlar, son-sanoqsiz imlo xatolarni tekshiruvchi dasturlar bo’lsada
bu muammolar o’z dolzarbligini yo’qotmaydi. Shuni unutmaslik kerakki,
veb-sayt o’z ijodkorlarining Internet tarmog’idagi yuzidir. Undagi
matnning qanchalik e’tibor bilan tayyorlanganligi foydalanuvchilarga ham
bo’lgan e’tiborni ko’rsatadi.

Manba:

Ta‘lim
O‘znetda savodsizlik muammolari yoki o‘zbek tilidagi saytlarda tilga bo‘lgan e’tibor