Axloqiy madaniyat va kasbiy odob
Axloqiy madaniyat va kasbiy odob
DO`STLARGA ULASHING:
Axloqiy madaniyat va kasbiy odob
Axloqiy madaniyat va kasbiy odob.
Axloqiy tarbiyaning yo’llari va vositalari.
Davlat va fuqarolik jamiyatidagi aхloqiy yuksaklik darajasini ular fuqarolari aхloqiy madaniyati belgilaydi. Aхloqiy madaniyat shaxsning jamiyat aхloqiy tajribalarini egallashi va bu tajribalardan boshqa odamlar bilan bo’lgan munosabatlarida foydalanishi, o’z — o’zini muntazam takomillashtirib borishi singari jihatlarni o’z ichiga oladi. Qisqasi, u shaxs aхloqiy taraqqiyotining belgisi hisoblanadi. Zero aхloqiy madaniyat aхloqiy tafakkur madaniyatining qator unsurlarini o’z ichiga olgan tuzilmadir. U shaxsning o’zgalar bilan o’zaro munosabatlarida namoyon bo’ladi.
Aхloqiy madaniyatning eng muhim unsurlaridan biri — muomala odobi. U mohiyatan o’zaro hamkorlikning shakllaridan biri. Inson zoti bir — biri bilan hamkorlik qilmasdan, o’zaro tajriba almashmasdan, bir — biriga ta’sir ko’rsatmasdan rasmona yashashi mumkin emas. Muomala odam uchun ehtiyoj, zarurat, sog’lom kishi usiz ruhan qiynaladi, kayfiyati tushib boradi. Bu o’rinda buyuk ingliz yozuvchisi Daniel Defo qalamiga mansub mashhur «Robinzon Kruzoning sarguzashtlari» asarini eslashning o’ziyoq kifoya: Jumaboyni topib olgan Robinzonning naqadar quvonishiga ham sabab ana shunda.
Muomala odobining yana bir «ko’zgusi» bu – insoniy qarash, nigoh. Ma’lumki, odamning qarashida, yuz ifodasida, qo’l harakatlarida uning qay sabablardandir tilga chiqmagan, so’zga aylanmagan hissiyoti, talablari o’z aksini topadi. Chunonchi, suhbatdoshining gapini ohirigacha eshitmay, qo’l siltab ketish – muomaladagi madaniyatsizlikni anglatadi. Ba’zan qarab qo’yishning o’zi so’zdan ham kuchliroq ta’sir ko’rsatadi. Deylik, bir quruvchi usta o’z shogirdining hatti — harakatlaridan noroziligini bildirish uchun bosh chayqab, jilmayib qo’yishi mumkin. Ikkinchi usta esa, bir lahza o’qrayib qarash bilan munosabatini ifodalaydi. Birinchi usta yuz ifodasi va hatti — harakati bilan; «Obbo shovvoz — ey, sal shoshilibsan — da, ha, mayli, zarari yo’q, shunaqasi ham bo’ladi», degan ma’noni anglatsa, ikkinchi ustaning qarashidan; «Yana ishni rasvo qilibsan — ku, padarla’nat, qachon odam bo’lasan?!», degan so’zlarni uqish mumkin. Shubhasiz, birinchi usta muomalada odobga rioya qilgan bo’lsa, ikkinchisi uning aksi – shogirdining emas, o’zining odobsizligini ko’rsatmoqda.
Umuman olganda, muomala odobi kishilarning nasihat va odob o’rgatishsiz bir — biriga ta’siri, tarbiya va o’z — o’zini tarbiya vositasi sifatida diqqatga sazovordir. Shu sababli yoshlarimizda muomala odobini shakllantirish hozirgi kunda jamiyatimiz oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Bunda ota — onaning, mahalla — ko’yning ta’siri katta. Undan foydalana bilash kerak. Zero aхloqiy komillikka erishish muomala odobini egallashdan boshlanadi.
Aхloqiy madaniyat yaqqol ko’zga tashlanadigan munosabatlar ko’rinishidan biri, bu – etiket. U ko’proq insonning tashqi madaniyatini, o’zaro munosabatlardagi o’zni tutish qonun — qoidalarining bajarilishini boshqaradi. Agar muomala odobida inson o’z munosabatlariga ijodiy yondoshsa, ya’ni bir holatda bir necha muomala qilish imkoniga ega bo’lsa, etiket muayyan holat uchun faqat bir hil qoidalashtirib qo’yilgan hatti — harakatni taqozo etadi.
Etiket – takallufning mayda — chuyda jihatlarigacha ishlab chiqilgan odob qoidalari sifatida ijobiy, kishining ko’zini quvontiradigan muomala hodisasi. Lekin, ayni paytda, u asl aхloqiy asosini yo’qotgan majburiy mulozamat tarzida ham namoyon bo’ladi: etiket qoidalarini bajarayotgan kishi aslida o’z hohish — ihtiyoriga qarshi ish ko’rayotgan bo’lishi ham mumkin. Bu jihatdan u munofiqlikning bir ko’rinishiga aylanadi. Masalan, siz ertalab ishga shoshilib, darvozadan chiqdingiz, deylik. Ro’parangizda tanishingiz yoki qo’shningiz uchraydi. Siz ko’rishib, hol — ahvol so’rashib uni: «Qani uyga kiramiz, choy qilamiz, bir hangomalashamiz», deb ichkariga taklif qilasiz. Lekin, aslida, siz uning uyga kirishini aslo istamaysiz, vaqtingiz yo’q, hatto, shu uchrashganda ketgan vaqtingizni o’ylab, pitirlab turibsiz. Demak, siz o’z istagingizga qarshi, etiket — mulozamat yuzasidan yolg’on gaplarni aytasiz, hunuk eshitilsa ham na chora – munofiqlik qilasiz. Shunga qaramay, umuman olganda, etiket shaxsni muayyan tartib — qoidaga, qanday ichki ruhiy sharoitda bo’lmasin, bosiqlikka, muloyimlikka va sabr — toqatga o’rgatishi bilan ahamiyatlidir.
Aхloqiy madaniyat kasbiy odobda ham yaqqol ko’zga tashlanadi. Chunki inson voyaga etib, bir kasbning boshini tutgach, o’z kasbi doirasida odamlar bilan muntazam munosabatda bo’ladi. Bu munosabat, bir tomondan, hamkasabalar davrasida ro’y bersa, ikkinchi jihatdan, u kasb talabiga binoan uchrashadigan turli toifadagi odamlar bilan yuzaga keladi. Ayni paytda, kasbiy odob aхloqiy madaniyatning eng yuksak shakllaridan biri, uning jamiyat aхloqiy hayotidagi o’rni yuksak. Shu bois kasbiy odobga bafurjaroq to’xtalish joiz.
Bulardan tashqari, muallimlik odobi, huquq — tartibot xodimlari odobi, muhandis odobi singari birqancha kasbiy odob turlari borki, ular ham jamiyatda aхloqiy munosabatlar silsilasida muhim ahamiyatga ega. Shuni ham aytish kerakki, barcha kasbiy odob qonun — qoidalarining ta’sir doirasi, miqyosi bir xil emas. Ba’zi bir kasbiy odobning buzilishi oddiy odobsizlik doirasidan chiqib, aхloqsizlikka aylanib ketadi. Masalan, rahbarlik odobidagi ba’zi nuqtalarga tuxtalaylik. Rahbar quyi lavozimdagilarga mensimay, qo’pol munosabatda bo’lishi, o’ziga ishonib topshirilgan hudud yoki tashkilotdagi oddiy odamlar arz — dodiga, orzu — istaklariga to’ralarcha sovuqqon qarashi odobsizlikka kirsa, uning shaxsiy boylik orttirishi yo’lida korrupciya vositasida mamlakat, viloyat yoki tashkilot manfaatlarini qurbon qilishi aхloqsizlik, na faqat rahbarlik kasbiga balki Vatanga ham xiyonat tarzida baholanishi mumkin. Ba’zan kasbiy odobni kasbiy aхloq deb atalishi ham shundan.
Insonning aхloqiy hayoti uning aхloqiy tarbiyasi bilan chambarchas bog’liq. Zero aхloqiy tarbiya insonning shaxs bo’lib etishuvini ta’minlaydigan uzluksiz jarayonlaridan biri. Unda individ aхloqiy qadriyatlarni anglab etadi, o’zida aхloqiy fazilatlarni barqaror etadi, aхloqiy tamoyillar va me’yorlar asosida yashashga o’rganadi. Aхloqiy tarbiya insoniyat tarixi mobaynida ikki muhim masalaga javob izlaydi: bulardan biri — qanday yashamoq kerak, ikkinchisi – nima qilmog’ — u, nima qilmaslik lozim. Ana shu savollarga javob izlash jarayoni aхloqiy tarbiyaning amaliy ko’rinishidir.
Tarbiya ona qornidan boshlanadi degan gap bor. Uning asl ma’nosi, avvalo, ota — onaning o’zi aхloqiy tarbiya ko’rgan bo’lishi kerak degani. Zero qush inida ko’rganini qiladi: ota — ona oilada yuksak aхloq namunasini ko’rsatishi lozim.
Aхloqiy talab huquqiy qonun — qoidalarda o’z aksini topadi, deyish bilan biz aхloq va huquqning mustahkam aloqaga ega ekanini tasdiqlab turibmiz. Zero aslida ham shunday. Muayyan jamiyatdagi huquqiy qonun — qoidalar o’sha mintaqa xalqi tomonidan asrlar mobaynida ishlab chiqilgan aхloqiy aqidalar, tamoyillar, me’yorlar, shuningdek, nisbatan umumiylik xususiyatiga ega bo’lgan urf — odatlar zamirida vujudga keladi. Lekin ba’zi bir urf — odatlar, an’analar huquqiy me’yorlar darajasiga ko’tarila olmasligi ham mumkin. Buning sababi, ularning, avvalo, nisbatan xususiy tabiatga ega bo’lganida, qolaversa, aхloqiy va huquqiy taraqqiyot talablariga javob bera olmasligida. Masalan, johiliyat davrida arablarda qiz tug’ilsa, uni tiriklay ko’mib tashlash odati bo’lgan. Keyinchalik, musulmonlik yoyilganda, bu odat g’ayri muslimlik odati sifatida rad etildi. Hozirga kelib, unday hodisa huquqiy qonunlar asosida jinoyat deb qaraladi. Yoki bizning mintaqada qadimda mavjud bo’lgan hun olish odati ham hozirda jinoyat sifatida jazoga loyiq hisoblanadi. Bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin.
Ko’rinib turibdiki, aхloq bilan huquq, garchand, bir ildizga ega bo’lsa — da, ularning jamiyat aхloqiy hayotini boshqaruv usuli har xil: aхloq asosan tushuntirish, pand — o’gitlar vositasida ish ko’rsa, huquq majburiy usul, jazo choralari orqali ish olib boradi. Ayni paytda, shuni ham aytish kerakki, huquq aхloqqa nisbatan ancha aniq va ancha muayyan ichki bo’linishlarga ega. Chunonchi, xalqaro huquq, fuqaro huquqi, jinoiy huquq, mehnat huquqi va h. k. nisbatan qat’iy chegaralangan huquqiy me’yorlar mavjud. Aхloq esa huquqqa nisbatan ancha keng qamrovli. Chunonchi, huquqiy qonunlar mavjud tuzumga, muayyan shaxs va yosh doirasidagi kishilarga tadbiq etilsa, aхloqiy qoidalar, hikmatlar, pand — o’gitlar barcha tuzumlar hamda turli yoshdagi kishilarga taalluqli bo’ladi. Shuningdek, huquqiy me’yorlar aniq adresni taqozo qiladi, aхloqiy qoidalar esa mavhumligi va umumiyligi bilan ajralib turadi.
Aхloqning siyosat bilan aloqasi ham nihoyatda qadimiy: ilk davlat yuzaga kelgandan buyon mavjud. Masalan, miloddan avvalgi XVIII asrda Bobilon podshosi Xammurapi tomonidan ishlab chiqilgan qonunlar majmui huquqiy hujjat bo’lsa — da, uning asosida aхloqiy fazilat – adolatni barqaror etish yotadi. Zero Xammurapi bu qonunlarni mamlakatda haqiqat qilish, adolat o’rnatish, etim — esirlar va beva — bechoralarga himmat, rahm — shafqat ko’rsatish maqsadida joriy etganini ta’kidlaydi.
Aхloqshunoslik tarixida aхloq bilan siyosatning munosabatlari borasida ikki hil qarash mavjudligini ko’rish mumkin. Ularning biriga ko’ra, siyosat aхloqiy bo’lmog’i lozim, ikkinchisiga binoan esa siyosat aхloq bilan sig’ishmaydi.
Birinchi qarash mohiyatan aхloqni siyosatdan yuqori qo’yadi: siyosat aхloqqa bo’ysundirilishi shart. Boshqacha qilib aytganda, maqsadlar va vositalar birligiga erishmoq lozim, ya’ni buyuk, pokiza ideallar faqat aхloqiy pok vositalar orqali amalga oshirilmog’i kerak. Lekin bunda aхloq siyosat vazifasini bajarmasligi lozim. Aks holda muayyan davlat institutlarining, hususan, huquq — tartibot va harbiy idoralar singari tashkilotlarning ishini ortiqcha darajada cheklab, ularni juda zaiflashtirib qo’yish mumkin.
Shunisi ham borki, ba’zi san’at asarlarida aхloqiy idealga duch kelmaydi kishi, hatto biror bir ijobiy qahramonni ham uchratmaydi asar boshdan — oyoq salbiy badiiy qiyofalar turish — turmushini aks ettirishga bag’ishlanadi. Bunday badiiy qiyofalarni muallif o’z zamonasi erishgan aхloqiy daraja nuqtai nazaridan turib yaratadi. Misol tariqasida Bayronning «Beppo» dostonini, Gogolning «O’lik jonlar», Zavqiyning «Hajvi ahli rasta», Abdulla Qodiriyning «Kalvak mahzumning xotira daftaridan» asarlarini keltirish mumkin. Bu asarlarda aхloqiy muammolar, yuksak aхloqiylik masalasi avvalgi misollardagidek bevosita emas, balki bilvosita – satirik usul orqali o’rtaga tashlanadi.
Bundan tashqari, so’z san’atida, ta’bir joiz bo’lsa, o’ziga xos «aхloqiy janrlar» mavjud. Ularni xalq og’zaki ijodida ham, yozma adabiyotda ham uchratish mumkin: maqol, matal hikmatlar, hikoyatlar, rivoyat, masal pandnoma v. h. shular jumlasidandir. Umuman olganda, aхloqsiz badiiy asarning bo’lishi mumkin emas, barcha san’at asarlari uchun aхloqiylik umumiy zamin ahamiyatiga ega.
Bundan tashqari san’at aхloqshunoslik targ’ibotchisi, aхloqiy tarbiyaning eng qulay vositasi sifatida ham namoyon bo’ladi. Chunonchi, badiiy adabiyotning, kino san’ti, tasviriy san’at va teatr san’atining, ayniqsa, bu borada ahamiyati beqiyos. Bu san’at turlari yoshlarda aхloqiy idealning shakllantirishda katta xizmat qiladi. Chunonchi, «urush — urush» o’yinlarida bolalarning mard, jasaratli, matonatli, vatanparvar va halol amerikalik hindular sardoriga, Alpomishga, Go’ro’g’liga va boshqa xalq qahramaonlariga taqlidi fikrimizning dalilidir.
Aхloqning fan bilan o’zaro aloqadorligi masalasi ham muhim. Ba’zi bir qarashlarga ko’ra, aхloqning fanga aloqsi yo’q. Bunday qarashlarni to’g’ri deb bo’lmaydi. Zotan aхloqshunoslik tadqiqot ob’ekti sifatidagi aхloqning maqomiyoq uning fanga aloqadorligini ko’rsatib turadi.
Ayniqsa, aхloqning ijtimoiy fanlar bilan aloqasi miqyoslidir. Chunonchi, ko’pgina ilmiy qarashlar, nazariyalar insonni bevosita yoki bilvosita yuksak aхloq egasi, donishmand va halol inson bo’lishga chaqiradi.
Lekin, ayrim nazariyalar ham borki, ularni aхloqsiz deb atash o’rinli. Bunga ko’plab misollar keltirish mumkin. Masalan, mashhur «Maltus nazariyasi». Ingiliz iqtisodiyot nazariyotchisi Maltus (1766 — 1834) ilgari surgan g’oyaga ko’ra, aholi geometrik prgressiyaga, iste’mol maxsulotlari arifmetik prgressiyaga muvofiq rivojlanadi. Aholi o’sa borib, er yuzida qashshoqlik, oziq — ovqat etishmovchiligi vujudga keladi. Shu bois urushular olib borish tabiiy hol sifatida o’zini oqlaydi. Maltus bu o’rinda urushni targ’ib etish bilan aхloqsizlikning eng yuksak ko’rinishini namoyon etmoqda. Shuningdek, insoniyat jamiyatini qarama — qarshi sinflarga bo’lib tashlashni, hokimiyatni zo’ravonlik, qon to’kish teror orqali qo’lga kiritishni va shu yo’sinda tutib turishni targ’ib etuvchi markscha — lenincha sinfiylik hamda sosialistik inqilob nazariyalari ham ilmdagi aхloqsizlikning bo’rtib ko’zga tashlanadigan namunasidir.
Ma’lumki, barcha fanlar, hususan, tabiiy fanlar har biri o’z sohasida haqiqatning ayon bo’lishiga xizmat qiladi. Aхloqning pirovard natijasi esa insonni haqiqatga olib borish, uni komil mavjudot qilib tarbiyalashdir. Ana shu nuqtada aхloq va fan bilvosita munosabatga krishadi. Ayni paytda ilm — fanda erishilgan olamshumul yutuqlar insoniyat jamiyati oldiga yangi — yangi aхloqiy vazifalar va muammolarni qo’yadi. Chunonchi, so’nggi paytlarda fan — texnika taraqqiyotining yuksak darajasi va ekologik buhronlarning yuzaga chiqishi sababli ekologik aхloqshunoslik singari aхloq olamining yangi yo’nalishlari vujudga keldi; noosferadan yoki boshqacha aytganda tehnosferadan etosferaga – aхloqiy muhitga o’tish zarurati insoniyat jamiyati aхloqiy madaniyati oldidagi eng dolzarb vazifa sifatida qo’yilmoqda; zero bu vazifaning faqat aхloqshunoslik doirasidagi muammogina emasligini, keng qamrovli ekanini, butun Er yuzining bundan keyin mavjud bo’lishi yoki bo’lmasligi muammosiga aylanganini bugun yaqqol sezish mumkin.
Aхloq bilan mafkuraning aloqasi ham jamiyat hayotida juda katta ahamiyatga ega. Ma’lumki, har bir mafkura muayyan g’oyalar va qarashalr tizimidan iborat bo’ladi. Rasmona mafkurani aхloqiy g’oyalarsiz tasavvur qilish qiyin. Lekin g’oya hech qachon o’z — o’zicha, shunchaki mavjud bo’lmaydi. U albatta insonda in’ikos topadi va muayyanlashadi. Bu haqda Hegel o’zining «Falsafiy bilimlar qomusi» asarida shunday deydi: «¢oya haqida gapirganda, uni qandaydir olis va narigi tomondagi narsa tarzida tasavvur qilish kerak emas. ¢oya, aksincha, butunisicha shu erda ishtirok etadi hamda, shunindek, har bir ongda, kam deganda, buzilgan va zaiflashgan hoda mavjud bo’ladi». Demak, muayyan g’oyalarni, shu jumladan, aхloqiy g’oyalarni o’zida mujassamlashtirgan kishilargina mafkurani yaratadilar va uni ommalashtiradilar.
Har bir demokratik davlat va jamiyatda bir necha mafkura mavjud bo’lishi tabiiy. Lekin ular ichidan biri etakchilik mavqeini egallaydi. Bu etakchilik zinhor boshqa mafkuralarni inkor etmaydi va jamiyat a’zolari ko’pchiligi irodasini aks ettirishi bilan ajaralib turadi. Uni shuning uchun ham milliy mafkura deb atashadi. Erkin demokratik fuqorolik jamiyatini o’z oldiga vazifa qilib qo’ygan bizning mamlakatimizda bu masalaga jiddiy e’tibor berilgan. Chunonchi, O’zbekiston Respublikasi Konstitutciyasidagi birinchi bo’lim, birinchi bobning 12 — moddasida shunday yozib qo’yilgan: «O’zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning hilma — hilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mufkurasi sifatida o’rnatilishi mumkin emas».
Tarixdan aхloqiylikni chetlab o’tishga yoki uni aхloqsizlikka niqob qilib, aхloqni sohtalashtirib umr ko’rishga uringan mafkuralar ham bizga ma’lum. Ular, odatda, muayyan davlatning yagona mafkurasi deb e’lon qilinadi va u millatga yolg’on vositasida singdirishga uriniladi. Olmoniyada hitlerchilar ilgari surgan milliy sosializm mafkurasi yoki sobiq sho’rolar ittifoqidagi komunistik mafkura shular jumlasidandir. har ikkala mafkura ham o’zini tan olganlardan «mafkuraviy dushmanlar»ni jisman yo’qotishni talab etdi – eng buyuk aхloqsizlikni aхloqiylik sifatida targ’ib qildi. Lekin niqoblangan aхloqsizlikning umri uzoq emas. Bu holatni buyuk rus shoiri Aleksandr Pushkin «Tiklanish» degan she’rida bag’oyat go’zal tasvirlagan:
Vahshiy rassom mudroq, beizn,
Daho suratini buzadi
Va u surat ustiga o’zin
Beburd suratini chizadi.
Lekin u yot bo’yoqlar bir — bir
Ko’chib tushar yil sayin, ayon;
Va daho ijodi bequsur
Avvalgidek bo’lur namoyon…
(Turob To’la tarjimasi)
Lenin, Stalin, Hitler singari «vahshiy rassomlar» chizgan suratlar – totalitar tuzumlar mafkuralari qismatini shu she’rda ko’rish mumkin. Zero aхloqiylik har qanday mafkura muvaffaqiyatining garovi hisoblanadi. Aхloq bilan mafkura bir — biri bilan ana shunday uzviy bog’liq.
Axloqiy madaniyat va kasbiy odob