Bug‘ mashinasi
Bug‘ mashinasi
XVIII-asrning ikkinchi yarmiga qadar odamlar ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asosan suv dvigatellaridan foydalanishar edi. Lekin, suv g‘ildiragidan mexanik harakatni uzoq masofalarga uzatish imkoni bo‘lmaganligidan, barcha fabrikalarni daryo qirg‘oqlariga qurishga majbur bo‘linar edi. Bu har doim ham qulay bo‘lmagan. Bundan tashqari, suv dvigatelining samarali ishlashi uchun, to‘g‘onlar yoki sun’iy havzalar qurish, katta hajmdagi qo‘l mehnati va anchayin qimmatga tushadigan tayyorgarlik ishlari talab qilinar edi. Suv g‘ildiraklarida boshqa kamchiliklar ham yetarlicha bo‘lib, masalan ular kam quvvatli, sozlash murakkab va yil fasllariga bog‘liq holda ishlardi. Asta sekinlik bilan, ko‘p quvvatli, arzon, oson boshqariladigan va inson aralashuvisiz o‘zi ishlay oladigan dvigatelga bo’lgan ehtiyoj ortib bordi. Aynan shunday dvigatel sifatida esa, sanoat uyg‘onishi davri ibtidosida bug‘ dvigateli katta sahnaga chiqdi.
Bug‘ dvigateli haqidagi g‘oya, qisman, qadimgi dunyo olimlari tarafidan, porshenli suv nasosining ishlash tamoyiliga qiyosan ilgari surilgan edi. Uning ishlash tamoyili juda oddiy bo‘lib, u quyidagicha bo’lgan: porshenning yuqoriga ko‘tarilishi jarayonida, uning tubida joylashgan klapan orqali suv silindrga kirib to‘ldirgan. Slindrni suvni yuqoriga ko‘taruvchi truba bilan bog‘lovchi yon tomon klapani bu vaqtda yopiq turgan. Ushbu trubadagi suv ham doimiy ravishda klapanga kirishga intilgani bois, uning intilishi sababidan yon klapan yopilgan. Porshen qayta pastlagan vaqtda, u silindrdagi suvga bosim o‘tkaza boshlagan va natijada slindr tubidagi klapan ham yopilgan. Aynan shu vaqtda, silindrdagi suv, ko‘taruvchi truba orqali yuqoriga ko‘tarilgan. Porshenli suv nasosida tashqaridan bajarilayotgan ish hajmi, suvni nasos silindri orqali harakatlantirishga sarflangan.
Bug‘ mashinasi ixtirochilari ham aynan shu sxema, faqat undan teskari tartibda foydalanishni ko‘zlashgan. Porshen va slindr barcha bug‘ mashinalarining asosini tashkil qiladi. Dastlabki bug‘ mashinalari umuman olganda bug‘ dvigatellari emas, balki, bug‘ nasoslari bo’lgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ularning ishlash tamoyili bug‘ning kondensatsiyalanib, sovib qayta suvga aylanishi natijasida uning egallagan hajmi 170 martagacha qisqarishi natijasidagi bajariladigan ish hajmiga tayanar edi. Agar idishdagi havoni qizdirilgan bug‘ yordamida siqib chiqarilsa va uni yopilsa, va keyin mazkur bug‘ni sovutilsa, idish ichidagi bosim, tashqi atmosfera bosimiga nisbatan sezilarli darajada kichik bo’ladi. Tashqi atmosfera bosimi bunday idishni siqa boshlaydi. Agar unga porshen joylashtirilsa, u idish ichkarisi tomon, o‘z yuzasiga proportsional kuch bilan harakatlanib kirib boradi.
Bunday mashinaning ilk modellari 1690-yilda Papen tomonidan loyihalangan va tayyorlangan. 1702-yilda o‘z bug‘ nasosini Severi ham yasab namoyish etgan. Biroq, XVIII-asrda nisbatan keng ko‘lamli qo‘llanishda bo’lgan bug‘ mashinasi bu — Nyukomen ismli muhandisga taalluqli bo’lgan va ilk marotaba 1711-yilda ishlatib ko‘rilgan bug‘ mashinasi modeli bo’lgan edi.
Nyukomen mashinasida bug‘ silindri bug‘ qozoni ustida joylashgan edi. Porshen shtok orqali balansir bilan tutashtirilgan. Balansirning ikkinchi tomonidan shtok nasos bilan bog‘langan. Balansirning qarama-qarshi tomoniga biriktirilgan posangi yordamida porshen yuqoriga ko‘tarilgan. Bu vaqtning o‘zida silindrga kirib keladigan bug‘ ham porshenning yuqoriga ko‘tarilishiga xizmat qilgan. Porshen eng yuqori vaziyatga chiqib bo‘lganida, bug‘ qozondan silindrga bug‘ ochadigan kranni yopib qo‘yishgan va silindrga suv sepishga kirishishgan. Bu suvning ta’siri natijasida, silindrdagi bug‘ sovib, kondensatsiyalangan va bosimning keskin kamayishi natijasida, tashqi atmosferaning katta bosimi bilan porshen qayt pastlay boshlagan. Bu vaqtda porshen foydali ish bajarib o‘tgan, ya’ni nasosning shtoki yordamida balansirni harakatga keltirgan. Keyin yana silindrga bug‘ kiritishgan. Porshen yana yuqoriga ko‘tarilgan va butun slindr bug‘ bilan to‘lgan. Yana suv sepishgan va kondensatsiyalanib hajm kichrayib porshen qayta pastlagan. Ish shu siklda davom etib, porshenning faqat pastlash jarayonidagi bajariladigan unumli ish miqdoridan foydalanib qolishga urinishgan. Nyukomen mashinasida ishni amalda atmosfera bosimi bajargan. Bug‘ esa, siyrak (manfiy) bosimli bo‘shliq hosil qilish uchun zarur bo’lgan.
Bug‘ dvigatelining keyingi rivojlanishida, Nyukomen mashinasining bir yaqqol kamchiligi namoyon bo‘lib qoldi: undagi porshen bir vaqtning o‘zida kondensator vazifasini ham bajargan. Shu tufayli slindrni navbati bilan bir sovitishga bir qizdirishga to’g’ri kelgan. Mazkur sabab tufayli yoqilg‘i sarfi juda serharajat bo‘lib, tarixiy manbalarda, Nyukomen mashinasi uchun yoqilg‘i tashishga 50 ta navbatchi ot bilan arang ulgurishgani haqida faktlar mavjud. Nyukomen mashinasining foydali ish koeffitsiyenti zo‘rg‘a 1% dan ortgan. Boshqacha aytganda, issiqlik energiyaning 99% qismi samarasiz sarflanavergan. Shunga qaramay bu mashina ko‘mir yoqilg‘isi arzon bo’lgan Angliya va AQSHda ancha keng tarqalgan edi. Keyingi avlod ixtirochilari Nyukomen mashinasiga bir qancha takomillashtiruvlar va qo‘shimcha ratsionalizatorlik ishlanmalari kiritishdi. Masalan, 1718-yilda ixtirochi Beyton bug‘ va suvni silindrga avtomatik ravishda ochib yopadigan mexanizm va saqlovchi klapanlarni o‘ylab topdi. Uning ixtirolari orqali Nyukomen bug‘ mashinasida xavfsizlik va ishlash tezligi bir oz ortdi. Lekin, baribir Nyukomen mashinasining prinspial sxemasi keyingi 50 yil davomida aytarli ko‘zga ko‘rinadigan o‘zgarishlarga uchragani yo‘q edi.
Nyukomen mashinasining nusxalaridan biri Shotlandiyaning Glazgo shahri universitetida mavjud bo‘lib, uning tez-tez ishdan chiqishi odatiy hol bo’lgan. Mazkur universitet mexanik mutaxassisi Jeyms Uatt bug‘ mashinasini tuzatishga ish vaqtining ancha qismini sarflar edi. Xususan, 1763-1764 yillar davomida, Uatt aynan Nyukomen mashinasining universitetdagi nusxasi ustida ter to‘kishga majbur bo’lgan. Uattning amaliy yutug‘i shunda ediki, u universitetga tegishli ehtiyot qismlar va asbob uskunalardan erkin foydalanish bilan birgalikda, o‘zi mehnat qilayotgan jamoadagi yetakchi fizik va mexanik professor olimlardan doimo qimmatli maslahatlar olib turishi mumkin edi. Tez orada Uattning o‘zi ham qo‘l ostida mavjud material va ehtiyot qismlardan o‘z bug‘ mashinasini yasab oldi va uning ishlash jarayonidagi ro‘y beradigan fizik hodisalarni diqqat bilan kuzatib o‘rganib chiqa boshladi. Buning natijasida Uatt bug‘ mashinasining muammolariga kengroq nazar tashlab, ularni chuqurroq tahlil qilish imkoniyatiga ega bo’ldi. Pirovard natijada Uatt o‘zigacha bo’lgan mexaniklarning nazaridan chetda qolgan katta-kichik nuqsonlarni bartaraf etib, Nyukomen modeliga qaraganda ancha mukammalroq bo’lgan bug‘ mashinasi yasashga muvaffaq bo’ladi.
Model ustida ishlash asnosida Uatt silindrda soviyotgan bug‘ning bir qismi uning devorlarida kondensatsiyalanayotganligini sezib qoldi. Uatt darhol, dvigatel ishining iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq ishlashi uchun, slindrni doimo qizigan holatda tutib turish zarurligini fahmladi. Lekin bu holatda bug‘ni qanday qilib kondensatsiyalanadi? Uatt ushbu murakkab muammoni hal qilish uchun bir necha hafta bosh qotirdi. Vanihoyat u bug‘ni kondensatsiyalash uchun alohida slindr yasab, uni asosiy slindr bilan kalta truba orqali tutashtirish g‘oyasini amalda sinab ko‘rdi. Uattning o‘zi bu haqidagi esdaliklarida, unga mazkur oqshomdagi sayr vaqtidagi g‘oyani chevarchilik va tozalov maishiy xizmat uyi yonidan o‘tib borayotganida, uning deraza tuynukchasidan bulut ko‘rinishida chiqib tarqalayotgan tutunni kuzatgani sabab bo‘lganini yozadi. U bug‘ning nisbatan siyrak bosimli yo‘nalishga joyga intilishini aniqladi. Xuddi o‘sha onda uning kallasiga Nyukomen mashinasini alohida kondensatsiyalash idishi bilan jihozlash g‘oyasi kelgan ekan. Mashinaning o‘zi harakatga keltiradigan oddiy nasos, kondensatordan havo va suvni haydab chiqarib, mashinaning har bir taktida siyrak bosimli bo‘shliq paydo qilishi mumkin edi. Uatt silindrning har ikki tarafiga trubkalar bog‘ladi: pastki trubka orqali bug‘ qozonidan bug‘ kirib kelar va yuqoridagisi orqali esa, kondensatorga chiqarilar edi. Uatt bug‘ mashinasida kondensator — vertikal joylashgan ikkita tunuka trubkadan tayyorlangan, yuqori qismida kalta gorizontal truba bilan o‘zaro tutashtirilgan konstruksiyani namoyon qiladi. Tutashtiruvchi truba o‘rta qismida maxsus kran kondensatni ochib yopish uchun xizmat qilgan. Sovitish trubkalari va havo nasosi ichiga sovuq suv to‘ldirilgan kichik silindrga joylashtirilgan. Bug‘ trubkasi bug‘ qozoni bilan to’g’ridan to’g’ri tutashtirilgan. Bug‘ qozondan silindrga kran orqali bug‘ ochib yuborishgan. Slindr bug‘ bilan to‘lganda, kranni yopib, kondensatordagi havo nasosi porshenini yuqoriga ko‘tarishgan. Natijada kondensatorda kuchli siyraklikka ega bo‘shliq hosil bo’lgan. Bug‘ trubkalar intilgan va o‘sha yerda kondensatsiyalanib, porshenni ko‘tarilishga majbur qilgan. Porshen ko‘tarilish jarayonda Uatt unga yuk bog‘lash orqali uning foydali ish ko‘lamini baholashga uringan. Keyin yana kranni ochib bug‘ haydab, shu taxlit ish sikli davom etavergan.
1768-yilda Uattning universitetda yasagan tajriba modeli asosida, Rebuk tog‘ ma’danlari shaxtasida haqiqiy ishchi modeli tayyorlangan va muvaffaqiyatli ishga tushirilgan. 1769-yilda esa Uatt o‘z ixtirosi uchun birinchi patentini rasmiylashtirib olgan. Uning ixtirosidagi eng diqqatga sazovor va ahamiyatli jihati — bug‘ silindri va kondensatorning alohida ajratilgani va buning natijasida slindrni doimiy qizdirib turish uchun qo‘shimcha energiya, ya’ni qo‘shimcha xarajat sarflanmasligi edi. Uatt ishlanmalari orqali bug‘ mashinasi iqtisodiy jihatdan yanada arzonroq bo‘lib, uning FIK hajm ham ortdi.
Keyingi bir necha yil davomida Uatt o‘z ixtirosini takomillashtirish ustida tinimsiz ish olib bordi. Bu jarayonda unga ko‘plab texnik va moddiy qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga to’g’ri keldi. U moddiy barqarorlikka erishish uchun Bolton metallni qayta ishlash zavodi xo‘jayini bilan sheriklikka rozi bo‘lishga majbur bo‘ldi. boshqa muammolar ham yetarlicha edi: bug‘ mashinasi konstruksiyasi idishlarning germetikligi detallarning o‘ta aniq o‘lchamlarini talab etardi. Porshen va silindrning o‘zaro o‘lchamlari bir-biriga o‘ta katta aniqlikda muvofiq kelishi zarurat bo‘lib, aks holda bug‘ va energiyaning ortiqcha sarflanishi, mashina foydali ish hajmining keskin pasayishi aniq edi. o‘sha davrlar mashinasozlik sohasi uchun bunday aniqlikka erishish katta juda qiyin vazifa bo‘lib, maxsus dastgohlar va o‘lchov asboblarining aniqlik darajasi bunga tayyor bo‘lmagan. Katta o‘lchamdagi silindrlarni tayyorlash deyarli imkonsiz vazifa bo’lgan. Tayyorlangan katta o‘lchamli silindrlarning nuqsonlari tufayli, Uatt mashinasining dastlabki nusxalari qoniqarsiz ishlagan. Silindrlardan to‘xtovsiz bug‘ chiqib turgan, kondensatorlar o‘z ishini to‘liq bajarolmagan, yasashda yo‘l qo‘yilgan nuqsonlar tufayli hosil bo’lgan teshiklardan bug‘ hushtak chalib otilib chiqib kuchli shovqin paydo qilgan. o‘sha davr hajvchilaridan biri, Uatt mashinasining shunday holatini «o‘ziga katta ishton kiyib olgan yosh bola kabi» deb tasvirlagan ekan.
Natijada silindrlarni yo‘nish uchun maxsus dastgohlar tayyorlashga to’g’ri keldi. Umuman olganda, bug‘ mashinalarining paydo bo‘lishi va ularning keng ko‘lamda tayyorlana boshlanishi, texnikaning boshqa sohasi — dastgoh va stanoklar tayyorlash sohasida ham keskin inqilob yasadi. Bug‘ dvigatellari uchun detallar tayyorlash asnosida, dastgohsozlik mutaxassislari yangi, o‘ta aniqlikka asoslangan sifat bosqichiga ko‘tarilishlariga to’g’ri keldi. Vanihoyat Uattning urinishlari o‘z samarasini berdi va 1776-yilda bug‘ mashinalarining fabrika usulida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 1776-yil mashinalariga 1765-yil nusxalariga nisbatan bir necha prinspial takomillashtiruvlar kiritilgan edi. Porshen slindr ichiga bug‘ qobig‘i bilan qoplash natijasida, issiqlik yo‘qotilishi miqdori qisqartirildi. Bug‘ qozonidan kelib tushayotgan bug‘, silindrga endi uning tubidan emas, yon tomondagi, bug‘ trubasidan ochiladigan qilindi. Bundan tashqari, silindrga yana bir maxsus — muvofiqlashtiruvchi klapan ham ulanib, u orqali porshen ishini sozlash imkoni paydo bo’ldi.
Har ikkala klapanni ochilganda, qozondan kelib tushgan bug‘, porshen osti va ustidagi butun bo‘shliqni to‘ldirgan. Natijada trubadagi havo kondensatorga siqib chiqarilgan. Klapanlarni yopilganda, butun tizim muvozanatda saqlanib turgan. Keyin, kondensatordagi porshenni ajratib turadigan pastki klapanni ochib yuborishgan. Bu joydagi bug‘ kondensatorga intilib, u yerga yetib borgacha sovib, kondensatsiyalangan. Bunda kondensatorda siyrak bosimli bo‘shliq paydo bo’lgan. Yuqoridan esa, bug‘ qozondan kelib tushayotgan bug‘ bosim o‘tkazishda davom etgan. Uning ta’sirida porshen pastga tushib, tushish jarayonida shtok yordamida balansirni harakatlantirish orqali foydali ish bajargan. Porshen o‘zining eng qiyi holatiga tushib bo‘lgach, ikkinchi, muvofiqlashtiruvchi klapan ochilgan. Bug‘ yana porshen osti va ustidagi boshliqni to‘ldirib, silindrdagi bosimni muvozanatga keltirgan. Balansir uchida joylashgan posangi ta’sirida, porshen yuqoriga erkin ko‘tarilgan. Bu jarayonda porshen hech qanday ish bajarmagan. Ya’ni Uatt mashinasida ham ish bir tomonlama ish bajargan. Keyin barcha jarayon qayta takrorlangan. 1776-yil Uatt bug‘ mashinasining ishlash tamoyili shu ko‘rinishda bo’lgan.
Uattning ushbu bug‘ mashinasi ham, Nyukomen bug‘ dvigateli singari bir taraflama ish bajaruvchi bo’lgan bo‘lsa hamki, uning Nyukomendan farq qiluvchi o‘ta muhim jihati mavjud edi: Nyukomenda ish bajaruvchi — atmosfera bosimi bo‘lsa, Uattda ishni bug‘ bajarar edi! Bug‘ bosimini orttirish orqali, dvigatel quvvatini kuchaytirish, ya’ni dvigatel ish jarayoniga ta’sir ko‘rsatish mumkin edi. Umuman olganda esa, bu narsa baribir umumiy kamchilikni bartaraf eta olmagan: Nyukomenda ham, Uatda ham bug‘ dvigatel bir yoqlama ish bajarar edi. Ish jarayoni uzilishlar bilan bo‘lib, ulardan faqat nasos sifatida foydalanish mumkin bo’lgan xolos. 1775-185 yillar davomida, Uatt tamoyili bo‘yicha jami 66 dona bug‘ mashinasi tayyorlangan.
Bug‘ dvigatelining boshqa mashinalarni ham harakatga keltira olishi uchun, undan bir tekis aylanma harakat hosil qila olish talab etilar edi. Bunday mashinaning prinspial farqi shunday bo‘lishi kerak ediki, undagi asosiy mexanizm — porshen, ikki yoqlama, ya’ni, ham oldinga va ham orqaga harakatlanganida ham ish bajarishi lozim edi. Ikkiyoqlama ish bajaruvchi bunday dvigatel Uatt tomonidan 1782-yilda yasaldi. Bunda bug‘ porshenning har ikki tomonidan navbatma-navbat kiritilib, bug‘ kirayotganda, qarama qarshi joylashgan bo‘shliq har safar kondensator bilan bog‘langan. Bunday ajoyib tizim zolotnik yordamida ochilib yopiladigan trubalar tarmog‘ini qo‘llash orqali amalga oshirilgan. Zolotnik harakatini valda joylashtirilgan maxsus mexanizm nazorat qilgan. Uattning yangi ikkiyoqlama bug‘ mashinasining eng asosiy tarkibiy qismi — ekstsentrik bo’lgan.
Uatt ixtiro qilgan ekstsentrik maxsus shakldagi plastina ko‘rinishida bo‘lib, u plastinaning qoq markazida emas, balki undan ma’lum masofada joylashgan o‘qqa biriktirilgan. Bunday biriktirshda, o‘qning bir tarafiga qaraganda, ikkinchi tarafida plastinaning kattaroq qismi joylashadi. Plastinaning o‘zi esa, tayanch orqali zolotnikni aylantiruvchi g‘ildirakka mahkamlangan. Valning har bir aylanishida, zolotnikning bir takt harakati sodir bo’lgan. g‘ildirakning aylanish xarakteri, ekstsentrikka qanday shakldagi plastina qo‘yilganiga bog‘liq bo’lgan. Uatt hisoblashlar orqali shunday plastina shaklini tanlashga urinadiki, unda har bir aylanish vaqtida, zolotnikning bir tezlanib, bir sekinlab, bir to‘xtab ishlashini ta’minlashi mumkin bo’lgan. Bunday texnik ishlanma orqali Uatt o‘zining bug‘ mashinasini to‘liq avtomatlashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Dastlabki vaqtlarda Uatt bug‘ dvigatelining ishini maxsus ishchi nazorat qilib turgan. Uning xizmat majburiyatlariga, bug‘ miqdorining me’yorini saqlab turish asosiy vazifa qilib kiritilgan. Agar dvigatel aylanishlari soni ortib ketsa, u zaruriy jo‘mraklarni ochish yoki yopish bilan bug‘ taqsimlovchi trubadagi bug‘ yo‘lini bir oz qisib, bug‘ bosimini kamaytirib turgan. Keyinchalik, bu vazifa ham texnika zimmasiga yuklandi: markazdan qochma kuchga asoslangan maxsus sozlovchi konstruksiya (regulyator) bug‘ mashinasining inson ishtirokisiz ishlashiga xizmat qiluvchi yana bir katta qo‘shimchasi bo‘ldi. u quyidagicha ishlar edi: ishchi valning harakati tishli g‘ildiraklar orqali regulyatorning shkiviga uzatilgan. Bu bilan dvigatel aylanishlari soni bilan shkiv o‘rtasida mutanosiblik ta’minlangan. Shkivning juda tez aylana boshlashi, dvigatelning ham o‘ta tez aylanayotganidan dalolat bergan. Shkivning aylanishlari soni me’yoridan orta boshlaganda, uning ta’sirida hosil bo‘layotgan markazdan qochma kuch ta’sirida, regulyatorning sharlari yuqoriga ko‘tarilib, klapan muftasi va richagni harakatga keltirgan. Klapanning yopila boshlashi natijasida bug‘ miqdori kamayib, bosim pasaygan va dvigatel ish me’yoriga qaytgan. Dvigatel aylanishlari soni kamayib ketsa ham regulyator sharlari pastlab, klapanni ochilishga majbur qilgan va bug‘ miqdorini me’yoriy bosimgacha olib chiqqan.
Uatt o‘zining buyuk ixtirosi bo’lgan bug‘ mashinasining qadri va ahamiyatini juda yaxshi tasavvur qilgan. Ayniqsa u o‘z mashinasi uchun o‘zi ixtiro qilgan uzatma tizimini alohida qadrlar edi. Uatt yozadi: «Men o‘z shon-shuhratim bilan unchalik g‘ururlanmasam-da, lekin ixtirolarim ichida parallelogramm bilan boshqalaridan ko‘ra ko‘proq faxrlanaman». Bu gapi bilan Uatt o‘zining bug‘ mashinasi uchun o‘zi o‘ylab topishga majbur bo’lgan maxsus uzatma tizimi haqida ta’kidlamoqda. Gap shundaki, Uatt bug‘ mashinasi endi-endi takomillashib, tanila boshlaganida, Pikar ismli muhandisning uzatma tizimini qo‘llashni ko‘zlagan edi. Biroq Pikaruzatmasining patenti (Pikaruzatmasikrivoship mexanizmiga berilgan edi) Uatt mashinasi uchun noqonuniy bo‘lib chiqqach, Uatt o‘z mashinasi uchun o‘zi alohida uzatma tizimi o‘ylab topishiga to’g’ri keldi. Faqat Pikar patentining muddati tugagach, uning krivoshipli uzatma mexanizmi Uatt bug‘ mashinalarida qo‘llanila boshlagan. Bu orqali, endilikda Uatt bug‘ mashinasini nafaqat bir joyda turib ishlaydigan uskunalar uchun, balki harakatlanish vositalari uchun ham qo‘llash imkoniyati paydo bo‘ldi. Uatt bug‘ mashinasi, endi-endi tetapoya qilib kelayotgan mashinasozlik sanoati rivoji uchun inqilobiy ahamiyat kasb etdi. 1785-1795 yillarda 114 ta Uatt bug‘ dvigatellari ishlab chiqarildi. 1800-yilda esa Angliyada 321 ta bug‘ mashinasi ishlab turar edi. Ularni ishlab chiqarishning deyarli barcha sohalarida qo‘llashgan.
Jeyms Uattning buyuk ixtirosi insoniyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan ixtirolar jumlasidan bo‘lib, u butun boshli sanoat hamda transport sohalarining keyingi rivojlanishi uchun ulkan turtki bergan. Ixtirochi vafotidan so‘ng, uning hamda beqiyos ixtirosining shon-sharafiga, Angliya parlamenti tashabbusi bilan, Vestminstr abbatligida marmar yodgorlik o‘rnatildi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Ixtirolar tarixi
Bug‘ mashinasi
Manba:orbita.uz