Kosmik sayohatlar

Kosmik sayohatlar

Kosmik sayohatlar

kosmik sayohatlar 660ef61ad4cc5Avvallari inson shunchaki parvoz qilishni orzu qilardi. Koinot haqidagi bilimlar rivojlanib, boshqa osmon jismlarining hamda, umuman fazoning tuzilishi borasida olimlarda muayyan ilmiy faktlar paydo bo‘lar ekan, endilikda odamzot shunchaki havoda parvoz qilishni emas, balki boshqa sayyoralarga, boshqa galaktikalarga ham uchishni orzu qilib qoldi. Koinotga parvoz va kosmik sayohatlar haqidagi ilk mulohazalar albatta fantastik adabiyotlarda paydo bo‘lgan. Chunonchi 1865-yilda nashrdan chiqqan «Yerdan Oyga» asarida mashhur fantast yozuvchi Jyul Vern Oyga sayohat haqida yozadi. Muallif bu asarda fizika qonunlarini deyarli inobatga olmagan holda, asosan erkin badiiy to‘qimalar orqali syujetni ifodalaydi. Lekin Edvard Xeylning «g‘isht Oy« nomi hikoyasi haqida bunday deya olmaymiz. Mazkur hikoyada muallif orbitaga g‘ishtdan yasalgan sferani uchirilishi haqida yozadi. Hikoya g‘oyasiga ko‘ra, muhandislar tomonidan yasalgan g‘isht sfera aslida Yer orbitasiga chiqarilishi va u Yer sharining hamma joyidan ko‘rinib turadigan obyektga aylanishi kerak bo‘ladi. Loyihachilar ushbu sferadan navigatsiya signali sifatida foydalanishni ko‘zda tutishadi. Lekin uni uchirish paytida qilingan xato tufayli, g‘isht sfera ichida odamlar qolib ketadi va ular koinotga parvoz qilishadi.

Aslida shunchaki badiiy-fantastik hikoya bo‘lgan ushbu asarda tarixda ilk bora Yerning sun’iy yo‘ldoshi va kosmik-orbital stansiya haqida so‘z boradi. Unda muallif koinotda yashash shartlari va kosmik parvozlarga oid bir necha muhim fizik-texnik tamoyillarni bayon qilgan. Kosmik sayohatlar haqidagi so‘nggi muvaffaqiyatli badiiy asarlardan biri shubhasiz Ridli Skotning «Marslik« filmi bo‘ldi. Unda Marsda faoliyat olib borayotgan ilmiy ekspeditsiya tarkibidagi bir xodim sheriklaridan ajralib sayyorada qolib ketadi va qutqaruvchilar qaytguncha o‘sha yerda yashashga majbur bo‘ladi. Albatta, katta miqdorda fantastika aralashgan ushbu filmda ham haqiqatga yaqin ayrim jihatlar yo‘q emas.

 

Koinotga parvoz uchun amaliy harakatlar tarixiga nazar tashlasak, quyidagi qiziqarli ma’lumotlarni ko‘rishimiz mumkin:

Manbalarga qaraganda, tarixda ilk fazogir — Xitoylik Van Xu ismli tavakkalchi bo‘lgan emish. XVI-asrda yashab o‘tgan bu odam kresloga 47 ta poroxli raketani mahkamlab, o‘zi o‘rnashib o‘tirib olgan va sheriklariga raketalarni o‘t oldirishni buyurgan. Raketalar o‘t olgach, Van Xu o‘tirgan joyda kuchli quyuq tutun hosil bo‘lgan va uni qaytib hech kim ko‘rmagan.

Ushbu hodisani zamonaviy rekonstruksiyaga ko‘ra xulosa qiladigan bo‘lsak, Van Xu koinotga uchishga qaror qilgan «kosmik kema«, «start maydonchasi«ning o‘zida portlab parchalanib ketgan bo‘lsa kerak. Aslida raketa texnologiyasi paydo bo‘lgan davrlarda u asosan faqat harbiy maqsadlarda, dushmanga qarshi qurolli hujum uyishtirish uchun ishlatilgan. Ushbu jihat hatto AQSH milliy madhiyasida ham o‘z ifodasini topgan. AQSH madhiyasidagi «the rocket’s red glare« satri — Britaniya harbiy floti kemalarining 1812-yilda Amerika portlarini Kongriv raketalari bilan o‘qqa tutgani haqidagi yodnomadir. o‘sha zamonlarda harbiy maqsadlarda qo‘llangan raketalar mohiyatan ulkan feyrverklar bo‘lib, zarba kuchini ko‘paytirish uchun raketa kallagini metall qoplama bilan mustahkamlashgan.

Raketa texnikasidan foydalanib koinotga parvoz qilish mumkinligi haqidagi ilk g‘oyalarni rus o‘qituvchisi Konstantin Eduardovich Siolkovskiy ilgari surgan. U yerning o‘z o‘qi atrofida aylanish tezligi 8 km/soniya ekanini bilgan holda, endilikda «Siolkovskiy formulasi« deb nomlanuvchi mashhur fizik formulani keltirib chiqargan. U bunday tezlikka suyiltirilgan kislorod va vodorodda harakatlanuvchi raketa orqali erishish mumkinligini ham isbotlab bergan edi (zamonaviy kosmik raketalarning aksariyatida aynan shunday yoqilg‘idan foydalaniladi). Siolkovskiyning 1903-yilda nashrdan chiqqan mashhur «Olam fazosini reaktiv asboblar bilan tadqiq qilish« nomli kitobida kosmik parvozlarning ko‘plab tafsilotlarini juda aniqlik bilan bayon qilib bergan. Hali oddiy samolyotlar ham bo‘lmagan bu davrda Siolkovskiyning koinot apparatlari haqidagi bu darajada mukammal fikrlar bildirgani hayratlanarlidir. Chunonchi u kosmik kemaning tashqi qoplamasini qo‘shqavatli qilish kerakligini, odamning vaznsizlik holatiga tushgandagi jismoniy va fiziologik ahvoli qanday bo‘lishini real voqe’likka juda katta yaqinlik bilan ifodalaydi. Raketaning ko‘p bosqichli bo‘lishi kerakligini, balandlik ortgan sari va yoqilg‘i yonib tugashi yo‘nalishida, raketaning ma’lum qismlari asosiy bortdan uzilib tushib ketishi orqali uning vaznini yengillatib borish mumkinligini ham aynan Siolkovskiy ta’kidlagan. U bu turdagi raketa uchirish usulini «raketa poyezdi» deb nomlagan.

Inson tomonidan boshqariladigan kosmik kema tamoyilin ham ilk bora 1911-yilda aynan Konstantin Siolkovskiy taklif qilgan edi. Unga ko‘ra fazogir kabinasi raketaning eng oldingi, yuqori qismida joylashtiriladi. o‘shanda Siolkovskiy fazogirning raketa maydonchadan start olib, orbitaga chiqib olgunicha ko‘tarishi kerak bo‘lgan jismoniy zo‘riqishlar haqida ham mukammal hisob-kitoblarni keltirib o‘tgan.

Konstantin Eduardovich Siolkovskiy o�zi loyihalagan raketa modellari bilan. 1919 yil.

 

Albatta Siolkovskiy g‘oyalari amalga oshishi uchun ko‘p vaqt va ulkan mablag‘ kerak bo‘ldi. Fazoga ilk marta inson uchirilishi 1961-yilda amalga oshdi. Unda rus fazogiri Yuriy Gagarin, «Vostok-1» kosmik kemasida Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan fazoga uchib, tarixda ilk fazogirga aylandi. Yerdan tashqaridagi osmon jismiga uyishtirilgan ilk kosmik parvoz esa 1969-yilda AQSHlik astronavtlar — Nil Armstrong, Bazz Oldrinlar tomonidan Apollon-11 koinot kemasida bajarildi. Hozirda Yer orbitasida Xalqaro Kosmik Stansiya ishlab turibdi. U muddatini o‘tab bo‘lgan «MIR» orbital stansiyasining o‘rniga chiqarilgan edi. Ushbu orbital stansiyalarda ko‘plab fazogirlar faoliyat yuritib kelishdi. Hozirgi kunda (30.01.2016) Xalqaro Kosmik Stansiyada komadir Skot Kelli boshchiligidagi 5 nafar fazogir faoliyat yuritmoqda.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Astronomiya
Kosmik sayohatlar

Manba:orbita.uz