Vodorod — eng yengil element

Vodorod — eng yengil element

Vodorod — eng yengil element

vodorod eng yengil element 660eeec5d416cKimyoviy elementlar ichida eng oddiysi — vodorod hisoblanadi. Vodorod — davriy jadvaldagi №1-elementdir. Bizga ma’lum atomlar ichida vodorod atomi o‘lchamlariga ko‘ra eng kichik, eng yengil va eng sodda tuzilgan atomdir. Balki shu sababdandir, vodorod — Koinotda eng ko‘p tarqalgan element sanaladi. Kosmologlar va Astrofiziklarning fikricha, Koinotda mavjud atomlarning 90% qismini vodorod tashkil qilar emish.

Masalan, bizning yulduzimiz — Quyosh ham asosan vodoroddan tashkil topgan. Boshqa yulduzlar ham xuddi shunday. Vodorod — yulduzlarni barpo qilish uchun eng mos va eng qulay qurilish materialidir.

Biroq, Yerda vodorod unchalik ham ko‘p uchramaydi. Yer qobig‘idagi atomlardan atiga 3% qismigina vodorod hissasiga to‘g‘ri keladi. Yer qa’ridagi boshqa chuqur qatlamlarda bu ko‘rsatkich yanada kam. Shunga qaramay, olimlarning fikricha, Yer ham avvaliga butun Koinot tashkil topgan moddadan, demakki, asosan vodoroddan tashkil topgan bo‘lishi kerak. Unda Yerdagi qolgan vodorod qayoqqa keti ekan?

 

Buning sababi — vodorod atomining o‘ta kichik o‘lchamlari bilan bog‘liqdir. Xuddi kislorod atomlari singari, vodorod atomlari ham juft-juft bo‘lib guruhlanadi. Natijada, ikkita vodorod atomidan iborat kombinatsiya, ya’ni, vodorod molekulasi hosil bo‘ladi. Hamma molekulalar ichida aynan vodorod molekulasi eng kichik molekula bo‘lib, sababini o‘zingiz tushungan bo‘lsangiz kerak (u eng kichik atomlarning juftligi xolos). Bitta vodorod molekulasi, istalgan boshqa elementning bitta dona atomidan ham kichikroq bo‘ladi.

Tabiatda barcha molekulalar doimiy harakatda bo‘ladi. Qattiq jismlarning molekulalari o‘z o‘rniga mustahkam mahkamlangan bo‘lsa-da, baribir muntazam tebranib, harakatda bo‘lib turadi. Suyuqliklarning molekulalari nisbatan erkin harakatlanib yuradi. Gazlarning molekulasi esa juda erkin va betartib harakatlanadi.

Me’yoriy harorat sharoitlarida havodagi kislorod molekulalari bir daqiqada 6 km tezlik bilan uchib yuradi. Albatta, bunday katta tezlik bilan uchishda, kislorod molekulalari bir-biri bilan to‘qnashib, bir-biridan sapchib yo‘nalishini o‘zgartirib turadi. Harorat ko‘tarilsa, molekulalarning harakati ham yanada tezlashadi. Masalan, issiqlik manbai mavjud bo‘lgan joydagi atrof-muhit havosida, aytaylik, gulxan atrofida molekulalarning tezligi kattalashadi.

Bu jarayonda, tabiiyki, o‘lchami kichikroq va massasi yengilroq molekulalar boshqa, og‘ir va kattaroq molekulalardan ko‘ra tezroq va osonroq uchadi. Vodorod molekulasi esa, barcha molekulalar ichida eng yengili bo‘lgani uchun, u hammadan tezroq uchadi. Xususan, me’yoriy sharoitda, vodorod molekulasi o‘rtacha 11 km/daqiqa tezlik bilan uchadi (bu — o‘rtacha tezlik, ayrim molekulalar bundan tez yoi sekin uchishi mumkin).

Bunday katta tezlik bilan harakatlanadigan obyekt, albatta Yerni tark etishi ham mumkin…

Maktab fizika kursidan sizga yaxshi ma’lumki, agar toshni yuqoriga otsangiz, u muayyan masofaga uchib borgach, Yerning tortish kuchi ta’sirida yana qaytib tushadi. Agar, toshni kattaroq kuch bilan otilsa, u balandroqqa uchadi, lekin baribir qaytib tushadi. Agar, to‘p bilan otilsa, snaryad bir necha kilometr yuqoriga chiqib, baribir qaytib tushadi. Lekin, baribir, biror narsaga yetarlicha tezlik bera olsangiz, uni Yerga qaytib tushmaydigan qilib uchirib yuborish mumkin. Bunday holatda jism erishadigan tezlik qochish tezligi, yoki qutilish tezligi deyiladi. Chunki, muayyan tezlikka erisha olgan jism, Yerning tortish kuchini yengib o‘tib, undan qochib-qutilib ketadi.

Vodorod molekulalarning havodagi harakat tezligi ushbu tezlikka yaqin bo‘lib, shu sababli ham, havoda vodorod molekulasi mavjud bo‘lsa, u katta ehtimol bilan, ochiq koinotga chiqib ketishi mumkin. Yer endi-endi shakllangan zamonlarda, juda qaynoq bo‘lgan. Shu sababli ham undagi vodorod molekulalari juda katta tezliklarda harakatlangan va Yerni tark etib, fazoga chiqib ketgan.

Shu sababli ham, hozirda Yer atmosferasida vodorod deyarli qolmagan. Yerda qolgan kam miqdordagi vodorod ham, uning atomlari boshqa, nisbatan og‘ir atomlar bilan birikib qolgani sababligina uchib ketolmay, shu yerda qolib ketgan.

Kislorod molekulasi vodorod molekulasidan ko‘ra 16 marta og‘irroq bo‘lib, juda sekin harakatlanadi va kislorod molekulasining harakat tezligi hech qachon qochib-qolish tezligiga yaqinlashmaydi ham. Shu sababli ham kislorod koinotga qochib ketolmaydi va u atmosferada yuraveradi.

Quyosh tizimidagi ba’zi sayyoralar Yerga taqqoslagan juda ulkan bo‘lib, tabiiyki, shunga yarasha ulkan tortishish kuchiga egadir. Bunday ulkan sayyoralardagi molekulalar uchun, sayyorani tark etishga yetarli tezlikka erishishning deyarli imkoni bo‘lmaydi. Chunki, sayyoraning tortish kuchini yengib chiqib ketishga yaqin tezlikka erishish uchun, shunga yarasha tezkor harakat qilish lozim bo‘ladi. Boz ustiga, ulkan sayyoralarda atmosfera harorati ham juda sovuq bo‘lgani bois, molekulalarining harakati ham juda sekin bo‘ladi. Masalan, Yupiterdagi tortish kuchi Yernikidan 2,5 barobar katta bo‘lib, sayyora atmosferasi ham juda sovuq. Shu sababli, uning atmosferasida juda katta miqdorda vodorod mavjud bo‘lib, lekin undagi vodorod koinotga tarqab keta olmaydi. Boshqa gaz gigantlari, ya’ni, Saturn, Uran va Neptunda ham ahvol shunga yaqin.

Yerdan kichikroq o‘lchamli sayyoralardagi ahvol esa bundan ham chatoq. Masalan, Marsning gravitatsiyasi, Yernikiga taqqoslaganda 2/5 marta kichik. Shu sababli, Mars hatto atmosferani ham tortib tura olmaydi. Uning atmosferasidagi gazlarning aksariyati allaqachon sayyorani tark etgan bo‘lib, qolgan atmosfera ham juda siyrak va yupqadir. Oy esa, gravitatsiyasi juda-juda kichik bo‘lganida, o‘zida atmosferani umuman tutib tura olmaydi va shu sababli, bizning tabiiy yo‘ldoshimizda atmosfera umuman yo‘q.

Koinotdan yana ona Yerimizga qaytamiz. Yer qobig‘ida juda oz bo‘lsa-da harholda vodorod mavjudligini yuqorida aytib o‘tdik. Okean va dengizlar suvlarida esa vodorod juda ko‘p. Axir, yaxshi bilasizki, suv molekulasi — H2Oning uchdan ikki qismini aynan vodorod tashkil qiladi. Vodorod shuningdek tirik organizmlar hayoti uchun ham juda muhim elementdir. Xususan, odam tanasining 3/5 qismini ham vodorod tashkil qiladi.

Oddiy sharoitda vodorod gaz holatida bo‘ladi. Kislorod suyuqlanadigan haroratda ham vodorod gazligicha qolaveradi. Vodorod ham baribir oxir-oqibat suyuqlikka yoki qattiq moddaga aylanadi. Lekin buning uchun juda-juda past haroratlar talab etiladi.

Barcha gazlar ichida tabiiyki, eng yengili vodoroddir. Odatda, o‘rtacha kattalikdagi (3,5×4,5×2,5) odatiy sharoitdagi xona havosi taxminan 68 kg atrofida vaznga ega bo‘ladi. Agar, shunday o‘lchamli xonani faqat vodorod bilan to‘ldirilsa, undagi havo atiga ≈4,5 kg vaznga ega bo‘lgan bo‘lur edi.

Lo‘ndasini aytganda, vodorod o‘zining barcha agregat holatlarida, ya’ni, suyuq holatida ham, gaz holatida ham va qattiq holida ham, baribir shu agregat holatdagi moddalar ichida eng yengil modda bo‘lib qolaveradi. Masalan, bir litr suv taxminan 900 gramm vaznga ega bi. Bir litr suyuq vodorod esa, atiga 58 gramm tosh bosadi.

Vodorod o‘ta yengilligi — uning eng muhim va eng ajoyib xossasidir. Yog‘och nima uchun suvda cho‘kmay, sirtda suzib yuradi? Chunki, yog‘och suvdan yengil bo‘ladi. Xuddi shunday, vodorod ham havoda suzib yuradi.

Agar sharni vodorod bilan to‘ldirsangiz va uni qo‘yib yuborsangiz, u osmonu-falakka uchib ketadi. Agar, sharga biror yuk boylab qo‘yilsa, shar uni ham o‘zi bilan ko‘tarib ketadi. Sharning hajmi qanchalik katta bo‘lsa, u shunga mos ravishda, yanada og‘irroq yuklarni ham ko‘taraveradi. Agar sharni yetarlicha katta hajmda vodorod bilan to‘ldirilsa, u hatto odamni ham ko‘tarib uchib ketishi mumkin.

Vodorodli shar uchishi mobaynida, u ko‘tarilib borayotgan havo zichligi kamayib boradi. Shu sababli, sharning tezligi ham pasayib boradi. Oxir-oqibat shar muayyan bir nuqtagacha chiqib, to‘xtaydi. Agar, unga ilingan yukni olib tashlansa, shar yana biroz ko‘tariladi va yana to‘xtaydi. Agar, shardan vodorodning bir qismini chiqarib tashlansa, shar o‘zining og‘irligi hisobiga biroz pastlaydi. Siz, havo sharlari aynan shu tamoyil asosida parvoz qilishini yaxshi bilsangiz kerak.

Havo sharlari — nisbatan yangi ixtirolar sirasiga kiradi. Odamni ko‘tara oladigan darajadagi katta havo sharini eng birinchi bo‘lib 1783-yilda Fransiyada, aka-uka Jozef va Etyen Mongolfyelar tomonidan yasalgan. Lekin aka-uka Mongolfyelar sharni to‘ldirish uchun vodoroddan emas, shunchaki qizigan havodan foydalanishgan. Qizigan havo — oddiy havodan ko‘ra siyrakroq va yengilroq bo‘ladi va u ham sharni muayyan masofagacha ko‘tarishi mumkin. Lekin, havo sharini ko‘tarish uchun vodorodni tadbiq qilish ham atiga bir necha oydan keyin sinab ko‘rilgan.

Odatda, bunday havo sharlari havoga ko‘tarilgach ixtiyori o‘zida bo‘lmaydi va shamol qayoqqa olib ketsa, o‘sha yoqqa uchaveradi. Lekin, agar havo shariga biroz yoqilg‘i zahirasi bilan motor o‘rnatib uchilsa, yetarli balandlikka erishgandan so‘ng, motorni ishga tushirib, havo sharini kerakli yo‘nalishda boshqarish mumkin bo‘ladi. Bunday boshqariladigan havo sharlarini dirijabl deyiladi.

Tarixda ilk muvaffaqiyatli parvoz qilgan dirijablni 1900-yilda Germaniyada graf Ferdinand fon Zeppelin tomonidan yasalgan edi. Zeppelin oddiy havo sharlaridan farli ravishda, vodorod bilan to‘ldiriladigan hajmni alyuminiydan yasagan. 1930-yillargacha bunday dirijabllarga bo‘lgan qiziqish jahonning rivojlangan mamlakatlarida juda yuqori bo‘lgan. 30-yillarda Buyuk Britaniya, AQSH, Italiya va Fransiyada dirijabl yasash nihoyatda istiqbolli yo‘nalish sanalib, hatto sanoat miqyosigacha olib chiqmoqchi bo‘lishgan. o‘sha paytlarda eng mukammal va ulkan dirijabllar Germaniyada ishlab chiqarilgan. Nemislar bu sohada ham jahonda yetakchilik qilishgan. Yevropaning yirik shaharlari orasida dirijabl qatnovlari ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, butun ko‘hna qit’a bo‘ylab 150 dan ziyod dirijabl parvoz qilgan.

Bunday dirijabllar juda ulkan o‘lchamlarga ega bo‘lib, ularning ba’zilari o‘sha davrning eng baland binolaridan ham katta bo‘lgan. Ulkan vodorod miqdori joylashtirilgan katta hajmli sig‘im ostida, yo‘lovchilar joylashadigan alohida kabina (bort) bo‘lgan. Vodorod sig‘imiga qaraganda, ushbu bortning hajmi deyarli sezilarsiz kichik bo‘lgan. Shunga qaramay, 30-yillarning o‘rtacha kattalikdagi dirijabllari ham o‘z bag‘riga 100 nafarga yaqin yo‘lovchini olib parvoz qila olgan. Bu davrga oid dirijabl parvozlarida eng muvaffaqiyatli ishtirok etgan va aytish mumkinki, eng ishonchli parvoz qilgan dirijabl bu — «graf Zeppelin» dirijabli bo‘lgan. Nomidan ham ko‘rinib turibdiki, ushbu dirijabl, uni loyihalagan konstruktorning sharafiga nomlangan. «Graf Zeppelin« dirijabli juda ko‘p bora transatlantik parvozlarni amalga oshirgan va hatto dunyoni aylanib chiqish parvozini ham uddalagan.

Dirijabllar ichida eng ulkani — «Gindenburg» dirijabli bo‘lgan. Biroq, aynan «Gindenburg» — dirijabllarga bo‘lgan ishonchning batamom yo‘qolib, pirovardida, dirijabllar flotining barbod bo‘lishiga sabab bo‘lgan. «Gindenburg»ni o‘zini to‘ldirib turgan gaz, ya’ni, aynan vodorod halok qilgan. Keling, bu falokatning sababini tahlil qilamiz:

Vodorod aslida juda faol element. Vodorod molekulalari kislorod molekulalari bilan birikishi mumkin. Agar, shu holat yuz bersa, jarayonda oz miqdorda bo‘lsa-da, issiqlik va yorug‘lik hosil bo‘ladi — ya’ni, energiya ajralib chiqadi. Boshqacha aytganda, vodorod — havoda yonadi. Yonganda ham kuchli alanga bilan, och-havorang olov ko‘rinishida yonadi.

Siz albatta bunday olovni ko‘rgansiz. Chunki, xonadonlarda ovqat pishirish uchun foydalaniladigan tabiiy gaz ham tarkibida asosan vodoroddan iborat (tabiiy gaz asosan metanda iborat, metan tarkibida esa, bir atom uglerod va to‘rt atom vodorod mavjud, kimyoviy formulasi — CH4). Demakki, biz maishiy gaz plitasida ovqat pishirganimizda, yoki choy qaynatganimizda, amalda vodorodning yonishidan hosil bo‘lgan energiyadan foydalanamiz.

Sanoatda esa bunday maqsadlar uchun maxsus vodorodli mash’alalar (fakellar) qo‘llaniladi. Metall gaz ballonlarida katta bosim ostida saqlanadigan toza vodorod bir truba orqali yo‘naltiriladi. Yo‘l-yo‘lakay, unga boshqa trubadan toza kislorod aralashtiriladi. Aralashuv deyarli trubalarning eng oxirida yuz beradi (chunki, trubalar chiqish joyiga juda yaqin qolgandagina tutashtiriladi). Ushbu gaz aralashmasi yonganida, juda katta harorat bilan alangalanadi. Bunday mash’alani kislorod-vodorod gorelkasi deyiladi. Bunday mash’aladagi olovning harorat shu darajada katta bo‘ladi-ki, unning yordamida hatto po‘latni ham xuddi pichoq bilan moy kesgandek kesish mumkin. Bunday kesish dastgohlaridan sanoatda va metallurgiyada keng foydalaniladi. Ushbu turdagi kesish ishlarini bajarayotgan ustalar, maxsus himoya ko‘zoynagi va bosh shlemi bilan ishlashadi. Chunki, vodorod yonishi chog‘ida juda yorqin nur ajralib chiqadi va ko‘zni kuchli qamashtirib, turli ko‘z kasalliklariga olib kelishi mumkin.

Reaktiv snaryadlar uchun yoqilg‘i sifatida ishlatiladigan moddalar — kerosin va spirt kabilar asosan vodorodning yonish evaziga energiya beradi. Aslida suyuq vodorod eng afzal va kuchli energiyali yoqilg‘i bo‘lishi kerak edi. Lekin, vodorodni suyuq holatda ushlab turish uchun juda-juda past haroratlar talab etiladi va odatiy sharoitlarda vodorodni suyuq holda tutib favqulodda darajada o‘ta mushkuldir.

Vodorodning yonishida energiya olish — juda yaxshi samarali jarayon. Lekin, aynan vodorod yonmasligi zarur bo‘lgan, uni shunchaki gaz sifatida tutib turish kerak bo‘lgan holatlarda, xususan, dirijabllarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash eng birinchi darajali masalaga aylanadi. Vodorod juda oson alangalanadi va ayniqsa, kislorod mavjud bo‘lgan sharoitda (kislorod esa, atmosferada doim hoziru-nozir) vodorod va kislorod o‘zaro o‘ta xavfli portlovchi aralashma hosil qiladi. Kislorod va vodorod aralashmasini kimyogarlar paqildoq gaz ham deyishadi. Chunki u portlashida kuchli paqillagan (gumburlagan) ovoz chiqarib portlaydi.

Albatta, dirijabllarni loyihalagan va uni tasarruf etgan muhandislar bu borada eng qat’iy xavfsizlik choralarini ko‘rishgan. Tabiiyki, dirijabl bortida chekish qat’iyan ta’qiqlangan va har qanday turdagi olovdan foydalanish ma’n etilgan. Boz ustiga, dirijablda, juda kichik uchqun kelib chiqishi ham yong‘inga sabab bo‘lishi ehtimoli katta bo‘lgan. Shu sababli, dirijabl yo‘lovchilariga bir-biriga ishqalanganda uchqun paydo qiladigan kiyimlar kiymaslikni va uchqun hosil qilishi mumkin bo‘lgan buyumlardan parvoz vaqtida foydalanmaslikni tavsiya qilishgan. Hatto, poyabzallarning tagcharmi mixlangan yo‘lovchilardan poyabzalni almashtirish talab etilgan. Chunki, bunday poyabzal bilan yurganda, dirijablning metall poliga ishqalanish natijasida uchqun chiqishi xavfi mavjud bo‘lgan.

Shunday eng qat’iy yong‘in xavfsizligi choralari ko‘rilganiga qaramay, 1937-yilning 6-may sanasida, o‘sha paytning eng ulkan dirijabli bo‘lgan «Gindenburg», Germaniyadan AQSHga transatlantik parvozni amalga oshirib, qo‘nishga hozirlanayotgan paytida yonib ketgan… Voqea Nyu-Jersi shtatining Leykxors uchish-qo‘nish maydonchasida sodir bo‘lgan. Dirijabl bortida chiqqan yong‘in, atiga bir necha soniya ichida butun konstruksiyani qamrab olib, 36 nafar insonning o‘limiga sabab bo‘lgan. Fojea o‘sha payda dirijabl haqida kinoxronika tasvirlarini hozirlash uchun avvaldan tayyor turgan operator tomonidan tasvirga tushirilgan edi. Albatta, operator aslida, «Gindenburg»ning qo‘nishini va undan baxtli yo‘lovchilar tushib kelishini tasvirga tushirmoqchi edi. Biroq, uning kamerasi insoniyat tarixidagi eng katta fojialardan birini tarixga muhrladi.

«Gindenburg» fojiasi:

 

«Gindenburg» fojiasi tasvirlari bir necha oy ichida butun jahonni aylanib chiqdi va odamlar ongida dirijabllarga bo‘lgan ishonchning uzil-kesil yo‘qqa chiqishiga sabab bo‘ldi. o‘shandan buyon, jahonning hech bir mamlakatida birorta ham bunaqa katta dirijabl yasalmagan va dirijabllar yo‘lovchi tashish maqsadlarida qo‘llanilmay qo‘ygan. Havo parvozlari bilan yo‘lovchi tashish sohasini esa, to‘laligicha samolyotlar egalladi…

Albatta, yong‘in — juda xatarli va ayovsiz kulfat. Lekin yong‘in — vodoroddan foydalanishdagi yagona xatar omili emas. Vodorod oz-mozdan havoga, yoki, kislorod muhitiga chiqib turgan paytda, uning yonishi jarayonini nazorat qilish, hamda, yonish energiyasidan kerakli maqsadda foydalanish ham mumkin. Lekin, kislorod va vodorod muayyan aniq nisbatlar doirasida aralashsa, juda xatarli portlashga kuchli moyil bo‘lgan gaz aralashmasi yuzaga keladi. Bunday o‘ta xatarli aralashma uchun juda kichik, arzimas uchqun ham, halokatli vayronkor portlash yuzaga kelishiga kifoya qiladi.

Siz bino va inshootlarda gaz to‘planib qolishi natijasida portlash kelib chiqqan holatlar haqida, favqulodda vaziyatlar boshqarmasining axborotnomalari, yoki, ogohlantiruv xabarlari orqali albatta eshitgan bo‘lsangiz kerak. Uyda maishiy foydalaniladigan tabiiy gazning ham tarkibining asosiy qismi vodorod ekanini inobatga olsak, qarovsiz qoldirilgan, yoki, ochiq qolib ketgan gaz kranlaridan tabiiy gazning chiqib, xonaga to‘planishi natijasida, xona havosida avvaldan mavjud bo‘lgan kislorod bilan aralashma hosil bo‘ladi va u portlashga xavfli, juda xatarli aralashmaga aylanadi. Bunday hol kuzatilsa, ya’ni, xonaga gaz to‘planib qolganini sezsangiz, xonada uchqun chiqarishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatni bajarishdan tiyilish va zudlik bilan xonani shamollatish chorasini ko‘rish zarur. Bu jarayonda ayniqsa uydagi elektr jihozlarini, hatto chiroqni ham yoqish (yoniq turgan bo‘lsa o‘chirish ham) mumkin emas! Chuni, aytilganidek, juda arzimas uchqun ham kuchli portlashga sabab bo‘lishi va ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Yuqoridagilarni o‘qib, vodorod faqat salbiy jihatlari bilan mashhur ekan degan fikrga borish — noto‘g‘ri ish bo‘ladi. Aslida vodorod odamzot uchun nihoyatda foydali bo‘lgan boshqa xossalari bisyor. Xususan, o‘simlik moyining sifatini oshirishda vodorod juda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Ayniqsa, paxta moyining sifati, unga vodorod bilan ishlov berish bilan kuchli o‘zgaradi.

Paxta chigitidan olinadigan moy paxta keng ko‘lamda yetishtiriladigan mamlakatlarda, xususan, o‘zbekistonda ham katta miqdorlarda ishlab chiqariladi. Biroq, paxta moyining hidi boshqa o‘simlik moylariga qaraganda, aytaylik, zaytun moyiga nisbatan yoqimsizroq bo‘ladi. Paxta moyi molekulasida ko‘p miqdorda (ellikka yaqin) vodorod atomlari mavjud bo‘ladi. Lekin, paxta moyi molekulasini vodorod atomlari bilan yanada boyitish imkoni mavjud. Chunki, paxta moyi molekulasida yana bir necha vodorod atomlarini biriktirib olish uchun kimyoviy erkin bog‘lar bo‘lib, ushbu bog‘larga tashqarida qo‘shimcha vodorod atomlarini biriktiriladi. Vodorod bilan boyitilgan (to‘yintirilgan) paxta moyi molekulasining fizik xossalari ijobiy o‘zgarib, u endi qattiq yog‘ ko‘rinishiga o‘tadi. Bunday oq yog‘ paxta moyining yoqimsiz hididan qutulgan bo‘ladi va iste’mol uchun yaroqli holga keladi (shuning uchun ham xalq orasida paxta moyining shuningdek «oq yog‘» deb ham yuritiladi).

Paxta moyini bu tarzda vodorod atomlari bilan to‘yintirish jarayonini mutaxassislar gidrogenlash jarayoni deb ataydilar.

Vodorodning yoqilg‘i xossalarini albatta kimyogarlar eng birinchi bo‘lib aniqlashgan. Vodorodni 1766-yilda ingliz kimyogari Genri Kavendish tomonidan kashf qilingan va o‘rganilgan. Kavendish o‘zi kashf qilgan ushbu elementni yonuvchi havo deb nomlagan. Elementning zamonaviy nomini esa, oradan bir necha yillar o‘tib, mashhur farang kimyogari Antuan Lavuazye tomonidan berilgan. Lavuazye Kavendish kashf qilgan elementga lotincha Hydrogenum, ya’ni, «suv tug‘diruvchi» degan nomni biriktirgan.

Lavuazye biriktirgan mazkur nom, haqiqatan ham element tabiatiga mos va xos bo‘lgan, juda to‘g‘ri tanlangan nomdir. Chunki, vodorodning yonish jarayonida suv hosil bo‘ladi. Kimyo laboratoriyalarida vodorod alangasi ustida shisha probirka tutib turgan holda, probirka ichida suv tomchilari hosil bo‘lishini namoyish qilish tajribasi ko‘p takrorlanadi. Aslida ham shunday, vodorod haqiqatan ham suv tug‘diradi. Siz bilan biz ko‘rgan va ko‘rmagan barcha suv miqdori — dengizlar, ko‘llar, daryolar, ummonlar, buloqlar va hatto yomg‘ir suvlari ko‘lmaklaridagi suv ham, shuningdek, qor, muz ko‘rinishidagi qattiq suv ham, hamda, bug‘ ko‘rinishidagi gazsimon suv ham — barcha-barchasi — ikki atom vodorod va bir atom kisloroddan iboratdir.

Yer sayyorasi tabiati uchun, hamda, undagi hayot uchun suv shu darajada o‘ta favqulodda katta ahamiyatga egaki, suvsiz na odamlar va na umuman jonli tabiat mavjud bo‘la olmas edi. Haqiqatan ham, suv juda ajoyib va hayratlanarli moddadir. U haqida katta-katta jildli kitoblar bitish mumkin (bunday kitoblar allaqachon yozilgan ham {#emotions_dlg.laughing}). Suvning ahamiyatini tasavvur qilish uchun birgina faktga murojaat qilish kifoya: odam tanasining ham 60% dan ziyod qismini suv tashkil qiladi. Asosan suvdan tashkil topganligini sababli, (suv esa asosan vodoroddan tashkil topganligi sababli) odam tanasida vodorod atomlari soni, qolgan barcha atomlar sonidan ham ko‘p bo‘ladi.

Suv — vodorod va kisloroddan tarkib topganligi sababli, suvni kimyoviy parchalash orqali, alohida holdagi vodorod va kislorod olish mumkin. Agar suvga muayyan sharoitlar ta’minlangan holda elektr toki tushirilsa, undagi gazsimon kislorod o‘tkazgichlardan birining yaqinida, gazsimon vodorod esa, ikkinchi o‘tkazgich yaqinida yig‘ila boshlaydi. Elektr toki vositasida moddalarni tarkibiy qismlarga parchalash jarayonini elektroliz deyiladi. Moddaga tushirilgan, turli qutbli (musbat va manfiy) o‘tkazgichlarni esa, elektrodlar deyiladi.

Sanoat miqyosida vodorod ayni shu usul bilan olinadi. Suvni elektrolizlash — kislorod olishning ham eng asosiy usullaridan biridir.

Avvallari vodorod olish uchun kimyogar-texnologlar asosan turli kislotalardan foydalanishgan. Kislotalar tarkibida ham muayyan miqdorda vodorod atomlari bo‘ladi va kislotalarda vodorod olishning afzalligi — kislota tarkibidagi vodorodning nisbatan erkin bo‘lib, ajratib olish ham osonroq ekanligi bilan bog‘liq bo‘lgan. Kislota qancha kuchli bo‘lsa, undagi vodorod atomlari ham shunga yarasha erkin bo‘ladi. Ba’zi metallarni kislotaga solib qo‘yilsa, metall va kislota o‘zaro reaksiyaga kirishib, jarayonda vodorod ajralib chiqadi. Jarayon natijasida hosil bo‘layotgan vodorod atomlari darhol bir-biri bilan birikib, vodorod molekulasini hosil qiladi. Avtomobillardagi akkumulyatorlarda ham kislota va metallar uyg‘unligi qo‘llaniladi. Shu sababli, avtomobil akkumulyatori ichida ham vaqti-vaqti bilan vodorod hosil bo‘lishi mumkin.

Vodorod va kislorod atomlari birikishida hosil bo‘ladigan yagona modda bu — suv degan fikr ham yanglish fikrdir. Xuddi, ikki atomli kislorod molekulasiga yana bir kislorod atomi kelib qo‘shilsa, beqaror va faol ozon gazi hosil bo‘lishi singari, suv molekulasiga yana bir kislorod atomi qo‘shib qo‘yilsa, u ham beqaror va faol vodorod periksi moddasiga aylanadi.vodorod eng yengil element 660eeec78ebf4

Vodorod perikisi molekulasi ikki atom vodorod va ikki atom kislorodda iborat bo‘ladi. Uning beqaror deyilishiga sabab, bu modda birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilanoq, o‘zidagi ortiqcha (ikkinchi) kislorod atomidan mosuvo bo‘lishga intiladi. Bu moddadan raketalar uchun yoqilg‘i tayyorlashda tarkibiy qism sifatida ham foydalaniladi. Shuningdek, vodorod periksi antiseptik sifatida tibbiyotda ham qo‘llaniladi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan, vodorod perikisini ataylab suv bilan aralashtiriladi. Dorixonalarda sotiladigan vodorod periksi, uning atiga 3%-lik eritmadan iborat bo‘ladi. Qolgan 97% qismi esa suv bo‘ladi. Bundan ziyod nisbatlardagi aralashma (eritma) esa — salomatlik uchun xavfli bo‘ladi.

Yorug‘lik va issiqlik ta’sirida vodorod periksi tezkorlik bilan oddiy suvga aylanadi. Shu sababli ham, dorixonalarda vodorod perikisini ichiga yorug‘lik o‘tmaydigan juda to‘q qo‘ng‘ir rangli qalin shisha idishlardan sotiladi. Shu sababli ham, bunday dori vositalari qo‘llanmasida (tibbiy yo‘riqnomasida) ataylab «salqin va qorong‘u joyda saqlansin» — deb alohida ta’kidlab qo‘yiladi. Vodorod periksi bilan hamshiralar bemor tanasidagi jarohat va yara joylarga malham qo‘yishadi. Chunki, bu modda bakteriyalarni o‘ldiradi va yara yoki jarohatning yiringlab ketishini oldini oladi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Qiziqarli kimyo
Vodorod — eng yengil element

Manba:orbita.uz