Qochish tezligi

Qochish tezligi

Qochish tezligi

qochish tezligi 660eeb921013b

Kamondan osmonga tik yo‘naltirib (vertikal) o‘q uzilganda, o‘q ma’lum masofagacha ko‘tarilib, keyin yana baribir Yerga qaytib tushadi. Agar kamon ipini tarangroq tortib o‘q uzilsa, o‘q nisbatan uzoqroqqa ko‘tariladi va ko‘proq muddat havoda bo‘lib qaytadi. Kamondan o‘q uzilganda o‘q hech qachon Yerga qaytib tushmaydigan darajada tezlik olib uchib ketsa, bunday tezlikni «qochish tezligi» (ilmiy tilda «ikkinchi kosmik tezlik«) deyiladi va fizik formulalarda u ve bilan belgilanadi. Ushbu tezlikni o‘rta maktab fizika kursida tanishtirladigan oddiy formula vositasida hisoblash mumkin:

qochish tezligi 660eeb92e77f1

bu o‘rinda: G — gravitatsiya doimiysi; r — jismdan sayyora markazigacha bo‘lgan masofa; M— sayyora massasi.

Ushbu formula istalgan sferik osmon jismi sirtidan biror jismning uchib chiqib ketishi uchun qanday tezlik zarur bo‘lishini bildiradi. Ona sayyoramiz- Yer sirtidan jismning butunlar uchib chiqib ketishi uchun kifoya qiladigan qochish tezligi, ya’ni, ikkinchi kosmik tezlik 11,2 km/soniyaga teng. Albatta, bu tovush tezligidan ancha baland tezlik bo‘lib, hech kim kamondan ushbu tezlikda o‘q uza olmaydi.

Ushbu formulaga e’tibor qaratsak, Yerdan uchib chiqib ketishi kerak bo‘lgan jismning o‘zining massasi e’tiborga olinmaganini payqash qiyin emas. Haqiqatan ham, jism xoh u kamon o‘qi bo‘lsin, xoh bahaybat fil bo‘lsin, uning massasi qochish tezligiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Lekin bu bilan jismning massasining umuman ahamiyati yo‘q degan xulosaga kelmaslik kerak. Jismga ikkinchi kosmik tezlik berish uchun, uning massasi baribir muhim. Chunki, aynan ushbu kattalikdan kelib chiqib, jism qochish tezligiga erishgunicha berish zarur bo‘lgan energiya miqdori aniqlanadi.

Mazkur formula faqat sferik shakldagi osmon jismlari uchun o‘rinli bo‘lib, unda otilayotgan jismning massasi, osmon jismning (sayyoraning) massasidan bir necha barobar kichik bo‘lishi shartdir.

Qochish tezligi shuningdek sayyoraning o‘z o‘qi atrofida aylanish tezligiga ham bog‘liq bo‘ladi. Masalan, Yerda ekvatordan turib sharq tomonga otilgan o‘q uchun ikkinchi kosmik tezlik 10,7 km/soniyani tashkil qiladi.

Shuni alohida qayd qilish kerakki, yuqoridagi formula jismga ikkinchi kosmik tezlikka erishishi uchun, unga bir lahzaning o‘zida, birdaniga uzatilish lozim bo‘lgan tezlikni bildiradi. Amalda, koinotga uchirilayotgan raketalar va sun’iy yo‘ldoshlarga birdaniga ushbu tezlik berish shart emas. Chunki, zamonaviy raketalarning dvigatellari nisbatan pastroq tezlik bilan ham ishlab, raketani orbitaga eltib qo‘ya oladi va bunda dvigatellar butun parvoz davomida ishlab turadi.

Maqolaning «ikkinchi kosmik tezlik» emas, balki aynan «Qochish tezligi» deyilishining sababi shundaki, ushbu tezlik haqidagi tushuncha ilk bora Isaak Nyutonning «Olam tuzilishi» nomli asarida aynan ushbu termin bilan (qochish tezligi tariqasida) keltirilgan edi. Nyutonning ushbu asari uning o‘limidan keyin, aniqrog‘i, 1728-yilda chop etilgan bo‘lib, unda olim misol tariqasida to‘pdan o‘q uzilishini ko‘rib chiqqan. Qochish tezligini boshqa usullar bilan ham hisoblash mumkin. Xususan, Nyutonning butun olam tortishish qonunidan ham foydalanib, ikkinchi kosmik tezlikni hisoblasa bo‘ladi.

qochish tezligi 660eeb937b5ea

«Luna-1» — inson qo’li bilan yaratilgan va ikkinchi kosmik tezlikka erishgan eng birinchi jism. Ushbu kosmik apparatni 1959-yilda SSSR tomonidan uchirilgan va u tarixda eng birinchi sayyoralararo kosmik kemaga aylangan.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Qiziqarli fizika
Qochish tezligi

Manba:orbita.uz