Yer o‘qining og‘ish burchagi hamda Gomerning «Odisseya»si

Yer o‘qining og‘ish burchagi hamda Gomerning «Odisseya»si

Yer o‘qining og‘ish burchagi hamda Gomerning «Odisseya»si

yer oqining ogish burchagi hamda gomerning odisseyasi 660ee9189cb79Qadimgi yunon shoiri Gomerning ikkita eng mashhur asari bor. Birinchisi — «Iliada« dostoni bo‘lsa, ikkinchisi Iliada dostonidir. Ushbu asarlarning ikkalasi ham qahramonlik eposi bo‘lib, asarlar yunon mifologiyasi asosida yaratilgan, Iliada va Odisseya shunchaki she’rlar, hikoya yoki, rivoyatlar to‘plamigina emas, balki, real tarixiy voqealarni ham bayon etganligi bilan muhim. Shu jihatdan, mazkur asarlar qadimgi dunyo tarixini o‘rganishda ham muhim yozma manba bo‘lib xizmat qilgan. Xususan, mashhur Troya voqeasi aynan «Iliada« dostonida keltirib o‘tiladi. «Odisseya» esa bosh qahramon — Odisseyning jahongashta sarguzashtlarini, hamda, uni sabr bilan kutgan rafiqasi — Penelopaning sadoqatini madh etuvchi dostondir. Qisqasini aytganda, Iliada va Odisseya — umumjahon madaniyatining nodir namunalari hisoblanadi va butun bashariyat mulki sifatida e’tirof etiladi. Gomer asarlarini o‘zbek tiliga Mirtemir domla, hamda, Qodir Mirmuhamedovlar tomonidan tarjima qilingan.

Yuqoridagi satrlarni o‘qib, «Orbita.Uz» jahon she’riyati klassikasi haqida ham ma’lumot berishga o‘tibdi shekilli — deb o‘ylagandirsiz ??????. Unday emas. Lekin, Orbita.Uz jahon madaniyatining ushbu ikki nodir namunasini albatta o‘qib chiqishingizni tavsiya etadi. Bizning maqsadimiz esa Gomer asarlaridagi boshqa bir jihatga e’tibor qaratishdir.

«Odisseya» dostonida Gomer dengizlar bo‘ylab sayohat sarguzashtlarini hikoya qilgan va satrlarning birida, Yunonistondan ko‘rinadigan yulduzlar haqida qiziq gaplarni yozib qoldirgan. Xususan, u Katta Ayiq yulduzi haqida so‘z yuritgan o‘rinlarda «Hech qachon dengiz to‘lqinlarida cho‘milmaydigan yulduz» deb badiiy ta’rif beradi. Ya’ni, Gomerning kuzatishicha (balki, eshitishicha desak to‘g‘ri bo‘lar, chunki, ayrim manbalarda Gomerning o‘zi ko‘r bo‘lgan degan ma’lumotlar bor) Katta Ayiq yulduzlari hech qachon gorizontdan botmas ekan, ya’ni, Yunonistonni o‘rab turgan dengizlardagi gorizont ortiga yashirinmas ekan.

Lekin, agar siz sayohat bilan zamonaviy Yunonistonga (Gretsiyaga) borsangiz, aksincha manzarani guvohi bo‘lasiz. Ya’ni, zamonaviy Gretsiya tungi osmonida Katta Ayiq yulduzi Yerning aylanishi natijasida albatta sharq tomonga botadi. Gomer ta’biri bilan aytganda, hozirda Katta Ayiq yulduzi Gretsiya qirg‘oqlarini yuvib turuvchi Ioniya va Egey dengizlari to‘lqinlarida cho‘miladi. Albatta, buning hayron qoladigan joyi yo‘q. Axir Gretsiya — janubiy mamlakat va u joylashgan kenglikda Katta Ayiq yulduzi — botadigan yulduzlar safiga qo‘shilib qoladi. Ekvator yaqinida esa hatto Qutb yulduzi ham botadi.

Bir paytlar, Gomer asarlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan, shuningdek, astronomiyaga ham qiziquvchi bir odam, Gretsiyadagi ushbu manzarani kuzatgach, «Odisseya»da hikoya qilingan voqealar syujetiga nisbatan shubhalanib qolgan ekan. Axir, Gomer o‘z satrlarida Katta Ayiqni «dengiz to‘lqinlarida cho‘milmaydigan» deb aytgan edi. Demak, yoki, Gomer aslida boshqa joyda (Katta Ayiq haqiqatan ham botmaydigan joyda) yashagan, yoki, «Odisseya»ni boshqa odam yozgan bo‘lishi mumkin… Xo‘sh gap nimada ekan?

Gap — Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi va o‘sha o‘qning ekliptika tekisligiga nisbatan og‘ish burchagida!

Biz odatda Yerning ikki xil harakatini aniq-tiniq farqlaymiz. Ya’ni, birinchisi — Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi natijasida kun va tun almashinishini, ikkinchisi bo‘lsa, Yerning Quyosh atrofida aylanishi natijasida fasllar almashinishini. Lekin, Yerimiz faqatgina shu ikki xil harakatni amalga oshiradi xolos deb o‘ylasangiz qattiq yanglishasiz. Ona sayyoramizning fazoda 17 xil turli harakatlar bajarishini olimlar aniqlashgan bo‘lib, ularning ayrimlari juda sekin, ya’ni, minglab yillar davomida yuz beradi. Ayrimlari esa o‘rta muddatlarda — bir necha o‘n yillar ichida takrorlanib turadi. Lekin, baribir ushbu harakatlar siz bilan biz singari oddiy odamlarga umuman sezilmaydi. Ularni faqat kuchli aniqlikdagi asbob-uskunalarga ega olimlar qayd etib borishadi.

Shunday harakatlardan biri — Yerning pildiroqsimon tebranma harakat qilishi bo‘lib, o‘rta muddatli pildiroqsimon harakatda Yer o‘qining og‘ish burchagi sezilarsiz bo‘lsa-da, harholda biroz o‘zgaradi. Bunday o‘zgarish o‘rtacha har 19 yilda davriy takrorlanib turadi. Lekin bu o‘zgarish yerdagi iqlimga ham, yulduzlarning osmon sferasidagi joylashuviga ham deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Yer o‘qining og‘ish burchagi sezilarli o‘zgarishi kuzatiladigan tebranma harakat esa uzoq ming yilliklar davomida yuz beradi va u presessiya jarayoni deyiladi. Bu jarayonda Yer o‘qi og‘ish burchagi yiliga taxminan 51’ gacha o‘zgarib boradi. Natijada, uzoq asrlar davomida o‘q hozirgidek 23,5° emas, balki, yanada qiyaroq, yoki, biroz tikroq bo‘lib qolishi mumkin. Yer o‘qining aynan bir xil burchak ostida og‘ish holati taxminan har ≈26000 yilda takrorlanadi. (Ya’ni, Yer o‘qi bundan 26000 yil avval ham 23,5° burchak ostida og‘ishga ega bo‘lgan, u keyinchalik qiyalashib, so‘ngra tiklashib borgan va keyin yana shu holatga qaytgan).

Yer o‘qining aynan shunday, uzoq muddatli presessiyasi natijasida, bir hududda avvallari botmaydigan bo‘lgan yulduzlar, asrlar o‘tib botadigan bo‘lib qolishi, yoki, aksincha, avvallari tun davomida albatta gorizontga botgan yulduzlar esa, endi botmaydigan bo‘lib qolishi mumkin va bu mutlaqo tabiiy hol. Gomer yashagan zamondan buyon o‘tgan deyarli 3000 yil ichida esa, o‘sha Katta Ayiq yulduzi bilan aynan shu holat yuzaga kelgan. Ya’ni, Gomer zamonasida Yunonistonda Katta Ayiq haqiqatan ham botmagan. Zamonaviy hisob-kitoblarga ko‘ra, bundan 3000 yil muqaddam Katta Ayiq yulduzi 40° shimoliy kengliklarda gorizontga 11° dan yaqin kelmagan ekan. Ya’ni, u haqiqatan ham u Gretsiyaning «dengiz to‘lqinlarida cho‘milmagan». Demak, Gomer she’rlarida Katta Ayiqning botishi hodisasi to‘g‘ri qalamga olingan va bunga shubhalanishga o‘rin yo‘q.

Ushbu aytilganlar, Yer o‘qining ekliptikaga nisbatan og‘ish burchagining hozirgi real holatini aniq bilish, hamda, uning keyingi o‘zgarishlarini hisob-kitob qilib borish kerakligini ko‘rsatib bermoqda. Bu juda muhim. Chunki, zamonaviy yulduzlar xaritalari va umuman har qanday astronomik jadvallar, Yer o‘qining 23,5º burchak ostida og‘ishi holati uchun hisoblangan.

Umuman olganda, presessiya astronomlarga ancha qadimdan ma’lum hodisa. Falakshunoslar ushbu hodisa haqida Gipparx zamonasidan buyon, ya’ni, mana 2200 yildirki, yaxshi bilishgan va yulduzlar xaritalarini doimo unga muvofiqlashtirib turishgan. o‘rta asrlarda bu narsa ayniqsa dengizda orientir olish uchun muhim edi. Shu sababli, o‘sha paytlarda dengizchilar va astronomlar yulduzlar xaritalarini doimo yangilab, tuzatishlar kiritib turishga majbur bo‘lishardi. Vaziyat 1895-yilgacha shunday davom etgan. o‘sha yilda esa Kanadalik astronom Saymon Nyukomb o‘zining «Quyosh jadvallari» asarini chop ettirgan. Ushbu kitobda, Yer o‘qining og‘ish burchagining o‘zgarishlarini aniq hisoblab borish va uning asosida yulduzlar xaritasini muvofiqlashtirib turish imkonini beruvchi yangi matematik usulni bayon qilgan edi. Nyukomb usuli og‘ish burchagini Yer va Oyning o‘zaro joylashuviga binoan hisoblashni nazarda tutadi va o‘z davri uchun eng ilg‘or va eng aniq astronomik hisoblash vositasi bo‘lgan. Keyingi 90-yil mobaynida Nyukomb usuli butun dunyoda og‘ish burchagining joriy holatini va yulduzlar koordinatalarini belgilash uchun eng asosiy uslub bo‘lib xizmat qildi. 1984-yilda esa, NASA mutaxassislari tomonidan yanada aniq va mukammal usullar ishlab chiqildi va endilikda uzoq muddatli presessiya va og‘ish burchagining o‘zgarishlarini hisoblash amaliyotini NASAning superkompyuterlari zimmasiga o‘tkazildi. Ushbu yangi usul o‘ta katta aniqlikka ega zamonaviy o‘lchov asboblari va usullari vositasida qayd etilgan ma’lumotlar asosida ishlaydi va Quyosh tizimi va yulduzlar koordinatalari aniq belgilash imkonini beradi. Qisqa qilib aytganda, kosmik kemalarimiz butun Koinotni kezib yurgan bir paytdagi, ya’ni, Koinotni o‘zlashtirish erasidagi aniqlik talablariga to‘liq javob beradi. Endilikda, mabodo zamonamizning biror shoiri o‘z she’rlarida biror bir yulduzning botish-botmasligi haqida qalam tebratib o‘tsa, undan 3000 yil keyin yashaydigan kelajak odamlar uning she’ridagi gaplarga shubha bilan qarashmasa kerak harqalay…Saymon Nyukomb (1835-1909)

o‘rni kelganda, Saymon Nyukomb haqida bir qiziq ma’lumotni aytib o‘tish kerak. U juda dangal, lekin, biroz kaltabin astronom bo‘lgan shekilli, harholda, u 1888-yilda, «astronomiya fani egallagan bilimlar o‘z chegarasiga yetib keldi» — deb, butun fan nomidan bayonot berib yuborgan ekan. Ya’ni, u astronomiya — Koinotni to‘liq o‘rganib bo‘ldi, o‘rganadigan narsaning o‘zi qolmadi — deb ishonib qolgan. Abdulla Oripovning «Menga alam qilar tilla baliqcha, bir ko‘lmak hovuz deb bilar dunyoni…» degan satrlari shu o‘rinda o‘z-o‘zidan yodga keladi. Axir, Koinotning chek-chegarasiz ekanligi, boz ustiga, ilmning ham cheki yo‘qligini Nyukomb nahotki tushunmagan bo‘lsa?! Axir undan keyin ham olimlar qancha-qancha yangi galaktikalar, sayyoralar va boshqa osmon jismlarini kashf qilishdi. Astronomiyada ham, umuman, ilm-fanning barcha jabhalarida hali bilganimizdan bilmaganlarimiz ko‘p ekani oydinlashib bordi.

Umuman olganda, kaltabinlik bilan qilingan yuqoridagi bayonot Nyukombning yagona qovun tushirishi emas ekan. U shuningdek, 1903-yilda «Hozirda ma’lum materiallar bilan uchish apparatlarini yasab bo‘lmaydi» — deb ham dadil gapirib yuborgan ekan. Ya’ni, u, odamzot hali-beri osmonga ucholmaydi deb o‘ylagan va XX-asr boshi muhandislik va fizika yutuqlariga katta ishonchsizlik bilan qaragan. Nyukombning ushbu ikkinchi qovuni pishganidan keyin oradan atiga bir necha oy o‘tib, aka-uka Raytlar o‘z samolyotlarida tarixda birinchi parvozni amalga oshirishgan…

Fasllar almashinishi

Yer o‘qining ekliptikaga nisbatan og‘ish holati sayyoramizda fasllar almashinuvni keltirib chiqaradi. Yozda Shimoliy Yarimshar Quyoshga nisbatan og‘ish holatida bo‘ladi. Shu sababli, yozda shimoliy yarimsharda Quyosh balandroq ko‘tariladi va kunlar uzunroq bo‘ladi. buning natijasida, kun issiq bo‘ladi. Bu vaqtda Janubiy yarimsharda Quyosh pastroq va kunlar qisqaroq bo‘lib, harorat ham sovuq bo‘ladi. Ya’ni, bu payda ekvatordan janubda qish fasli bo‘ladi. Oradan olti oy o‘tib, Yer o‘z orbitasining narigi — qarama-qarshi tarafiga o‘tadi va endi hammasi aksincha — Quyoshga — Janubiy Yarimshar og‘gan bo‘ladi. Ya’ni, endi janubda yoz keladi va shimol qish hukmiga o‘tadi.

yer oqining ogish burchagi hamda gomerning odisseyasi 660ee91a8b790


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Astronomiya
Yer o‘qining og‘ish burchagi hamda Gomerning «Odisseya»si

Manba:orbita.uz