Bir kun qayoqqa ketdi?

Bir kun qayoqqa ketdi?

Bir kun qayoqqa ketdi?

bir kun qayoqqa ketdi 660eda23053db

Hech tasavvur qila olasizmi, taqvimda bir kun o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘lsa-ya? Aytaylik, 29-dekabrdan so‘ng, birdaniga 31-dekabr kelsa nima deysiz?! Bus-butun 1 sutka, ya’ni, 30-dekabr qayoqqa ketadi unda?

Maqola hazil mazmunda emas. Tinch okeanining janubiy qismida joylashgan Samoa davlatida 2011-yilda haqiqatan ham bir kun, ya’ni, 30-dekabr sanasi yo‘qolib qolgan!

Keling, avvaliga ushbu davlat bilan yaqindan tanishsak: Samoa – Tinch okeani o‘rtasida joylashgan orol davlat. 1962-yilda Yangi Zelandiya tarkibidan mustaqil bo‘lib chiqqan. Poytaxti Apia shahri. Mamlakatning avvalgi nomlarini eski xaritalarda G‘arbiy Samoa va yoki Germaniya Samoasi tarzida ham uchratishingiz mumkin (u hozirda ham mavjud bo‘lgan Amerika Samoasidan farqlash uchun shunday atalgan). Bunga sabab, XIX-asr oxiri va XX-asr boshlarida (1914-yilgacha) orol Germaniya tasarrufida bo‘lgan. 1914-yilda Samoani Yangi Zelandiya egallab olgan va to 1962-yilgacha, mamlakat Vellington ma’muriyati orqali boshqarilgan. Aynan shu sababdan, Samoa davlati o‘zining sobiq metropoliyasi bo‘lmish Yangi Zelandiya bilan iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan hali ham kuchli aloqalarga ega. Aytish mumkinki, Samoa iqtisodiyoti ko‘p taraflama Yangi Zelandiya bilan aloqalar ustiga qurilgan.

 

Bu davlatda mahalliy aholi – samoaliklarning asosan juda ko‘p unli harflarga tayanadigan samoa tili davlat tili hisoblanadi. Samoa tilidagi terminlar va hatto ismlarni talaffuz qilish uchun ancha mashq qilish kerak. Samoada davlat boshlig‘ining rasmiy nomi «O le Ao O le Malo» deyiladi. Bu taxminan «Qabila sardori» degan ma’noni bersa-da, lekin, maqomiga ko‘ra, boshqa davlatlarning davlat rahbarlari, masalan, qirol yoki prezidentlari bilan teng turadi. Hozirda, 2017-yildan buyon, ushbu lavozimni Tuimalealiifano Vaaletoa Sualauvi II egallab turibdi. Lekin, asosiy davlat ishlarini bu mamlakatda bosh vazir yuritadi. Samoaning hozirgi bosh vaziri Tuilaepa Lupesoliai Neioti Aiono Sailele Malielegaoi mamlakatni 1998-yildan buyon idora qilmoqda.

Orol mamlakat bo‘lmish Samoaning hududi juda kichik bo‘lib, atigi 2832 km2 ni tashkil qiladi. Hatto O‘zbekistonning eng kichik viloyati bo‘lmish Andijon viloyati ham hududiy jihatdan Samoadan ancha katta (Andijon viloyatining maydoni 3066 km2).

Endi asosiy mavzuga qaytsak. Xo‘sh qanday qilib butun boshli mustaqil mamlakatda naq bir sutka g‘oyib bo‘lgan?

Gap shundaki, Samoa, Grinvich meridianining qoq qarama-qarshisida joylashgan va u sanalarning o‘zgarish chizig‘idan atigi bir necha yuz kilometr g‘arbroqda xolos. Ya’ni, «kunchiqar yurt» deganda aslida Yaponiyani emas, Samoani e’tirof etsak ham hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, Quyosh haqiqatan ham Yaponiyadan avvalroq Samoada chiqadi va bu Yerliklar tongni ertaroq qarshilaydi. Sanalarning o‘zgarish chizig‘i o‘zining har ikki tarafini qoq ikki xil sutka vaqtlariga ajratadi. Undan g‘arbdagi davlatlar GMT+ qoidasi bilan vaqt belgilasa, chiziqdan sharqdagilar esa GMT− qoidasi bilan vaqt belgilaydi. Masalan, O‘zbekiston sanalarning o‘zgarish chizig‘idan g‘arbda joylashgan va biz Grinvich meridianidan +5 soat ertaroq tongni qarshilaymiz. Xuddi shunga o‘xshash, Samoaliklar Grinvich meridianidan +12 soat avval tongni qarshilashadi. Ma’lumot uchun, Yaponiya GMT+9 hududda joylashgan.

Biroq, hech bir mamlakatni muayyan bir soat mintaqasi bo‘yicha ish ko‘rishga majburlab bo‘lmaydi. Har bir suveren davlat, qanday vaqt mintaqasini qabul qilishni o‘zi hal qiladi. Biroq, bu holat ayrim mamlakatlarda sutkalik ish vaqti va ho kazolar bilan bog‘liq g‘alati va qiziq holatlarni keltirib chiqaradi. Masalan, Xitoy geografik jihatdan bir necha soat mintaqasida joylashgan bo‘lsa-da, lekin, butun hududi bo‘ylab yagona GMT+8 vaqtni joriy qilgan. Natijada, hatto yozgi vaqtda ham Xitoyning g‘arbiy shaharlari, masalan, Qashg‘arda tong 7-30 dagina otadi va sharqdagi shaharlarda, masalan, Xarbinda 3-30 da yorishadi.

Samoani nemislar boshqargan zamonlarda bu mamlakat GMT-11 vaqt mintaqasiga amal qilgan. Bu AQShning g‘arbiy sohillari va xususan, Kaliforniya bilan atiga 3 soatlik vaqt farqi degani edi. Ushbu soat mintaqasiga ko‘ra ish yuritish Samoaliklarga AQSh bilan juda yaxshi savdo aloqalarini olib borishga xizmat qilgan. O‘sha yillarda haqiqatan ham AQSh Samoaning eng asosiy savdo hamkori bo‘lgan. Biroq, XX-asrning ikkinchi yarmidan boshlab, ayniqsa, Samoa mustaqil bo‘lgach, uning madaniy va iqtisodiy aloqalari ko‘proq Avstraliya va Yangi Zelandiya bilan chambarchas bog‘lanib bordi. Natijada, aynan shu jihat, ya’ni, GMT-11 vaqt mintaqasidan foydalanilishi Samoaning nisbatan yaqin qo‘shnilari – Avstraliya va Yangi Zelandiya bilan o‘zaro aloqalarida katta to‘sqinlik qilar edi. Chunki, Avstraliya va Yangi Zelandiya sanalarning o‘zgarish chizig‘idan sharqda bo‘lgani uchun, ularda GMT+10 va GMT+12 soat mintaqalari amal qiladi. Bu degani, ular bilan Samoa orasidagi vaqt tafovuti naq 23 soatni tashkil etadi deganidir. Endi tasavvur qiling: Yangi Zelandiyada allaqachon dushanba bo‘lib, banklar ochilgan paytda Samoada hali ham yakshanba bo‘ladi; va shuningdek aksincha, Samoada juma kuni kirganda, Yangi Zelandiya allaqachon shanba hordig‘iga ketgan bo‘ladi. Oqibatda, Samoa va Yangi Zelandiya o‘rtasida hafta kunlaridan faqat 3 ish kuni o‘zaro mos kelardi xolos.

Aynan ushbu notabiiy tafovutni bartaraf etish maqsadida, 2011-yilda Samoa bosh vaziri Tuilaepa Lupesoliai Neioti Aiono Sailele Malielegaoi mamlakatni nisbatan qulay vaqt mintaqasiga o‘tkazishga qaror qiladi. O‘sha yili, 29-dekabr kuni soat tungi 23-59-59 da, barcha Samoaliklar o‘z soatlarni biryo‘la 31-dekabr tungi 00-00-00 ga o‘tkazishdi. Ya’ni, ular uchun 29-dekarbdan keyin tartibga ko‘ra, 30-dekabr emas, balki, biryo‘lasi «indin» sanasi – 31-dekabr kirib kelgan! 30-dekabr kuni esa, ular uchun shunchaki yo‘q bo‘lgan.

Albatta, mahalliy aholi uchun bu anchayin tushunmovchiliklar va ayrim chalkashliklarni ham keltirib chiqardi. Biroq, bu baribir qachondir qilinishi kerak bo‘lgan ish ekanligini ko‘pchilik tushunardi va albatta, natija ham shunga loyiq bo‘lgan. Oqibatda, mamlakat o‘zining eng asosiy strategik hamkori – Yangi Zelandiya bilan atiga 1 soat vaqt tafovutiga ega mutlaqo yangi vaqt hisobiga o‘tdi. «Yo‘qotilgan sana» o‘rniga kompensatsiya ham o‘zini uzoq kuttirmagan: Samoa va Yangi Zelandiya orasidagi o‘zaro savdo hajmi keyingi yillarda sezilarli hajmda oshganini buning isbotidir. Shuningdek, mamlakat endilikda Xitoy va Singapur bilan ham savdo hajmi ortayotganini his qilmoqda.

bir kun qayoqqa ketdi 660eda23053db


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Maqolalar
Bir kun qayoqqa ketdi?

Manba:orbita.uz