Nobel-2019. Fizika sohasida Nobel mukofoti egalarining ilmiy ishlari haqida batafsil
Nobel-2019. Fizika sohasida Nobel mukofoti egalarining ilmiy ishlari haqida batafsil
Avval xabar berganimizdek, bugun Stokgolmda Shvetsiya Qirollik Akademiyasi tomonidan, joriy yilgi fizika bo‘yicha Nobel mukofoti egalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, «Koinotning tadrijiy evolyutsiyasi va Yerning Koinotdagi o‘rnini tushuntirib bergani uchun» ta’rifi bilan, AQShning Prinston universiteti professori Jeyms Piblsga teng yarim ulush bilan, hamda, «fizik kosmologiya sohasidagi nazariy kashfiyotlari uchun ta’rifi» bilan Jeneva universiteti olimi Mishel Mayorga chorak ulush bilan, hamda, «Quyosh turidagi yulduz atrofida aylanayotgan ekzosayyorani kashf qilgani uchun» ta’rifi bilan Kembrij universiteti professori Didye Kelozga chorak ulushdan taqsimlab beriladigan bo‘ldi (u shuningdek, Jeneva universiteti professori hamdir va Mishel Mayor bilan birga ishlaydi).
Demak, bu yilgi fizika bo‘yicha Nobel egalarining barchasi astrofizika sohasidan bo‘lib, ularning ilmiy ishlari orqali Koinot o‘tmishi va strukturasini nazariy tushuntirilishi, hamda, Quyosh sistemasidan tashqaridagi ilk ekzosayyoraning kashf qilinishi singari muhim tarixiy ilmiy yutuqlar qo‘lga kiritilgan.
Jeyms Piblsning fizik kosmologiya borasidagi tadqiqotlari mazkur sohadagi tadqiqotlarning so‘ngi ellik yillikdagi erishgan natijalarining barchasiga aloqadordir. U orqali, kosmologiya qandaydir g‘irt nazariy xom xayol bo‘lgan mujmal fikrlar jamlanmasidan iborat bo‘lgan va istalgan odam «chayqovchilik» qilishi mumkin bo‘lgan mavhum fandan, aniq dalillar va ilmiy isbotlangan nazariyalarga tayanadigan zamonaviy ilmiy yo‘nalishga aylandi. Piblsning Koinotning tadrijiy taraqqiyoti va strukturasiga oid 1960-yillarda o‘rtaga tashlagan nazariyalari, butun boshli zamonaviy kosmologiya fanining va Koinot haqidagi bilimlarimizning asosini tashkil qiladi.
Pibls taklif qilgan kosmologiya nazariyasi orqali, bundan taxminan 14 milliard yil muqaddam sodir bo‘lgan Ulkan Portlash hodisasidan keyingi Koinotning rivojlanish modeli, uning keyingi muttasil kengayib sovib borishi, natijada, hozirgi biz bilgan ko‘rinishga kelishi jarayonlari ilmiy izchillik bilan yoritib berilgan. Unga ko‘ra, Koinot o‘shandan buyon beto‘xtov va tezlanish bilan kengaymoqda va sovib bormoqda. Ulkan Portlash sodir bo‘lgan vaqt momentida esa Koinot favqulodda katta zichlikka ega bo‘lgan va favqulodda ulkan, tasavvurga sig‘mas haroratda bo‘lgan. Ulkan Portlashdan atigi 400000 yil o‘tib, Koinot shaffoflashishni boshlagan va yorug‘lik nurlari fazo bo‘ylab tarqalishi boshlangan. Hatto hozirda ham, Koinotning o‘sha 14 milliard yil muqaddam portlashidan hosil bo‘lgan nurlanishlarni o‘z yon atrofimizda his qilishimiz mumkin. Relikt nurlanish deb nomlanadigan sezilar-sezilmas Koinot nurlanishlari, o‘sha Koinot paydo bo‘lishi lahzasida hosil bo‘lgan va tarqalgan nurlanishlarning aks-sadosidir. Uning to‘lqinlarida esa, Koinotning yana ko‘plab sirlari kodlangan bo‘lishi mumkin va uni sirini ochish fiziklarning navbatdagi izlanishlari uchun mavzu bo‘lishi mumkin. Jeyms Pibls o‘zi ishlab chiqqan nazariy yondoshuv vositalari, hamda, hisob-kitoblar orqali, Koinotning ilk paydo bo‘lgan chaqaloq davri hamda, uning keyingi tadrijiy rivojlanish bosqichlarini izchil ketma-ketlik bilan tushuntirib berdi va ular orqali, fan uchun inqilobiy bo‘lgan yechilishi lozim bo‘lgan yangi fizik masalalarni yuzaga olib chiqdi. Xususan, uning ilmiy ishlari orqali, biz kundalik ko‘rib, bilib turgan, ushlab ko‘rishimiz va his qilishimiz mumkin bo‘lgan oddiy materiya – aslida Koinotning juda-juda kam ulushini – atigi, taxminan 5% qismini tashkil qilar ekan xolos. Qolgan 95% Koinot esa, bizga noma’lum va mavhum bo‘lgan, na o‘zimiz birorta sezgi a’zolarimiz orqali sezolmaydigan, va na yasagan asbob-uskunalarimiz orqali payqash mumkin bo‘lmagan mavhum materiya va energiyadan iborat ekan! Bu esa zamonaviy fizika fanida markaziy masalaga aylanib ulgurdi va jahonning minglab ilmiy laboratoriyalarida yetuk fiziklar, endi o‘sha mavhum materiya va mavhum energiyani payqash, uning nima ekanligini aniqlash ustida izlanmoqdalar. Shubhasizki, mavhum materiya va mavhum energiya borasida ilk kashfiyotlarni qilgan olimlar ham, qachonlardir kelib fizika bo‘yicha Nobelga erishishlari tayin.
1995-yilning oktyabr oyida, olimlar Mishel Mayor va Didye Keloz tarixda ilk bora, Quyosh sistemasidan tashqarida, boshqa yulduzlar atrofida ham sayyoralar mavjudligini aniqlashgan. O‘sha yillari ular, o‘z galaktikamiz bo‘lmish Somon Yo‘lida joylashgan va fizik parametrlariga ko‘ra Quyoshga o‘xshash bo‘lgan yulduzlar yaqinidan sayyoralarni izlash bilan mashg‘ul bo‘lishgan edi. Fransiya janubidagi Yuqori Provans rasadxonasida ushbu olimlar, 1995-yilning oktyabrida, maxsus tayyorlangan ilmiy uskunalar vositasida Pegas yulduzi yaqinida birinchi ekzosayyorani kuzatishga muvaffaq bo‘lishgan. Hozirda, ular kashf qilgan o‘sha ilk ekzosayyora 51Pegas b deb nomlanadi. Ushbu sayyora o‘lchamlariga ko‘ra, Quyosh sistemasining eng yirik sayyorasi – Yupiter bilan o‘xshashdir.
O‘sha kashfiyotdan keyin o‘tgan 15 yilga yaqin vaqt ichida Somon Yo‘li galaktikasining o‘zida 4000 dan ziyod ekzosayyoralar aniqlandi. Ochilayotgan yangi ekzosayyoralar o‘zining o‘lchamlari va orbitasining ajablanarli shakllari bilan astronomlarni hayratga solishda davom etmoqda. Natijada, astronomlar sayyoralarning paydo bo‘lishi va shakllanishiga oid eski nazariyalarini qaytadan ko‘rib chiqishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Boz ustiga, ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlar oxir oqibat biz uchun juda muhim bo‘lgan fundamental savol uchun javob topilishiga ko‘mak berishi lozim. U savol – Yerdan boshqa sayyoralarda ham hayot bormi? – degan savol bo‘lib, yaqin orada bu borada ham inqilobiy yangiliklar bo‘lib qolishi mumkin.
Joriy yilgi laureatlar bizning Koinot haqidagi tasavvurlarimizni yanada boyitishdi. Jeyms Piblsning nazariy kashfiyotlari Koinotning Ulkan Portlashdan keyingi tadrijiy rivojlanishi jarayonlarini asoslab bergan bo‘lsa, Mishel Mayor va Didye Keloz galaktikamiz qa’ridan biznikiga o‘xshash sayyoralardan bir necha mingtasini topib berishdi. Ushbu kashfiyotlar orqali, insoniyatning olam tuzilishi haqidagi tasavvurlari butunlay o‘zgarib ketdi.
Laureatlar haqida qisqacha ma’lumot:
Jeyms Pibls 1935-yilda Kanadaning Vinnipeg shahrida tug‘ilgan. 1962-yilda AQShning Prinston universitetida PhD darajasini qo‘lga kiritgan. Hozirda ushbu universitetda Albert Eynshteyn Ilm Professori sanaladi.
Mishel Mayor 1942-yilda Lozannada tug‘ilgan. PhD darajasini 1971-yilda Jeneva universitetida egallagan. Hozirda Jeneva universiteti professori.
Didye Keloz 1966-yilda tug‘ilgan. 1995-yilda Jeneva universitetini tamomlagan. Hozirda ushbu universitet professori bo‘lib, shuningdek, Kembrij universiteti professori maqomiga ham ega.
maqola avval Daryo.Uz da e’lon qilingan.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Maqolalar
Nobel-2019. Fizika sohasida Nobel mukofoti egalarining ilmiy ishlari haqida batafsil
Manba:orbita.uz